Tramp Erondagi qonli namoyishlarga aralashish bilan tahdid qildi. Video

Namoyishlar yakshanbadan beri davom etmoqda, ular Tehronda boshlangan

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 2 daq

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron rasmiylarini tinch namoyishchilarni o‘ldirmaslik borasida ogohlantirdi va Vashington "ularni himoya qilishga tayyor" ekanini aytdi.

U ijtimoiy tarmoqlarda qisqa post yozib: "Biz tayyormiz, qurollanganmiz va harakatga hozirmiz", dedi. Biroq qo‘shimcha tafsilot bermadi.

Eron Oliy Rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning yuqori lavozimli maslahatchisi Trampga murojaat qilib, agar u aralashsa "ehtiyot bo‘lishi" kerakligini aytdi va Yaqin Sharqda tartibsizliklar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Payshanba kuni Eron bo‘ylab deyarli bir haftadan beri davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari chog‘ida kamida olti kishi halok bo‘lgani haqida xabar berildi. Namoyishlar iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi sabab boshlangan edi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Eronning yarim rasmiy "Fars" axborot agentligi hamda "Hengaw" inson huquqlari guruhi janubi-g‘arbiy Eronning Lordegan shahrida namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ikki kishi halok bo‘lganini bildirdi.

"Fars" ning xabariga ko‘ra, yana uch kishi Azna shahrida, yana biri esa Kouhdashtda o‘ldirilgan. Bu shaharlar mamlakatning g‘arbida joylashgan.

Payshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda namoyishchilar bilan xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar chog‘ida avtomobillar yoqib yuborilgani ko‘rish mumkin.

Ko‘plab namoyishchilar mamlakat oliy rahbarining hokimiyati tugashini talab qilmoqda. Ba’zilar esa monarxiyani qaytarish tarafdori ekanini aytmoqda.

Kun davomida butun mamlakat bo‘ylab noroziliklar ko‘lami kengaygani haqida xabarlar kelib tushdi. Mazkur namoyishlarga milliy valyuta kursining keskin tushib ketishi sabab bo‘lgan edi.

BBC Persian tomonidan tasdiqlangan videolarda Lordegan, poytaxt Tehron hamda janubdagi Fars viloyatidagi Marvdasht shahrida payshanba kuni namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

"Fars" agentligi Lordegandagi to‘qnashuvlarda ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi, biroq qurbonlarning namoyishchilar yoki xavfsizlik kuchlari vakillari ekaniga aniqlik kiritmadi.

Shuningdek, Loreston viloyatining Azna shahrida ham uch kishi qurbon bo‘lgani aytilmoqda.

O‘z navbatida, "Hengaw" inson huquqlari tashkiloti Lordeganda halok bo‘lganlarning namoyishchilar ekanini tasdiqladi va ularning ismlari Ahmad Jalil hamda Sajjad Valamanesh ekanini e’lon qildi.

Screenshot

Surat manbasi, Truth sahifasidan tasvirga olingan

Surat tagso‘zi, Agar Eron odatdagidek, tinch namoyishchilarni otib o‘ldirsa va zo‘ravonlik qilsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari ularni himoya qilish uchun keladi. Biz tayyormiz, qurollanganmiz va harakatga hozirmiz. Ushbu masalaga e’tibor qaratganingiz uchun rahmat! Prezident DONALD J. TRAMP

Davlat OAV xabariga ko‘ra, Eron Islomiy Inqilobiy Gvardiyasi bilan bog‘liq bir xavfsizlik xodimi chorshanba kuni kechasi Lorestan viloyatidagi Kouhdasht shahrida namoyishchilar bilan to‘qnashuvda halok bo‘lgan.

BBC bu ma’lumotni mustaqil tasdiqlay olmadi. Namoyishchilar esa o‘sha odam ularning safida bo‘lganini va xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilganini aytmoqda.

Chorshanba kuni mamlakat bo‘ylab maktablar, universitetlar va davlat muassasalari yopildi. Hukumat energiyani tejash bahonasida dam olish kuni e’lon qildi, ammo ko‘plab eronliklar buni noroziliklarni jilovlash harakati sifatida ko‘rmoqda.

Namoyishlar dastlab Tehronda - AQSh dollariga nisbatan eron valyutasining keskin qadrsizlanishidan norozi bo‘lgan do‘kondorlar orasida boshlangan edi.

Seshanba kuniga kelib, universitet talabalari ham namoyishlarga qo‘shildi va ular bir necha shaharlarga tarqaldi. Odamlar mamlakatning diniy rahbarlariga qarshi shiorlar ayta boshladi.

Ushbu namoyishlar 2022 yilda Mahsa Aminining axloq politsiyasi hibsxonasidagi o‘limidan so‘ng boshlangan tartibsizliklardan keyingi eng yirik norozilik harakati bo‘ldi, biroq ko‘lam jihatidan hali o‘sha darajaga yetgani yo‘q.

Keskinlashuvning oldini olish uchun Tehronda namoyishlar boshlangan hududlarda kuchli xavfsizlik choralar ko‘rilmoqda.

Prezident Mas’ud Pezeshkian hukumat namoyishchilarning "asosli talablarini" tinglashini aytdi.

Bosh prokuror Muhammad Movahedi-Azad esa beqarorlik yaratishga urinishlar "keskin javob" bilan qarshi olinishi haqida ogohlantirdi.