Oilada ayol kishining ishlagani yaxshimi — o‘zbekistonliklar nima deydi? Video

ayol

Surat manbasi, BBC Uzbek

    • Author, Yulduz Abdurashidova
    • Role, Jurnalist, O‘zbekiston
  • O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekistonda hukumatning maqsadi aniq — u siyosatda ham iqtisodu jamoatchilik ishlarida ham ayollar imkoniyat darajasida ishlash tarafdori. Biroq jamiyatchi? Odamlar oilada ayol kishining ishlashiga qanday qarashadi? Shu savolga javob qidirib Toshkent ko‘chalarida so‘rovnoma o‘tkazdim.

Prezident Shavkat Mirziyoev 8 mart bayrami munosabati bilan xotin-qizlarga yo‘llagan murojaatida oila baxti, farzandlar kamoli hamda butun jamiyat ravnaqi uchun ayollar va qizlarning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi muhimligini ta’kidlagandi.

Biroq jamiyatchi? Xo‘sh, odamlar oilada ayol kishining ishlashiga qanday qarashadi? Shu savolga javob qidirib Toshkent ko‘chalarida so‘rovnoma o‘tkazdim.

“Ko‘pchilik aytadi, din tomonlama ayol kishi ishlamasligi kerak, deb. Lekin ayol kishi ishlamasa baribir ayollarning ham ayollarga ishi tushadiku. Men ayol kishining ishlashi tarafdoriman. Masalan, ayol kishi ayol doktorga borishi kerak, xotin-qizlar ishlamasa ayol doktor qaerdan topiladi”, deydi talaba Po‘latjon Akramov.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

“Oilada erkak kishiga yordam berish kerak, o‘zlariga tashlab qo‘yish ham bo‘lmaydi. Ayol kishi ham yordam bersa, vaziyatlardan birga chiqadi. Er-xotin qo‘sh ho‘kiz deb bekorga aytishmagan”, deydi tikuvchilik fabrikasida ishlaydigan Nargiza Babataeva.

Ayollar bilan suhbatda bo‘lar ekanman, ular birinchi navbatda fabrika, zavodlarda oylik maosh biroz kamligini aytishdi. Tikuvchilik tsexida ishlaydigan ayol maosh kamligi sabab hozir boshqa erda farroshlik qilayotganini hikoya qilib berdi.

Umuman olganda men suhbatda bo‘lgan shahar ko‘chalaridagi odamlarning 80-90 foizi oilada ayol kishining ishlashiga qarshi emas. Ular ayolning ham “o‘z daromadi, o‘z puli bo‘lishi kerak” yoki “shaharda yashash qiyin bir vaqtda barcha tashvishlarni erkakka yuklash yaxshimas” kabi fikrlarni aytdi.

O‘z ishiga ega, biroq majburiyat sabab ishlayotgan ayollardan biri esa “iloji bo‘lsa ishlamasdim, bolalarim yonida o‘tirardim, erkak ro‘zg‘or g‘amini to‘liq elkasiga olsa, bundan yaxshisi yo‘q ayol uchun”, dedi.

Musofir ayollar

Kun.uz 2022 yilda keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 570 mingga yaqin o‘zbek ayoli chet elda ishlayapti.

Ular orasida oilasidagi yagona boquvchi bo‘lganlari talaygina.

Aksariyat holatlarda ayollar bolalarini qarindoshlariga tashlab ketishgan.

Xorijga ketib, o‘sha erda turmush qurib qiynalganlariyu farzandlari bilan baxtli yashayotganlari ham bor.

O‘qish uchun ketib, hozir butun o‘zbekistonlik qizlarga o‘rnak bo‘layotganlari ham bisyor.

Masalan, Tesla kompaniyasida ishlayotgan Mushtariy Sharifova, AQSh SSV kiberxavfsizlik mutaxassisi Farog‘at Eshbekova bunga misol bo‘la oladi.

So‘rovnomam davomida odamlarning ayollarning xorijda ishlashi borasidagi fikrlari bilan ham qiziqdim. Ularning so‘zlariga ko‘ra, “chet-elga oilaviy ya’ni turmush o‘rtog‘ining hamrohligida ketsa yaxshi, biroq yolg‘iz ketib boshqa davlatda farroshlik qilishi, xizmatkor bo‘lishi to‘g‘ri emas”.

“Bolalari bo‘lsa xorijda ishlamagani ma’qul. Chunki, baribir, bizni mentalitet bor, biz sharqona uslubda katta qilamiz bolalarimizni. Chet elda ishlasa, bolalarning tarbiyasi buziladi, nazoratsiz qoladi. Menimcha shu erda ishlagani yaxshi”, deydi nafaqadagi pedagog Rixsi Fozilovna.

“Ayol kishining xorijda ishlashiga qarashim uncha ijobiy emas. Oilasi bilan, turmush o‘rtog‘i, farzandlari bilan ketsa mayli, lekin o‘zi oilasini boqish uchun chetga ketishini to‘g‘ri holat deb hisoblamayman”, fikr bildirdi Matqurbonova Aziza.

BBC Uzbek
Ayol kishining chetda ishlashiga qarashim uncha ijobiy emas. Oilasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari bilan ketsa mayli, lekin oʻzi oilasini boqish uchun chetga ketishi toʻgʻri emas.
Aziza Matqurbonova
Talaba, Oʻzbekiston (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Yurist Zarnigor Omonillaevaning yozganlariga ko‘ra, Rossiyada ishlayotgan migrant ayollarga tibbiy yordam, kerakli muolajalar kerak.

Ta’minotsiz qolib ketganlari, zo‘ravonlikka uchrayotganlari ham bisyor.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda migrant ayollar uchun ijtimoiy muhofaza yo‘q. Na milliy, na mintaqaviy fondlar, loyihalar, tashabbuslar bor. Zo‘rlangan, jabrlangan ayollarga tezlikda yordam bera oladigan birorta fond mavjudmas”, deydi musofirlikda yurgan ayollardan biri.

Bugun ayollar xorijda sotuvchilik, farroshlik, ko‘cha supuruvchilik, hamshiralik qilishdan tashqari tijorat bilan ham shug‘ullanmoqda.

Turkiya, Dubaydan mahsulot olib kelib sotyapti ko‘pchiligi.

Ayrim erkaklar “ayollarning ko‘proq pul topishi uning xarakteriga ta’sir qiladi, bora-bora u erga bo‘ysunmaydi, oilada urush-janjal ko‘payadi” deb hisoblashini aytdi

Boshqa suhbatdoshim esa shunday dedi: “Ayolimning ishlashi tarafdoriman, u pulini qaerga ham olib boradi, shu uyga, ro‘zg‘orga, bolalari va o‘ziga sarflaydi. Menga har kuni u olishim kerak, bu olishim kerak deb janjal qilmaydi. Ular juda ko‘p narsa xarid qilishni xohlashadi, bu ehtiyojni faqatgina o‘zlarining pullarini sarflash orqali qondirishi mumkin”.

“Bloger ayollarni mazax qilishadi”

Bugun oramizdagi ayollardan biri vaqtni mazmunli o‘tkazish uchun, boshqasi ro‘zg‘or tebratish, bola boqish uchun ishlamoqda.

Qishloqlarda ham ayni maqsadlarda ishlayotganlar ko‘p.

Men suhbatda bo‘lgan qishloq ayollaridan biri Muhtaram Ibodova blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.

Uning bir nafar farzandi bor.

“Daromadim bor, uni o‘zim uchun sarflayman, turli xil kurslarda o‘qiyman, kiyimlar xarid qilaman”, deydi u.

Suhbatdoshimning so‘zlariga ko‘ra, qishloqdagilar ayollarning ishlashini normal qabul qilishadi, hatto qizlarning oliy ta’lim muassasasida o‘qishi ham ijobiy.

Biroq odamlar blogerlik bilan shug‘ullangani uchun doim uning ustidan kulishgani haqida so‘z ochdi.

“Qishloq sharoitida blogerlik qilishning qiyin tomoni odamlarning blogerni qabul qilishi qiyinligida. Doimiy ravishda kamerani ko‘tarib yurish, turli voqealarni videoga olishsa, odamlar g‘alati qarashadi: nima uchun bu videoga olyapti, nega s’yomka qilyapti deyishadi. Men tikuvchilik ham qilganman, tuxum, pomidor ham sotganman. Ammo hozirgi faoliyatim o‘zimga juda yoqadi”, so‘zlaydi u.

BBC Uzbek
Qishloq sharoitida blogerlik qilish qiyin. Kamera koʻtarib yursang, videoga olsang, odamlar gʻalati qaraydi: nega bu videoga olyapti, nega syomka qilyapti, deyishadi.
Muhtaram Ibodova
Bloger, Oʻzbekiston (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Muhtaram turmush o‘rtog‘i tomonidan qarindoshlari erini koyib ham berishganini, biroq shunda ham taslim bo‘lmaganini, hozir yaxshi daromadi, shogirdlari borligi, avval mazax qilgan odamlarning bugun unga ishi tushayotgani haqida gapiradi.

“Faqat turmush o‘rtog‘imga tazyiq o‘tkaza boshlashganida xafa bo‘lganman. Xotiningni internetga chiqaryapsan, xotining yulduz, uning videolari tarqalib ketgan, deyishgan. Hozir erim Rossiyada, ular O‘zbekistonda bo‘lgan vaqt birga video qo‘yganman hazil tariqasida. Videoni millionlab kuzatuvchi ko‘rgan, tumanimizga tarqalib ketgan. Keyin xo‘jayinimning tanishlari o‘rtasida muhokama bo‘lgan. Qarindoshlar sen bilan xotining bizni kulgiga qo‘yyapsan, deya gapirgan”, hikoya qiladi bloger ayol.

Muhtaram Ibodovaning so‘zlariga ko‘ra, u turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi, “odamlar nima deydi” deb yashamagani, vaqt o‘tib yaqinlari ham uni to‘g‘ri qabul qilayotgani uchun ham bugun rivojlanmoqda va halol daromadi bor.

Umraga boraman deb tarvuz sotayotgan ayol

ayol

Surat manbasi, BBC Uzbek

Yana bir suhbatdoshim esa 60 yoshdan oshgan, bozorda tarvuz-qovun sotadigan Xoljon Adilova bo‘ldi. U oilada ayol kishining ishlashi juda yaxshi ekanini aytdi.

“Buning hech yomon tarafi yo‘q”, deydi.

“O‘zim nafaqadaman, bekor yurguncha qovun-tarvuz sotyapman. Cholim yordamlashadi. 5 iyundan boshlab 5 dekabrgacha qovun-tarvuz sotaman, qolgan vaqt dam olaman. Pulga muhtoj emasman, ammo cholim bilan savdo qilib yuribmiz. Dekabrda Umra safariga bormoqchiman, 600 dollar jamg‘arganman, hali “gap”imizning ham pullarini olaman”, jilmayadi Xoljon ona.