Tramp va Zelenskiy uchrashmoqda. Muzokara Ukraina uchun manfaatli tugaydimi?

Surat manbasi, Reuters
Shu soatlarda Vashingtonda prezidentlar Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy yuzma-yuz uchrashmoqda. Avvalroq Amerika yetakchisi Ukrainaga nisbatan jiddiy bosim qilgan edi. Uchrashuv Ukraina uchun qanday natija bilan tugashi mumkin?
28 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy hamkasbi Donald Tramp bilan yuzma-yuz uchrashish maqsadida Vashingtonga yetib borgan.
Rasmiy tadbir Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlangan.
Sathdagi BBCmuxbirlari tadbir boshlanishi arafasida Oq uy oldida faxriy qorovul saf tortgani, kamida, yuz nafar jurnalist yig‘ilganini xabar qilgan.
Ikki rahbar Donald Tramp Ukraina urushi masalasida Rossiyaga yon bosa boshlagan va AQSh prezidenti Zelenskiyni "diktator" deya atashi ortidan kechmoqda.
Bugun ikki o‘rtada muhokama qilinishi kutilayotgan eng muhim masalalar – bu urushning keyingi taqdiri va foydali hamda noyob yerosti qazilma boyliklari bo‘yicha bitim.
Ikki haftadan buyon prezidentlar o‘rtasidagi munosabat taranglashgani kuzatilmoqda.
Avvalroq, Tramp Zelenskiyni "diktator" deya atagan va Ukrainani urushni boshlashda ayblab chiqqan edi.
Bunga javoban Zelenskiy AQSh prezidenti Rossiyaning "dezinformatsiya pufagi" ichida yashayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida gapirgan.
Shunga qaramay, bugungi uchrashuv oldidan bu taranglik nisbatan yumshagandek ko‘rinmoqda.
27 fevral kuni BBC muxbirining Volodimir Zelenskiyni "diktator" deya atagani borasidagi savoliga javoban Tramp "bunday gap aytganini eslolmasligi"ni bildirgan.
"Shunaqa dedimmi? Bunday gap qilganimga ishonolmayman", degan AQSh prezidenti.
AQSh va Ukraina rahbarlari uchrashuvidan oldinroq Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Britaniya Bosh vaziri Keyr Stammer Oq uyda bo‘lib, Tramp bilan gaplashgan edi.
O‘rtada qanday masalalar turibdi?

Surat manbasi, Reuters
Toshkent vaqti bilan 21:30 ga yaqin Zelenskiy Oq uyga yetib kelgan, uni shaxsan Trampning o‘zi kutib olgan.
Yuzma-yuz uchrashuv ikki soat davom etishi, shundan so‘ng prezidentlar jurnalistlar savollariga javob berishi kutilmoqda.
Kuzatuvchilar bu uchrashuv Amerika Qo‘shma Shtatlari va Ukraina munosabatlarida yangi sahifa ochishi yoki, hech bo‘lmaganda, ritorikani yumshatib, o‘zaro aloqalarga normal tus qaytarishini kutmoqda.
O‘rtada turgan asosiy masala — foydali va noyob yerosti qazilma boyliklari bo‘yicha bitim borasida murosaga kelish.
Avvalroq, Tramp AQSh Ukrainaga yuzlab milliard dollarga teng harbiy yordam bergani va bu xarajatlarni Ukraina tabiiy boyliklaridan keladigan daromadga sherik bo‘lish orqali qaytarib olishni istayotganini ta’kidlagan edi.
O‘rtada jiddiy munozaralar kelib chiqqan bo‘lsada, shu haftada ikki tomon bitim bo‘yicha murosaga kela boshlagan, ammo yakdil qaror hali olinmagan.
Ukraina prezidentining yuqori lavozimli maslahatchisi Mixaylo Podolyak kelishuv bugun imzolanishini umid qilayotganini bildirgan.
"Bu Amerika bilan strategik hamkorlikka yo‘l ochadigan asosiy bitimdir," degan Podolyak Ukraina televideniesiga.
"Unda bir qancha qo‘shimchalar bo‘ladi. Ular investitsiya dasturlarini, foydali qazilmalarni birgalikda qazib olishdan tushadigan daromadni taqsimlashni aniq raqamlar bilan ko‘rsatib beradi. Shuningdek, xavfsizlik kafolatlariga doir qo‘shimchalar ham bo‘ladi," qo‘shimcha qilgan mulozim.
Podolyakning aytishicha, bitimda Ukrainaga qancha va qanday qurol-aslaha yetkazib berilishi, shuningdek, Kievga yordam ajratish manbalari ham aniq belgilab qo‘yiladi.
Kelishuvning yakuniy loyihasini ko‘rgan-ko‘rmaganiga oid savolga Podolyak: "Ha, albatta," deya javob qaytargan.
25 fevral: Ukraina - Amerika: Tramp Zelenskiy bilan "katta kelishuv" imzolaymiz dedi

Surat manbasi, US Pool
Donald Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlarining prezidenti vakolatlarini ikkinchi marotaba bajarishga kirishganidan keyingi ilk hukumat majlisini o‘tkazdi.
Bu majlisda hukumat vazirlari bilan birga milliarder Ilon Mask ham qatnashdi.
Prezident Tramp birinchi bo‘lib so‘zni Ilon Maskka berdi.
X (sobiq Tvitter) ijtimoiy tarmog‘i va Tesla elektr avtomobillari shirkati rahbari Ilon Maskka Prezident Tramp hukumat samaradorligi bo‘yicha vazirlik (Department of Government Efficiency (Doge) deb tarjima qilish mumkin bo‘lgan yangi tuzilma boshqaruvini bergan, Tramp va Maskka ko‘ra, davlat byudjeti mablag‘larini samarali sarflash, ortiqcha xarajatlarni kesish, korruptsiyaga chek qo‘yish bu boshqarmaga yuklatilgan.
Ilon Mask xarajatlarni kamaytirish borasida salmoqli ishlar qilingani haqida aytdi.
Majlisda Prezident Tramp aytishicha, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina yer osti boyliklariga oid shartnomani imzolash uchun 28 fevral kuni Vashingtonga kelayapti.
Bundan oldin muxbirlar bunday tashrifni AQSh tarafi talab qilgani haqida xabar qilgan edilar.
Shu kuni Kievda tashkil etilgan matbuot anjumanida Prezident Zelenskiy ham AQSh bilan yer osti boyliklari borasidagi bitim imzolanajagi haqida ma’lum qildi.
Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, bu faqat boshlanishi, "bu katta yutuq bo‘ladi".
Prezident Zelenskiy bu kelishuv tafsiloti hali Prezident Tramp bilan muhokama etiladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, ushbu kelishuv tafsiloti keng ommaga ochiqlanmayapti, Prezident Zelenskiy ushbu bitimda Ukraina xavfsizligi kafolati aks etishini xohlamoqda.
AQSh Ukraina bo‘yicha ovoz berishda Rossiya tomonda bo‘ldi, O‘zbekistonchi? - Putin tabiiy boyliklarni AQSh bilan birga qazib olmoqchi

Surat manbasi, EPA
AQShning yangi ma’muriyati dushanba kuni Vashingtonning tashqi siyosatdagi o‘zgarishlari jiddiy ekanligini ochiq namoyish qildi. Ukrainadagi urush bo‘yicha rezolyutsiyaga ikki marta Rossiya bilan bir tomonda turib ovoz berdi.
Avvaliga AQSh va Rossiya BMT Bosh assambleyasida Rossiyaning Ukrainaga tajovuzini qoralovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berishdi. Ovoz berish Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga 3 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazildi.
Keyin AQSh BMTning xavfsizlik kengashi orqali Rossiyani ayblamasdan va Ukraina foydasiga bir og‘iz gapsiz, faqat tinchlikka chaqiruvchi o‘z rezolyutsiyasini ovozga qo‘ydi. Uni Rossiya ham qo‘llab ovoz berdi.
"Bu o‘tmishga emas, balki kelajakka qaratilgan tarixiy bayonotdir. Rezolyutsiya bir narsaga urg‘u bergan: urushga barham berish", dedi AQShning BMTdagi vakili Doroti Shi.
Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya "qabul qilingan matn hozir ideal emasligini", ammo bu tinchlikka eltuvchi ilk harakat ekanligini aytdi. U, shuningdek, Amerika deklaratsiyasini "sog‘lom tashabbus" hamda "to‘g‘ri yo‘nalishda tashlangan qadam" dedi.
Rossiya va boshqa davlatlar tomonidan taklif qilingan o‘zgartirishlar qabul qilinmagan.
"AQSh Yevropadagi ittifoqchilarining pozitsiyasiga kamdan kam hollarda qarshi bo‘lgan. Oq uy Donald Tramp boshchiligida Moskvaga xushomad qilib, AQShning Yevropada xavfsizlikni ta’minlash ishlariga ko‘p yillik sodiqligini shubha ostiga qo‘yib, transatlantik ittifoqni parchalab tashladi", deydi BBCning diplomatik muxbiri Jeyms Landeyl.
Ukraina tomonidan taklif qilingan va Yevropa davlatlari tomonidan dastaklangan BMT Bosh assambleyasining birinchi 3 betlik rezolyutsiyasida Rossiyaning bosqini "nafaqat Ukrainaga, balki boshqa mintaqalarga va dunyodagi barqarorlikka" buzg‘unchi oqibatlar olib kelayotgani aytiladi. Undan tashqari Ukraina mustaqilligini saqlash zarurligi, uning hududiy yaxlitligini tiklash va xalqaro huquqqa qarshi jinoyatni jazolash kerakligi ta’kidlanadi.
AQSh rezolyutsiyaning o‘z variantini taklif qildi. Unda uch satrdan iborat qisqa matnda tinchlikka chaqirish, halok bo‘lganlarning kimligi va kim aybdorligi aytilmasdan ularga qayg‘u bildirish yozilgandi.
Ukraina taklif qilgan rezolyutsiya ovozga qo‘yilganda, AQSh nafaqat betaraf qoldi, balki Rossiya, Shimoliy Koreya, Belarus, Sudan, Vengriya va Isroil hamda yana 11 davlat bilan unga qarshi ovoz berdi.
Rezolyutsiyani 93 davlat qo‘llab quvvatladi. Ularning ichida Ozarbayjon ham bor.
Rossiya agressiyasini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan bir qatorda betaraf qolgan.
"Bir necha haftalarda otashkesimga erishiladi"
AQShda Donald Tramp bilan uchrashgan Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiya va Ukraina o‘rtasida yaqin orada o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoliga ishonishini aytdi. Otashkesimdan so‘ng uzoq muddatli tinchlik muzokaralari boshlanishi ko‘zda tutilgan. Makronning aytishicha, Yevropa Ukrainaga xavfsizlik kafolatini beradi va u yerga tinchlikparvar kuchlarini yuboradi.
Moskva Ukrainaga xorijiy harbiylarning joylashtirilishiga qarshi bo‘lib keladi.
Yer osti boyliklari
Oq uy Donald Tramp boshchiligida Moskvaga xushomad qilib, transatlantik ittifoqni parchalab tashladi.
Donald Tramp yana bir bor Kiev bilan Ukraina yer osti boyliklar borasida tezroq bitim imzolanishiga umid bildirgan.
U, shuningdek, Putin bilan urushni tugatish va iqtisodni rivojlantirish borasida yirik shartnomalar borasida jiddiy muzokaralar olib borayotganini ta’kidlagan.
Tramp gaplarining manzarasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin foydali qazilmalar borasida Rossiya va Amerika qo‘shma loyihalari haqida aytgan.
Putin Rossiyada Ukrainadagidan ko‘proq noyob metallar borligini, ularning bir qismi Ukrainaning bosib olingan hududlarida ekanligini ma’lum qilgan.
"Amerika shirkatlari bilan birga bu yo‘nalishda birga ishlashni o‘ylab ko‘rishimiz mumkin", degan Putin.












