Tramp Rossiyaga maslahat bergani o‘rtaga chiqqan Uitkoffni himoya qildi

Putin, Uitkoff

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Putin va Uitkoff
    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 3 daq

AQSh prezidenti Donald Tramp maxsus vakili Stiv Uitkoffni himoya qildi va u "oddiy ish qilganini" ta’kidladi. Bayonot Uitkoff rossiyalik rasmiyga prezidentga qanday murojaat qilish bo‘yicha maslahat bergan audio yozuv chiqib ketganidan so‘ng yangradi.

Tramp chorshanba kuni jurnalistlarga u audioni eshitmaganini, biroq Uitkoff "haqiqiy sulh tuzuvchi" sifatida Rossiya va Ukrainaga tinchlik rejasini "sotish" uchun kerakli ishni qilayotganini aytdi.

O‘tgan oyda bo‘lgan suhbat AQSh taqdim etgan 28 bandli tinchlik rejasi asosan Moskva pozitsiyalarini aks ettirayotgani haqidagi xabarlar manzarasida o‘rtaga chiqdi.

Uitkoff bu yil bir necha marta Moskvaga bordi va kelasi hafta yana Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi. U Kievda muzokaralar olib bormagan.

Garchi boshqa AQSh rasmiylari tashrif buyurgan bo‘lsa-da, Uitkoff maxsus vakil sifatida hech qachon Kievga kelmagan. Bu hafta AQSh armiyasi kotibi Den Driskoll Kievda bo‘ldi va Tramp ukrainaliklar bilan yana muzokaralar o‘tkazishini aytdi.

Dastlabki loyiha Ukraina va Yevropa yetakchilari tomonidan Rossiyaga moyillikda ayblanganidan so‘ng diplomatik muzokaralar davom etdi. Rejada Ukrainaning sharqida hozir Kiev nazoratida bo‘lgan hududlarni Rossiyaga topshirish taklifi ham bor edi.

Trampning ko‘ngliga yo‘l...

Stiv Uitkoff, Marko Rubio

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Stiv Uitkoff (o‘rtada) va Marko Rubio (o‘ngda)

Shundan so‘ng reja Ukraina manfaatlari va Yevropa ittifoqdoshlarining qarashlarini aks ettirishi uchun qayta ko‘rib chiqildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Tramp bilan hal qilinishi kerak bo‘lgan "hassos masalalar"ni muhokama qilishga tayyor ekanini aytdi.

Bloomberg qo‘lga kiritgan va matnini e’lon qilgan audioyozuvda Uitkof Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Yuriy Ushakovga Trampning ko‘nglini topish uchun qanday yo‘l tutishni maslahat beradi.

BBC News 14 oktyabrda bo‘lgani aytilgan qo‘ng‘iroqning haqiqiyligini mustaqil tasdiqlay olmadi, biroq Tramp uni "juda oddiy muzokara formasi" deb atadi.

Yozib olingan suhbat davomida ikki taraf urushni tugatish haqida gaplashgani, Ushakov esa rahbarlari — Putin va Tramp — bir-biri bilan gaplashishi foydali bo‘ladimi, deb so‘ragani aytilgan.

Unda Uitkoff "mening odamim bunga tayyor" degan va qo‘ng‘iroqni qanday uyushtirish haqida maslahat bergan.

"Shunchaki takrorlang, prezidentni [Trampni] bu yutuq bilan tabriklaysiz... uni tinchlik odami sifatida hurmat qilasiz, va bundan o‘ta mamnunsiz", deya Uitkoffdan iqtibos keltiradi "Menimcha, shundan keyin qo‘ng‘iroq yaxshi o‘tadi".

Uitkoff matnda shunday qo‘shimcha qiladi: "Men prezidentga Rossiya Federatsiyasi doim tinchlik kelishuvini istagan, deb aytganman. Menimcha, shunday. Masala shundaki, ikki davlat murosa qilishda qiynalmoqda".

U yana: "Balkim, biz G‘azo bo‘yicha qilganimizdek, 20 banddan iborat tinchlik taklifi tayyorlarmiz", deb qo‘shimcha qilgan.

Qo‘ng‘iroq oxirida Uitkoff Ushakovga Zelenskiyning yaqinda Oq uyga tashrif buyurishi kutilayotganini aytgan va "imkon bo‘lsa", o‘sha uchrashuvdan avval Tramp va Putin gaplashib olishini taklif qilgan.

Shundan keyin AQSh va Rossiya prezidentlari orasida ikki yarim soatlik telefon muloqoti bo‘lgan. Bu xabar Zelenskiy o‘tgan oy Vashingtonga yo‘l olgan vaqtda ma’lum qilingandi.

Tramp-Putin qo‘ng‘irog‘idan avval AQSh prezidenti Rossiya rahbariga nisbatan sabri tugayotgani va Ukrainani uzoq masofali Tomahawk raketalari bilan ta’minlashi mumkinligini bildirgandi.

Biroq Zelenskiy Oq uyga kirib kelganida vaziyat o‘zgargan ko‘rinardi. Tramp Kievga Tomahawk berish mojaroni kuchaytirishi mumkinligini va Putin "urushni tugatmoqchi ekanini" aytdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Reuters
Biz bu hujjatni o‘z pozitsiyamizni inobatga olgan holda tayyorlaymiz. Men uni norasmiy ravishda yetkazaman, shunchaki bu hammasi norasmiy ekaniga ishora qilaman.
Kirill Dmitriyev
Putinning maxsus vakili (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Yozuv haqida so‘ralganda Yuriy Ushakov Rossiya davlat OAVsiga bu "ehtimol, to‘sqinlik qilish uchun qilingan"ini, munosabatlarni yaxshilash uchun emasligini aytdi.

U, shuningdek, Uitkoffning kelasi hafta Moskvaga kelishini "oldidan kelishib olingan"ini tasdiqladi.

Yozuvni kim tarqatgani noma’lum, biroq Bloomberg Ushakov va Kirill Dmitriev — Putinning vakili — o‘rtasida bo‘lgan yana bir qo‘ng‘iroq matnini ham e’lon qilgan. Dmitriev oktyabr oyi oxirida Mayamida Uitkof bilan bir necha kun birga bo‘lgan, bu esa 28 bandli loyiha paydo bo‘lishidan bir necha hafta avvalga to‘g‘ri keladi.

Matnga ko‘ra, Dmitriev rossiyalik hamkasbiga shunday degan: "Biz bu hujjatni o‘z pozitsiyamizni inobatga olgan holda tayyorlaymiz. Men uni norasmiy ravishda yetkazaman, shunchaki bu hammasi norasmiy ekaniga ishora qilaman. Qolganini ular o‘zlariga moslab qilib olsin".

Aftidan, Dmitrievning bu xabardan jahli chiqqan va "Odamlarni chalg‘itish va raqiblarga tuhmat va to‘qima hikoyalarni tarqatish uchun tuzilgan yaxshi moliyalashtirilgan, yaxshi uyushtirilgan zararli axborot mashinalari"dan shikoyat qildi.