O‘zbekiston: O‘z-o‘zini band qilish ishsizlikka chorami yoki islohotning tugal mag‘zi?

Surat manbasi, BBC.com/uzbek/illyustrativ
- Author, Baxtiyor Tursunov
- Role, Jurnalist, O‘zbekiston
- O'qilish vaqti: 6 daq
So‘nggi yillarda hukumat tarafidan o‘zini o‘zini ish bilan band etganlarga imtiyozlarni ichiga olgan qarorlar qabul qilinmoqda.
Bunday munosabat bu borada alohida islohot mavjud ekanligini namoyon etadi.
Bu hayotning turli jabhalarida o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlab, ro‘zg‘orini butlayotgan fuqarolar e’tibordan chetda qolmayotganini anglatsa ham, ularning aksariyati bunday rasmiy munosabatdan bexabarligini ham ayon etadilar.
Kuzatuvchilar nazarida tarqoq holda turlicha yumushlar ortidan pul topayotgan qatlamga bu tarzdagi e’tibor davlatning ishsizlik masalasiga zaif munosabati hosilasidir.
Zotan bandlik muammosiga bunday yechim izlash umumiy masalani hal qilishga keskin yoki zalvori yuqori mazmunni yuklay olmaydi.
Millionlab aholisi asosan chet mamlakatlardan ish izlayotgan davlat uchun kengroq jabhalarda ish o‘rinlarini yaratishi jiddiyroq yondashuv bo‘lib ko‘rinardi.
Ammo erkin faoliyat dunyo miqyosida olqishlanayotgan vaziyatda , ma’lum tarzda bandlikni haminqadar mavjud sharoitda hal etayotgan ko‘plab fuqarolar uchun hukumat taqdim etayotgan imtiyozlar ularni to‘laqonli inson deb his etishga yordam beradi.
Aloqador mavzular:
Mas’uliyat o‘z chekiga tushganlar zahmati

Surat manbasi, rasmiy
Termiz tumanida yashovchi 48 yoshli Ismat deyarli yigit yoshidan tandir go‘shti pishiradi. Qolgan tengqurlari, mahalladoshlari xorijga ish izlab ketishsa ham o‘z yumushi ortidan topayotgan pul ortidan hech qachon bunday qarorga muhtoj bo‘lmagan.
"Tandir go‘shtini har kuni pishiraman. Bayram va to‘ylar mavsumida ish ko‘payadi. Hozir bitta qo‘yni 150-200 ming so‘m atrofida tayyorlaymiz. Go‘shtga kimning hisobidan ziravor ishlatilishiga qarab, narxi biroz o‘zgaradi. Ba’zida bir kunda besh-o‘nta qo‘yni tandirda pishirgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Hatto poytaxt Toshkentga qadar mahsulotimiz yetib boradi. Asosan yuqori davlat tashkilotidagilar tanqis sovg‘a sifatida buni buyurtma berishadi. Menga faqat turmush o‘rtog‘im yordam beradi. Kuz oylaridan qishgacha to‘y mavsumi qizg‘in kechadi. Chunki bu vaqtda aksariyat Rossiyadan qaytib, to‘y qiladi. Hozirda to‘y shashti susayib, bayramlarga buyurtma borligidan nisbatan daromad susaygan,"- deydi Ismat.
Ismatning aytishicha, uzoq yillardan buyon davom etayotgan tandir go‘shti tayyorlash faoliyatiga nisbatan davlat idoralari munosabati uning hafsalasini tushirib, ma’lum davrlar uni mazkur ishdan o‘zini panada chetroq tutishga ham majbur qilgan.
"Boshida ko‘chada yorliq osib, hovlida ochiq tandir go‘shti pishirish xizmati bilan mashg‘ul bo‘lganmiz. Keyin turli tashkilotlar tekshirishni boshlashdi. Masalan, ekologik idora havoni bulg‘ayapsan deb jarimadan ogohlantirdi. Agar ular ilgari surayotgan tartibga rioya etib, qaysi birining ta’masiga ko‘nglidagidek javob bersam, hech qanday foyda qolmaydi. Chunki bunday tashkilotdar ichida har qanday shaxs mavjud. Xullas oxirgi vaqtlarda vaziyat qiyinligidan faqat alohida, tanish mijozlar buyurtmasiga ko‘ra ishlayapman. Ya’ni soyada bo‘lishga majburman,"-deydi Ismat.
Ismat o‘zini o‘zi band etganlarga imtiyozlar yaratilganidan xabarsizligini bildirdi.
Uning mazmunidan ogoh bo‘lgach esa bu uni jiddiy torttirmadi
"Bunday munosabat baribir yuzakidek tuyuladi. Aynan qarilik nafaqasini o‘ylab, staj yozadigan ishlab chiqarish korxonalaridan ish izlab yuribman. O‘zini o‘zi band qilganlar orasida birortaning gurras tashlanib, soliq idorasiga borib pul to‘layotgani haqida eshitmadim. Ishonch qozondirish uchun hech qanday harakatlarni sezmayapman, "-deydi u.

Surat manbasi, BBC.com/uzbek/illyustrativ
Ismatga deyarli tengdosh Termiz shahridan 47 yoshli Doniyor eski buyumlar sotiladigan bozorda mobil telefon sotish bilan shug‘ullanadi.
"Ushbu bozorda viloyatimizning turli tumanlaridan xaridorlar keladi. U to‘satdan har yakshanba kuni yig‘iladigan sotuvchi va mijozlar tarafidan norasmiy tashkil topgan joydir. Bu yerdagi mahsulotlar arzonligidan xaridorgir, doim gavjum. Oddiy, jo‘n modeldagi qurilmalar ko‘proq sotiladi. Menam o‘zimga tegishli telefonni zarurat yuzasidan sotgani kelib, keyin bu yoqqanidan bozorda biznesni boshladim. Bu yerda foyda yaxshi tushadi. Hatto do‘konlarda ishlaydiganlar ham ba’zida bizga havas bilan qarashadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan mazkur faoliyatda mushkulliklarga duch keldik,"-deydi Doniyor.
Uning aytishicha, bir kuni ikkita avtobusda ichki ishlar bo‘limi xodimlari yopirilib kelib, reyd uyushtirib, 50-60 nafar telefon sotuvchini ushlab mashinaga ortib idoraga yetkazishgan.
" O‘shanda ko‘chada bir yigitni telefonini tortib olib, o‘ldirib ketishgan ekan. O‘sha telefon ushbu bozorda topilgan. Bizning barchamizdan ikkinchi marta bozorga boshqa yo‘lamasligimiz haqida tilxat yozdirishdi. Qo‘rqqanimdan yarim yilcha telefon sotishni yig‘ishtirdim, biroq tirikchilik tufayli yana o‘sha yumushdaman. Albatta bunday joylarda kriminal holatlar bo‘lishi tabiiy, shunday esa-da mahsulotlarni hujjati bilan, firibga yo‘l qo‘ymay, sozlab sotaman. Izimdan biror shikoyat eshitmaganman, "- deydi Doniyor.
Unga ko‘ra, kishilar nasiyaga mollar sotilishi yo‘lga qo‘yilgan so‘nggi yillardan e’tiboran bir qadar bozorga kam qadam ranjida qilishyapti. Biroq baribir mazkur bozorning o‘zini band etgan ishchisiyu xaridori yetarli.
Doniyorning fikriga ko‘ra, ish tushunchasi mamlakatda o‘ta e’tibor qaratiladigan tushuncha hisoblanib, u kabi yumushlar bilan shug‘ullanadiganlarga jamiyatda zarur hurmatda bo‘lmay qaraladi.
"Baribir odamlar davlat idoralarida ishlashni asosiy maqsad deb bilishadi. To‘g‘ri ko‘pchilik qandaydir hunarlar, vazifalarni qilib pul topadi. Biroq bu muvaqqatlik kayfiyatini hech yo‘qotmaydi, qandaydir jiddiy ko‘riladigan ish deb atalmaydi. Shunga rasmiy islohotlar ham bunga aytarli ta’sir etmaydi, deb o‘ylayman. O‘zim ham bir necha yildan buyon bozorda bo‘lsam ham bunga vaqtinchalik xobbi mashg‘ulot deb qarayman,"- deydi Doniyor.
Mazkur suhbatdoshimizning nazarida mamlakat fuqarolari kundalik yumushlar bilan andarmon etilib, go‘yoki bu ham e’tiborda ekani nazarda tutilib, ma’lum imtiyozlar yaratilgani bilan buni ham asosiy global masaladan chalg‘itish deb qabul qilinadi. Zotan kishilar bunga ich-ichlaridan ko‘nikib, shunday vaziyatga o‘rgatib bo‘lingan, kelajak borasida bunga oid yetuk amallarni kutish ham shartmas, deydi u.
Doniyor umum tarafidan jo‘yali ishga bir kun erishishga umidvor yashaydi.
Tumanlardan biridan Termiz shahriga kelib ishlayotgan 37 yoshli Abdurahim esa yaqindan boshlab dallollik faoliyatini yig‘ishtirgan.
"Bunga ko‘p vaqt ajratish kerak bo‘ldi. Bu yumush ortidan foyda ko‘rayotganlar ham bor. Agarda faolroq bo‘lsangiz, onlaynda muloqotni kuchaytirsangiz, uy dallolligi bilan ko‘p pul topish mumkin. Biroq men buni eplolmadim,"-deydi Abdurahim. Uning hozirgi ishi ham o‘zini o‘zi band etish hisoblanadi, bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanadi.
" Hayot og‘ir. Pul topib bola-chaqani boqib, ro‘zg‘or yuritmoq lozim. Shuning uchun odamlar o‘zini "o‘tga-cho‘qqa urib", nima bilandir o‘zlarini band etishadi. To‘g‘ri, ertangi kunga to‘liq kafolat yo‘q. Muhimi bari barakali bo‘lsa bo‘ldi,"- deydi Abdurahim.
Imtiyozlar nimalardan iborat?

Surat manbasi, BBC.com/uzbek/illyustrativ
Hukumat so‘nggi uch-to‘rt yil mobaynida turli qarorlarni chiqarib chiqarib, u orqali o‘z o‘zini band qilganlarga rasmiy jihatdan yetarli sharoitni yaratishni ko‘zda tutgan.
So‘nggi qarorlarga binoan o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlash turkum yumushlari sirasiga 80 turdagi ish kiritilgan.
Agarda fuqaro soliq idorasiga murojaat etib, ro‘yxatdan o‘tib, yiliga bir marta ijtimoiy soliq nafaqasini to‘lasa unga bir yillik staj havola etiladi.
Ushbu soliq miqdori bugunda 340 ming so‘mni tashkil qiladi.
Shuningdek, o‘zini ish bilan ta’minlagan fuqaroning yillik daromadi 100 million so‘mdan oshmasa, undan daromad solig‘i olinmaydi.
Bundan oshgan taqdirda esa to‘rt foizlik soliq to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Agarda fuqaro yakka tadbirkorlik faoliyatini kengaytirsa, masalan, o‘z faoliyati bo‘yicha boshqa xodimlarni jalb etsa, ish o‘rinlari yaratsa, unda boshqa mazmundagi tadbirkorlik sub’ekti hisoblanib, nazarda tutilgan imtiyozlardan mahrum etiladi.
Istiqbol kuyunchakligi
Ishsizlikka o‘z o‘zini band qilish orqali barham berishning bu yo‘li kezi kelib, yana kambag‘al va qashshoqlar sonining ortishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Kuzatuvchilar fikriga ko‘ra, ishsizlik muammosini bartaraf etish har qanday hukumat uchun uning salohiyatini, xalqchilligini belgilovchi birlamchi omildir.
Sobiq Sho‘ro davriga taqqosan aytganda, mazkur masala hamon o‘z izmida bajarilishini kutayotgan chuqur muammo bo‘lib qolmoqda.
Ayni masalani o‘ziga o‘zi yumush topib, baribir ishsizlik maqomida ko‘riladiganlarga birmuncha e’tibor qaratish orqali hal etish murakkab hol sanaladi.
"Aslini olganda, o‘z o‘zini band qilish- ishsizlikni bartaraf etishning vaqtinchalik chorasi, deb bilaman. Ayni vaqtda, o‘z o‘zini band qilganlarning soni 4000000 milliondan oshgani aytilmoqda. Bu raqamning aksariyati kun o‘tishi uchun kifoya qilgulik miqdordagi mablag‘ni topishga muvaffaq bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, ularning kelajakda oladigan nafaqa miqdori qanchani tashkil etadi? O‘z o‘zini band etish bilan bog‘liq, ko‘zda tutilgan ba’zi mehnatlar jismoniy jihatdan kezi kelib, sog‘liqqa salbiy ta’sir etishi ehtimoldan xoli bo‘lmagan holda, beriladigan nafaqa puli, keksalikning kundalik ehtiyojlari va dori-darmonga sarflanadigan xarajatlarni qoplarmikan? Ishsizlikka o‘z o‘zini band qilish orqali barham berishning bu yo‘li kezi kelib, yana kambag‘al va qashshoqlar sonining ortishiga sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas"- deya bu borada mulohazalari bilan bo‘lishadi jurnalist Erkin Norsafar.
Jurnalistning nazdida har qanday vaziyatda hukumat uchun aholi bandligini ta’minlashning choralarini izlashi yetuk va shartli tamoyil bo‘lishi lozim.
"Aholining asosiy daromadi qishloq xo‘jaligi, dehqonchilik va bog‘dorchilikdan. Demak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab chiqaruvchi zavodlarni qurish, eksport ko‘rsatkichini oshirish orqali ishsizlik muammosiga barham berish mumkin. Klasterlarni bartaraf etib, uyushmalarni tashkil etish va yerni egalariga topshirmoq joiz. Dehqon-fermerlarga uzoq muddatli, imtiyozli kreditlar ajratilishi lozim. Hosildorlikda yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan dehqon-fermerlarga xorijiy davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzishga ruxsat berilsin. Shu yo‘l orqali ishsizlikka qarshi kurashda samarali natijalarga erishish mumkin, deb o‘ylayman, "-deydi u.
Ishsizlik mintaqada aholisi eng yirigi bo‘lgan O‘zbekistonda hanuz anchayin dolzarb muammolardan biri bo‘ladi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng ko‘p sondagi fuqarosi chetda mehnat muhojirligida band davlati ham sanaladi.
Agar, 2023 yilgi rasmiy ma’lumotlarga tayanilsa, mamlakatda mehnatga layoqatli aholining 1,3 mln nafari ishsiz qolmoqda.
Ayniqsa, mamlakat aholisining salmoqli ulushini tashkil etuvchi yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik mas’ullar o‘zlarini ham o‘ylantirib kelayotgan muammo ekani ko‘riladi.














