Oylarki, maoshimizni bermayaptilar: Enter Engineering va Eriell bilan yana bir muammo

Surat manbasi, O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi
O‘zbekistondagi Kun.uz veb-nashri xabar qilishicha, Enter Engineering, Eriell va Saneg kompaniyalarida ishlaydigan xodimlar besh oydan buyon maoshlarini olmaganlar.
"Enter Engineering va Saneg xodimlari maoshi oylab kechikayotgani haqida muntazam ravishda shikoyat qilib keladi. Oylik berilishini talab qilayotgan ishchilarning foto va videolari internetda ham bir necha bor tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu kompaniyalarga aloqador Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘qituvchilariga ham bir necha oydan beri maosh berilmagan", deb yozdi Kun.uz.
Sentyabr oyi boshida daryo.uz veb-nashri Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi misni boyitish fabrikasi qurilishida ishlayotgan Enter Engineering ishchilari O‘zbekiston mustaqilligi bayramining 33 yilligini maoshsiz kutib olganlari haqida maqola e’lon qilgandi.
Xodimlar 2024 yilning may oyi uchun “avans” berilganini, sentyabrgacha maoshsiz ishlashganini aytganlar.
7-8 sentyabr kunlari fabrikani qurayotgan kompaniya – Enter Engineering ishchilariga maosh tarqatgan.
Eriell va Enter Engineering’ga aloqador Samarqand shahridagi Xalqaro Texnologiya universiteti o‘qituvchilariga ham maosh berilmagani, AQSh, Janubiy Koreya va Erondan borgan o‘nlab chet ellik o‘qituvchilar maoshi berilmayotgani sababli ish tashlash haqida o‘ylashayotgani haqida aytgan universitet o‘qituvchilaridan biri Kun.uzga.
Shu yil sentyabrida Boysun tumanidagi vodorod sulfid gazi chiqib ketgan "Mustaqillikning 25 yilligi" konini burg‘ulash ishlari bilan Eriell shirkati shug‘ullangan.
Boysun konida ishlagan xodimlar ham maosh olmaganlari xabarlari tarqaldi.
Kondagi falokatdan ikki oy o‘tib, boysunliklar hamon og‘ir ahvolda yashashga majbur bo‘layotganlari haqida aytmoqdalar.
Kun.uz yozishicha, Enter Engineering kompaniyasi 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, muqaddam “Gazprombank” nazoratida bo‘lgan; neft va gaz, sanoat va fuqarolik ob’ektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
Eriell esa neft va gaz qazib oluvchi kompaniyalar uchun ekspluatatsiya va qidiruv (razvedka) quduqlarini burg‘ilash xizmatlarini ko‘rsatadi.
"Xorijda ro‘yxatdan o‘tgan har ikkala kompaniyaning benefitsiari o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov ekani aytiladi. Uning biznes faoliyati, Enera kompaniyalar guruhi nazoratidagi aktivlar, shuningdek, mamlakatdagi eng yirik gaz omborini kengaytirish loyihasini ham o‘z ichiga oladi", deb yozdi Kun.uz
Aks-sadolar
Bir narsaga rostan tushunmayman – nega bu kompaniyalar guruhi o‘z xodimlariga oylik maoshni o‘z vaqtida to‘lashi uchun yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan hech nima qilinmaydi?
Ijtimoiy tarmoqlarda xodimlariga maosh bermayotgan shirkatlar rahbarlariga chora ko‘rish chaqiriqlari yangramoqda.
Taniqli blogger Muhrim shunday yozdi:
Bu egasi bitta hisoblangan Enter, Eriell, Saneg degan kompaniyalarning xodimlari maoshlarini oylab ololmayotgani haqidagi birinchi xabar emas, shu vaqtgacha bu haqda – xabarni qo‘ya turing – qanchadan-qancha maqolalar, jurnalist surishtiruvlari o‘tkazilgan. Buyoqdan bu kompaniyalar o‘z xodimlariga maosh to‘lamayotgani haqida, uyoqdan esa xuddi shu kompaniyalar mlrd-mlrd dollarlik loyihalarni taqdimot qilayotgani, qo‘lga kiritayotgani haqida materiallar chiqadi.
Men bir narsaga rostan ham tushunmayman – nega bu kompaniyalar guruhi o‘z xodimlariga oylik maoshni o‘z vaqtida to‘lashi uchun yuqori turuvchi tashkilotlar tomonidan hech nima qilinmaydi? Ë bularga kelganda qonun ishlamaydimi? Ë mas’ullar bu haqdagi xabarlar, maqolalar, murojaatlarni ko‘rmayotganmikin? Ë ko‘rib, ko‘rmaganlikka olayotganmikin? Nega?
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002















