O‘zbekiston: eng yaxshi maoshgacha hali 100 yil bormi va yo "migrantlar qurolli mojarolardan uzoq tursin"

Yollanma askarlar punkti

Surat manbasi, TASS

O'qilish vaqti: 9 daq

Migratsiya agentligi o‘zining Telegram kanali orqali xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini qurolli mojarolarda ishtirok etishning jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Agentlikning ma’lumot berishicha, qator davlatlarda mehnat migrantlarini qurolli harakatlarga yollash holatlari ko‘paymoqda, bu esa fuqarolarning hayoti, erkinligi va kelajagiga katta xavf tug‘dirmoqda.

Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarolariga bir qancha harakatlar qat’iy ravishda taqiqlanadi.

Ular jumlasiga qurolli mojaro va jangovar harakatlar olib borilayotgan hududlarga yaqinlashish, harbiy operatsiyalarda ishtirok etish hamda xorijiy davlatlarning qurolli kuchlari, xavfsizlik xizmatlari yoki boshqa kuch tuzilmalariga qo‘shilish kiradi.

Shuningdek, shubhali shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday yollash (verbrovka) takliflariga rozi bo‘lmaslik zarurligi alohida qayd etilgan.

Migratsiya agentligi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154¹-moddasini eslatib o‘tdi. Ushbu moddaga muvofiq, xorijiy davlatlarda yollanma asosda harbiy xizmat o‘tash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Bu ogohlantirish fuqarolarni o‘z xavfsizligi va qonuniy huquqlarini himoya qilishga chaqiradi.

Jahon bankining hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston yuqori daromadli mamlakatga aylanishi uchun kamida 100 yil kerak bo‘ladi

Jahon bankining 2025 yilgi "Tadbirkorlik, texnologiyalarni o‘zlashtirish va innovatsiyalar orqali o‘sishni tezlashtirish" nomli hisoboti Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasidagi iqtisodiy shart-sharoitlar va o‘sish strategiyalarini tahlil qiladi.

Ikki asosiy qismdan iborat bo‘lgan bu hisobotda mintaqadagi so‘nggi iqtisodiy o‘zgarishlar, siyosatlar va istiqbollarga umumiy nazar hamda tadbirkorlik, texnologiyalarni o‘zlashtirish va innovatsiyalar o‘sishni qanday rivojlantirishi mumkinligini batafsil ko‘rib chiqilgan.

Hisobot sustlashgan biznes dinamikasini ta’kidlaydi va yanada innovatsion va samarali xususiy sektorni rivojlantirish uchun tarkibiy islohotlar, jumladan, raqobatni kuchaytirish va davlat korxonalari ta’sirini kamaytirishga chaqiradi.

Shuningdek, unda fiskal siyosat, inflyatsiya tendentsiyalari, mehnat bozori sharoitlari va mintaqa iqtisodiyotida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning roli muhokama qilingan.

Bu hisobotning xulosalaridan biriga ko‘ra, O‘zbekiston yuqori daromadli mamlakatga aylanishi uchun kamida 100-yil kerak bo‘ladi deyiladi.

Sotuvchi ayol

Surat manbasi, BBB

13 avgust 2025. Markaziy Osiyo: Shartnomadan tashqari "xizmat", deportatsiya xavfi va yana til masalasi

Askarlarning surati

Surat manbasi, EPA

Aloqador mavzular:

Markaziy Osiyolik askarlar muddatlari tugagan shartnomalarga qaramay, Rossiya uchun jang qilmoqda

Ukraina hukumatiga qarashli "Xochu Jitь" ("Yashashni xohlayman") markazi kecha o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining 1200 dan ortiq fuqarosi harbiy shartnomalari tugaganiga qaramay, Rossiya uchun Ukrainada jang qilishda davom etmoqda.

Markaz xizmat muddati tugaganidan keyin ham Rossiya armiyasi saflarida qolayotgan yollanma askarlar soni bo‘yicha yetakchi davlatlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Unda O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallab, 426 nafar fuqarosi shartnomalari tugaganiga qaramay, Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilayotgani aytilgan. "Xochu Jitь" ma’lumotlariga ko‘ra, 367 nafar tojikistonlik, 241 nafar qozog‘istonlik, 155 nafar qirg‘izistonlik va 68 nafar turkmanistonlik ham shunday vaziyatda.

"Rossiya Mudofaa vazirligi bilan tuzilgan shartnoma - bu bir tomonlama chipta. Rossiya shartnomalari muddati tugagan xorijlik yollanma askarlarni qo‘yib yubormaydi", deyiladi xabarda.

Ayni paytda, O‘zbekistonning ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalarining yaqinda Ukraina dronlari hujumiga uchragan Rossiyaning Nijniy Novgorod shahriga majburan yuborilayotgani haqida videolar tarqalmoqda.

Videolarda ba’zi yoshlar o‘z xavfsizligidan xavotirda bo‘lgani uchun Rossiyaga o‘qishga borishni istamasligini aytishgan.

O‘zbekiston universiteti kecha o‘zining Telegram-kanalida ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni rad etdi va uning talabalari ushbu shaharda joylashgan universitet bilan qo‘shma dastur doirasida Nijniy Novgorodga ixtiyoriy ravishda borayotganini bildirdi.

Xavotirdagi migratlar tasviri

Surat manbasi, GETTYIMAGES/ILLYUSTRATIV

Qirg‘iziston 90 mingdan ortiq fuqarosi Rossiyadan deportatsiya qilinishi mumkinligini aytdi

Xususiy Kaktus.media axborot agentligiga xabar berishicha, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi,10-sentabrdan keyin 91 mingdan ortiq Qirg‘iziston fuqarosi Rossiyadan deportatsiya qilinishi mumkin.

Vazirlikning tushuntirishicha, bu Rossiya rasmiylarining noqonuniy migrantlar ro‘yxatiga kiritilgan Qirg‘iziston fuqarolari.

Fevral oyida Rossiya hukumati Rossiyada qolish uchun qonuniy asoslari bo‘lmagan xorijliklarni mamlakatni tark etishga majburlovchi yangi qoidalar qabul qilgan edi.

Xorijiy fuqarolar uchun Rossiyada qolishlarini qonuniylashtirishning so‘nggi muddati 10 sentabr.

Qirg‘iziston rasmiylari o‘z fuqarolarini sentabrga qadar mamlakatning migratsiya "qora ro‘yxati"dan o‘z ismlarini olib tashlashga bir necha bor chaqirgan.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 350 mingdan ortiq Qirg‘iziston fuqarosi Rossiyada rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan.

Masjid rasmi

Surat manbasi, EPA

Qozog‘iston rus tilida o‘qitiladigan maktablar sonining kamayishini "tabiiy jarayon" deb atadi

Qozog‘iston Ta’lim vaziri G‘ani Beysembaev kecha o‘z mamlakatida rus tilida ta’lim beradigan maktablarni yopish rejalari yo‘qligini aytdi.

Xususiy Kursiv.media yangiliklar saytida e’lon qilingan sharhlarda, Beysembaev poytaxt Ostona shahridagi rus sinflari soni qozoq sinflariga nisbatan ikki yoki uch barobarga kamayganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onalarning xohishiga ko‘ra ko‘proq qozoq sinflari ochilmoqda.

"Statistika shuni ko‘rsatadiki, farzandlarining qozoq tilida o‘qishini xohlaydiganlar soni tobora ortib bormoqda.

Bu bir tendentsiya. Hukumat ularni ochish yoki yopish bo‘yicha maxsus rejalar yoki dasturlarga ega emas. Va bu tabiiy jarayon", dedi vazir.

Gazeta o'qiyatgan kishi

Surat manbasi, EPA

Qirg‘iziston bahsli til to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

11 avgust kuni Prezident Sadir Japarov qirg‘iz tilidan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini imzoladi, deb xabar berdi Kaktus.media.

Yangi qonunda aytilishicha, teleko‘rsatuv kontentining kamida 60 foizi qirg‘iz tilida bo‘lishi kerak, shuningdek, qirg‘iz tilini bilmaydigan fuqarolarning deputat yoki bosh vazir bo‘lishi taqiqlanadi.

Rossiyaparast tanqidchilar ushbu qonunni sobiq sovet respublikasida rasmiy til maqomiga ega bo‘lgan rus tiliga nisbatan "kamsituvchi" deb qoraladi.

Qirg‘izistonlik ekspertlar taklif etilayotgan o‘zgarishlar aholining 80 foizi rus tilida gaplashadigan va etnik o‘zbeklar aholining taxminan 14,2 foizini tashkil etadigan ko‘p millatli Markaziy Osiyo davlatida noroziliklarga sabab bo‘lishidan xavotirda.

12 avgust 2025. O‘zbekiston va dunyo: Migrantga taksichilik taqiqlangan Rossiyada 1 million ishchi yetishmayapti

Rossiyadagi qurilishda ishlayotgan markaziy osiyolik migrantlar
Surat tagso‘zi, Ukraina urushi bois Rossiyada migrantlar kamaygani oqibatida boshqa qator sohalar singari qurilishda ham odam yetishmay qolgan

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida migrantlarning kurerlik va kirakashlik bilan shug‘ullanishlari taqiqlanishi ortidan taksi haqi ikki baravar qimmatlashishi, ishchi kuchi yetishmasligi 40 mingni tashkil etishi mumkin, deya bayonot berdi "Yandeks".

Mehnat muhojirlariga yetkazib berish xizmatini ko‘rsatishni taqiqlash haqida qaror imzolagan Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov ushbu qadam Rossiya fuqarolarini ish bilan ta’minlashga qaratilganini ta’kidlagan.

"Qaror yashirin bandlikka qarshi kurashish, kurerlik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolariga, birinchi navbatda yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan", deyiladi Sankt-Peterburg rasmiylari bayonotida.

"Yandeks" shirkatiga ko‘ra esa hozirning o‘zidayoq shaharda taksichilik va yetkazib berish sohasida kadrlar yetishmaydi, talab esa tobora ortib borayotir. Yangi taqiqdan keyin taksi haydovchilari va kurerlar "soya iqtisodi"ga o‘tib ketishi mumkinligi aytildi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

11 avgust kuni Rossiya Prezidenti Putin Rossiya fuqaroligini olgan, biroq majburiyatlarini bajarmagan chet elliklarni fuqarolikdan chiqarish haqidagi qonunni imzoladi.

Bunda fuqaroning Rossiyani qo‘lida qurol bilan himoya qilishga tayyorligiga muhim e’tibor qaratiladi, agar Rossiya fuqarosiga aylangan xorijlik 80 turdagi huquqbuzarlikni sodir etsa, rossiyalik maqomidan ayrilishi ko‘zda tutilgan.

Aksar tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Rossiya chet elliklar hisobiga Ukraina urushini davom ettirishga qaror qilgan.

Bu narsa Kremlga butun mamlakat bo‘ylab harbiy safarbarlikni e’lon qilmasdan turib ham jang qilish imkoniyatini beradi.

Ommaviy harbiy safarbarlik hokimiyatga qarshi ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

2024 yil martidagi Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Xoll" savdo markaziga qurolli hujum ortidan Rossiyada migrantlarga qarshi reydlar kuchaydi, Rossiyada bo‘lish va ishlash bilan bog‘liq tartiblar tobora qattiqlashtirilgan yangi qonunlar qabul qilindi.

Rossiyaning turli hududlari turli kasblarga xorijlik migrantlarni ishga olmaslikka qaror qilganlarini e’lon qildilar.

Ayni paytda Ukraina urushida qatnashishga rozi bo‘lgan chet elliklarga Rossiya fuqaroligini berishni osonlashtirish va boshqa imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlari berildi.

Ommaviy axborot vositalariga ma’lum bo‘lgan va tasdiqlangan raqamlar Rossiyaning urush jabhalaridagi vaziyatni "go‘sht qiymalagich" deb ta’riflaydi, Rossiya harbiylari har qancha og‘ir talofatlarga qaramasdan, hujumlarini to‘xtatmasligi ko‘rinadi.

Ukraina harbiylari o‘zlarining hisobotlarida Rossiya jang maydonida 1000, ba’zan bundan ham ko‘p askarlarini yo‘qotdi, deya xabar tarqatadilar.

Jang jabhasidagi axborotni aniq tasdiqlatish imkonsiz, ammo Bi-bi-sining Rus xizmati va "Mediazona" nashri yaqinda Rossiyaning 2022 yil 24 fevralidan keyingi yo‘qotishlari soni kamida 122883 kishini tashkil etganini aniqladi.

Migrantlarga qarshi reydlar, Ukraina urushiga majburlash holatlari aksar Markaziy osiyoliklarni Rossiyani tark etishga majbur qildi.

Rossiyadagi nufuzli "Izvestiya" gazetasi yozishicha, bugungi kunda mamlakat logistika sohasiga 1 million mutaxassis yetishmayapti.

Ayniqsa, yuk tashuvchi, haydovchi va omborchilarning taqchilligi yuzaga kelgan, vaziyat hammasidan ham ko‘proq Moskva va Moskva viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Sverdlovsk, Novosibirsk, Rostov viloyatlari va Tatariston respublikasida og‘irroq ekanini aytib berishda "Izvestiya"ga sohani ichidan yaxshi biladigan ekspertlar.

Shimoliy Koreyadan Ukraina urushi uchun zarur qurol-yarog‘ olayotgani tasdiqlangan Rossiya endi qurilish sohasiga ham arzon koreys ishchi kuchidan foydalanishga qaror qilgan.

Janubiy Koreya rasmiylariga ko‘ra, 10 ming Shimoliy koreyalik Rossiyaga ishlash uchun yuborilgan, bundan keyin yanada ko‘p sondagi ishchilarni yuborish ko‘zlangan.

Rossiyada qurilishda quldek ishlatilganlarini aytib bergan, qochishga muvaffaq bo‘lgan Shimoliy koreyalik xuddi o‘zlaridek qurilishda ishlayotgan markaziy osiyoliklar uch baravar kam ishlashlari, ammo besh baravar ko‘p haq olishlaridan xabardor bo‘lib uyalganini aytib berdi Bi-bi-siga.

7 avgust dayjesti: Afg‘on tujjorlari birinchi o‘rinda, yarim yilda 5000 maishiy zo‘ravon, qashshoqlikni yengish ilg‘orlari kimlar?

Termizdagi xalqaro savdo markaziga kelgan afg‘onistonikliklar
Surat tagso‘zi, 2024 yili O‘zbekiston mustaqilligi bayrami arafasida Termiz xalqaro savdo markazi faoliyat boshlagandi

O‘zbekistonga 2025 yilning ilk olti oyida tijorat maqsadida tashrif buyurgan xorijliklar orasida birinchi o‘rinni Afg‘onlar egalladi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy Statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatga tijorat maqsadida kelgan xorijliklarning soni 3,4 baravar oshgan.

2025 yil yarim yilida O‘zbekistonga 207 yarim ming afg‘onistonlik kelgan. Bu 2024 yilning birinchi yarim yilligi raqamlariga solishtirganda 132 barobar ko‘p - o‘shanda 1569 Afg‘on kelgandi.

Aloqador mavzular

O‘zbekistonga biznes maqsadida tashrif buyurganlar xorijliklarning ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda Tojikiston fuqarolari - 12200.

Uchinchi o‘rinda Turkmaniston - 1642, so‘ng Rossiya - 451 kishi, Turkiya - 276, Qozog‘iston - 255 va boshqa mamlakatlar - 1177.

2025 yil yanvaridan iyunigacha O‘zbekistonga jami 223 ming 600 xorijlik tijorat maqsadida kelgan.

O‘zbekistonga Afg‘on tujjorlari tashrifi ko‘payishi O‘zbek-Afg‘on chegarasida, Termiz shahri yaqinida "Termiz Xalqaro savdo markazi" ochilishi bilan bog‘liq.

U yerda xorijliklar 15 kun vizasiz bo‘lishlari mumkin.

Shuningdek, chet elliklarga savdo markazida do‘kon yoki boshqa inshootlarni ijaraga olish ruxsati berilgan.

Maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurash kuchaydi

Maishiy zo‘ravonlik

Surat manbasi, Gazeta.uz

O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi yarim yili mobaynida 5000 dan ortiq kishi maishiy zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilganlar.

Bu haqda O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Xabar qilinishicha, oilaviy zo‘ravonlikka qo‘l uradigan shaxslarga nisbatan qonunchilik talablari kuchaytirilgani mana shunday natijalarga yetaklagan.

"So‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash borasidagi izchil sa’y-harakatlar alohida e’tiborga loyiq.

Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, Prezident tomonidan 2023 yil 11 aprelda imzolangan "Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi Qonun bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘targanini ta’kidlash lozim", deyiladi Oliy Sud matbuot kotibi Aziz Obidov Telegram kanalida.

Iqtibos

Surat manbasi, .

2023 yil 11 apreldagi qonun bilan O‘zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shahvoniy shilqimlik moddasi, oilaviy(maishiy) zo‘ravonlik moddasi, O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga oilaviy(maishiy) zo‘ravonlik, shaxsning sha’nini va qadr-qimmatini kamsitadigan va inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish degan bandlar kiritilgan.

Ushbu yangi bandlarning hayotga tatbiq etilishi O‘zbekistonda ayollarga nisbatan oilada zo‘ravonliklarni tiyishga xizmat qiladi deb ishoniladi.

2025 yilning dastlabki olti oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) qo‘llanishi natijasida 4952 shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, ularning 3200 nafariga jarima jazosi, 1752 tasiga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.

BMT hisobotida Markaziy Osiyo to‘yib ovqatmaslikni yengishda ilg‘or deb topildi

O‘zbekiston. Tandirda non yopgan qishloq onaxoni

Surat manbasi, BBC News O'zbek

Surat tagso‘zi, Markaziy Osiyo mamlakatlarida to‘yib ovqatlanmaslikni kamaytirish yo‘lida qilingan ishlar olqishlanayapti, ammo "kunini zo‘rg‘a ko‘rayotgan" oilalar hali ancha

Birlashgan Millatlar tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik dasturi - FAO yangi hisobotiga ko‘ra, Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanmaslik darajasi so‘nggi 20 yilda besh baravar qisqargan.

Mintaqada 2005 yili jami aholining 13,1 foizi to‘yib ovqatlanmayapti deb ko‘rilgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 2,8 foizga tushgan.

Bu qorni to‘ymayotgan odamlarning soni 7,8 million kishidan 2,3 millionga tushdi deganidir.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik dasturi tahlillariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari ochlikni kamaytirish amallarini 2019 yilgacha faol davom ettirib kelishgan, biroq 2020 yilgi Kovid pandemiyasi bu harakatlarni to‘xtatib qo‘ygan.

2020-2021 yillari qorni to‘yib ovqatlanmayotgan odamlarning soni yana ortgan va bu raqam yana ko‘tarilib 2,5 million kishiga yetgan deb ko‘riladi.

BMT butun dunyodagi vaziyatni tahlil etar ekan, Markaziy Osiyoda to‘yib ovqatlanmaslikka qarshi kurash samarasi dunyoning boshqa joylariga solishtirganda yaxshiroq ko‘zga tashlanganini qayd etadi.

20 yil oldin butun dunyoda qorni to‘ymaslik darajasi 12 foizi, Markaziy Osiyoda esa 13,1 foiz deb ko‘rilgan.

2024 yili mintaqa ko‘rsatkichi 31,1%dan 2,8% ga tushgan, dunyoniki esa 12% dan 8,2 foizga pasaygan.

BMT bir odam qornini to‘yg‘azishga yetarli yegulikni sog‘lom oziq-ovqat ratsionining o‘rtacha bahosini (CoHD) kishi boshiga xarid qobiliyati paritetidan kelib chiqib hisoblaydi.

BMTga ko‘ra, global CoHD 2024 yili kuniga 4,46 AQSh dollarini tashkil etgan.

Sharqiy Osiyoda bir ishining bir kunlik CoHDi $5,95, Yevropada 4,02 dollarni tashkil etgan.

Markaziy Osiyoda kunlik yegulik arzon - $3,78 ekani qayd etiladi.