Amerika va saylov: Yangi prezident kim bo‘lishini musulmonlar hal qiladimi? Video

Tramp va Harris

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, So‘rov natijalari Amerika prezidentligiga har ikki nomzodning yelkama-elka borayotganligiga dalolat qilayotir. Bunaqasi mamlakatning bu yaqin tarixida ko‘rilmagani bilan chetda ham xos e’tibor topgan voqe’likka aylangan.
O'qilish vaqti: 6 daq

AQSh yangi prezidentini saylayapti. So‘nggi saylovda aynan musulmonlar Baydenning yutishiga yordam berishgan. Ammo ularning bu galgi tanlovi juda kutilmagan. Musulmonlarning bugungi kayfiyati hatto yetakchi G‘arb nashrlarida sarlavhalarga chiqdi. Alohida tahlilga loyiq mavzu o‘laroq e’tibor topdi.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Nima bo‘ldi?

Grafika
Surat tagso‘zi, Aynan Michigan ikkilanayotgan muhim shtatlardan biri sifatida ko‘riladi va u yerdagi ovoz yangi prezident taqdirini hal qilishi mumkin

2020 yilgi prezident saylovida Demokratchi nomzod Jo Baydenning Respublikachi raqibi Donald Trampni yengishiga Michigan shtatining Dirborn shahrilik saylovchilar yordam berishgan.

Michigan saylov kollegiyasining yangi prezident taqdirini hal qiluvchi 15 ta ovoziga ega.

U Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi aholisi eng ko‘p musulmon shtatlari o‘nligiga kiradi.

Shtatdagi ovoz berish huquqiga ega musulmonlarning soni chorak millionga yaqin ekani aytiladi.

Dirborn esa, Amerikaning arablar eng ko‘p yashovchi birinchi shahri sanaladi.

Agar, ochiq manbalarda imkonli bo‘lgan raqamlarga tayanilsa, Dirborn aholisi yarmidan ko‘pining kelib chiqishi Yaqin Sharq yoki Shimoliy Afrikaga borib taqaladi.

Ammo Demokratlar bu gal u yerdagi arablarga orqa qila olmaydigan ko‘rinishadi.

Ma’lum bo‘lishicha, u yerdagi aksariyat musulmon arablar vitse-prezidenti AQSh prezidentligi uchun bellashayotgan Demokratchi Jo Bayden Isroilning G‘azo va Livanga qaratilgan hujumlarini to‘xtata olmayotganidan g‘azabda.

Ular bu gal Demokratchi Kamala Harrisni qo‘llash niyatida emas va bu galgi tanlovlari juda kutilmagan, hatto, Yashillar partiyasi nomzodi Jill Staynga ovoz berishga moyil.

Bu yerda ovoz yo‘qotish esa, ham Respublikachi va ham Demokratchi nomzodga qimmatga tushishi mumkin.

Demokratchi nomzod Kamala Harris yakshanba kuni o‘zining so‘nggi mitingini ham xuddi shu shtatda o‘tkazdi.

U, “G‘azodagi urushni tugatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga va’da berib”, Michigandagi musulmon saylovchilarni o‘ziga tortishga urindi.

Shu paytga qadar 82 milliondan ortiq amerikalik muddatidan ilgari ovoz berish huquqidan foydalanib bo‘lgan.

So‘rov natijalari Amerika prezidentligiga har ikki nomzodning yelkama-elka borayotganligiga dalolat qilayotir.

Bunaqasi mamlakatning bu yaqin tarixida ko‘rilmagani bilan chetda ham xos e’tibor topgan voqe’likka aylangan.

Donald Tramp esa, Isroilni dastaklashni o‘z kampaniyasining asosiy qismiga aylantirgan.

Tarafdorlari uning prezident sifatida AQSh elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirish, Isroil va ayrim arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirgan “Ibrohim kelishuvi”ga kelish kabi qarorlarini tilga olishadi.

Tramp tinchlikni qaror toptirishini aytadi, ammo qanday qilib ekanini ochiqlamaydi. Trampning ikkinchi muddati oldingi siyosatini davom ettirishini anglatishi mumkin.

“Oq uyga qaytganimda, Isroilning terrorga qarshi urushida g‘alaba qozonish huquqini qo‘llayman. Ular bunga haqli bo‘lishi kerak”, - deya bayon qilgan u.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

Kutilmagan tanlov...

Michigan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Islom Amerika Qo‘shma Shtatlarida uchinchi yirik din hisoblanadi.

AQSh tajribasida g‘olib asosan saylov kollegiyasi tizimi orqali aniqlanadi.

Ammo aynan Michigan ikkilanayotgan muhim shtatlardan biri sifatida ko‘riladi va u yerdagi ovoz yangi prezident taqdirini hal qilishi mumkin.

Bi-bi-sining Shimoliy Amerika bo‘yicha muharriri Sara Smit saylov arafasida Michiganga safar qilgan, aynan Dirbornda bo‘lib, u yerdagi arablar va boshqa musulmonlarning o‘y-fikrlari bilan qiziqqan.

Uning xabar berishicha, Dirborndagi aksariyat azaldan Demokratchi bo‘lgani bois, hozir qanday ovoz berish yoki kimni qo‘llash borasida boshlari qotgan.

Samra’ Luqmon “Baydendan voz keching” kampaniyasi faoli.

Faolning aytishicha, saylovda “nafaqat Trampga ovoz beradi, balki uni ma’qullab, jamoasidagilarni ham xuddi shunday qilishga undaydi”.

Samr’a o‘zining hozir ham boshqa demokratlarga qaraganda “so‘lchiroq” ekanini ta’kidlarkan, o‘zining qarori sababini, “Harris Bayden davridagi siyosatni yuritmoqchi” ekani bilan izohlaydi.

Dirborndagi Demokratik partiya faoli Micho Assi esa, bu gal ham Demokratchi nomzodga ovoz berishi, ammo, “shunday qiling, deb, qolgan musulmonlar eshiklarini qoqishga o‘zida kuch ham, jasorat ham yo‘q”ligini ta’kidlaydi.

Bi-bi-siga ma’lum bo‘lishicha, ularning barchasi barchasi Bayden-Harris ma’muriyatining Isroilga qattiq turishi, tinch aholi o‘limiga chek qo‘yish uchun ko‘proq harakat qilishini istaydi.

Jumladan, Ueyn okrugi komissari Sem Baydunning aytishicha, “demokrat ekani o‘zini juda noqulay ahvolga solib qo‘ygan”.

“Men bir kunda sakson nafar yaqinini yo‘qotgan dirbornlik dorishunosga qanday qilib Kamala Harrisga ovoz ber, deb aytaman”, - deydi u.

Bi-bi-si muharriri qiziqib so‘raganida esa, “saylov varaqasini bo‘sh qoldirishi mumkin”ligini aytadi.

Sara Smitga ko‘ra, har doim Demokratchi nomzodga ovoz bergan dirbornliklar hozir butkul boshqacha tanlovlar haqida o‘ylashmoqda.

U suhbatlashgan Jonlantirish bo‘limi shifokori Ali Dabaha o‘zining “Yashillar partiyasi ovoz berishi mumkin”ligidan so‘z yuritadi.

Unga ko‘ra, bu qarori “oddiy amerikaliklar uchun ishlamaydigan jarayon, partiya va tizimga betaraflik hamda norozilikning ifodasi” bo‘ladi.

Ali Dabahaning ta’kidlashicha, “u falastinlik, livanlik va Yaqin Sharqdagilar uchun aniq ish bermayapti”.

Bi-bi-si fikrini o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan boshqa bir dirbornlik esa, o‘tgan yil oktyabr oyida Isroilga qilingan hujumdan oldin hech qachon Respublikachi nomzod Donald Trampga ovoz beraman, deb o‘ylamaganini aytadi.

Chadi Abdulrazzoqqa ko‘ra, “endi unga ovoz berishi mumkin”.

“Ammo har gal shunday deganimda, tomog‘imga bir narsa tiqilgandek bo‘ladi. Vijdonim qiynaladi. Qayt qilib yuborgudek bo‘laman. Ammo yana oilam, Falastin va Livandagi xalqimni o‘ylayman”, deydi u.

Komissar
skrinshot
Men Demokratman. Bu meni juda noqulay ahvolga solib qo‘yadi. Men bir kunda sakson nafar yaqinini yo‘qotgan dirbornlik dorishunosga qanday qilib Kamala Harrisga ovoz ber, deyman...
Sem Baydun
Ueyn okrugi komissari (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mojaro esa, bu galgi AQSh prezident saylovi manzarasida saylovchilar diqqat-e’tiboridagi eng muhim masalalardan biri bo‘ladi.

Demokratchi Kamala Harris o‘zining saylovoldi amaliyotlari chog‘ida “G‘azodagi inson azob-uqubatlari qarshisida jim turmasligi”ni bayon qilgan.

Onlayn tashviqotlarda ham uning Yaqin Sharqdagi mojaro odamlarga nimaga tushayotganini yaxshi anglashini uqtirishga harakat qilingani kuzatilgan.

Ammo, Bi-bi-si muharriri Sara Smitning aytishicha, Michigandagi musulmon va arab saylovchilar Kamala Harrisning Yaqin Sharq bo‘yicha Baydennikidan farqli strategiyasini ko‘rishni istashadi.

Unga ko‘ra, shu bois ham, saylov taqdirini hal qilishi mumkin bo‘lgan Michigandagi muhim saylovchilarni o‘ziga qaytarishi uchun Demokratchi nomzodga birgina G‘azo va Livandagi otashkesimga oid da’vatlarni qo‘llashining o‘zi kifoya qilmasligi mumkin.

Islom Amerika Qo‘shma Shtatlarida uchinchi yirik din hisoblanadi.

AQSh Aholini ro‘yxatga olish byurosi dini bo‘yicha ma’lumot yig‘maydi.

Biroq “Pyu” tadqiqot markazi 2020 yilda Amerikadagi musulmonlar sonini qariyb 4 millionga nisbat bergan.

Agar, ushbu raqamlarga tayanilsa, musulmonlar umumiy aholi sonining 1.1 foizini tashkil qilgan.

2040 yilga borib esa, musulmonlar Amerika Qo‘shma Shtatlarida nasroniylardan keyin ikkinchi eng yirik diniy guruhga aylanishlari bashorat qilingan.

AQSh mustaqilligini tan olgan (1777 yilda - tahr.) birinchi davlat ham musulmon - Marokash sultonligi bo‘lgan.

Micho Assi
skrinshot
Men Harris uchun ovoz beraman. Ammo siz ham shunday qiling, deb, musulmon jamoamdagilar eshigini qoqishga kuchim ham, jasoratim ham yo‘q...
Micho Assi
Demokratik partiya faoli, Dirborn (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Tramp, musulmonlar va taqiq

Donald Tramp

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bu galgisi Respublikachi nomzod Donald Tramp uchinchi bor AQSh prezidentligi uchun bellashayotgan saylov

Donald Tramp o‘zining 2016 yilgi ilk saylovoldi amaliyoti chog‘ida aynan musulmonlarga qarshi keskin chiqishlari bilan tanilgan Respublikachi nomzod bo‘ladi.

Donald Tramp qudratga kelishi bilanoq, suriyalik qochqinlarning Amerika Qo‘shma Shtatlariga kirishlarini noma’lum muddatgacha taqiqlab qo‘ygan.

Eron, Iroq, Yaman va Liviya doxil aksariyat aholisi musulmon bo‘lgan olti davlat fuqarolariga viza berishni uch oyga ma’n etgan.

Hukumat musulmonlarning Amerikaga nisbatan munosabatini "to‘liq aniqlab olmaguncha", ularning mamlakatga kirishlarini butkul taqiqlashga chaqirgan.

Donald Tramp o‘zining saylovoldi amaliyotlari chog‘ida O‘zbekistonning nomini ham Iroq, Suriya, Afg‘oniston, Pokiston, Yaman, Somali va Marokash qatorida tilga olib o‘tgan.

O‘zbekistonni ham, o‘z ta’birida, "ehtimoliy terrorchilar yetishtirib berayotgan davlatlar" safiga qo‘shgan, fuqarolarini esa, "terrorchilar", deb atash darajasigacha borgan.

Ularni ham Amerika Qo‘shma Shtatlariga kiritmaslikka chaqirgan.

So‘z aynan O‘zbekiston haqida ketganda, 2013 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Aydaxo shtatida terrorchilik ayblari bilan hibsga olingan Fazliddin Qurbonovning nomini tilga olgan, "bundaylarni o‘z mamlakatida istamasligini" bayon qilgan.

Xuddi shu o‘rinda, "Qaerda joylashganini bilasizmi, hah?", - degan takroriy savollari bilan esa, respublikachi nomzod dunyo xaritasida O‘zbekiston, degan davlat borligidan o‘zining qanchalik boxabar ekanini ham namoyish etgan, qator nashrlarning hajv va tanqidlari ostida ham qolib ketgan.

Donald Tramp o‘shanda, "bu - islomiy terrorchilarni AQSh dan uzoqroq tutishga qaratilgan yangi chora-tadbirlarining bir qismi bo‘lishi"ni ta’kidlagan.

"Faqat mamlakatlarini qo‘llab, xalqini chin dildan sevganlargagina o‘z eshiklarini ochish istagida" ekanliklarini bayon qilgan.

Alal-oqibat Donald Tramp yangi prezident sifatida ish boshlaganidan bir hafta o‘tib imzolagan buyruqqa O‘zbekiston tushmagan.

O‘zbek hukumati Donald Trampning bu so‘zlariga rasman munosabat bildirmagan esa-da, bu turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida o‘zbekistonliklarning g‘azabnok munosabatlariga sabab bo‘lgan.

Trampning musulmonlar haqidagi ushbu bayonotlari Amerikaning o‘zi va dunyoning qator davlatlarida ham siyosatchilaru din peshvolari tomonidan keskin tanqidga tutilgandi.

Bu kabi tanqidlar manzarasida Donald Tramp o‘z so‘zlarini yumshatishga ham borgan, bularning barchasi da’vat emas, "bir taklif" bo‘lganini da’vo qilib chiqqan.

Bular barchasi ortidan, Tramp davri Amerikasi yangi O‘zbekistonning o‘zaro aloqalarida strategik sheriklikning yangi davrini boshlagan ilk G‘arb davlatiga aylangani ko‘rilgandi.

2021 yilning yanvarida AQShning yangi Demokratchi prezidenti sifatida ish boshlarkan, Jo Bayden birinchi kundanoq Tramp taqiqlarini bekor qilishga kirishgan, qator yangi buyruq va farmoyishlarni imzolagan.

Dunyoning aksariyat aholisi musulmon qator davlatlarining AQSh ga kirishlariga qayta izn bergan.

Jo Bayden Trampning bu taqiqini "davlat vijdonidagi dog‘", deya baholagan.

Bu, "Har qanday dinga mansubi barobarida dinsizini ham qabul qilishdek uzoq tarixlariga nomuvofiq bir ish" bo‘lganini aytgan.

Bayden Meksika bilan chegaradagi jadal ketayotgan devor qurilishi ishlarini ham to‘xtatgan.

Jo Bayden, yana shuningdek, bolaligida noqonuniy mehnat muhojiri bo‘lgan ota-onalari bilan AQShga kirib kelgan bolalar taqdiriga ham e’tibor qaratgan.

Migratsiya tashkilotlarining ularni mamlakatdan chiqarib yuborish sa’y-harakatlarini ma’n etuvchi yangi buyruqqa ham imzo chekkan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari joriy paytda dunyoning eng katta sondagi o‘zbekistonliklar yashab, o‘qib, ishlab kelayotgan to‘rtta davlatidan bittasi bo‘ladi.

Ayrim hisob-kitoblarda o‘zbekistonliklari doxil Amerikadagi o‘zbeklarning taxminiy soni bir necha yuz mingga nisbat beriladi.

Ulardan aksariyatini esa, Grin-karta yordamida Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.

Bugun xorijda turli ish, yumush va tahsilda band o‘zbekistonliklar soni millionlarga nisbat beriladi.

Bu kabi holat Markaziy Osiyoning qolgan biror bir davlati misolida ko‘rilmaydi.

Telegram kanalimiz: