Ukraina: Lukashenko Zelenskiydan nega kechirim so‘ragan edi?

Surat manbasi, president.gov.ua
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy amerikalik bloger va podkaster Leks Fridmanga katta intervyu berdi. Unda u urushning ilk kunlarini eslagan, Ukraina hududiga zarba berilishi ortidan Lukashenko kechirimini tilga olgan va Rossiya bilan muzokara stoliga o‘tirish imkoniyatlari haqida gapirgan.
Suhbat davomida Zelenskiy AQSh va G‘arbning hujum boshlanishidan oldingi va’dalarini muhokama qilib, qo‘pol so‘zlar ishlatgan.
U Aleksandr Lukashenko bilan urushning dastlabki kunlarida suhbatlashgani va uning Ukrainaga qilingan zarbalar uchun uzr so‘raganini ilk bor tilga olgan.
Qariyb uch soatga cho‘zilgan suhbat boshida Leks Fridman Moskvaga borib, Vladimir Putin bilan ham intervyu yozishni rejalashtirayotganini aytib o‘tgan.
Podkaster, shuningdek, Putin, Zelenskiy va Donald Tramp 25 yanvarь kuni — AQSh prezidenti inauguratsiyasidan so‘ng uchrashib, tinchlikka erishish yo‘llarini muhokama qilishi kerak, degan fikrda ekanini bildirgan.
Zelenskiyning fikricha, yangi saylangan AQSh prezidenti 2022 yil martidan so‘ng Ukrainaga samolyotda keladigan birinchi jahon yetakchisi bo‘lishi mumkin,
"Ammo bu faqat urush tugaganidan keyin amalga oshishi mumkin", degan Ukraina prezidenti.
Lukashenkoning uzri haqida
Zelenskiy urushning ilk kunlarida Belarusь rahbari Aleksandr Lukashenko bilan bo‘lgan suhbatni eslagan.
O‘shanda, Rossiya qo‘shinlari Belarusь hududi orqali hujum boshlab, Kievni egallashga urinishgan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi.
"Men Lukashenko bilan telefon orqali gaplashganman, u uzr so‘ragan. U [Belarusь] hududidan raketalarni Putin uchirganini aytdi. Ishon, bu men emasman, men vaziyatni nazorat qila olmayman, dedi. Men unga "sen ham qotilsan", dedim. U esa ruslar bilan urush qilish mumkin emas, dedi", — deya qariyb uch yil bo‘lgan suhbatni xotirlagan Zelenskiy.
Zelenskiyning aytishicha, Lukashenko urushning ikkinchi yoki uchinchi kunida qo‘ng‘iroq qilib, Belarusьga zarba berishni taklif qilgan.
"U [Lukashenko] xo‘p, qara, unda neftni qayta ishlash zavodiga zarba ber, u joy men uchun juda muhimligini bilasan, dedi. Gap Mozir neftь zavodi haqida edi. Men unga nima haqida gapiryapsan, qanday zarba, deb javob qaytardim".
Zelenskiy bundan avval Belarusь prezidenti bilan bunday masalalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri muhokama qilganini tilga olmagan edi.
Belarusьda joylashgan Mozir neftni qayta ishlash zavodi Rossiya armiyasi uchun yoqilg‘i yetkazib beruvchi asosiy korxonalardan bo‘lib, 2024 yilning 15 iyulida ishini to‘xtatgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, bunga dovul sabab bo‘lgan.
Ammo ukrain matbuoti zavod faoliyati ukrain dronlarining hujumi tufayli to‘xtatilganini yozgan.
Sanksiyalar haqida

Surat manbasi, Lex Fridman/YouTube
Intervyuda Rossiyaning to‘liq ko‘lamli hujumi boshlanishi haqida so‘z ketganda, Zelenskiy G‘arbdagi ittifoqchilar bilan bo‘lgan suhbatlarini eslagan.
"Men faqat bir narsani so‘raganman, avvalo AQShdan – agar Putin bilan suhbatda u sizga hujum qilish niyati haqida aytgan bo‘lsa, agar siz bunga amin bo‘lsangiz, qo‘lingizda ishonchli ma’lumotlar bo‘lsa va siz bu ma’lumotlardan qo‘rqayotgan bo‘lsangiz – menga dalil emas, faqat ikki narsa bering: qurol bilan yordam bering, ammo eng yaxshisi — hujumning oldini oladigan chora-tadbirlarni ko‘ring. Chora-tadbirlar, birinchi navbatda, qurol emas, balki sanksiyalar edi. Ya’ni uni [Putinni] qo‘rqiting, deb so‘ragandim", gapirgan Zelenskiy.
"Men, shuningdek, agar u [Putin] chegaradan bostirib kirib, odamlarni o‘ldira boshlasagina, sanksiya qo‘llaymiz, deb aytmang deganman. Bu ahmoqlik, kechirasiz", qo‘shimcha qilgan Ukraina prezidenti.
Suhbatda Fridman Zelenskiydan Ukrainaga o‘sha paytda o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilmaganmi, deb so‘ragan.
"Men yo‘q, deb hisoblayman. Biz yordam olmadik. Agar so‘zlar yordam hisoblansa, u holda biz ko‘p yordam olganmiz", kinoya qilgan Zelenskiy.
Keng ko‘lamli bosqin ortidan G‘arb davlatlari Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llash va Kievga qurol yetkazib berishni boshlagan.
Tinchlik bitimi ehtimoli

Surat manbasi, Lex Fridman/YouTube
Leks Fridmanning tinchlik bitimi ehtimollari haqidagi savoliga javoban Zelenskiy 2019 yilda bo‘lgan voqeani eslab o‘tgan. O‘shanda u Putin bilan Donbassda navbatdagi tinchlik kelishuvini muhokama qilgan, ammo Rossiya bir oydan keyin kelishuvni buzgan edi.
"Men to rossiyaliklar telefonga javob berishni to‘xtatib qo‘ymagunga qadar unga [Putinga] qo‘ng‘iroq qilganman,. Men yana uchrashishni istaganman, rossiyaliklar rad etgan. Biz turli davlatlar vositachiligida harakat qilganmiz, ammo rossiyaliklar xohlamagan, qandaydir bahonalar qilgan", degan prezident Zelenskiy.
Fridman Zelenskiydan yanvarь oyida Tramp va Putin bilan uchrashib, uchovlon kelishib olishi ehtimoli haqida so‘ragan.
Zelenskiy avval Tramp bilan uchrashish va Yevropa davlatlarini muzokaralarga jalb qilishni istashini ta’kidlagan.
"Menimcha, 25 yanvarь yoki boshqa kun, biz avvalo Tramp bilan o‘tirib, gaplashib olamiz. Biz urushni va Putinni qanday to‘xtatishimiz mumkinligini kelishib olamiz. Agar u kuchli xavfsizlik kafolatlarini taklif qilsa, undan keyingina rossiyaliklar bilan suhbat bo‘lishi mumkin", deya javob qaytargan Ukraina prezidenti.
"Biz uchun Yevropa ham o‘z ovoziga ega bo‘lishi muhim. Ishonchim komilki, u [Tramp] Yevropa bilan birgalikda Ukrainaga kuchli xavfsizlik kafolatlarini taklif qila oladi", qo‘shimcha qilgan u.
"Tramp o‘t ochishni to‘xtatishga erishsa va uch oydan keyin Putin yangi hujumni boshlab yuborsa, Tramp va Ukraina kim degan odam bo‘ladi? Putin bugun Trampdan qo‘rqyapti. Va agar Tramp Ukrainaga kuchli xavfsizlik kafolatlarini bermay turib, sulhga borsa, u Putinga imkon berdi, degani. U buni xohlamaydi, lekin Putinga imkon beradi, chunki Putinning miyasida meni Tramp bilan urishtirib qo‘yish istagi bor", degan Zelenskiy.
Zelenskiy Putinning istagini kutib o‘tirmaslik, balki uni urushni to‘xtatishga majburlash kerakligini ta’kidlagan.
Uning fikricha, Rossiya prezidenti urushni yakunlashni xohlamaydi.
Budapesht memorandumi haqida
Xavfsizlik kafolatlari borasida gapirar ekan, Zelenskiy Budapesht memorandumi haqida so‘z ochgan.
Bu hujjatda yadroviy quroldan voz kechgani evaziga Ukrainani himoya qilish ahdi haqida so‘z boradi.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, urushni to‘xtatish uchun Ukrainaga faqat qog‘ozdagi emas, balki ishonchli xavfsizlik kafolatlari kerak.
"Budapesht memorandumida Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bor edi. Birinchi uchta asosiy kafolatchi — AQSh, Rossiya va Buyuk Britaniya. Frantsiya va Xitoy ham qo‘shilgan. Jami besh davlat bo‘lgan. Hozir biz tushundikki, bu hech qanday xavfsizlik kafolati emas ekan", degan Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Donbassning bir qismi va Qrim okkupatsiya qilinganidan keyin, Ukraina bir necha yil davomida Budapesht memorandumini imzolagan davlatlarga maktublar yo‘llagan.
"Memorandumida nimalar yozilgan? Maslahatlar — agar hududiy yaxlitligi buzilsa, Ukraina maslahatlar o‘tkazadi. Barcha davlatlar maslahatlarga kelishi kerak, Amerika, Britaniya, Rossiya, Frantsiya, Xitoy. Birortasi keldimi? Yo‘q. Birortasi rasmiy javob berdimi? Yo‘q. Birortasi maslahat o‘tkazdimi? Yo‘q. Nima uchun? Ularga farqi yo‘q edi [Zelenskiy suhbatda ruscha "Da po****" iborasini ishlatgan]. Bu ruschada tushunarlimi? Ruschasida farqi yo‘q bo‘lganidek, bu kafolatchilarning barchasiga ham bu davlat [Ukraina]ning, bu insonlarning, bu xavfsizlik kafolatlarining farqi yo‘q edi".















