Putin, Rossiya endi Ukraina bilan gaplashadimi? Urush qanday tugaydi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Yelizaveta Foxt
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 11 daq
Rossiya-Ukraina urushi yanada xavfli tus oldi. Kiev AQShning uzoq masofali raketasi bilan Rossiyaga zarba berdi. Rossiya Ukrainaga yangi ballistik raketasi bilan javob qaytardi. Yana Yevropaga zarba berishi bilan ham tahdid qildi.
Rossiya Qurolli kuchlari Donbass, shuningdek, Kursk viloyatida Shimoliy Koreya harbiylari yordamida ilgarilashni davom ettirmoqda.
Bularning barchasi Donald Trampning AQSh prezidentligiga qaytishi va Moskva hamda Kiev o‘rtasidagi ehtimoliy tinchlik muzokaralari yuz berishi arafasida sodir bo‘lmoqda.
Bi-bi-si urush ishtirokchilari va ularning asosiy ittifoqchilari nizoni tugatish bo‘yicha qanday stsenariyalarni ko‘rib chiqayotgani hamda ularning pozitsiyasi vaqt o‘tgan sayin qay yo‘sinda o‘zgarib borayotganiga nazar tashlaydi:
- Shavkat Mirziyoyev G‘arb sanksiyasiga tushgan, Rossiya bosqini tarafdori bo‘lmish artistni taqdirladi
- Putin Rossiyasi kuchayib, Xitoy zaiflashsa, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga nima bo‘ladi yoki Amerikada Tramp qudratga qaytishining mintaqa uchun oqibati yaxshimi yo yomon?
- Amerika va saylov: Putin va Rossiya uchun kim yaxshi – Tramp yo Harris?
- Rossiya-Ukraina urushi: Prezident Zelenskiy diplomatiyasini kutayotgan uch muammo
Rossiya: Putin hududlar anneksiya qilingani tan olinishi va Kiev NATO ga qo‘shilmasligini talab qiladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin yozda tinchlik muzokaralarini boshlash bo‘yicha o‘z talablarini bildirgan edi. Talablar esa quyidagicha:
- Ukraina Donetsk, Lugansk, Zaporojьe va Xerson viloyatlarining ma’muriy chegaralaridan to‘liq voz kechishi lozim. Ya’ni, bu nafaqat Rossiya tomonidan egallangan hududlarni, balki Kiev nazoratidagi ba’zi shaharlar (masalan, Xerson va Zaporojьe)ni ham o‘z ichiga oladi;
- Kiev NATOga qo‘shilish rejalaridan rasmiy voz kechishi kerak, ya’ni neytral maqomga rozi bo‘lishi shart;
- Qrim, Sevastopol va sharqiy Ukrainaning anneksiya qilingan hududlari Rossiyaga tegishli ekanligi maqomi xalqaro shartnomalarda mustahkamlanishi lozim;
- Rossiyaga qarshi sanksiyalar bekor qilinishi zarur.
Modomiki, ushbu shartlar bajarilar ekan, Putin Moskva "hatto ertaga" ham muzokaralar stoliga o‘tirish uchun tayyorligini aytgandi.
U Kiev o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashi bilanoq "shu onning o‘zida" "otishmalarni to‘xtatish" bo‘yicha buyruq beraman, deb va’da qilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning taklifini ultimatum deb ataydi.
Ayrim masalalarda bu pozitsiya Kremlning dastlabki talablaridan farq qiladi.
Urush boshidan beri Rossiya hukumati "maxsus harbiy operatsiya"ning maqsadlari haqida biron marotaba aniq so‘zlamagan: eng ko‘p tilga olingan sabablar esa «denatsifikatsiya», «demilitarizatsiya» va Donbass aholisini himoya qilish bo‘lgan.
Ammo yaqinda Sistema tadqiqot nashri jurnalistlari Rossiyaning Ukraina bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha ilk takliflarini topishga muvaffaq bo‘ldi: Moskva bu takliflarni bosqin boshlanganidan ko‘p o‘tmay Kievga yuborgan.
Takliflar quyidagilarni o‘z ichiga olgan: armiyani 50 ming kishigacha qisqartirish (bu 2022 yilga qadar bo‘lgan Ukraina armiyasining sonidan besh barobar kam), qurol-yarog‘lar sonini qo‘shni Belarusdan ham quyi darajaga tushirish, dekommunizatsiyaga oid barcha qonunlarni bekor qilish va rus tilini davlat tili sifatida tan olish. Ya’ni, o‘shanda Rossiya Ukraina to‘liq taslim bo‘lishi va ehtimol, bu mamlakatda hokimiyat almashishini kutayotgan edi.
Hozir bu haqida ochiq so‘zlanmayapti (ammo muzokaralar boshlanadigan bo‘lsa, Rossiya Ukraina armiyasini qisqartirishni talab qilishi hanuz ehtimoldan holi emas).
Shuningdek, hozirda Rossiya okkupatsiya qilingan hududlarning Rossiyaniki deb tan olinishini qat’iy talab qilmoqda.
Urush boshida va Istanbuldagi muzokaralar davrida Rossiya hali Ukraina viloyatlarini rasmiy anneksiya qilishga ulgurgan emas edi va ularning maqomini muhokama qilishni keyinga qoldirishga rozi bo‘lgandi.
Putin har doim muzokaralarni boshlashga tayyor ekanligini ta’kidlab kelsa-da, real voqe’lik buning aksini ko‘rsatadi.
Rossiya qo‘shinlari Donbass va Kursk viloyatida ilgarilashni davom ettirmoqda (Telegraph Putinning Trampning inauguratsiyasigacha ushbu hududlarni qayta egallashni istashi haqida yozgan).
21 noyabrda Rossiya Ukrainaga qarshi «Oreshnik» deb nomlangan yangi o‘rta masofali ballistik raketasini qo‘lladi – Putin bunday qurollar bilan NATO mamlakatlariga ham zarba berish mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Bularning barchasi, aslida, Rossiya har qanday tovon evaziga bo‘lsa ham muzokaralarga intilayotganini emas, balki urushni davom ettirish uchun tayyor ekanligini ko‘rsatmoqda.
Ukraina Rossiya urushi: Putin yana G‘arbni ogohlantirdi - video
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ukraina: Zelenskiy "g‘alaba rejasi"ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirib, Kievning muzokaralardagi pozitsiyasini yaxshilashni maqsad qiladi
Қандай қилиб биз билан маслаҳатлашмасдан ўз ташаббусингизни таклиф қилишингиз мумкин? Кейин Россия келиб, «Биз бу ташаббусни қўллаб-қувватлаймиз!» дейди. Биз аҳмоқ эмасмиз!
Ukrainaning Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha pozitsiyasi shu vaqtga qadar bir necha bor o‘zgardi.
Urush boshida Kiev Rossiya delegatsiyasi bilan muloqotga kirishishga rozi bo‘lgan edi.
Ammo 2022 yil o‘rtalariga kelib, bu aloqalar to‘xtatildi va Zelenskiy Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazib bo‘lmasligi haqidagi qarorga imzo chekdi.
Biroq so‘nggi oylarda Ukraina prezidenti urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish mumkinligi haqida tobora ko‘proq ta’kidlamoqda, ammo bu ittifoqchilar Ukrainani qulay muzokaraviy pozitsiyaga chiqarishi sharti bilangina amalga oshishi mumkin.
Quyidagi takliflar "Vladimir Zelenskiyning g‘alaba rejasi" deb ataladi. U bu rejani joriy yil kuzida taqdim etdi. Reja besh asosiy banddan iborat:
- Ukraina NATOga rasmiy taklif olishi kerak;
- Ukraina mudofaasini kuchaytirish. G‘arb ittifoqchilari uzoq masofali qurollar bilan Rossiya hududiga zarba berishda qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlashi, Ukrainaga real vaqt rejimida razvedka ma’lumotlarini taqdim etishi va Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini kuchaytirishi kerak;
- Ukraina o‘z hududida Rossiya tahdidining oldini olish uchun zarur bo‘lgan "to‘liq yadrosiz strategik to‘sqinlik paketi"ni joylashtirishi lozim;
- Ukraina iqtisodiy resurslarini (masalan, foydali qazilmalar) G‘arb davlatlari bilan birgalikda ishlatish va Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish;
- Urushdan keyin Yevropadagi AQSh kontingentining qismlarini almashtirish uchun Ukraina harbiylaridan foydalanish.
Kiev rejasiga ko‘ra, bu shartlarning barchasi bajarilishi Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladi.
Ulardan biri qisman amalga oshirilgan: AQSh Ukraina armiyasiga uzoq masofali
qurollar bilan Rossiya hududiga zarba berish uchun ruxsat berdi.
Bu hujumlar allaqachon amalga oshirilmoqda.
Rossiya bu holatni mojaroni kuchaytirish deb hisoblab, yadro doktrinasini o‘zgartirdi.
Ammo boshqa bandlar bo‘yicha ittifoqchilar hali- hanuz murosaga kela olmayapti.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy ma’muriyati rejaning so‘nggi ikkita bandini Respublikachilar bilan hamkorlikda, Donald Trampning g‘alabasiga umid bog‘lab yozgan.
Tramp AQShning Yevropaga harbiy yordamni qisqartirish mavzusiga yaqin ekani aytiladi.

Surat manbasi, Alex Kent/Getty Images
"G‘alaba rejasi"dan kelib chiqadiki, Kiev na NATOga qo‘shilishdan voz kechishni, na o‘z hududlarini topshirishni maqbul deb bilmaydi.
Shu bilan birga, FT Ukraina hukumati NATOga qo‘shilish va qayd etilgan kafolatlar evaziga hududlarni harbiy yo‘l bilan qaytarish maqsadidan rasman (ammo qonuniy emas) voz kechishni ham muhokama qilayotgani haqida yozgan.
So‘nggi haftalardagi Kiev ritorikasi shuni ko‘rsatadiki, Ukraina hukumati barcha hududlarni 1991 yilgi holatiga qaytarishni harbiy yo‘l bilan amalga oshirish mumkinligidan tobora umidsizlanib bormoqda.
"Qonunan biz buni tan olmaymiz. Buni qabul qilmaymiz. Ammo boshqa tomondan, qurollarimiz bilan Putinni 1991 yil chegaralariga qaytarish uchun hali kuchimiz yo‘qligini tushunamiz," deydi Zelenskiy Fox Newsga bergan intervyusida.
"Biz o‘z xalqimizning o‘n minglab hayotlarini ortga qaytmas yo‘qotishlar uchun qurbon qilolmaymiz... Biz Qrimni diplomatik yo‘l bilan qaytarish mumkinligini tushunamiz."
Bu Zelenskiy ritorikasidagi sezilarli o‘zgarishdir: yaqinda u toki Rossiya qo‘shinlari xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar doirasida Ukrainadan to‘liq chiqib ketmas ekan, hech qanday muzokaralar amalga oshmasligini aytgan edi.
Kiev Rossiyani muzokaralar stoliga olib keladigan diplomatik yo‘lni qay yo‘sinda ko‘radi?
Avvalroq, Ukrainada Moskvani "Tinchlik sammiti" deb ataluvchi tadbirga taklif qilish rejasi bor edi.
Birinchi sammit joriy yil yozida Shveytsariyada bo‘lib o‘tdi, ikkinchisi esa noyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.
"U yerda Rossiya vakillari bo‘lishi kerak. Rossiyasiz bu urushni diplomatik yo‘l bilan tugatish juda qiyin ekanligini tushunamiz," degan edi Zelenskiy sentyabrda.
Zelenskiyning rejasiga ko‘ra, tinchlik sammiti kun tartibida 2022 yilda e’lon qilingan 10 bandlik "tinchlik formulasi" bo‘lishi kerak edi.
Bu bandlar qatoriga yadro, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, mahbuslarni (shu jumladan, deportatsiya qilingan bolalarni) ozod qilish, shuningdek, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish va ko‘rilgan zararni qoplash uchun reparatsiyalarni to‘lash kiradi.
Rossiya tomoni sammitda qatnashish uchun qiziqish bildirmadi. Ukraina ham bu haqida borgan sari kamroq so‘z ochmoqda: ikkinchi tinchlik sammiti noaniq muddatga qoldirildi.
Ammo rejaning ayrim bandlari bo‘yicha muzokaralar allaqachon davom etayotgan bo‘lishi mumkin.
Oktyabr oyida Financial Times Ukrainada va Rossiyada energiya inshootlariga hujum qilmaslik bo‘yicha muzokaralarni tiklash muhokama qilinayotganini yozgan edi.
Qatarning vositachilik qilishi bilan muzokaralar birinchi tinchlik sammitidan keyin tayyorlana boshlangan.
Ammo muzokaralar Ukraina armiyasining Kursk viloyatiga bostirib kirishi fonida yana to‘xtatildi.
Rasmiy ravishda tomonlar muzokaralar haqida hech qanday izoh bermayapti. Biroq Vladimir Zelenskiy energiya inshootlariga zarba bermaslik qarori urushni tugatish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Qish yaqinlashayotgani bois, bu masala Kiev uchun juda dolzarbdir.
Joriy muzokaralar qanday bosqichda ekani aniq emas, ammo hozircha ular katta natija bermayotgani ko‘rinib turibdi.
Noyabr o‘rtalarida Rossiya urush boshidan beri energiya inshootlariga qaratilgan eng yirik zarbalaridan birini amalga oshirdi. Bu zarbalar mamlakat bo‘ylab bir necha soatlik elektr taqchilliklariga olib keldi.
AQSh: Hamma Donald Trampning “bir kunlik” rejasini kutmoqda
Har qanday stsenariy nuqtai nazaridan kelib chiqqanda ham, urushni tugatish uchun AQShning pozitsiyasi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Shu sababli, prezidentlik saylovlari natijalari Kiev va Moskva tomonidan katta e’tibor bilan kuzatildi.
Yanvar oyida Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishadi.
Saylovoldi kampaniyasi davomida u urushni hatto inauguratsiyagacha yoki bir kun ichida to‘xtata olishini bir necha bor aytgan edi.
Saylovdagi g‘alabasidan keyin ham u, ham uning atrofidagilar hali aniq yechim rejasini taqdim etmadi.
Ammo Oq uy va boshqa idoralarda ishlash uchun taklif qilingan Tramp jamoasining nomzodlari va OAVdagi ma’lumotlar asosida rejaning ehtimoliy yo‘nalishini taxmin qilish mumkin.
Yozda Reuters Trampning maslahatchilari va uning prezidentligi davridagi Xavfsizlik kengashi a’zolari bo‘lgan nafaqadagi general Kit Kellogg va Fred Fleits tomonidan ishlab chiqilgan rejani e’lon qilgan edi.
Ular Ukraina Rossiya bilan muzokaralarga rozi bo‘lmagunga qadar unga yordam berish to‘xtatilishi kerakligini taklif qilishgan.
Agar Rossiya muzokaralardan bosh tortsa, Kievga yordamni kuchaytirish bilan tahdid qilinishi lozim edi.
Reja frontdagi mavjud chegara chizig‘i muzlatilishini ham o‘z ichiga oladi.
Fleitsning aytishicha, Tramp rejani qo‘llab-quvvatlagan, biroq u ko‘zda tutuvchi takliflarning "hammasini ham ma’qullamagan".

Surat manbasi, Сhris Unger/Zuffa LLC
Respublikachi yetakchilar esa ushbu rejadan iloji boricha masofa saqlashga harakat qilyotgandek tuyuladi.
Trampning saylovdagi g‘alabasidan so‘ng, Wall Street Journal uning jamoasidagi muhokamalarni mufassil tasvirlovchi material chop etdi.
Nashrda aytilishicha, bo‘lg‘usi prezident atrofidagilar bir necha stsenariylarni ko‘rib chiqmoqda, ammo bir narsa aniqki, ular hozirgi ma’muriyatning "Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlash" tamoyilidan voz kechishga asoslanadi.
Tramp saylanganidan so‘ng, uning o‘g‘li ijtimoiy tarmoqlarda Zelenskiy yaqin orada "nafaqa olishdan mahrum bo‘ladi" deya hazil qoldirgan.
WSJ ta’kidlashicha, bu takliflarning umumiy jihati shundaki, ular frontni mavjud chegaralarda muzlatishni va Ukrainaning NATOga qo‘shilishini vaqtincha rad etishni taklif qilmoqda.
Rasmiy jihatdan, Bayden ma’muriyati ham Ukrainani alyansga qabul qilish arizasini tasdiqlashga rozi bo‘lmagan.
Zelenskiyning AQShga tashrifidan so‘ng OAV Oq uy uning "g‘alaba rejasi"ga «skeptik» qaragani haqida yozgan edi.
Shu bilan birga, Le Monde AQShning Kievni NATOga taklif qilish masalasida saylovdan oldingi pozitsiyasi o‘zgarib, Vashington bu masala yuzasidan endi boshqa qarshilik ko‘rsatmayotganini ta’kidlagan edi.
Reuters manbasiga ko‘ra, Trampning saylanishi Ukraina uchun NATOga qo‘shilish imkoniyatini ancha pasaytiradi.
WSJ xabar berishicha, Tramp jamoasi muhokama qilayotgan rejalar orasida Kievning keyingi 20 yil ichida alyansga qo‘shilishdan voz kechishini ko‘zda tutuvchi stsenariy ham bor. Buning evaziga AQSh Ukrainaga Rossiyani to‘xtatish uchun qurol yetkazib berishni davom ettiradi.
Ushbu rejada tomonlar Yevropa tinchlikparvarlarini joylashtirish uchun demilitarizatsiya zonasi yaratishga kelishib olishi taklif qilinadi.
Oq uy urushni iloji boricha tezroq tugatishga intilayotgani yangi tashqi siyosat nomzodlari orqali ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tramp senator Marko Rubioni Davlat departamenti rahbari lavozimiga taklif qilgan.
Garchi Rubio ilgari Putinni “gangster” deb atagan bo‘lsa-da, so‘nggi oylar davomida u Ukrainadagi urush allaqachon boshi berk ko‘chaga kirib ulgurganini aytib, uni tugatish zarurligini ta’kidlagan.
Tramp milliy razvedka rahbari lavozimiga Tulsi Gabbardni taklif qilgan. U Ukrainaning NATO ga qo‘shilishi yuzasidan Rossiyada mavjud xavotirlarini “asosli” deb atagan va Kievga harbiy yordam bergani uchun Baydenni tanqid ostiga olgan.
Bo‘lg‘usi Tramp ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchi bo‘lishi rejalashtirilgan kongressmen Mayk Volts Rossiya bosqinini qoralagan, lekin bahorda u Kievga moliyaviy va harbiy yordam ko‘rsatishga qarshi ovoz bergan respublikachilardan biri bo‘lgan.
Tramp Ukrainadagi urush bo‘yicha maxsus vakil lavozimini ta’sis etishni rejalashtirmoqda.
Bu lavozim hozirgi Oq uyda mavjud emas, ammo Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Tramp uni yaratish xususida o‘ylamoqda.
Ushbu lavozimga AQShning Germaniyadagi sobiq elchisi Richard Grennell ko‘rib chiqilmoqda. U ilgari urushni to‘xtatish va Ukrainani NATOga darhol qo‘shishga qarshi chiqqan edi.
Vladimir Putin Trampning urushni tugatishga bo‘lgan intilishini "e’tiborga loyiq" qadam o‘laroq baholaydi.
BBCning Ukraina xizmati Tramp qudratga kelishi Kiev uchun tinchlik muzokaralarini o‘rnatish istiqbollarida nimani anglatishi xususida batafsil to‘xtalgan edi.
Bir tomondan, Ukraina hukumati Jo Bayden boshqaruvining so‘nggi oylarida iloji boricha ko‘proq yordam olishdan umid qilmoqda. Boshqa tomondan esa ular yangi ma’muriyat bilan aloqalar o‘rnatishni boshlagan.
Yevropa: Ukrainaga yordam va’da qilingan, lekin urushni tugatish bo‘yicha to‘xtamga kelinmagan
Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha yagona rejaga ega emaslar.
Yevropa Ittifoqining rasmiy pozitsiyasi quyidagicha: Kiev qachon va qanday qilib Moskva bilan muzokara o‘tkazishni o‘zi hal qiladi, Yevropa esa Ukrainani moliya, qurol-yarog‘ va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bilan qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Biroq, urushni tugatishning aniq stsenariylari bo‘yicha Yevropa davlatlarining qarashlari sezilarli darajada farq qiladi.
AQShdan keyin Ukrainaga eng ko‘p yordam beruvchi davlatlardan biri bo‘lgan Germaniya eng konservativ pozitsiyaga ega.
Germaniya kantsleri Ukraina NATO ga a’zo bo‘lishiga qarshi, chunki bu alyans va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
Sholts ushbu pozitsiyasini Rossiya Ukrainada Hazel raketasini qo‘llaganidan va Yevropaga zarba berish bilan tahdid qilganidan keyin ham o‘zgartirmadi.
Aksincha, u Yevropa urushda keskinlikni kuchaytirishdan har qanday yo‘l bilan qochishi kerakligini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, noyabrь o‘rtalarida Sholts deyarli ikki yil ichida birinchi marta Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi.
Berlin kantsler Putinni Kiev bilan muzokaralar olib borib, "adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatishga" chaqirganini ma’lum qildi.
Kreml bayonotiga ko‘ra, Putin Sholtsga urushni tugatish uchun muzokaralar "yangi hududiy haqiqatlar" asosida olib borilishi kerakligini aytgan.
Volodimir Zelenskiy bu muloqotni "Pandora qutisini ochish" deb baholadi va Ukraina hukumati fikricha, Rossiya tinchlik istamayotgani, balki urushni davom ettirish uchun vaqtni cho‘zishga harakat qilayotganini yana bir bor ta’kidladi.
Sholtsning urushni tugatish borasidagi pozitsiyasi muhim, ammo fevral oyida koalitsiya buzilgach, kantslerni muddatdan oldingi saylovlar kutmoqda.
Boshqa Yevropa poytaxtlarida esa Kievni qanday yordam bilan qo‘llab-quvvatlash va urushni qanday tugatish borasida turli fikrlar mavjud.
Parij ochiqchasiga "g‘alaba rejasini" qo‘llab-quvvatlash haqida gapirmoqda.
Vengriya Moskva va Kiev o‘rtasidagi muzokaralarning darhol boshlanishini talab qilmoqda.
Birlashgan Qirollik esa, hatto AQSh Ukrainaga yordamni qisqartirgan taqdirda ham, yordamni davom ettirishga va’da bermoqda.
London ochiqchasiga Kievning o‘z hududlaridan voz kechish masalasini muhokama qilishda rad javobini qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Britaniya Ukraina Qurolli Kuchlariga uzoq masofali Storm Shadow raketalari bilan Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun ruxsat berishini e’lon qilmagan bo‘lsa-da, amalda bu zarbalar amalga oshirilmoqda.
Yevropaning Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi asosiy davlatlaridan biri bo‘lgan Chexiya prezidenti Petr Pavel so‘nggi oylar davomida Ukrainada "100 foiz adolatli tinchlik"ka (barcha hududlarni qaytarish va reparatsiya to‘lash) erishish qiyin bo‘lishini bir necha bor aytgan.
Sobiq NATO generali bo‘lgan Pavel urushdan keyin Ukraina ayrim hududlarini, hech bo‘lmaganda, vaqtincha Rossiya nazoratida qoldirishga ko‘nikishi kerakligini ta’kidlagan.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Ukraina bo‘ylab kuchaygan hujumlar va Donbassda Rossiya qo‘shinlarining oldinga siljishi fonida Yevropada Moskva va Kiev o‘rtasida tinchlik muzokaralarini tashkil qilishga qaratilgan Tramp rejasini qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar soni ortib bormoqda.
Dunyo: Xitoy Global Janub bilan birga yaxshilik tomonida
Ukrainadagi voqealarni boshqa mamlakatlar ham yaqindan kuzatib kelmoqda, ba’zilari esa mojaroni hal qilishda faol ishtirok etishga va o‘z rejalari bilan chiqishga harakat qilmoqda.
Masalan, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an o‘z takliflarini ilgari surmoqda.
Turkiya Moskva bilan yaqin aloqalarni saqlab kelayotgan NATOning yagona a’zosidir.
Aynan Anqara vositachiligida urush boshlanganidan keyin Moskva va Kiev o‘rtasida imzolangan kam sonli kelishuvlardan biri bo‘lgan g‘alla bitimiga erishilgan edi.
Erdog‘an rejalari haqida Bloomberg bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya NATOga Ukrainani qabul qilishni 10 yilga muzlatib turishni taklif qiladi (buning evaziga Kiev harbiy yordam olishi kerak) va Donbassning sharqiy qismida demilitarizatsiya hududi yaratishni hamda u yerga tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, qo‘shib olingan hududlarning kimga tegishli ekani masalasini keyinroq hal qilishni, hozircha esa o‘t ochishni to‘xtatishga e’tibor qaratishni maqsad qiladi.
Anqaraning ushbu rejasi Moskva va Kiev tomonlariga taqdim qilingani noma’lum.
Turkiya hukumat vakillari esa bunday rejaning mavjudligini butkul rad etishmoqda.
Xitoy va Braziliya o‘z rejasini ilgari surib, atrofida keng koalitsiya shakllantirishga ham muvaffaq bo‘lishdi.
Sentyabr oxirida ushbu davlatlar Global Janub davlatlari bilan birgalikda "Tinchlik do‘stlari" platformasini yaratdi.
Ushbu guruhning birinchi yig‘ilishi BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazildi va unda Xitoy va Braziliyadan tashqari yana 17 davlat, jumladan, Misr, Indoneziya, Janubiy Afrika, Meksika va Zambiya ishtirok etdi. Yevropa davlatlaridan esa Shveytsariya, Frantsiya va Vengriya kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Surat manbasi, Getty Images
Platforma asosiga aylangan rejada olti asosiy nuqta mavjud:
- Harbiy harakatlarni to‘xtatish;
- Kelishuv konferentsiyasini o‘tkazish;
- Gumanitar yordam va harbiy asirlarni almashish;
- Omaviy qirg‘in qurollarini va yadroviy inshootlarga zarba berishni taqiqlash;
- Global ta’minot zanjirlarining barqarorligini ta’minlash.
Yig‘ilishning yakuniy bayonotida (Jazoir, Qozog‘iston, Turkiya va boshqalar ham qo‘shilgan) davlatlar BMT Nizomiga rioya qilish va hududiy yaxlitlikni hurmat qilishga chaqirilgan.
Shu bilan birga, "davlatlarning qonuniy xavotirlarini" inobatga olish zarurligi ta’kidlangan.
Vladimir Putin Ukraina hududlariga bostirib kirish va anneksiyani aynan "qonuniy xavotirlar" bilan izohlaganini hisobga olsak, bunday reja tomonlarni qanday yarashtirishi mumkinligi noma’lumligicha qoladi.
Rossiya Xitoy-Braziliya tashabbusini ijobiy qarshi oldi. Rossiya Prezidenti maslahatchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, davlat rahbarlari ushbu tashabbusni noyabrь oxirida Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS sammitida muhokama qilgan. Bu muhokamada Kiev ishtirok etmagan.
Biroq, Volodimir Zelenskiy bu rejani “buzg‘unchilik” deb ataydi. "Qanday qilib biz bilan maslahatlashmasdan o‘z tashabbusingizni taklif qilishingiz mumkin? Keyin Rossiya kelib, «Biz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaymiz!» deydi. Biz ahmoq emasmiz!" — dedi Zelenskiy. "Bu qanday spektakl o‘zi?"














