"Odam o‘ldirishni uddalayman va bu yerda buning uchun jazolanmayman" Jazoni jang maydoniga alishayotgan ukrainalik mahkumlar

Askarga aylangan jinoyatchi Andriy Andriichuk o‘zining "Ritsarь Xochi" medalini namoyish etdi

Surat manbasi, Matthew Goddard/BBC

Surat tagso‘zi, Andriy Andriychuk — jinoyat yo‘lidan askarlikka o‘tgan sobiq mahkum. U jasorat va mardlik ko‘rsatgani uchun berilgan "Ritsarь Xochi" medali bilan faxrlanib ko‘rsatmoqda
    • Author, Jeyms Uoterxaus
    • Role, Jitomirdagi Ukraina muxbiri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

4-sonli jazoni o‘tash koloniyasida qochishning oson yo‘li yo‘q.

Bu o‘rtacha darajadagi xavfsizlikka ega qamoqxona bo‘lsa-da, qalin temir darvozalar, baland oq devorlar va ularning ustidagi tikanli simlar uni go‘yo eng yuqori darajadagi xavfsizlik muassasasiga o‘xshatadi.

Ichkarida Andriy Askerov va Roman Chech — ikkalasi ham giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan. Ular jazoni erta tugatishning o‘ziga xos yo‘lini topishgan.

Ukraina armiyasi safiga qo‘shilish uchun ariza topshirishgan va qabul qilingan. Endi ular bir oylik harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Ozodlik evaziga esa "urush tugaguncha" jang qilishlari kerak bo‘ladi.

"Men odam o‘ldirish qanday bo‘lishini tasavvur ham qila olmayman, faqat filmlarda ko‘rganman," deydi Andriy, olti yillik jazoning 18 oyi ortda qolgan bir paytda.

30 yoshli Andriy uchun qamoqdan chiqish, albatta, asosiy sabab. Ammo u jamiyatga jinoyatchi emas, balki foyda keltirgan inson sifatida qaytishni ham istaydi.

O‘tgan yili qabul qilingan yangi qonunga ko‘ra, 10 mingdan ortiq mahkum Ukraina armiyasiga qo‘shilgan — hatto qotillar ham. Biroq eng og‘ir jinoyatlar, masalan, bir nechta qotillik, jinsiy zo‘ravonlik, korruptsiya va davlatga xiyonat qilganlar bu imkoniyatdan mahrum etilgan.

Andriy Askerov, jigarrang ko‘ylak va ko‘zoynak taqib, qamoqxona derazasidan tashqariga qaraydi

Surat manbasi, Matthew Goddard/BBC

Surat tagso‘zi, Andriy Askerov olti yillik qamoq jazoning 18 oyini o‘tab bo‘lgan, ammo endi uni ruslarga qarshi jang qilish uchun ozod qilishmoqda.

"Baribir hammamiz ertami-kechmi frontga boramiz," deydi Roman, u ham kulrang qamoqxona kiyimini harbiy libosga almashtirmoqda.

"Aks holda butun umr jinoyatchi tamg‘asi bilan yashardim. Ammo xizmat qilsam, askar bo‘laman," deydi u sokin, jiddiy ohangda.

36 yoshli Roman uchun armiyaga qo‘shilish faqat tuzalish emas, balki qasos hamdir.

"Singlim hozir 21 yoshda bo‘lgan bo‘lardi," deya tushuntiradi u. "2023 yilda Rossiya raketasi Xarkovdagi uyiga tushib, uni o‘ldirdi."

"Eng avvalo, men uning o‘limi uchun qasos olishni istayman."

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, armiyaga yozilgan mahkumlarning aksariyati piyoda qo‘shinlarga ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan va og‘ir janglarda ishtirok etgan.

Ular, shuningdek, Prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan sentabr oyida e’lon qilingan yangi hujum kuchlariga ham jalb etiladi. Zamonaviy jang maydonida dengiz piyodalari yoki desantchilar kabi an’anaviy mutaxassislar tobora kamroq qo‘llanilayotgan bir paytda, bu yangi bo‘linma dronlar yordamida Rossiya pozitsiyalariga hujum qiladi.

Roman Chech qamoqxona kiyimida deraza tokchasida o‘tirib, BBC muxbiri Jeyms Uoterhaus bilan suhbatlashmoqda.

Surat manbasi, Matthew Goddard/BBC

Surat tagso‘zi, Roman Chechning singlisi 2023 yilda Rossiya raketasi tufayli halok bo‘lgan, va u bu uchun qasos olishni istaydi

Agar bu mahkumlar ozodlikni tatib ko‘rishni istasalar, ular noma’lum muddat davomida frontning eng xavfli hududlarida jang qilishlariga to‘g‘ri keladi.Barchasi omon qolmaydi.

4-sonli jazoni o‘tash koloniyasi rahbarining aytishicha, hozirgacha armiyaga ixtiyoriy ravishda yozilgan ming mahkumning yarmi allaqachon halok bo‘lgan.

"Biz qanday jang qilishni bilamiz"

Janubiy Ukrainadagi oddiy fermalardan qayta qurilgan binolar harbiy baza sifatida xizmat qilmoqda. Ko‘rinishi oddiy bo‘lsa-da, bu yerda davolanayotgan 30 ga yaqin yarador askar uchun bu joy — tinchlik va yengillik manzili.

Ularning barchasi — jang maydonidan qaytgan sobiq mahkumlar. 37 yoshli Oleksiy Velyka Novosilka hududida jang qilayotgan paytda oyog‘idan og‘ir jarohat olgan.

"Bizga artilleriya, minomyot va havo bombalari bilan hujum qilishdi," deya eslaydi u. "Shuncha safdoshlarim halok bo‘ladi deb o‘ylamagandim."

Oleksiy jangga ixtiyoriy ravishda qo‘shilishidan oldin giyohvand moddalar kontrabandasiga aloqador jinoyat uchun sakkiz yillik qamoq jazosini o‘tayotgan edi. U vaqtincha yasalgan karavotda o‘tirar ekan, mahkumlar oddiy fuqarolarga qaraganda nega yaxshiroq askar bo‘lishini tushuntiradi.

"Majburiy harbiy xizmatga chaqirilganlarni onasining bag‘ridan sug‘urib olishadi!" deya hayajon bilan aytadi u. "Biz jang qilishni bilamiz! Biz juda yaxshi jang qilamiz!"

Bu shunchaki quruq gap emas — jang maydonidan ketirilgan dalillar buni tasdiqlaydi. Halok bo‘lgan rus askarlarining yelkasidan yirtib olingan nishonlar va cho‘ntaklaridan yulib olingan pasportlari, bu askarlar tomonidan bazaga olib kelingan.

Front chizig‘ida xizmat qilgan mahkum askarlar janubiy Ukrainadagi kazarmada sog‘lig‘ini tiklamoqda.

Surat manbasi, Matthew Goddard/BBC

Surat tagso‘zi, Frontda "Arey" hujum batalyoni safida jang qilib holdan toygan mahkum askarlar janubiy Ukrainadagi kazarmada dam olishmoqda

"Men ko‘plab ruslarni yo‘q qilganman, yuzlab yarador safdoshlarimga yordam berganman," deya gapga qo‘shiladi Andriy Andriychuk.

Uning tanasida temir sochqi bo‘laklaridan qolgan 47 ta chandiq borligini ham aytadi. U ilgari Ukraina hujumi doirasida Rossiyaning Kursk viloyatida jang qilgan.

Bunga qadar esa u professional o‘g‘ri bo‘lgan.

Rossiyaning to‘liq miqyosdagi bosqini deyarli to‘rt yildan beri davom etayotgan bir paytda, frontda uzoq vaqt xizmat qilgan, charchagan askarlar bilan uchrashish odatiy holga aylangan. Ular Rossiya hujumlariga qarshi, oylar, ba’zida yillab jang qilishgan.

Ammo bu yerda bunday holat yo‘q. Mahkum askarlar orasida ruhiy holat ancha yuqori — bu, bir tomondan, chuqur vatanparvarlik tuyg‘usi, ikkinchi tomondan esa qamoqdan chiqib, ozodlikka erishganlik hissi bilan bog‘liq.

Ular tan olishadi: ko‘plab sobiq mahkumlar ozodlikka chiqqach, xizmatdan qochishadi. Ammo aksariyati o‘z hissasini qo‘shishni istaydi.

"Men bu mamlakat uchun ko‘p yomon ishlar qilganman," deydi Andriy. "Har bir ishning javobi bor. Endi men o‘zim yaxshi bilgan ish — jang qilishga qaytaman."

"Menda ham ko‘nikmalar bor," deya kuladi Oleksiy. "Men o‘ldirishni bilaman. Faqat bu yerda buning uchun sudlanmayman."

Mahkum askarlarni nazorat qilayotgan harbiylar ham tan olishadi: bu odamlar urush tugaguncha omon qolishlari uchun ulkan omad kerak bo‘ladi. Shunga qaramay, ular boshqa joyda bo‘lishni istashmaydi.

Aloqador mavzular:

"Yoqimsiz solishtirish"

Urush boshida Rossiya o‘z qamoqxonalarini bo‘shatgani uchun tanqidga uchragan edi. Kamida 200 ming mahkum jangga jalb qilingan, ularning topshiriqlari esa ko‘pincha "go‘sht maydalagich" deb ta’riflangan.

Xo‘sh, Ukraina ham xuddi shunday yo‘l tutyaptimi? Mamlakat Adliya vaziri o‘rinbosari Yevgen Pikalov bu savolga qanday javob beradi?

"Bu yerda katta farq bor: ruslar har yuz metr uchun pul oladi, ukrainlar esa vatanparvarlik tuyg‘usi bilan jang qiladi," deya ta’kidlaydi u.

Pikalov o‘zini Adliya vazirligi ichida islohotchi sifatida ko‘radi va jinoyatchilar bilan ishlashda jazolashdan ko‘ra, ularni tuzatish va jamiyatga qayta moslashtirishga ko‘proq e’tibor qaratishni istaydi.

"Bizning asosiy maqsadimiz — ularni jamiyatga qayta moslashtirish, ularga imkon berish. Bu odamlarning zaifliklaridan foydalanish bilan hech qanday aloqasi yo‘q," deya ta’kidlaydi u. "Bu ular uchun mamlakatimizni himoya qilish imkoniyati, xolos."

Qotillik kabi og‘ir jinoyatlar uchun hukm qilingan mahkumlarning jazoni to‘liq o‘tamasdan ozod etilishi axloqiy jihatdan savol tug‘dirishi mumkin. Pikalov bu holatni afv emas, balki shartli ozodlik deb izohlaydi.

"Albatta, bu yerda masalning emotsional jihatlari bor. Ammo urush bo‘lmagan taqdirda ham, ba’zi jabrlanuvchilarning oilalari uchun chiqarilgan hukmlar yetarli bo‘lmasligi mumkin," deydi u.

Vaqt o‘tgan sari, Ukrainada jangga layoqatli erkaklarni topish tobora qiyinlashmoqda. Urushning tugashiga hali uzoq vaqt bordek ko‘rinar ekan, chora qidirish davom etadi va yanada murakkablashadi.