Shishiriladigan tanklar, yig‘ma to‘plar – Ukrainaning urushdagi hiylalari

Surat manbasi, Na Chasi
2023 yil iyun oyida urushni qo‘llab-quvvatlaydigan Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida dron ukrain tankini ulkan portlash bilan yo‘q qilgani aks etgan video tarqaldi.
Biroq Rossiya-Ukraina urushida ko‘ringan hamma narsa ham ko‘ringanichalik emas.
Oradan ko‘p o‘tmay, ukrainaliklar o‘z videolarini chiqarishdi: kulib turgan bir askar yonib yotgan vayronaga ishora qilib, «Mening yog‘och tankimni urishdi-ku!» deb qichqiradi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu Ukraina armiyasi ruslarni aldash uchun qo‘llagan fanerdan yasalgan soxta tank ekan.
Har ikki tomon minglab shunday to‘liq o‘lchamdagi qurol maketlaridan foydalanib, dushmanni qimmatbaho snaryad, vaqt va kuchini zoe ketgazishga majbur qilayapti.
Front chizig‘ida ko‘rilayotgan har qanday narsa – kichik radar va granatomyotlardan tortib, jip, yuk mashinasi, tank va hatto "askar"largacha soxta bo‘lishi mumkin.
Bunday maketlar yig‘ma holda, shishiriladigan, 2D ko‘rinishda yoki radio to‘lqinlarni maxsus qaytarib, tank illyuziyasini yaratadigan tarzda yasaladi.
Ayrim turdagi qurollardan Ukrainada joylashtirilganlarining kamida yarmi soxta nusxalardan iboratligi aytiladi.

Surat manbasi, .
Yog‘ochdan artilleriya
Ukraina armiyasi eng ko‘p foydalanayotgan soxta qurollardan biri – Britaniyada ishlab chiqilgan M777 gaubitsalar maketidir.
G‘arb Kievga 150 dan ortiq yuqori manyovrli va aniq uradigan artilleriya qurolini yetkazib bergan. Ukrain askarlari ularni "Uch bolta" deb atashadi.
Boshqa qurol-aslahalar kabi, soxta maketlar tayyorlashda ham ko‘ngillilar katta rol o‘ynamoqda.
Ruslan Klimenkoning aytishicha, uning «Na Chasi» guruhi Ukraina kuchlariga 160 dan ortiq M777 maketini yetkazgan. Ularni frontda ikki kishi uch daqiqada hech qanday asbobsiz yig‘ib qo‘ya oladi. «Qanchalik ko‘p yetkazib berilmasin, barchasi ishga yaraydi», deydi u Bi-bi-siga.
Yana bir ko‘ngillilar guruhi – «Reaktivna Poshta» vakili Pavlo Narojniyning aytishicha, ular bir vaqtning o‘zida 10–15 ta soxta M777 tayyorlashadi.
Bu fanerdan yasalgan, yig‘ma holdagi maketlar taxminan 500–600 dollar turadi.

Surat manbasi, Apate
Rossiya esa ularni 35 ming dollarlik «Lantset» kamikadze dronlari bilan yo‘qotadi. «O‘zingiz hisoblab ko‘ring», deydi Narojniy.
Uning aytishicha, «Tolya» deb nomlangan bitta maket frontda bir yildan ortiq turib, kamida 14 ta «Lantset» zarbasidan omon qolgan. «Askarlar uni skotch va shuruplar bilan yig‘ib, yana frontga qaytarishadi», deydi u.
G‘ildirak izlari va hojatxonalar
Soxtalarning samaradorligi ular qanday joylashtirilishiga bog‘liq.
Dushmanni chalg‘itish uchun haqiqiy pozitsiya kabi ko‘rinish – g‘ildirak izlari, snaryad qutilari va hatto hojatxonalar bilan to‘liq qayta yasalishi kerak. Bunday holda nafaqat dushman, balki tekshiruvga kelgan qo‘mondon ham aldanishi mumkin.
Ukrainaning 33-mexanizatsiyalashgan brigadasi ofitseri «Karizma»ning aytishicha:
«Bizga kelgan qo‘mondon soxta maketni haqiqiy deb o‘ylab, "Bu artilleriyani kim joylashtirdi? M777 qayerdan keldi?" deb so‘ragan edi».
Uning aytishicha, yana bir usul – haqiqiy minomyot kabi qurollarni ishlatgandan keyin olib ketib, o‘rniga soxtalarini qo‘yish.
«Ular dushmanni aldash va uning qimmat resurslarini sovurish uchun rosa bop. Ular ish beradi, bizga ulardan ko‘proq kerak», deydi u.

Surat manbasi, Back and Alive
Rossiyaning soxta arsenali
Ukraina armiyasiga ko‘ra, Rossiyaning so‘nggi havo hujumlaridagi dronlarning taxminan yarmi arzon soxta nusxalar.
«Hozir yarim-yarim: 50% haqiqiy "Shahed" dronlari, 50% soxta dronlar. Ular havo himoyamizga yuk tushirish va, yaxshisi, arzon dronga qimmat raketa ishlatishga majbur qilish uchun qo‘llanadi», deydi Ukraina havo kuchlari vakili Yuriy Ixnat. «Ba’zan maktab bolalari fanerdan yiqqan narsadek ko‘rinadi».
Ammo havoda ular Ukraina radarlari uchun haqiqiy «Shahed»dan farq qilmaydi, deydi polkovnik Ixnat.
"Rusbal" kompaniyasi soxta 2D qurilmalar, motor issig‘ini taqlid qiluvchi maketlar, radioaloqani ko‘rsatuvchi qurilmalar va dushman radarini aldash uchun qaytargichlar ishlab chiqaradi.
Hatto odamlar ham taqlid qilinadi. Novosibirskdagi «Xalq fronti» harakati ko‘ngillilari harbiy forma kiydirilgan qo‘g‘irchoqlar yasadilar.
Ukrain termokameralarini chalg‘itish uchun ularga kiyim ostida issiqlik chiqaradigan simlar o‘ralgan.

Surat manbasi, People's Front Novosibirsk
Urushda yangi emas
Albatta, soxta qurollar urushda yangi g‘oya emas.
D-Day arafasida Buyuk Britaniyada qo‘g‘irchoq tanklar va soxta samolyotlar bilan to‘liq soxta armiya guruhi tuzilgan edi. Bu illyuziya dushmanni chalg‘itish va kutilmagan zarba berish imkonini bergan.
Ikkinchi jahon urushidan beri harbiy texnologiya juda rivojlandi. Bugun dronlar va avtomatik tizimlar maydonda ulkan yangilikka aylangan.
Biroq qanday qurollar paydo bo‘lmasin, aldov va hiyla – hatto oddiy puflanadigan qo‘g‘irchoq kabi vositalar ham har qanday urushning ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.












