Turkiya: Besh kunda mingdan ortiq hibs, bu yaqin o‘n yilda ko‘rilmagan tartibsizlik – ommaviy namoyishlar tinmayapti, o‘zbekistonliklar esa ogohlantirildi

Turkiyadagi tartibsizliklar

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

O'qilish vaqti: 10 daq

So‘nggi bir necha kundan buyon tinmayotgan ommaviy namoyishlar manzarasida Turkiya hukumati yangi raqamlarni e’lon qildi.

Rasmiy ma’lumotlarda aytilishicha, o‘tgan besh kun ichida mingdan ziyod odam hibsga olingan.

Turkiya hukumati odamlar namoyish qilish huquqini suiiste’mol qilishayotganini aytgan, "ko‘chalarda hammani qo‘rquvga solishga toqat qilinmasligi" bilan ogohlantirgan.

Turkiya ichki ishlar vaziri namoyishchilarni "jamoat tartibini buzish"ga urinishdan ogohlantirgan.

Turkiya 2013 yildan buyon bu kabi ko‘lamdagi namoyishlarga sahna bo‘lmagani aytilmoqda.

"Frans-Press" axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlar Turkiyaning 81 viloyatidan 55 tasi yoki mamlakatning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ida bo‘lib o‘tgan.

Turkiya dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Sabab va oqibat

Turkiyadagi tartibsizliklar

Surat manbasi, Getty Images

Turkiyadagi tartibsizliklar

Surat manbasi, Getty Images

Turkiyadagi tartibsizliklar

Surat manbasi, Getty Images

Sanoqli kunlarning o‘zidayoq butun mamlakat bo‘ylab yoyilishga ulgurgan ommaviy namoyishlar chorshanba kuni Istanbul meri Ekrem Imamog‘luning qo‘lga olinishi sabab bo‘lgan.

Rasmiy xabarlarda uning korruptsiyaga oid tergov ishi doirasida ushlangani aytilgan, unga qarshi yana qator ayblovlar ilgari surilayotgani ham anglashilgan, yakshanba kuni esa, rasman hibsga olingan.

Xabarlarga ko‘ra, Ekrem Imamog‘luga, "jinoiy tashkilot tuzish va boshqarish, pora olish, tovlamachilik, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy yozib olish va tender o‘tkazishda soxtalashtirish" kabi ayblovlar qo‘yilgan.

Ekrem Imamog‘lu prezident Rejep Tayyib Erdog‘anning eng kuchli siyosiy raqiblaridan biri bo‘ladi.

Turkiyaning muxolifatchi meri o‘ziga qarshi ayblovlarning siyosiy vajlarga asoslanganini aytayotir, ammo Turkiya prezidenti buni rad etib turibdi.

Mamlakatda prezident saylovini 2028 yilgacha o‘tkazish belgilanmagan.

Hibsga olinganiga qaramay, asosiy muxolifat partiyasi bo‘lgan Respublika Xalq partiyasi Imamog‘luni rasman 2028 yilgi prezident saylovi uchun nomzod qilib tanladi.

Kecha, yakshanba kungi ramziy ovoz berishdan so‘ng o‘zining partiyasi nomidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi.

Hibsga olinishi Imamog‘luning nomzod bo‘lishi va prezidentlikka saylanishiga to‘sqinlik qila olmaydi.

Biroq agar o‘ziga qo‘yilgan ayblovlardan birortasida aybdor, deb topilsa, u saylovda qatnasha olmaydi.

Ekrem Imamog‘lui orada Istanbul meri lavozimidan chetlatilgan, yakshanba tunni ham qamoqda o‘tkazgan va endi mahkamaga yuz tutishi kerak.

Aks-sadolar

Ekrem Imamog‘lu

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Erdog‘an yirik siyosiy raqibi Ekrem Imamog‘luning hibsga olinishiga javoban Turkiya o‘tgan tun mamlakatda bu yaqin o‘n yillikda kuzatilmagan eng yomon tartibsizliklarga sahna bo‘lgan.

Ekrem Imamog‘lu "hech qachon bo‘yin egmasligi"ni ta’kidlagan, ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida o‘zining hibsga olinishini "demokratiyamizdagi qora dog‘", deb tanqid qilgan, sud tartib-qoidalariga rioya qilinmayotganini aytgan, butun mamlakat bo‘ylab odamlarni namoyishlarga qo‘shilishga chaqirgan.

Uning hibsga olinishiga javoban Turkiya o‘tgan tun mamlakatda bu yaqin o‘n yillikda kuzatilmagan eng yomon tartibsizliklarga sahna bo‘lgan, namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar ham ishga solinganiga oid xabarlar olingan.

O‘tgan tun namoyishchilarning politsiya bilan to‘qnashganliklari ham aytilmoqda.

Imamog‘luning partiyasi esa, hukumat undan qo‘rqishini aytdi.

Ekrem Imomo‘g‘li boshchiligidagi Respublika Xalq partiyasi (ChP) rasmiylarining bayon qilishlaricha, Turkiyada "soxta demokratiya"ni qabul qilishmaydi.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an keyingi namoyishlarni qoraladi va Imamog‘lu partiyasini "tinchlikni buzish va xalqni qutblashtirishga" urinishda aybladi.

Adliya vazirligi ham Erdog‘anni hibsga olishlar bilan bog‘laganlarni tanqid qilib, sud mustaqilligini ta’kidladi.

Imamo‘g‘lu partiyasining lideri esa, Turkiya prezidentini birgina Imamog‘lu emas, millionlab turkiyaliklarga da’vat bilan chiqish, shuningdek, hukumatni "to‘ntarish uyushtirishga urinish"da ham aybladi.

Yevropa Komissiyasi Turkiyani ham Yevropa Kengashi a’zosi, ham Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga nomzod davlat sifatida "demokratik qadriyatlarni himoya qilishga" chaqirdi.

Turkiyadagi voqealarning so‘nggi rivojiga o‘zi yagona musulmon a’zosi bo‘lgan NATO yoki Turkiy davlatlar tashkilotining munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Shu soatlarda olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Turkiya prezidenti hukumat yig‘ilishidan so‘ng televidenie orqali chiqish qilgan.

Reuters axborot agentligi iqtibosicha, Rejep Tayyip Erdog‘an so‘nggi besh kun ichida mamlakatni larzaga keltirgan norozilik namoyishlarida "moddiy ziyon" va politsiya xodimlariga yetkazilgan har qanday "zarar" uchun Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi javobgar ekanligini aytgan.

Agentlikning tarjimasiga tayanilsa, Turkiya prezidenti qamoqqa olingan Istanbul merini qo‘llab-quvvatlagan namoyishlar "zo‘ravonlik harakati"ga aylanganini aytgan.

Erdog‘an muxolifatni fuqarolarni "gijgijlash"da ayblab, ularni to‘xtatishga chaqirgan.

Turkiyadagi namoyishlar

Surat manbasi, Reuters

Turkiyadagi namoyishlar

Surat manbasi, EPA

Turkiyadagi namoyishlar

Surat manbasi, EPA

Vaziyat tang - baho

Barbara Tash

Vaziyatni jonli yoritib borayotgan BBC muxbiri

Turkiyadagi tartibsizliklar

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Yakshanba kuni Turkiya bu yaqin o‘n yillikda ko‘rilmagan eng yomon tartibsizliklarga guvoh bo‘ldi, namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llanildi.

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an yirik siyosiy raqibining qo‘lga olinishi va buning ortidan butun mamlakatni o‘z zabtiga olgan namoyishlar manzarasida Turkiyada vaziyat tangligicha qolmoqda.

Istanbul meri Ekrem Imamog‘lu hozir Marmara qamoqxonasida saqlab turilibdi.

Yakshanba kuni Turkiya bu yaqin o‘n yillikda ko‘rilmagan eng yomon tartibsizliklarga guvoh bo‘ldi, namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llanildi.

Kiritilgan taqiqlarga qaramay, o‘tgan dam olish kunlarida yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqarkan, mamlakatda bu namoyishlarning yana davom etishi kutilayotir.

Bundan bor-yo‘g‘i bir necha soat oldin Turkiya politsiyasi Istanbul va Izmirga uyushtirgan tonggi reydlari chog‘ida yana bir qancha siyosatchi, huquqshunos va jurnalistlarni qo‘lga oldi.

Туркиядаги намойишлар
reuters
Kiritilgan taqiqlarga qaramay, o‘tgan dam olish kunlarida yuz minglab odamlar ko‘chalarga chiqarkan, mamlakatda bu namoyishlarning yana davom etishi kutilayotir...
Barbara Tash
Vaziyatni jonli yoritib borayotgan BBC muxbiri (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Turkiya, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar

Turkiya

Surat manbasi, NURPHOTO

Surat tagso‘zi, Turkiyada turli ish, yumush va tahsilda band o‘zbekistonliklar soni o‘n minglarga nisbat beriladi

Turkiya dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

O‘zbekiston hali 20 mart kuni o‘zining Turkiyadagi fuqarolarini ehtiyotkorlikka chaqirgan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqqan.

Turkiya huquq-tartibot idoralari ijtimoiy tarmoqlarda "provokatsion postlar" joylashtirgan 261 kishini aniqlagani va 37 kishini hibsga olganligini fakt tariqasida keltirib, ularni ijtimoiy tarmoqlarda har qanday xabar yoki fikr bildirishga juda ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

O‘zining murojaatida O‘zbekiston fuqarolari xavfsizliklarini ta’minlash uchun nimalarga rioya qilishlari kerakligini ham birma-bir sanab o‘tgan.

Shu jumladan, ularni har qanday norozilik namoyishlari, mitinglar va ommaviy yig‘inlardan uzoqroq bo‘lishga undagan.

Rasmiy xabarlarga e’tibor berish va vaziyat bo‘yicha yangiliklarni kuzatib borishni so‘ragan.

Ular favqulodda holatlarda Bosh konsulxona bilan bog‘lanishlari uchun manzili va telefon raqamlarini ham ilova qilingan.

So‘nggi besh kun ichida biror bir o‘zbekistonlikning favqulodda holat sabab, konsullikka murojaat qilgan-qilmagani hozircha ma’lum emas.

Turkiya O‘zbekistonning xalqaro sahnadagi eng muhim siyosiy, iqtisodiy, harbiy hamkori, strategik sherigi va yaqin ittifoqchilaridan sanaladi.

O‘n minglab O‘zbekiston fuqarolari uchun eng yirik mehnat bozorlaridan biri sifatida ham muhim.

Turkiyaga turli ish, yumush ilinjida kelayotganlari esa, asosan aynan mamlakatning uch asosiy yirik shahri - poytaxt Anqara, Istanbul va Izmirning hisobiga to‘g‘ri keladi.

Turkiya, bundan tashqari, dunyoning eng katta sondagi o‘zbekistonliklar ham sayohat va ham tijorat maqsadida yo‘l solayotgan sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi aviaparvozlar deyarli jahonning boshqa biror bir mamlakati bilan bo‘lmaganchalik bir darajada serqatnov ekani bilan ham ajralib turadi.

Turkiya yana O‘zbekiston bilan birga dunyoning eng yirik turkiy tilli ikkita davlatidan bittasi bo‘ladi.

Turkiyadagi voqealarning so‘nggi rivojiga hozircha mintaqa davlatlari poytaxtlarining munosabatlari ko‘zga tashlanmaydi.

20 mart. Turkiyada namoyishlar: Turklar Ekrem Imamog‘lu hibsidan norozi. U qanchalik muhim shaxs o‘zi?

namoyish

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Chorshanba kuni ko‘chani to‘ldirgan namoyishchilar Istanbul merining hibs etilishidan norozilik bildirgan.

Chorshanba kuni Istanbul va Turkiyaning boshqa shaharlarida muxolifat yetakchilaridan biri va Istanbul shahri meri bo‘lmish Ekrem Imamog‘luning hibsga olinganiga norozilik sifatida keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketdi. U kelayotgan prezidentlik saylovida Turkiya yetakchisi Rajap Tayyip Erdog‘anning asosiy raqibi bo‘ladi, deb hisoblanayotgan edi. Imamog‘lu turk jamiyati uchun qanchalik muhim shaxs o‘zi?

Namoyishlar Istanbul viloyati gubernatori keyingi to‘rt kun davomida ommaviy tadbirlarni taqiqlab qo‘ygani hamda shaharning turli hududlariga ko‘plab politsiya xodimlari tashlanganiga qaramay boshlanib ketgan.

Politsiya meriya binosini qurshab olib, ba’zi yo‘llarni hamda shahar markazidagi Taksim maydonini yopib qo‘ygan.

Namoyishchilar meriya binosi, Imamog‘lu saqlanayotgan politsiya bo‘limi, Istanbul universiteti va boshqa hududlarda to‘planishgan.

"Ro‘y bergan voqea davlat to‘ntarishiga urinishdir. Bu yerda Ekrem Imamog‘lu prezidentlikka nomzod bo‘lish huquqidan mahrum qilinayotgani yo‘q, balki millatni saylash huquqidan mahrum qilishyapti", degan Respublikachilar xalq partiyasi yetakchisi O‘zgur O‘zel meriya binosi oldida to‘planganlarga qilgan murojaatida.

namoyish

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergani xabar qilingan.

Turkiyaning eng yirik shahri bo‘lmish Istanbulda norozilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuzaga kelgani haqida xabarlar bor.

Reuters axborot agentligi tarqatgan videoda politsiya Istanbul universiteti oldida to‘plangan ommani tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalanayotgani ko‘rinadi.

Meriya binosi oldiga yig‘ilgan odamlar "Erdogan, diktator!" va "Imamog‘lu, sen yolg‘iz emassan!" deya hayqirishgan.

Hukumat ommaviy tadbirlarni cheklashga harakat qilayotgan bo‘lsada, norozilik namoyishlari davom etishi kutilmoqda.

Istanbuldagi ko‘plab ko‘chalar transport harakati uchun yopib qo‘yilgan, ayrim metro yo‘nalishlari ham o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

O‘tkazib yuboring X post
X контентига рухсат бериш

Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas

Oxiri X post

Imamog‘lu ijtimoiy tarmoqlar orqali politsiya uning uyining oldida ekanligi paytida o‘zi tasvirga olgan videoni tarqatgan.

"Turkiya xalqi va butun dunyoda demokratiya hamda adolatni himoya qiladiganlar uchun qat’iy turishda davom etaman", va’da bergan u videoda.

Hibsga olinganidan keyin Imamog‘luning X'dagi sahifasida u yozgan qo‘lyozma xat e’lon qilingan. Xatda Istanbul meri o‘ziga nisbatan bo‘layotgan "yolg‘on, fitna va tuzoqlar"ga nisbatan Turkiya xalqi "javob qaytarishi"ni ta’kidlagan.

Britaniyada joylashgan Netblocks internet-monitoring tashkiloti chorshanba kuni Turkiyada X, YouTube, Instagram va TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlarga kirish jiddiy ravishda cheklab qo‘yilganini ma’lum qilgan.

Aloqador mavzular:

"Bo‘lg‘usi prezidentimizga qarshi to‘ntarish"

Dunyoviy kayfiyatdagi Respublika xalq partiyasi (CHP)dan bo‘lgan Ekrem Imamog‘lu Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning eng kuchli siyosiy raqiblaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Prokurorlar uni korruptsiya va terrorchi guruhni dastaklashda ayblamoqda.

Imamog‘luga bog‘liq tergov ishi doirasida siyosatchilar, jurnalistlar va tadbirkorlardan iborat 100 nafar shaxs hibsga olingan.

Bu hibsga olishlar so‘nggi oylarda butun Turkiya bo‘ylab amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bosimlar kuzatilayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Hukumat oxirgi paytda muxolifatdagi siyosatchilar, mahalliy hokimiyat vakillari, jurnalistlar va shou-biznes sohasidagi shaxslarni nishonga olib kelayotgan edi.

Istanbul merining hibsga olinishidan so‘ng, Turkiyaning avtoritar tuzum tomon siljiyotgani haqidagi xavotirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.

namoyish

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Namoyishlar Istanbul viloyati gubernatori keyingi to‘rt kun davomida ommaviy tadbirlarni taqiqlab qo‘yganiga qaramay boshlanib ketgan.

Ba’zi fikr bildiruvchilar "adolatli va demokratik saylov o‘tkazish imkoniyati endi qolmagan"ini ta’kidlab, yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovini boykot qilishga chaqirib chiqqan.

"Bu hibsga olish bizning navbatdagi prezidentimizga qarshi to‘ntarishdir", deya keskin fikr bildirgan Respublika xalq partiyasi.

Bu bayonot muxolifat tarafdorlarining ko‘pchiligi tomonidan ham ma’qullangan.

Biroq Turkiya adliya vaziri prezident Erdog‘an Istanbul meri va uning ishi doirasidagi hibsga olinishlarga aloqador ekanini da’vo qilganlarni tanqidga tutgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

22 yildan buyon hokimiyatda qolayotgan Erdog‘an va uning partiyasi ham bu ayblovlarni inkor etib, Turkiya sud tizimi mustaqil ekanini ta’kidlagan.

O‘tgan yili Istanbul merligi uchun saylovda Imamog‘lu ikkinchi muddatga g‘alaba qozongan, CHP partiyasi esa Istanbul va Anqaradagi mahalliy saylovlarda peshqadam bo‘lgan edi.

Bu Erdog‘an hokimiyatga kelganidan beri shaxsan uning o‘zi uchun katta zarba bo‘lgan hamda uning partiyasi ilk bor mag‘lubiyatga uchrashi edi.

CHP yaqinlashib kelayotgan prezident saylovi uchun o‘z nomzodini yakshanba kuni tanlashi kerak edi. Nomzodlikka hozircha faqat Imamog‘lu da’vogarlik qilmoqda.

Erdog‘anni "sindirgan" muxolifat yetakchisi

1970 yilda Trabzon viloyatining Qora dengiz sohilidagi Aqchaabat shaharchasida tug‘ilgan Imamog‘lu o‘smirlik chog‘ida Istanbulga ko‘chib kelgan, u yerda biznes sohasini o‘rganib, keyinchalik qurilish sohasida faoliyat yuritgan.

Garchi uning oilasi markaz-o‘ng kayfiyatdagi konservativ qarashlarga ega bo‘lgan bo‘lsada, Imamog‘lu "universitet davrida ijtimoiy-demokratik qadriyatlarni qabul qilgani"ni aytadi.

Imamog‘lu yoshlik paytida havaskor futbolchi bo‘lib to‘p surgan va Trabzonspor jamoasiga muxlislik qilishi bilan tanilgan.

Biznes faoliyatidan so‘ng – 43 yoshida siyosatga qadam bosgan Imamog‘lu, CHP'dan Istanbulning o‘rta qatlam aholi yashaydigan Beylikduzu tumaniga mer etib saylangan.

Biroq u 2019 yilda Istanbul merligi saylovlarida prezident Erdog‘an va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK) uchun katta hayratga sabab bo‘lgan ga’alabasiga qadar unchalik taniqli emas edi.

imamog'lu

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Imamog‘lu prezident Erdog‘anning "eng xavfli" siyosiy raqibi o‘laroq ko‘riladi.

Imamog‘luning g‘alabasi darhol mushkulliklarga duch kelgan – AK partiyasi saylov jarayonida qoidabuzarliklar bo‘lganini ta’kidlab chiqqach, saylov komissiyasi natijani bekor qilib, ovoz berish jarayonini qayta o‘tkazishga qaror qilgan.

Qayta saylov e’lon qilingach, Imamog‘lu ulkan mitingda o‘z tarafdorlariga murojaat qilgan, kostyum va galstugini yechib, yengini shimargan holda nutq so‘zlagan va yig‘ilganlarga yana g‘alaba qozonish uchun bor kuchini safarbar etishga va’da bergan.

"Hammasi yaxshi bo‘ladi," degan u o‘shanda. Keyinroq bu jumla uning saylovoldi shioriga aylanib ketgan.

Natijada, Imamog‘lu qayta saylovda 54 foiz ovoz olib, prezident uchun yana bir katta siyosiy zarba bergan.

erdog'an

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ko‘plab tahlilchilar Istanbulni muxolifatga qo‘ldan boy berish 22 yildan buyon hokimiyatda qolayotgan Turkiya prezidentini shaxsan jiddiy ranjitgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qiladi.

U, shu tariqa, hukmron partiya va uning islomchi siyosiy avlodlari 25 yil davomida boshqarib kelgan shahar – Istanbulda AK partiyasini ikki bor mag‘lub etgan.

Istanbul Erdog‘anning o‘zi ulg‘aygan, 1970 yillarda siyosatga qadam bosishdan avval simit non sotib tirikchilik qilgan, keyinchalik mer, bosh vazir hamda prezident bo‘lishiga zamin yaratgan shahar.

Shu sabab tahlilchilar bu shaharni qo‘ldan boy berish Turkiya prezidentini shaxsan jiddiy ranjitgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qiladi.

Yana ko‘plab kuzatuvchilar 2024 yilda ikkinchi marotaba Istanbul merligiga saylanishga muvaffaq bo‘lgach, Imamog‘lu Erdog‘anning eng jiddiy siyosiy raqibiga aylanganini aytadi.

Erdog‘an 2023 yilgi prezidentlik saylovida uchinchi muddat uchun g‘alaba qozongan, ammo konstitutsiyaga ko‘ra, 2028 yildan keyin unda bu lavozimda qolish huquqi yo‘q.

Biroq tanqidchilari Erdog‘an keyingi muddat uchun ham nomzodini ilgari surish maqsadida konstitutsiyani o‘zgartirishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Keyingi saylov 2028 yilga belgilangan, lekin u avvalroq o‘tkazilishi ehtimoldan xoli emas.

Jozibador muxolifat yetakchisi

imamog'lu

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, 2019 yilda Imamog‘lu ulkan mitingda o‘z tarafdorlariga murojaat qilgan, kostyum va galstugini yechib, yengini shimargan holda nutq so‘zlagan. Shuningdek, u siyosiy kampaniyalarda o‘zining yumshoq, hazil-mutoyibaga asoslangan yondashuvi bilan e’tibor qozongan.

Siyosiy kampaniyalarda Imamog‘lu o‘zining yumshoq, hazil-mutoyibaga asoslangan yondashuvi bilan e’tibor qozongan.

Bu Turkiyaning keskin qutblashgan siyosiy muhitida uning boshqa raqiblaridan keskin ajralib turishini ta’minlaydi.

U CHP'ning dunyoviy elektorati chegaralaridan chiqib, avval AK partiyasiga ovoz berib kelgan diniy-konservativ qarashdagi saylovchilarni ham qisman jalb etishga muvaffaq bo‘lgan.

Masalan, u saylov kampaniyalarida masjidlarga borgan, yaqinda esa Istanbulning Karakoy tumanidagi tarixiy masjidni qayta ta’mirlashini e’lon qilgan.

Istanbul merining rafiqasi Dilek Imamog‘lu ham ijtimoiy tarmoqdagi faolligi, nogironlar uchun qilayotgan xayriya ishlari va saylovoldi kampaniyalarida eriga hamroh bo‘lishi orqali omma nazariga tushgan.

Turkiyaning asosiy muxolifati 23 mart kuni 2028 yil prezidentlik saylovi uchun o‘z nomzodini tanlashi kerak – bunga Imamog‘lu yagona da’vogar edi.

Ammo uning hibsga olingani hamda "tahsil jarayonidagi qoidabuzarliklar" vaji bilan Istanbul universitetidan olgan diplomi bekor qilingani ortidan Imamog‘luning nomzodlik masalasi gumon ostida qolmoqda.

Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident bo‘lish uchun shaxs oliy ma’lumotga ega bo‘lish shart.