Afg‘oniston va Markaziy Osiyo: Suv masalasiga endi Rossiya aralashadimi va Qo‘shtepa faqat mintaqa emas, Moskvayu Pekinni ham qo‘rqityaptimi?

Qo‘shtepa kanali qurilishi

Surat manbasi, Ndc.gov.af

O'qilish vaqti: 5 daq

Suv resurslari taqsimoti mintaqada hatto urush chiqarishi mumkin bo‘lgan eng hassos masalalardan biri sifatida ko‘riladi.

Aloqador mavzular:

Hamkorlik kengayadimi?

Kobuldagi uchrashuv

Surat manbasi, BAKHTAR

Surat tagso‘zi, Tomonlar aynan Afg‘onistonning suv va energetika sohalariga sarmoya kiritish imkoniyatlarini muhokama etishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, shu kunlarda Tolibon hukumatining Energetika va suv vaziri Rossiyaning Kobuldagi elchisi bilan uchrashgan.

Bu haqda Tolibonning rasmiy axborot agentligi sanaluvchi "Baxtar" kecha, 21 aprel kuni xabar tarqatgan.

Mazkur xabarda aytilishicha, uchrashuv vazirlikning poytaxt Kobuldagi idorasida bo‘lib o‘tgan.

Tomonlar aynan Afg‘onistonning suv va energetika sohalariga sarmoya kiritish imkoniyatlarini muhokama etishgan.

Turli sohalar, xususan, Afg‘onistonning infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan katta ahamiyatga ega loyihalarda qanday hamkorlik qilishlari mumkinligi haqida gaplashib olishgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Tolibonning Energetika va suv vaziri Rossiyaning davlat va xususiy shirkatlarini muhim tashabbuslarga sarmoya kiritishga chaqirgan.

"Baxtar" ular sirasida Panjshir vodiysidan poytaxt Kobulga suv o‘tkazish, Taxor, Bag‘lon, Hirot va G‘aznada yangi to‘g‘onlar qurish kabi tashabbuslarni tilga olib o‘tgan.

"Baxtar" axborot agentligi o‘zining xabarida bu to‘g‘onlarning aynan qaysi daryolarda qurilishi ko‘zda tutilayotganini ochiqlamagan, Taxor va Bag‘lon esa, Afg‘onistonning aynan Amudaryoga yaqin joylashgan viloyatlari bo‘ladi.

Kobuldagi uchrashuv chog‘ida Rossiya tomoni o‘tgan yili qurilishiga qiziqish bildirgani xabar berilgan va Markaziy Osiyo davlatlari barchasining birdek jiddiy xavotirlariga molik ziddiyatli Qo‘shtepa kanali loyihasi biror bir mazmunda tilga olingani yoki yo‘qligi noayon qolgan.

Mazkur agentlik xabariga ko‘ra, elchi Dmitriy Jirnov Rossiya shirkatlariga tegishli ma’lumotlarni taqdim etish orqali sarmoyalar masalasida ko‘makchi bo‘lishni va’da qilgan.

Aytilishicha, Rossiya elchisi Tolibon hukumatining Energetika va suv vazirini shu yil may oyida Qozonda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan iqtisodiy forumga ham taklif qilgan.

Mazkur forum ham iqtisodiy imkoniyatlar va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun qulay platforma sifatida ko‘riladi.

Kobuldagi uchrashuvga oid xabar Rossiyaning Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqarish va uning faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish qaroridan sanoqli kunlar o‘tib olinmoqda.

Xuddi shu qaror manzarasida esa, rasmiy Moskva Afg‘onistonning kelajakdagi energetika va infratuzilma loyihalarida strategik pozitsiyasidan foydalangan holda Kobul bilan savdo, biznes va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlashni ham maqsad qilganini rasman va oshkora bayon qilgandi.

Boshqa tomondan, Qo‘shtepa kanalining nomi Rossiyaning Afg‘onistondagi loyihalarga sarmoya kiritish va u yerda yangi ish o‘rinlari yaratish istagida ekaniga oid o‘tgan yilgi xabarlar fonida ham tilga olingan.

Bu haqda o‘shanda Rossiyaning Afg‘onistondagi biznes markazi rahbari Rustam Habibullin "Novosti" axborot agentligiga aytgan.

U o‘zining agentlik bilan suhbatida "Rossiyaning sarmoyalari Afg‘onistonga kirishni boshlagani"ni ham bildirgan.

"Bular o‘sha zavodlar, korxonalar, qishloq xo‘jaligi", derkan, Rustam Habibullin, "jumladan, Qo‘shtepa kanali qurilishi ham katta qiziqish uyg‘otayotganligi"ni ta’kidlagan.

U Rossiyaning qator korxonalari ushbu kanal yonidan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer maydonlarini uzoq muddatli ijaraga olishayotganini ma’lum qilgan.

Rossiya axborot agentligining bu xabari o‘sha paytda O‘zbekistondagi ayrim yetakchi nashrlarning e’tiboridan ham chetda qolmagandi.

Qo‘shtepa Rossiya va Xitoyni ham qo‘rqitadimi?

Rossiya tomoni vakillari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Afg‘oniston tahdidi esa shundoq ham, yillarki, Markaziy Osiyoga o‘zining har tomonlama bosimini o‘tkazishida rasmiy Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘rib kelinadi.

Mazkur ziddiyatli kanal loyihasi nafaqat Markaziy Osiyo, balki Rossiya va Xitoyga ham ta’sir qilishi haqidagi tahlillar o‘tgan yili hatto G‘arbda ham bo‘y ko‘rsatgan.

Jumladan, Jeymstaun jamg‘armasi xalqaro tadqiqot va tahlil markazi Qo‘shtepa kanalining Tojikiston va Markaziy Osiyoga keng miqyosdagi ta’siri undan Rossiya va Xitoyning ham tobora ziyon chekishini anglatishi haqida yozgan.

Markazga ko‘ra, Moskva suv tanqisligi tufayli yuzaga keladigan har qanday beqarorlik o‘zining mintaqadagi ta’siriga tahdid solishi va Tojikistondagi harbiy bazasini yo‘qotishga olib kelishidan xavotirda.

Afg‘oniston bilan chegaradosh uchta Markaziy Osiyo davlatidan bittasi va Tolibon bilan munosabatlari anchayin ters yagona mintaqa mamlakati bo‘lgan Tojikistonda esa, Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan.

"Tojikistondagi beqarorlik hatto islomiy radikalizmning Rossiya Federatsiyasiga yoyilishiga yo‘l ochishi mumkin, bu esa, ayniqsa, Krokus Siti Holldagi hujumdan Kreml sezgir bo‘lib qolgan narsa", - deyiladi ular tahlilida.

Markaz buning ortidan poytaxt Moskvada Sibirь daryolarini Markaziy Osiyoga burish loyihasini qayta tiklash orqali Rossiya bunga qarshi turishi kerak, degan fikrlar ham yangrayotganiga o‘zining e’tiborini qaratarkan, uning 1980-yillarda rad etilgani va ruslar orasida keng qo‘llab-quvvatlovga ega emasligini ham eslatib o‘tgan.

"Ayni paytda, islomiy ta’sirning har qanday kengayishidan xavotirda ekaniga qaramay, Pekin Tojikistondagi iqtisodiy, harbiy ishtirokini kengaytirish, Qo‘shtepa to‘liq ishga tushgach, Afg‘onistondagi tuz konlariga imkonli bo‘lishni juda istaydi. Xitoyning rasmiy siyosati kabi, bu sa’y-harakatlarida ham manfaatlari bo‘lingan", - deydi markaz.

Jeymstaun jamg‘armasi xalqaro tadqiqot va tahlil markazining davom etishicha, Qo‘shtepa kanali masalasida esa, Tolibon boshqa davlatlarga ta’sir vositasiga ega bo‘lish imkonini qoldirmagan.

Avvaliga kanal qurilishi uchun pulni chetdan izlagan bo‘lsa-da, hatto bitkazilishini sekinlashtirsa ham, uni o‘zi butkul moliyalashini e’lon qilgan.

Moskvaning Ukraina urushi bilan chalg‘ib, Pekinning kanal borasidagi bo‘lingan siyosati esa, Tolibonning chetdagilarning bu xususdagi shikoyatlariga e’tibor bermaslik va mazkur loyihani davom ettirishiga imkon bergan.

Кремль
AFP
Moskva suv tanqisligi sabab yuzaga keladigan har qanday beqarorlik mintaqadagi ta’siriga tahdid solishi va Tojikistondagi harbiy bazasini yo‘qotishga olib kelishidan xavotirda...
Jeymstaun jamg‘armasi xalqaro tadqiqot va tahlil markazi.
Batafsil: bbc.com/uzbek da.

Boshqa tomondan, Qo‘shtepa kanalining Tojikiston va Markaziy Osiyo geosiyosatiga kengroq ta’siri Vashingtonning bir chetda qarab tura olmasligi yoki o‘zining ta’sirini islomiy radikallar, Xitoy va yoxud Rossiyaga boy berish bilan tavakkal qilishini anglatadi, deb yozgan markaz.

Markaz tahlilida ta’kidlanishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining imkoniyatlari yo‘q emas: Ular Markaziy Osiyoda suvdan samarali foydalanish choralari va suvni tuzsizlantirish loyihalarini targ‘ib qilish orqali Tolibon, Rossiya va Xitoydan keluvchi tahdidni kamaytirishi mumkin.

"Ammo bu faqat Vashington kamdan-kam kishining qulog‘iga chalingan kanal loyihasi va YevroOsiyoning ulkan qismining kelajagi o‘rtasida bog‘liqlikni topgan taqdirdagina, mumkin bo‘ladi", - deydi markaz.

Tolibon qurayotgan Qo‘shtepa kanali atrofidagi xavotirlar tinmayotir.

O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, Qo‘shtepaning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin

Tahlilchilar orasida esa, yangi kanal Markaziy Osiyodagi shundoq ham hassos bo‘lgan suv muammosini yangi bosqichga ko‘tarishi, hatto, "mintaqaviy mojaro"ga ham sabab bo‘lishi mumkin, degan xavotirlar bor.

Tolibonning Afg‘onistondagi muvaqqat hukumati, oradan uch yildan ko‘proq vaqt o‘tib ham, mintaqadagilari ilova dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan.

Ular Afg‘onistonning Amudaryo suvi bo‘yicha qo‘shnilari bilan hech qanday kelishuvi yo‘qligini ta’kidlashadi, Afg‘oniston suv resurslaridan foydalanish huquqiga ega ekanini aytishadi.

Yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan va aynan mintaqada eng yirigi sanaluvchi Tolibon ilova turli jangari guruhlar boshpana topib, jang qilib, jon saqlab kelgan Afg‘oniston tahdidi esa shundoq ham, yillarki, Markaziy Osiyoga o‘zining har tomonlama bosimini o‘tkazishida rasmiy Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘rib kelinadi.

Rossiya, boshqa tomondan, barcha Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik harbiy, harbiy-texnik hamkori va ikkita eng katta savdo-iqtisodiy sherigidan bittasi bo‘ladi.

Afg‘oniston iqtisodining tanazzulga yuz tutib, mamlakatdagi vaziyatning izdan chiqishi ehtimoli esa, Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va Xitoy uchun ham voqealarning xavotirga molik rivoji sifatida tilga olinadi.