G‘azo: Ochlik tanangizni ne ko‘yga soladi?

Surat manbasi, Anadolu/Getty Images
- Author, Rebekka Torn va Anjela Henshell
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 5 daq
BMTning oziq-ovqat yordami dasturi ma’lum qilishicha, G‘azo sektoridagi qariyb har uchinchi odam bir necha kun davomida ovqat yemay yashashga majbur. Bu esa mintaqada ocharchilik xavfi tobora kuchayib borayotganini anglatadi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham vaziyatga munosabat bildirib, "G‘azoda haqiqiy ocharchilik yuz bermoqda," deb aytdi. Ammo Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bunday holat mavjudligini rad etmoqda.
Shu bilan birga, Isroil so‘nggi kunlarda "mahalliy taktik tanaffus" e’lon qilib, insonparvarlik yordami uchun qisman yo‘l ochdi. Biroq BMTning gumanitar ishlar bo‘yicha rahbari Tom Fletcherga ko‘ra, vaziyatni barqarorlashtirish uchun hududga "katta miqdorda" oziq-ovqat yetkazib berish zarur.
Falastinlik qochqinlar bilan ishlovchi BMT agentligi (UNRWA) ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo shahridagi har besh boladan biri to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Bunday holatlar har kuni ko‘paymoqda.
Kasalxonalarga ochlikdan o‘ta sillasi qurigan bemorlar yotqizilmoqda, ko‘chalarda esa odamlar hushidan ketib, yiqilayotgani qayd etilmoqda.
Hozircha BMT rasman ocharchilik e’lon qilmagan bo‘lsa-da, IPC (Oziq-ovqat Xavfsizligi Klassifikatsiyasi) tashkiloti G‘azoni "ocharchilik xavfi eng yuqori darajada bo‘lgan hudud" deb baholamoqda.
Ocharchilik nima va qanday holda rasman e’lon qilinadi?

IPC – butun dunyoda aholining yetarli, foydalanish mumkin bo‘lgan va arzon ovqatga bo‘lgan imkonini baholaydigan xalqaro standartdir. Uning eng og‘ir bosqichi – 5-faza: Ocharchilik quyidagi holatlarda rasman tan olinadi:
- Xonadonlarning kamida 20 foizi yetarli oziq-ovqatga ega emas;
- Bolalarning kamida 30 foizi o‘tkir ozuqa yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda;
- Har kuni har 10 ming odamga 2 nafar katta yoki 4 nafar bola ochlik yoki unga bog‘liq kasalliklar sababli vafot etmoqda.
2024 yil 12 mayda chop etilgan hisobotga ko‘ra, G‘azo aholisining barchasi hozir 3-faza: Inqiroz yoki undan og‘ir sharoitda yashamoqda. Hisobotda 2025 yil may-sentyabrь oylari oralig‘ida qariyb 469 500 nafar odam 5-fazaga tegishli og‘ir ocharchilik sharoitida qolishi mumkinligi aytilgan.
Bunday vaziyatlarda BMT, ba’zan mahalliy hukumatlar yoki boshqa xalqaro agentliklar bilan hamkorlikda ocharchilikni rasman e’lon qiladi.

Surat manbasi, Majdi Fathi/NurPhoto/Getty Images
Ochlik inson organizmiga qanday ta’sir etadi?
Ocharchilik – uzoq muddat ovqat yemaganda organizm hayot uchun zarur kaloriyalarni ololmaydigan holatdir.
Avval organizm jigar va mushaklardagi glikogenni glyukozaga aylantirib, qonga yuboradi. Bu zaxiralar tugagach, yog‘ zahirasidan, keyin esa mushak to‘qimasidan energiya oladi.
Ochlik natijasida o‘pka, oshqozon, jinsiy a’zolar qisqaradi, miya faoliyati izdan chiqib, gallyutsinatsiya, depressiya, xavotir yuzaga keladi. Immunitet zaiflashgani bois, odamlar infektsiya va boshqa asoratlardan vafot etishi mumkin.
"Odamlar bir zumda qattiq ozib qolmaydi. Ko‘p bolalarda avval qizamiq, pnevmoniya, yoki ich ketish kabi kasalliklar bo‘ladi. Agar ular avval sog‘lom bo‘lgan bo‘lsa, ovqatga imkoniyat berilganda, yeb hazm qilishga kuchi yetadi. Boshqalar esa allaqachon so‘lg‘in va zaif holatga kelib qolgan", deydi Glazgo universitetidan professor Sharlotta Rayt.

Bolalar va chaqaloqlar uchun oqibatlar qanchalik og‘ir?
Bolalikda to‘yib ovqatlanmaslik butun umr davom etadigan oqibatlarga olib keladi. Jumladan, miya rivojlanishi sekinlashishi, o‘sish to‘xtashi, aqliy va jismoniy ortda qolish.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ta’rificha, o‘sish to‘xtashi – bolalarning sust oziqlanish, takroriy kasalliklar va psixosomatik stimulyatsiya yetishmasligi tufayli rivojlanish sekinlab qolish holatidir.
Ozuqa yetishmasligidan aziyat chekkan ota-onalar kelajakda zaif farzandlarni dunyoga keltirishi ehtimoli yuqori, deydi BMT.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, homiladorlik davrida noto‘g‘ri ovqatlanish onalarda kamqonlik, preeklampsiya, qon ketishi va hatto o‘limga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu holat bolada tug‘ilmay qolish, o‘lik tug‘ilish, kam vazn, ozg‘inlik va rivojlanishda kechikishlarga sabab bo‘ladi.
Kam ovqatlanayotgan onalar bolalarini emizish uchun yetarlicha to‘yimli sut ishlab chiqara olmasligi ham ehtimoldan xoli emas.
"Chegarasiz shifokorlar" (Médecins Sans Frontières) tashkilotidan doktor Nuriddin Alibobo bolalardagi kam ovqatlanish muammosini davolashga ixtisoslashgan. Uning ta’kidlashicha, bunday holatning oqibati butun umrga cho‘zilishi mumkin:
«Past bo‘yli bo‘lib o‘sish orqaga qaytmaydi, ya’ni bola kam ovqatlanish davridan chiqqanidan keyin ham bo‘yi past bo‘lib qoladi. Bu esa unga juda katta noqulayliklar tug‘diradi. Shu bilan birga, ko‘p hollarda ta’lim bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi, bu esa maktab yoshiga yetib kelganda aniqroq ko‘rinadi.
[Kam ovqatlanish] immun tizimini ham zaiflashtiradi va bolalarni turli yuqumli kasalliklarga nisbatan ancha ta’sirchan qilib qo‘yadi.
Ko‘pchilik to‘liq tushunib yetmaydigan yana bir muhim jihat shundaki, qiz bolalardagi kam ovqatlanish kelajakda ularning tug‘ish qobiliyatiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Agar ular homilador bo‘lishsa, chaqaloq kam vazn bilan tug‘ilishi ehtimoli juda yuqori bo‘ladi».
Kam ovqatlanish yana bir jiddiy asorat – osteoporozga ham olib kelishi mumkin.
«Keyinchalik suyaklarning noziklashib ketishi odamni jismonan zaif qilib qo‘yadi. Ular hatto o‘z tanasi og‘irligini ko‘tara olmay qolishi mumkin. Natijada, oddiy qaltis harakat ham suyak sinishiga olib kelishi mumkin», deydi doktor Alibobo.

Surat manbasi, Getty Images
Kam ovqatlanish qanday davolanadi?
«Bu inqirozga javob berish uchun, asosan ikki chora zarur – G‘azoga ko‘proq ozuqa kiritilishi va qimmatroq shifobaxsh ozuqa vositalari yetkazilishi lozim», deydi professor Rayt.
«Oziq-ovqat ta’minoti avvalo bolalar va onalarga yo‘naltirilishi kerak.
Emizish – chaqaloqlar uchun eng xavfsiz va gigienik usul, ammo bunga erishish uchun avvalo onani oziqlantirish talab etiladi – shundagina u bolasini emizishi mumkin. Mana shu eng katta muammolardan biri – yegulik ko‘p holda ayollarga emas, erkaklarga yetib boradi.
Bolalar va onalar ustuvor tarzda ta’minlanishi kerak. Ularni to‘g‘ri oziqlantirish uchun juda katta resurs talab etilmaydi».
Asli shifokor sifatida ta’lim olgan, Bi-bi-si Arab xizmatining sog‘liq bo‘yicha muxbiri Smita Mundasad izoh berishicha, kam ovqatlanish ayniqsa bolalar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin va uni davolash har doim ham oson emas.
«Agar holat juda og‘ir bo‘lib, odam yeb-icha olmay qolgan bo‘lsa, u holda shifoxona yoki klinikada maxsus tayyorlangan ozuqa va infektsiyalarga yoki boshqa asoratlarga qarshi muolajalar talab etiladi», deydi u.
«[Uzoq vaqt och bo‘lgan odamni] ba’zi hollarda juda tez ovqatlantirish yoki noto‘g‘ri ozuqa berish xavfli bo‘lishi mumkin.
Shu sababli muammoni hal etish uchun shunchaki yegulik yetkazish yetarli emas – to‘g‘ri ozuqa turlarini yetkazish va bu jarayonni qo‘llab-quvvatlovchi samarali sog‘liqni saqlash tizimini yo‘lga qo‘yish zarur».












