Rossiya va Qozog‘iston tarix deb, endi urishmaydimi, Moskva Ostonaga nimani taklif qildi va Putin Qozog‘istonga keladi

Surat manbasi, kremlin.ru/illyustariv
Rossiya Tashqi ishlar vazirining Qozog‘istonga bitta amaliy tashrifining o‘zi yangi savollarni paydo qildi. Aksariyat mintaqaviy nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortdi. Putindan avval Qozog‘istonga kelib, Sergey Lavrov poytaxt Ostonada nimalar dedi?
Rossiya tomoni taklifi...
"Rosatom” davlat korporatsiyasi bu masalani qozog‘istonlik do‘stlarimiz bilan hal qilish uchun o‘z vakolatlarini taqdim etishga to‘la hozir.
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya atom elektr stantsiyasi qurilishi yuzasidan Qozog‘istonga “takliflar bergan”.
So‘nggi yangilik Rossiya Tashqi ishlar vazirining Ostonaga amaliy tashrifi manzarasida olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Sergey Lavrov bu haqda kecha, 7 noyabr kuni o‘z tashrifi yakunida Qozog‘iston poytaxtida bergan matbuot anjumani chog‘ida gapirgan.
Uning aytishicha, “Rossiya nafaqat yordam berishga tayyor. Rossiya allaqachon o‘z takliflarini ham ilgari surgan”.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bu masalani qozog‘istonlik do‘stlarimiz bilan hal qilish uchun o‘z vakolatlarini taqdim etishga to‘la hozir. Biz boshqa davlatlarning tegishli idora va tuzilmalari bilan hamkorlik qilishga tayyormiz”, - deya bayon qilgan Rossiya Tashqi ishlar vazir.
Ammo rasmiy xabar tafsilotlaridan Sergey Lavrov shunday derkan, bu takliflarning aynan nimalardan iborat ekani, hamkorlik qilishga tayyormiz deyilganida, Qozog‘iston istayotgan xalqaro konsortsiumdagilar nazarda tutilgani yoki yo‘qligi noayon qolgan.
Rossiya Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, mamlakati AES qurilishi bo‘yicha Qozog‘istondagi referendumni ham bee’tibor qoldirmagan – kuzatgan.
Birinchi ASE masalasi

Surat manbasi, rasmiy
O‘tgan oygi referendum ortidan, 70 foizdan ortiq qozog‘istonlik hukumatning mamlakatda atom elektr stantsiyasini qurish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani e’lon qilingan.
Ulardan faqat “Qozog‘istonda atom elektr stantsiyasi qurilishiga rozimisiz?”, - degan bitta savol so‘ralgan.
O‘shanda ayrim xorijiy nashrlarda muxolifatning ovoz berish jarayonida rasmiylar tomonidan “katta soxtagarchiliklarga yo‘l qo‘yilgani”ga oid iddaoda ekanligi, referendum arafasida o‘nlab mahalliy faollarning hibsga olinganliklariga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Rasmiy Ostona orada Qozog‘istondagi ilk atom elektr stantsiyasini qurishni qandaydir bitta shirkatga emas, balki xalqaro konsortsiumga ishonib topshirish istagi borligini ma’lum qilgan, uning beshtagacha davlatni o‘z ichiga olishi mumkinligi aytilgan, xabarlarda ehtimoliy pudratchilar sifatida Rossiyadan tashqari, Frantsiya, Janubiy Koreya va Xitoy shirkatlari nomlari tilga olingan.
Rasmiy Toshkent o‘zining birinchi atom elektr stantsiyasi qurilishini Rossiya bilan rasman kelishib bo‘lgani voqe’ligi manzarasida referendum barobarida Qozog‘istonning ayni istagi O‘zbekistondagi ko‘pchilikning e’tiboridan ham chetda qolmagan, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga qadar sabab bo‘lgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining poytaxt Ostonada yangragan so‘zlariga Qozog‘iston tomonining rasmiy munosabati qanday bo‘lgani tafsilotlari hozircha ma’lum emas.
Ammo Qozog‘istonning ancha yillardan buyon AES qurish shartnomasini “Rosatom”ga berishi yuzasidan Rossiyaning bosimi ostida qolib kelayotgani xalqaro matbuotda ham alohida ta’kid topib kelayotgan nuqtalardan biri bo‘ladi.
AES va Rossiya

Surat manbasi, AFP
Qozog‘iston ichkarisida mazkur loyihaga Rossiyaning aralashuvidan hamma ham mamnun emas.
Ular bu Qozog‘istonning Rossiyaga geosiyosiy qaramligini kuchaytirishi, o‘zlariga qarshi Kreml qo‘lida yana bir bosim vositasiga aylanishidan xavotirda.
Markaziy Osiyodagi ikki atom elektr stantsiyasi qurilishiga oid sa’y-harakatlar Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida geosiyosiy tanglik kuchayib borayotgan, xuddi shu tajovuz bois, kollektiv G‘arb o‘zining ustma-ust sanktsiyalari bilan uni xalqaro miqyosda har tomonlama ihotalab qo‘yishga intilayotgan, rasmiy Moskva esa, buning aksini isbotlashga urinarkan, global Janubga yuz tutgan, mintaqa davlatlariga yanada yaqinlashish, ular bilan har tomonlama aloqalarini kuchaytirishga intilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
“Rosatom” SSSR parchalanganidan keyin ham ko‘p yillar davomida postsovet makonida monopol yadroviy yoqilg‘i ta’minotchisi va atom elektr stantsiyasi quruvchisi bo‘lib kelgan.
O‘zining geoiqtisodiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishda Kremlning qo‘lidagi muhim bosim va ta’sir vositalaridan biri o‘laroq ko‘rilgan va ko‘riladi.
Ekspertlarga ko‘ra, Rossiyaning, ayniqsa, so‘nggi yillardagi agressiv tashqi siyosati va Ukrainaga qarshi urushi bu vaziyatni jiddiy o‘zgartirgan.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi sanaladi, tabiiy energiya zaxiralariga boy va mintaqaning Rossiyaga chegaradosh yagona davlati.
Kremlning so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan imperialistik ambitsiyalari fonida aynan Qozog‘iston Putin va Rossiyaning boshqa nomdor siyosatchilari “nishoni”ga aylangan.
Ular tomonidan yeri, davlatchiligi qayta-qayta oshkora savol ostiga olingan, bu Qozog‘istonning Ukrainadan keyin Rossiyaning navbatdagi nishoniga aylanajagiga oid qo‘rquvlarni ham uyg‘otgan.
Rasmiy Ostonaning Ukraina, uning bo‘lginchi va ishg‘ol ostidagi hududlari mustaqilligi, anneksiyasi yuzasidan Rossiya mavqeiga zid chiqishlari esa, so‘nggi yillarda ikki o‘rtada dahanaki janglarga ham sabab bo‘lgan.
Qolgan mintaqa davlatlari bilan qiyoslanganda, so‘nggi yillarda Rossiya bilan o‘zaro munosabatlarining qanchalik tanglashgani bobida chetda ham e’tiborga tushgan.
Mavjud vaziyat G‘arbning Qozog‘iston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llovchi ustma-ust bayonotlar bilan chiqishiga ham olib kelgan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Qozog‘iston bu ishni Rossiyasiz amalga oshirishni istaydi, ammo har doim ham energiya xavfsizligini siyosiy manipulyatsiyalarsiz ta’minlashning iloji yo‘qligini yaxshi anglaydi.
Dahanaki janglar tugaydimi?

Surat manbasi, rasmiy
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘zining amaliy tashrifi davomida kecha, payshanba kuni Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashgan, tomonlar Putinning 27 noyabr kuni Ostonaga kutilayotgan davlat tashrifini muhokama qilishgan.
Lavrov xuddi shu kunning o‘zida qozog‘istonlik hamkasbi bilan ham muzokaralar olib borgan.
Xabarlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti 28 noyabr kuni Qozog‘istonda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining navbatdagi sammitida ishtirok etadi, oliymaqom yig‘in tegrasida prezident Toqaev bilan ham uchrashadi.
Ostonada so‘zlagan Lavrovning bildirishicha, Rossiya va Qozog‘iston “umumiy tarix bo‘yicha bahslarni hal qiladigan” tarixchilardan iborat maxsus qo‘shma guruh tuzilgan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri ikki davlatning mushtarak tarixi haqidagi muhokamalar jamiyatda keskinlikni keltirib chiqarayotganligini qayd etgan.
Lavrov, shuningdek, Moskva va Ostona ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni G‘arb sanktsiyalaridan himoya qilish bo‘yicha “amaliy masalalar”ni ham muhokama etib olganliklarini bildirgan.
Qozog‘iston prezidenti esa, Putinning davlat tashrifiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganliklarini aytgan.
Qasim-Jomart Toqaevga ko‘ra, bu davlatlararo munosabatlarida “muhim voqea” bo‘ladi.
Rossiya prezidentining bo‘lajak tashrifi “strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga qo‘shimcha turtki beradi", - degan u.
Putinning davlat tashrifi, boshqa tomondan, Qozog‘iston Rossiya yetakchiligidagi BRICS tashkilotiga qo‘shilmasligi haqidagi bayonotidan ko‘p o‘tmay amalga oshadi.
Qozog‘iston prezidenti bu haqda o‘tgan oy oxirida, tashkilotning yillik sammiti arafasida gapirgan, uning so‘zlari Rossiyaning geosiyosiy bosimiga bo‘yin egmaslik talqinida ayrim yetakchi mintaqaviy nashrlarda xos tahlillarga ham sabab bo‘lgan.
Prezident Qasim-Jomart Toqaevning ayni mazmundagi bayonoti, boshqa tomondan, Qozog‘istondan Rossiyaga olib kiriladigan bug‘doy va qator meva-sabzavotga vaqtinchalik taqiq qo‘yilishi voqe’ligi fonida Kreml rasmiy Ostonani “jazolagani”ga oid gap-so‘zlarga ham turtki bermay qolmagan.
Qozog‘istonga ikki kunlik amaliy tashrifini yakunlagan Sergev Lavrovning hozir Sochida Tashqi ishlar vazirlarining Rossiya-Afrika hamkorlik forumi birinchi anjumaniga mezbonlik qilayotgani aytiladi.














