AQSh Suriyadagi IShID qarorgohlariga hujum qildi

Havo hujumi aks etgan videodan kadr.

Surat manbasi, АҚШ Қуролли кучлари

Surat tagso‘zi, AQSh ittifoqchi kuchlar bilan hamkorlikda Suriyadagi Islomiy Davlat (IShID) guruhi nishonlariga keng ko‘lamli havo hujumlarini amalga oshirgan.
O'qilish vaqti: 2 daq

AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) ittifoqchi kuchlar bilan hamkorlikda Suriyadagi Islomiy Davlat (IShID) guruhi nishonlariga keng ko‘lamli hujumlar uyushtirganini e’lon qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp shanba kuni IShIDning 13 dekabrь kuni Suriyadagi AQSh kuchlariga qarshi halokatli hujumiga javoban "Hawkeye Strike" amaliyotini amalga oshirishga buyruq berdi, deb yozdi Centcom X sahifasida.

Centcom ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar terrorizmga qarshi kurash va mintaqadagi AQSh va ittifoqchi kuchlarni himoya qilish maqsadida amalga oshirildi.

"Bizning mujdamiz aniq: agar siz bizning askarlarimizga zarar yetkazsangiz, adolatdan qochishga qanchalar harakat qilmang biz sizni dunyoning istalgan joyida topamiz va o‘ldiramiz," deyiladi Centcom bayonotida.

GETTY
Bu urushning boshlanishi emas, bu qasos amali"
Pit Hegset
AQSH Mudofaa Vaziri. BBC.NEWS/UZBEK

AQSh rasmiylaridan birining matbuotga aytishicha, hujumlarda 20 dan ortiq harbiy uchoq ishtirok etgan. 90 dan ortiq nishonga aniq teguvchi bomba bilan 35 nuqta hujumga tutilgan.

U Shuningdek, F-15E, A-10, AC-130J, MQ-9 va Iordaniya Harbiy Havo kuchlarining F-16 uchoqlari hujumlarda ishtirok etganini ilova qildi.

Hujumga tutilgan nishonlar Suriyaning aynan qaysi hududida ekanligi va qurbonlar bormi-yo‘qligi borasida hozircha ma’lumot yo‘q.

AQSh Mudofaa Vaziri Pit Hegset o‘zining X sahifasida shanba kuni "Biz hech qachon unutmaymiz va hech qachon taslim bo‘lmaymiz", deb yozgan.

Tramp ma’muriyati birinchi marta "Hawkeye Strike" amaliyoti haqida dekabrь oyida Suriyaning markazida joylashgan Palmira shahrida ikki amerikalik askar va bir amerikalik tarjimonga pistirmadan turib hujum qilingan vaqti e’lon qilgan edi.

O‘shanda AQSh Mudofaa Vaziri "Bu urushning boshlanishi emas - bu qasos amalidir", deya izoh bergandi.

Centcom ning shuningdek qo‘shimcha qilishicha, shanba, 10 yanvarь kuni amalga oshirilgan hujumlardan avvalroq AQSh kuchlari 20 dekabrdan 29 dekabrgacha bo‘lgan davrda "Hawkeye Strike" amaliyoti doirasida IShIDning 25 ga yaqin a’zosini o‘ldirgan yoki hibsga olgan.

Bundan tashqari Centcom 19 dekabrь kuni amaliyot doirasidagi ilk havo hujumida AQSh va Iordaniya kuchlari IShID guruhiga qarshi Suriya markazidagi 70 dan ortiq nishonga "yirik zarba" berganlarini xabar bergandi.

Suriyadagi vaziyat 2024 yil dekabrь oyida Prezident Bashar al-Assad rejimi ag‘darilganidan beri beqaror bo‘lib kelmoqda.

IShID Suriyada zaiflashgan, ammo hali ham faol. O‘tgan yili guruh aksar hollarda mamlakat shimoli-sharqidagi kurd kuchlariga qarshi hujumlar uyushtirgan.