O‘zbekiston nega Afg‘oniston bilan bunchalik yaqinlashishga intilmoqda?

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan jips aloqalarni saqlab kelayotgan kam sonli davlatlardan biri.

Surat manbasi, Rasmiy surat gazeta.uz orqali

O'qilish vaqti: 5 daq

Afg‘onistonda 2021 yili Tolibon hukumat tepasiga kelishi ortidan, mamlakat tashqi dunyodan qariyb uzildi va siyosiy, iqtisodiy hamda insoniy muammolar yanada kuchaydi. Bu yurt hamon noaniqliklar girdobida.

Ammo Afg‘onistondagi so‘nggi siyosiy o‘zgarishlarga qaramasdan, O‘zbekiston bu qo‘shnisi bilan jips aloqalarni saqlab kelayotgan kam sonli davlatlardan biri.

Biroq, rasmiy Toshkent ushbu munosabatlarga ancha ehtiyotkor yondashadi: Tolibon hukumati hali tan olinmagan, ayni paytda, o‘zaro kelishuvlar ko‘payib, munosabatlar mustahkamlanib bormoqda.

Afg‘oniston O‘zbekiston uchun yangi energetika bozori, shuningdek, muhim tranzit yo‘lak bo‘la oladi.

Ammo bular qatorida ehtimoliy suv muammolari va xavfsizlik masalalari ham mavjud.

O‘zbekiston va Afg‘oniston aloqalarning kelajagi qanday bo‘lishi mumkin?

Xavfsizlik: Tolibon va IShID-X muammoasi

2021 yil oktabrida Tehron mezbonlik qilgan tadbirlarda IShID-X xavfi muhokama etilgan.

Surat manbasi, Eron Tashqi ishlar vazirligi

Tolibon hukumatga kelgach, Afg‘oniston ichkarisida nisbatan tinchlik o‘rnatildi.

Biroq, hududda faoliyat olib borayotgan boshqa tashkilotlar hanuz xavfsizlik uchun tahdid sifatida qaraladi.

Xususan, "Islomiy Davlat – Xuroson" kabi ekstremistik guruhlarning faoliyati nafaqat Afg‘onistondagi barqarorlik uchun, balki qo‘shni mamlakatlar uchun ham xavf, deb ko‘riladi.

O‘zbekiston hukumati Tolibon bilan muloqot qilish orqali vaziyatni yumshatishga harakat qilmoqda. Jumladan, 2021 yil oktabrida Tehron mezbonlik qilgan tadbirlarda IShID-X xavfi alohida muhokama etilgan.

Sababi, Afg‘onistondagi har qanday ahvol shimoliy qo‘shni uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishi mumkin.

Garchi BMT hisoobotlariga ko‘ra, Tolibon qudratga kelganidan beri Afg‘onistonda giyohvand moddalar ishlab chiqarish 95 foizga qisqargan, lekin mamlakat afyun kontrabandasi bo‘yicha hanuz dunyoda yetakchi o‘rinlarda qolmoqda.

Shu bilan birga, Afg‘onistonda sobiq hukumat davridan qolgan qurol-yarog‘ va harbiy jihozlar noqonuniy bozorlarga tushib ulgurgan.

Ushbu qurollarning ektremistik guruhlar orasida tarqalishi muammolar yaratishi ehtimollari ham yo‘q emas.

Bu esa O‘zbekiston Afg‘oniston bilan birga rejalashtirgan loyihalar xavfsizligini savol ostiga olishi mumkin.

Shunga qaramay, O‘zbekiston janubiy qo‘shnisiga katta umid bilan qaramoqda.

Mamlakatning tashqi siyosatida Afg‘oniston masalasi allaqachon muhim o‘rin tutadi.

Aloqador mavzular:

Afg‘onistonning yangi elektr ta’minotchisi?

O‘zbekiston Afg‘onistondan xom neft olib kirib, uni o‘z zavodlarida qayta ishlashni boshlagan.

Surat manbasi, President.uz

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aloqalari sezilarli darajada kuchaygan.

Shuningdek, afg‘onistonlik sarmoyadorlar O‘zbekistondagi shirkatlar soni bo‘yicha kuchli beshlikka kirgan.

2024 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 1.1 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu esa 2022 yil bilan taqqoslaganda katta o‘sish degani.

Savdoning asosiy qismini O‘zbekiston eksporti tashkil qilib, bunda elektr energiyasi muhim ahamiyat kasb etgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr yetkazib berishda asosiy ta’minotchilardan biriga aylangan.

Toshkent har yili janubiy qo‘shnisiga millionlab kilovatt-soat elektr eksport qiladi.

Kuzatuvchilarning fikricha, O‘zbekiston janubda shakllanyotgan energiya bozorining asosiy ta’minotchisiga aylanmoqchi. Afg‘oniston o‘z elektr ehtiyojining yarmidan ko‘pini O‘zbekiston eksporti bilan qondirmoqda.

Bu kabi hamkorlik nafaqat Afg‘onistonning energetik xavfsizligini ta’minlashda, balki mintaqaviy intergatsiyani kuchaytirishda ham muhim.

Xususan, "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish liniyasi Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning yagona elektr tizimiga ulaydi.

Jumladan, O‘zbekiston Afg‘onistondan xom neft olib kirib, uni o‘z zavodlarida qayta ishlashni boshlagan. Bu ikki tomon o‘rtasida ham elektr, ham neft borasida bog‘liqlikni kuchaytiradi.

Mintaqa Afg‘onistonni o‘zaro diplomatiyada muhim tomon sifatida ko‘rayotgandek...

Ayniqsa, Afg‘oniston ichki ehtiyojini qondirishda O‘zbekistonning bu qadar jonbozlik ko‘rsatyotgani mamlakatni mintaqaviy siyosatda muhim o‘yinchi o‘laroq shakllantirmoqda.

Infratuzilma: Janubga darvoza

Trans-Afg‘on temir yo‘li orqali O‘zbekiston o‘z eksport yuklarini Hind okeaniga tezroq va arzonroq yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Surat manbasi, O‘zbekiston Transport vazirligi

O‘zbekistonning Afg‘onistondagi asosiy strategik maqsadlaridan biri janubga chiqishdir.

Trans-Afg‘on temir yo‘li – bu boradagi eng muhim loyihalardan biri.

Ushbu temir yo‘l O‘zbekistonni Afg‘oniston orqali Pokiston portlari bilan bog‘laydi. Yuk tashish xarajatlari esa 50 foizgacha kamayishi mumkin.

Natijada, O‘zbekiston o‘z eksport yuklarini Hind okeaniga tezroq va arzonroq yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu nafaqat iqtisodiy jihatdan foydali, balki mamlakatni geosiyosiy jihatdan ham muhim tranzit o‘lkaga aylantiradi.

Termiz ayni strategiyaning mintaqaviy markaziga aylanmoqda.

Termiz esa ayni strategiyaning mintaqaviy markaziga aylanmoqda.

Termizda qurilayotgan quruqlik porti, logistika markazlari va yuk terminali nafaqat O‘zbekiston ichki ehtiyojlariga, balki butun mintaqaviy yuk oqimiga xizmat qiladi.

Aynan shu yerda Afg‘onistondan kelayotgan va Janubiy Osiyoga yo‘naltirilayotgan yuklar to‘planadi va qayta taqsimlanadi.

O‘zbekistonning bu boradagi tashqi siyosiy intilishi faqat yaqin qo‘shnilar bilan cheklanmaydi. Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati, xususan, Pokiston va Hindiston bozorlariga erkin kirish ham rasmiy Toshkentga strategik ustunlik beradi.

Kuzatuvchilarning fikricha, ayni tashabbus O‘zbekiston bozorini yanada boyitib, janub mahsulotlari orqali Xitoy eksportining mintaqadagi ustunligini ham pasaytira oladi.

Qo‘shtepa: Suv siyosiy qurolmi?

Shimoliy Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali Amudaryo suvlarini ichki cho‘l hududlariga yo‘naltirishni maqsad qilgan.

Surat manbasi, RASMIY/NDC.GOV.AF

Shimoliy Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali Amudaryo suvlarini ichki cho‘l hududlariga yo‘naltirishni maqsad qilgan.

2022 yilda boshlangan ushbu loyihadagi asosiy kanal uzunligi 285 km bo‘lishi rejalashtirilgan.

Biroq, bu loyiha Markaziy Osiyo, ayniqsa, O‘zbekistonda jiddiy ekologik va iqtisodiy xavotirlarni yuzaga keltirmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, kanal to‘liq ishga tushgach, Amudaryo suvining 15-20 foizgacha qismini Afg‘oniston tomonga yo‘naltirishi mumkin.

Bu esa O‘zbekistonning suv zaxiralariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qishloq xo‘jaligida 15 foizgacha suv tanqisligiga olib kelishi mumkin.

Yillar davomida Orol qurishi oqibatlari bilan kurashib kelayotgan O‘zbekiston uchun ayni loyiha muhim iqtisodiy yo‘qotishlarni boshlab berishi mumkin.

Jumladan, u mintaqaviy barqarorlik nuqtai nazaridan ham xavfli signaldir.

Kuzatuvchilarning fikricha, suv zaxiralari tobora kamayib borayotgan Markaziy Osiyoda ayni kanal qurilishi siyosiy bosim vositasiga ham aylanishi mumkin.

Afg‘oniston bu loyihani o‘zining suveren huquqi, deb bilmoqda va xalqaro suv zaxiralarini taqsimlashga oid hech qanday kelishuvga qo‘shilmagan.

Bu esa mintaqaviy suv siyosatida huquqiy bo‘shliqlar mavjudligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston bunday loyihalarni faqat muloqot va mintaqaviy manfaatlarni hisobga olgan holda olib borishni ta’kidlaydi.

O‘zbekiston suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va zaxiralar boshqaruvi bo‘yicha hamkorlikni taklif etgan.

Jumladan, Prezident Mirziyoyev 2023 yil oxirida Amudaryo bo‘yicha qo‘shimcha ishchi kuchi tuzish tashabbusini ilgari surgan.

Afg‘on rasmiylari o‘z navbatida O‘zbekiston suv ta’minotiga zarar yetkazmaslikka va’da berishgan.

Shunga qaramay, Qo‘shtepa kanali qurilishi o‘zaro muloqotlardagi eng nozik masala bo‘lib qolmoqda.

Dunyo bo‘ylab geosiyosiy tangliklar ortar ekan, Afg‘oniston omili O‘zbekiston uchun o‘z ahamiyatini saqlab qoladi.

Zotan, Afg‘oniston o‘zbeklar uchun yangi bozor va janubga chiqish yo‘lidagi muhim darvozadir.