Tolibon O‘zbekistonga yana nima qilishi kerakligini aytdimi?

Surat manbasi, RTA
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi yangi bayonot bilan chiqdi. Tolibonning muvaqqat Mudofaa vaziri nomi chiqqan marhum lideri Mulla Umarning o‘g‘li bo‘ladi. U orada mintaqa davlatlarini ogohlantirishgacha borgan. Rasmiy Toshkent hozircha jim, Amerika ham.... Buyog‘i nima bo‘ladi?
Aloqador mavzular:
Yangi yoki navbatdagi bayonot

O‘zbekistonda qolayotgan AQSh aviatexnikasining taqdiriga oid so‘nggi yangilik ham Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining e’tiboridan chetda qolmadi.
Tolibonning Mudofaa vazirligi rasman bayonot bilan chiqdi.
Vazirlik yetti qiruvchi vertolyotning O‘zbekistondan Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarilganiga oid xabarlardan Islomiy Amirlik xavotirda ekanligini bildirdi.
AQSh tomoni yaroqli, deb topgan "Black Hawk" rusumidagi bu vertolyotlar Afg‘onistonning amaldagi saylangan hukumati qulatilgan 2021 yilda afg‘on uchuvchilari tomonidan havo hududlarini buzib, O‘zbekiston va Tojikistonga olib qochilgan AQSh harbiy aviatexnikasining bir qismi bo‘ladi.
O‘nlab sondagi bu harbiy aviatexnikaning taqdiri o‘zi Afg‘onistonda qudratga qaytgan so‘nggi to‘rt yilcha vaqt ichida Tolibon hukumati diqqat-e’tiborida turgan eng asos masalalardan biri ekani ko‘riladi.
Ya’ni, Amerika tomonining bu o‘zlarining mulklari ekani va rasmiylarning ulardan aksariyati O‘zbekiston ixtiyoriga topshirilganiga oid bayonotlari ham Tolibon hukumatini mazkur aviatexnikani Afg‘onistonga qaytarish talabidan qaytara olmagan.
Bu xususda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi har qanday muhokama yoki kelishuv tafsilotlariga hassos hamda o‘zining munosabatini oshkora bildirib keladi.
Orada Afg‘oniston muvaqqat Mudofaa vaziri ayni masala yuzasidan mintaqa davlatlariga ogohlantirish bilan chiqishgacha borgan.
Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohid AQSh harbiy avitexnikasi olib qochilgan davlatlar ularni Afg‘onistonga qaytarishmasa, "buning oqibatlariga yuz tutishlari" bilan po‘pisa qilgan.
U, o‘shanda "bizni majbur qilishmasin, yaxshilik bilan qaytarishsin, hafsalamizni pir qilishmasin", derkan, "qo‘limizdagi bor imkoniyatlardan foydalanib, kuchimizni ko‘rsatib qo‘yamiz", degan so‘zlargacha qo‘llagan.
Tolibon muvaqqat Milliy Mudofaa vazirining ayni mazmundagi bayonoti ortidan, O‘zbekiston tomoni mazkur aviatexnika Amerikaning mulki ekani va ularga qaytarilishini aytib chiqqan.
Pentagon vakili ularning "Tolibon foydalanishi uchun Afg‘onistonga qaytarilmasligiga ishonch" ham bildirgandi.
Tolibon va toliblar da’vosi

Afg‘oniston Tolibon harakati qudratga qaytib, o‘zining muvaqqat hukumati va yana Islomiy Amirligiga asos solguniga qadar mintaqadagi eng yirik jangari guruh sifatida ko‘rilgan.
Xalqaro harbiy doiralarda harakat faol jangarilari sonining o‘ziyoq bir necha o‘n minglarga nisbat berilgan.
Afg‘oniston yana mintaqaning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga chegaradosh mamlakati bo‘ladi.
Tolibon hukumati, bundan tashqari, hokimiyatni egallashi bilanoq shu uch Markaziy Osiyo davlatida jiddiy suv taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkinligiga oid qo‘rquvlarni yanada kuchaytirgan ziddiyatli yirik kanal qurilishini boshlab, allaqachon uning yarmiga ham yetgan.
Tolibon Mudofaa vazirligi o‘zining so‘nggi bayonotida ham mazkur vertolyotlarning Afg‘onistonga tegishli ekanini qayta bayon qilgan.
Ular sobiq ma’muriyat mulozimlari qochgan paytda, O‘zbekistonga o‘tib qolgani va Afg‘onistonga qaytarilishi kerakligini yana bir bor ta’kidlagan.
O‘zlarining bu vertolyotlarning Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaytarilishini "hech qanaqasiga qabul qila olmaslik"larini ham bildirgan.
Tolibon Mudofaa vazirligi buning sababini "Afg‘oniston xalqi o‘z haqqini himoya qilish va talab qilish huquqiga ega ekani, shuning barobarida, qo‘shni davlatlar ham afg‘onlarning huquqlarini hurmat qilishlari shart" ekanligi bilan izohlagan.
Ammo, shunday derkan, mintaqadagi biror bir mamlakatdan alohida nom tutmagan, aks-holdagi oqibatlariga ham xosan to‘xtalmagan.
Vazirlik o‘zining bayonoti so‘nggida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ushbu vertolyotlarni Afg‘onistonga qaytarish yo‘lida har xil to‘siqlar yaratishning o‘rniga, ularni afg‘onlarga qaytarishni talab qilgan.
Tolibon Mudofaa vazirligining so‘nggi bayonotida yangragan da’vat va talablarga rasmiy Toshkent va rasmiy Vashington munosabati hozircha ma’lum emas.
Termizga olib qochilgan AQSh harbiy avitexnikasi orasidan "Black Hawk" rusumidagi yetti vertolyotning Amerikaga qaytarilganga oid yangi tafsilotlar esa, shu kunlarda O‘zbekiston Qurolli kuchlarining 33 yilligi munosabati bilan Vashingtondagi O‘zbek elchixonasida bo‘lib o‘tgan tadbir ortidan chiqqan.
Ammo bu xabar tafsilotlaridan nega "yaroqli", deb topilgan bu vertolyotlarni Amerika Qo‘shma Shtatlari yana o‘ziga olgani tafsilotlari noayon qolgan.
Yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan Afg‘oniston o‘zbeklari ilova dunyoning turli jangari guruhlar jang qilgan, boshpana topgan va jon saqlab kelayotgan davlatlaridan biri bo‘ladi.
Afg‘onistonda O‘zbekistondan keyin eng ko‘p sondagi o‘zbeklar yashaydi, ularning sonlari turli manbalarda millionlarga nisbat beriladi.
Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Tolibon bu samolyotlar, ayniqsa, vertolyotlar bilan o‘zining Havo kuchlarini kuchaytirmoqchi.
Ular, bundan tashqari, mazkur aviatexnikadan insonparvarlik va qutqaruv amaliyotlari, ayniqsa, suv toshqinlari va zilzilalar kabi tabiiy ofatlar chog‘ida foydalanishni xohlaydi.
"Bunday samolyotlar va vertolyotlarni xarid qilish uchun katta pul va ularni sotadigan sherik kerak. Tolibonda esa, ularning hech biri yo‘q", - deyishadi ular.
Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qayta egallagan qisqa vaqtning o‘zidayoq mintaqada eng yirik Armiyaga ega bo‘lish istagi va rejasini oshkora bayon qilishga ham ulgurgan.
AQSh harbiy aviatexnikasi taqdiri

Amerika Qo‘shma Shtatlarining elchisi Jonatan Henik o‘tgan yil O‘zbekistonda qolayotgan AQSh aviatexnikasi taqdiriga oydinlik kiritgan.
U o‘shanda kun.uz internet nashriga Afg‘onistondagi Tolibon hukumati da’vogarlik qilayotgan o‘nlab harbiy samolyot va vertolyotning O‘zbekistonda qolishini aytgan.
U mamlakati bu borada O‘zbekiston bilan rasman kelishib bo‘lganiga ham ishora qilgan.
Elchi, shunday derkan, "ushbu harbiy texnika hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagani, Afg‘oniston Qurolli kuchlari ulardan faqat foydalangani, egasi esa, o‘zlari bo‘lganliklari va ekanliklari"ni ham ta’kidlagandi.
Ammo AQSh elchisi tomonlarning qachon va qanday shartlar asosida bu kabi to‘xtamga kelishgani tafsilotlariga oydinlik kiritmagan, u faqat "tomonlar allaqachon qo‘shma dasturni amalga oshirayotganliklari"ni qo‘shimcha qilgani aytilgandi.
Mazkur xabar tafsilotlaridan tilga olingan "qo‘shma dastur" ham aynan nimalarni ko‘zda tutishi noayon qolgan.
AQSh elchisining har ikki mazmundagi so‘zlarini o‘shanda rasmiy Toshkent sharhlamagan, na-da tasdiqlagan va na-da inkor qilgandi.
O‘zbekistondagi AQSh elchisining bu so‘zlari ham o‘shanda toliblarning e’tiboridan chetda qolmagan.
Tolibon hukumatining bayonoti bu holatda ham uning Milliy Mudofaa vazirligi nomidan yangragan.
Vazirlik o‘zining bayonotida, "O‘zbekistondagi Afg‘onistonga tegishli samolyotlar va vertolyotlarning taqdiriga oid har qanday bitimni nomaqbul", deb atagan.
"Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston mulklarini musodara qilish va tarqatish vakolatiga ega emas"ligini ta’kidlagan.
Tolibon Milliy Mudofaa vazirligi shunday derkan, "O‘zbekiston hukumatini bu kabi ishlardan tiyilish"ga chaqirgan.
"Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini aks ettiruvchi oqilona qarorlar qabul qilish, Afg‘oniston Harbiy-havo kuchlari samolyotlari va vertolyotlarini topshirishda hamkorlik qilish"ga chaqirgandi.
Buning ortidan Amerikaning O‘zbekistondagi elchisi mamlakatining AQSh aviatexnikalarini O‘zbekistonda qoldirish qarori va bunga Tolibon tomonining munosabatiga o‘zlarining mavqe’larini ochiqlagan.
Elchi Jonatan Henik "Amerika ovozi"ning bu xususdagi qator savollariga javob bergan.
"Hozir aviatexnika butkul O‘zbekiston ixtiyoridami yoki bu jarayon hanuz davom etayotgani-yo‘qligi", savoliga javob berarkan, elchi Jonatan Henik,"ushbu masala bo‘yicha aytganlariga qo‘shadigan hech narsasi yo‘q"ligi, "u hal bo‘lgan"ini aytgandi.
So‘z jami 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot haqida bormoqda.
Ular 2021 yil avgustiga qadar Afg‘oniston Tolibon harakati tomonidan qulatilgan va G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan afg‘on hukumati ixtiyorida bo‘lgan.
Xuddi shu manzarada ayrim yetakchi mahalliy internet nashrlarida o‘zbekistonlik ayrim yetakchi ekspertlarning mazkur aviatexnika Afg‘onistonga qaytarilsa, "bu qo‘shni davlatlar uchun tahlikaviy vaziyatni yuzaga chiqarishi mumkin"ligiga oid fikrlari ham bo‘y ko‘rsatgandi.
So‘nggi AQSh harbiysi esa, Afg‘onistonni 2021 yilning 31 avgust kuni tark etgan.
Tolibon nimaga umid qilayapti?

Surat manbasi, ANADOLU
Voqealarning so‘nggi rivoji Amerika Qo‘shma Shtatlarida yangi Respublikachi prezident – Donald Tramp yana qudratga qaytgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Aynan Donald Tramp Tolibon harakati bilan xalqaro kuchlarning Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy hozirligiga chek qo‘ygan, ammo, alal-oqibat toliblarning yana hokimiyatni egallashlari bilan yakun topgan "tarixiy" kelishuvga erishgan AQSh prezidenti bo‘ladi.
Donald Tramp esa, ikkinchi bor prezident sifatida qasamyod keltirishi arafasida Afg‘onistonga bo‘lajak moliyaviy yordamlar Tolibon yetakchilarining mamlakatdagi AQSh harbiy texnikasini qaytarishlariga bog‘liq bo‘lishini aytgan.
Aynan Amerika Qo‘shma Shtatlari Tolibon qudratga qaytganidan keyin ham Afg‘onistonning eng yirik donori sifatida qolayotgan davlat bo‘ladi, ularning Afg‘onistonga yiliga berib kelayotgan moliyaviy ko‘magi bir necha milliard dollarga baholanadi.
Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat va uning qanday tus olishi esa, o‘tgan to‘rt yilcha vaqt ichida yirik xalqaro ko‘mak tashkilotlarining jiddiy xavotirlariga molik, favqulodda ko‘maksiz, "Yer yuzining jahannamiga aylanajagi"ga oid baholariga ham sabab bo‘lib keladi.
Tolibon o‘zining tan olinishi uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surilgan shartlarni e’tiborsiz qoldirarkan, Afg‘onistonga berib kelinayotgan yirik miqdordagi yillik xalqaro moliyaviy ko‘maklar hanuz tiklanmagan va mamlakatning chetdagi muzlatib qo‘yilgan bir necha milliard dollarlik aktivlari hanuz ochilmagan.
Toliblar hali-hanuz o‘zlariniki inklyuziv ekanini ta’kidlagancha, ko‘p millatli Afg‘onistonda keng qamrovli va saylangan hukumat tuzishga borishmagan, afg‘on xotin-qizlarining haq-huquq va erkinliklarini ham tobora cheklashda davom etmoqda.
Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, Donald Trampning AQSh tashqi yordamini to‘xtatib qo‘yishga bo‘lgan urinishlari bilan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
AQSh Davlat Departamentining 2022 yilgi hisobotiga tayanilsa, 2021 yilgi ommaviy harbiy safarbarlik ortidan, Afg‘onistonda umumiy qiymati $7 milliard dollarga yaqin harbiy texnika qoldirilgan.
Tolibon muvaqqat hukumati o‘zining qudratga qaytishi sanasini bayram qilib, uyushtirayotgan harbiy paradlarida ulardan ayrimlarini butun dunyoga namoyish etib ham keladi, yaqinda bu texnikalardan ba’zilarining poytaxt Kobulda qayta sotilayotganini esa, Bi-bi-si muxbiri o‘zi ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan.
Trampning bu so‘zlariga toliblarning munosabati o‘shanda noayon qolgan.
Ammo Tolibon hukumati Donald Trampning Amerika Qo‘shma Shtatlarida yana prezident etib saylanishini e’tiboridan chetda qoldirmagan.
Tolibon muvaqqat Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqqan.
Vazirlik bayonotidan toliblar yangi AQSh ma’muriyatidan pragmatik yondashuv va o‘zaro munosabatlarida yangi davrga ko‘z tikayotganliklari anglashilgandi.
Voqealarning AQSh aviatexnikasi bilan bog‘liq so‘nggi rivoji ham Tolibon hukumati hali dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olmagan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Ayrim ekspertlar o‘z tahlillarida buni O‘zbekistondagi AQSh aviatexnikasining Tolibon boshqaruvidagi Afg‘onistonga qaytarilishi ehtimolini yo‘qqa chiqaruvchi bosh omil sifatida ham tilga olishgan.
O‘zbekistonlik ayrim yetakchi siyosiy tahlilchilar fikricha, AQSh harbiy aviatexnikasining yakuniy taqdiri haqida so‘z ketganda, O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi munosabatlar, hamkorlikka ham ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi.
Xabarlarga ko‘ra esa, Vashingtondagi tadbir chog‘ida O‘zbekistonning elchisi mamlakati Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Elchi Furqat Sidiqov ikki davlat xavfsizlik tizimlari va qurolli kuchlari o‘rtasidagi aloqalarni yuqori baholagan.
Boshqa tomondan, O‘zbekiston mintaqaning Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bilan yaxshi siyosiy va iqtisodiy aloqalarga ega sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.
Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘onistondan olib o‘tilgan aviatexnika masalasi turli davlatlar ishtirokidagi murakkab masalaga aylangan.
Ularning fikricha, Tolibon hukumati O‘zbekistonga nisbatan yovqarash mavqe’ni egallamaydi, chunki O‘zbekistonni muhim savdo-iqtisodiy hamkor sifatida ko‘radi.
Lekin, shunga qaramay, mazkur aviatexnika masalasi ikki tomon o‘rtasida tanglik sababiligicha qolaveradi, - deyishadi ayni fikrda bo‘lgan ekspertlar.
Ammo voqealarning bu galgi rivoji manzarasida ham Tojikistondagi AQSh harbiy aviatexnikasining keyingi taqdiriga oid savol ochiq qolgan.
Tojikiston qolgan mintaqa davlatlari bilan qiyoslanganda, Tolibon Afg‘onistoniga nisbatan hanuz eng keskin mavqe’da qolayotgani bo‘ladi.
Rasmiy Dushanbe orada faqat Afg‘onistonning saylangan hukumatinigina qonuniy, deb tan olishlarini bayon qilgan.












