Rossiya hech kim qilmagan ishni qildi, Markaziy Osiyo davlatlari hozircha jim...

Surat manbasi, rasmiy
Rossiya so‘nggi soatlarda sarlavhalarga chiqdi.... Xuddi shu manzarada Shavkat Mirziyoyev Tolibon hukumati Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashdi.
Rossiya Tolibonni Afg‘onistonning rasmiy hukumati deb tan olgan birinchi mamlakat bo‘ldi

Surat manbasi, Афғонистон элчилиги/ТАСС
Prezident Vladimir Putin Afg‘oniston Islomiy Amirligini Rossiya tomonidan rasman tan olinishi haqida qaror qabul qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar qilishicha, 3 iyul kuni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko "Afg‘oniston Islomiy Amirligining Rossiya Federatsiyasidagi elchisi sifatida tayinlangan Gul Hasan Hasandan ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilgan".
"Afg‘oniston Islomiy Amirligi hukumatining rasman tan olinishi mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda ikki tomonlama samarali hamkorlik rivojiga turtki beradi, deb umid qilamiz", deyiladi Rossiya TIV tarqatgan bayonotda.
Rossiyaning nega aynan bugunga kelib bu kabi qarorga kelgani sababi ma’lum emas.
Ammo yangilik Ukrainadagi urushi sabab, G‘arbning ustma-ust sanksiyalari ostida qolarkan, Rossiya Global janubga yanada kuchliroq yuz burish harakatida bo‘lgan bir manzarada bo‘y ko‘rsatdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Isroil-Eron mojarosiga bevosita aralashuvi Rossiyaning mintaqadagi yana bir ittifoqchisini boy berishiga sabab bo‘ladimi, degan savollar kun tartibiga chiqib turgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
TASSning Rossiyaning Kobuldagi elchisiga iqtibosan yozishicha, "Afg‘onistonni tan olish to‘g‘risidagi qarorni Putin Lavrov taklifi bilan qabul qilgan va bu Moskvaning muloqot o‘rnatish istagidan dalolat beradi".
Tolibon munosabati

Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri "Rossiyaning bu dadil qadamini qadrlashlari"ni aytdi.
U Kobulda Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnov bilan uchrashdi.
Amir Xon Muttaqiy aytishicha, so‘nggi yangilik boshqa mamlakatlar uchun "namuna bo‘ladi".
So‘nggi yangilikkka O‘zbekiston ilova Afg‘onistonga qo‘shni qolgan mintaqa davlatlaridan poytaxtlari barobarida G‘arb, jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarining munosabati ham hozircha imkonsiz.
3 iyul kuni Ozarbayjonning Xonkendi shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy Hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tolibon hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qilgan.
Prezident Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegaraoldi savdo va sanoat kooperatsiyasini kuchaytirishni taklif qildi, deb xabar berdi gazeta.uz
"Strategik muhim mintaqaviy loyiha — Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligi qayd etildi", deyiladi xabarda.
Rossiyaning Tolibon hukumati bilan bog‘liq rejasi bu uchrashuv kun tartibida bo‘lgani yoki yo‘qligi hozircha ma’lum emas, ammo yangilik xuddi shu kun yakunida bo‘y ko‘rsatgan.
Tolibon O‘zbekistonga o‘zining birinchi elchisini tayin etganiga oid xabarlar o‘tgan yilning fevral oyida chiqqan.
Tolibon O‘zbekistondagi elchisini almashtirib, eskisining o‘rniga yangisini tayin etgani esa, xuddi o‘sha yilning avgustida ma’lum bo‘lgan.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Tolibon hukumati vakillari bilan uchrashuvda Toshkent afg‘on diplomati faoliyatini boshlash bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilganini bildirgandi.
O‘tgan yil oktyabr oyida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Tolibonning elchisini qabul qilgani, oradan oy o‘tib, O‘zbekistonning Kobuldagi yangi tayinlangan elchisi Oybek Usmonov Tolibon hukumatining Tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiyga ishonch yorliqlari nusxasini topshirgani xabar berilgan.
O‘zbekiston kattayu kichik minbarlardan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonni yakkalab qo‘ymaslikka rasman va oshkora chaqirib kelayotgan dunyoning kam sonli davlatlaridan biri ham bo‘ladi.
Xitoy esa, 2023 yilning sentyabr oyida Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga rasman o‘zining yangi elchisini tayinlagan birinchi davlatga aylangan.
O‘zbekiston ham Rossiya va Xitoy kabi Tolibon qudratga qaytishi ortidan ham Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonasini yopmagan dunyoning sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.
Uzoq yillik urushlar ichidagi va turli jangari guruhlar boshpana topib kelayotgan Afg‘oniston mintaqa davlatlari qolib, Rossiya va Xitoy kabi global yadroviy qudratlar uchun ham xavfsizlik nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etib keladi.
Boshqa tomondan, Afg‘oniston tahdidi Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining siyosiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishida Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ham ko‘riladi.
So‘nggi yangilikning mintaqa xavfsizligi uchun nimani anglatishi hozircha ma’lum emas.
Putin o‘tgan yil davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda ekan, poytaxt Toshkentda Tolibonni tan olish borasidagi qarorning "birgalikda ishlab chiqilishi"ni aytgan.
Rossiya prezidenti bu xususda ko‘plab boshqalari qatori "Markaziy Osiyodagi hamkorlari, do‘stlarining ham fikrlari inobatga olinishi", ular bilan muloqotda ekanliklarini ta’kidlagandi.
Buning ortidan Oq uyning o‘sha paytdagi maslahatchisi mamlakati Tolibon hukumatini rasman tan olish rejasida emasligini bayon qilgan.
Jon Kirbi, "Agar, Rossiya bu ishni qilsa, boshqalarga yanglish ishora berajagi"ni aytgandi.
Rossiyaning Afg‘oniston Tolibon harakati bilan munosabatlari silliq kechmagan.
Ammo, aksariyat tahlilchilar fikricha, ikkovlonni G‘arb boshchiligidagi koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondagi uzoq yillik harbiy hozirligi va saflarida postsovet makonidan eng ko‘p Rossiya fuqarolari jang qilgani aytilgan IShID jangari guruhi omili bir-biriga yaqinlashtirgan.
Kreml, yillarki, Afg‘onistonga chegaradosh Markaziy Osiyo mintaqasini o‘zining "janubiy sarhadlari" o‘laroq ko‘rib keladi.
Shu yil boshida AQSh prezidenti sifatida ikkinchi bor o‘z vakolati ijrosiga kirishgan Respublikachi Donald Tramp ma’muriyati esa, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga oid o‘zining yangi siyosatini hozircha rasman e’lon qilmagan.
Ammo harakatning yana Afg‘onistonda qudratga qaytishiga yo‘l ochgan 2020 yilgi "tarixiy" bitimga erishgan birinchi AQSh prezidenti ham aynan Tramp bo‘lgan.
Xuddi shu bitim doirasida xalqaro ittifoq kuchlari 20 yillik harbiy hozirliklariga yakun yasab, 2021 yilning avgustida Afg‘onistonni butkul tark etishgan.
Shu yil aprel oyida esa Rossiya Oliy sudi Afg‘oniston Tolibon harakatini "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqargan, mamlakatda tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan uzoq yillik taqiqni bekor qilgan.
Ammo bu ro‘yxat Tolibon vakillarining hali 2018 yili Moskvaga safar qilishlariga, Rossiya rasmiylari bilan muloqotlariga mone’lik qilmagan edi.
Rossiya hozir ham afg‘on mojarosi yechimiga qaratilgan Moskva formati yig‘inlariga mezbonlik qilib keladi.
Markaziy Osiyo davlatlari Moskva boshchiligidagi bu formatning ham ishtirokchilari sanalishadi.
2022 yili Rossiya Afg‘onistonga imtiyozli asosda neftь, gaz va bug‘doy yetkazib berishga kelishgan, Tolibon bilan bu xususda ilk xalqaro iqtisodiy kelishuv imzolagan dastlabki mamlakatlardan biri ham bo‘lgan.
Rasman tan olmagan bo‘lsa ham O‘zbekiston Tolibon bilan muloqotlarni ushlab turgan, insonparvarlik yordamlari yuborgan, turli savdo-iqtisodiy hamkorlikni faol yo‘lga qo‘ygan mamlakat bo‘lib turibdi.

Surat manbasi, Reuters
G‘arb hukumatlari va insonparvarlik tashkilotlari Tolibon hukumatini keskin tanqid qiladilar, Tolibonning qattiqqo‘l shariat qonunlari, xususan, ayollarga nisbatan qattiq cheklovlarini qoralaydilar.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu cheklovlarni "gender aparteid"ga ham tenglashtirgan, sobiq hukumat mulozimlariga nisbatan shafqatsiz zo‘ravonliklar haqida ham xabar bergan.
Tolibon Afg‘onistondagi qolgan siyosiy fraktsiyalar bilan tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqarib, hokimiyatni qayta egallagan, mamlakatni yana Islomiy Amirlik, deb e’lon qilgan va inklyuziv hukumat tuzish ilova xalqaro hamjamiyat tomonidan ilgari surib kelinayotgan asosiy talablarni bajarmay keladi.
Tolibon harakatining Afg‘onistondagi ilk tuzumi xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmagan, yaqin ittifoqchisi, deb ko‘rilgan "al-Qoida" tarmog‘i mas’ullikda ayblangan Nyu-York va Vashingtonga qarshi uyushtirilgan 2001 yil 11 sentyabrь hujumlari ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro ittifoq tomonidan qulatilgan.
Rossiyaning Afg‘oniston Islomiy Amirligi va Tolibon muvaqqat hukumati bilan bog‘liq so‘nggi yangilikka Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy munosabati hozircha imkonli emas.
2021 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga nisbatan qattiq sanksiyalar joriy etilgan, xususan, 9 milliard dollarga yaqin aktivlari muzlatilgan.
Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosidan bittasi ham bo‘ladi.












