O‘zbekiston: Is gazi yoki uyqudan omon turmoq uchun nima kerak? Video

Surat manbasi, Namangan viloyati FVB
421 inson. Bu 2020 yil boshidan to 2023 yil sentyabriga qadar is gazidan zaharlanib halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni. Yildan yilga ortayotgan o‘limlarni kamaytirishi mumkin bo‘lgan oddiy yechimga nega e’tibor qaratilmayapti?
2020 yildan to 2023 yil sentyabriga qadar bo‘lgan davr ichida O‘zbekistonda 421 inson is gazidan zaharlanib olamdan o‘tgan.
Bunga oid rasmiy ma’lumotda mazkur o‘limlar 245 ta noxush holat doirasida sodir bo‘lgani va, shuningdek, 200 inson zaharlanishdan jarohat ham olgani haqida so‘z boradi.
2023 yil sentyabridan so‘ng mahalliy matbuot tarqatgan xabarlarda is gazi 2024 yil bahoriga qadar yana kamida 20 dan ziyod insonni hayotdan olib ketgani anglashiladi.
Joriy yildagi sovuq mavsum endigina kirib kelar ekan, is gazi allaqachon o‘zbekistonliklarni yana o‘ldira boshlagan.
Yangi mavsumda matbuot yuzini ilk ko‘rgan sovuq xabar Qoraqalpog‘istondan kelgan – bir kunda uch inson olamdan ko‘z yumgan.
Oktyabrь oxiriga qadar mahalliy nashrlar is gazi Bekobodda ota-o‘g‘il, Andijonning Jalaquduq tumanida to‘rt insonni o‘ldirganini xabar qilgan.
Sovuq tushishi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi kabi mas’ul davlat tashkilotlari is gazi xavfidan ogohlantiruvchi yillardan buyon qariyb o‘zgarmas tashviqot kampaniyasini boshlagan.
Ammo negadir bu gazdan o‘lishlar soni kamaymayotir.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
“Unsiz qotil”

Surat manbasi, Namangan viloyati FVB
Xalqaro maydonda norasman “unsiz qotil” nomini olgan bu zaharli gaz hidsiz, rangsiz bo‘lib, aksar hollarda uni maxsus moslamasiz aniqlashning imkoni yo‘q.
Is gazi yoki uglerod oksidi tarkibida uglerod mavjud bo‘lgan o‘tin, ko‘mir, tabiiy gaz, benzin kabi barcha yoqilg‘i turlarining chala yonishi oqibatida hosil bo‘ladi.
O‘zbek xonadonida esa is gazi hosil bo‘lishi uchun shart-sharoit yetarlicha.
Is gazi nafas yo‘llari orqali juda kam miqdorda ham organizmga kirganda, tana a’zolariga kislorod yetib borishiga to‘sqinlik qiladi.
Oqibatda, bosh aylanish, ko‘ngil aynish, mushaklar bo‘shashishi kuzatiladi.
Is gazi ko‘proq shamollatilmagan xonada uxlab yotgan insonlarni o‘ldiradi.
“Olib borilgan tahlillarga ko‘ra, is gazidan zaharlanish holatlari asosan (60-70%) ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarni isitishda gaz plitasidan foydalanish natijasida, qolgan holatlarda esa mo‘rilarning o‘z vaqtida tozalanmasligi, tutun yo‘llari va fortochkalarning yopib qo‘yilishi, chet ellarda ishlab chiqarilgan nostandart va qo‘lbola isitish vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida, uyni isitishda ochiq holdagi ko‘mir va o‘tin cho‘g‘laridan foydalanish natijasida yuzaga kelishi mumkin”, deyiladi FVV o‘tgan yili e’lon qilgan ogohlantirishda.
Davlat tomonidan ogohlantirilmayapti: gaz xohlagan payti oʻchib qolishi, xohlagan payti yuqori bosimda qayta kelishi mumkin. Mana shu sabab ham is gazi paydo boʻlyapti.
Yillardan buyon ijtimoiy tarmoqda is gazidan ehtiyot bo‘lishga chorlab kelayotgan bloger Dima Qayum ham is gazidan zaharlanish holatlariga, asosan, odamlarning o‘z ehtiyotsizligi sabab bo‘layotgani haqida gapiradi.
“Ko‘p yillik pechkachi – shu soha mutaxassisi sifatida aytolamanki, odamlar eski, chirib ketgan trubalardan qayta-qayta foydalanishyapti”, deydi u.
Bir vaqtning o‘zida bloger tabiiy gaz ta’minotidagi ko‘p kuzatiladigan ogohlantirishsiz uzilishlar ham halokatli hollarning muhim omillaridan ekanini ta’kidlaydi.
“Davlat tomonidan gaz yonib-o‘chishi haqida ogohlantirilmayapti. Gaz xohlagan payti o‘chib qolishi, xohlagan payti yuqori bosimda qayta kelishi mumkin. Mana shu sabab ham is gazi paydo bo‘lyapti”.
Halokatlar sabablari aniq va mas’ul davlat tashkilotlari har sovuq mavsumda odamlarni qo‘lbola isitish moslamalardan foydalanmaslik, ularni qarovsiz qoldirmaslik kabi amallarga chaqiruvchi targ‘ibot ishlarini tinimsiz olib boradi.
Ammo rasmiy idoralarning yillardan buyon qariyb o‘zgarmaydigan bunday tavsiyalarida xalqaro sinalgan bir usul deyarli ko‘zga tashlanmaydi: uyda is gazini payqovchi detektor o‘rnatish.
No carbon monoxide alarm

Surat manbasi, Screenshot
Airbnb platformasida Toshkent shahrida chet elliklar uchun taklif etilayotgan kvartira ijarasi e’lonlaridagi bir umumiylik kishi e’tiborini o‘ziga tortadi – ularning aksar qismida kvartiralarda is gazi va tutunni payqovchi detektorlar o‘rnatilmagani ko‘rsatilgan.
Airbnb uy sohiblarini mehmonlar uchun qulay, shinam va xavfsiz sharoit yaratishga da’vat qilishi bilan mashhur.
Qisqacha aytganda, vaqtincha yashash uchun chet elliklarga taklif qilinayotgan mazkur xonadonlarni poytaxt Toshkentdagi eng oldi kvartiralaridan deyish mumkin.
Biroq, hatto, ana shunday kvartiralarning aksar qismida ham is gazi va tutunni payqovchi detektorlar o‘rnatilmagan.
Zamonaviy is gazi yoki uglerod oksidi detektorlari elektrokimyoviy sensorlar bilan jihozlangan batareyadan quvvat oluvchi ixchamgina qurilma bo‘lib, ular havodagi zaharli gaz miqdori xavfli darajadan osha boshlasa, kuchli ovoz chiqarib, odamlarni ogohlantiradi.
Ko‘plab davlatlarda is gazi detektorlari o‘rnatish nafaqat tavsiya qilinadi, balki qonun bilan talab qilinadi ham.
AQShdagi bir qancha shtatlarda shunday talabni uchratish mumkin.
Kanada ham yangi qurilayotgan turar-joylarga is gazi detektorlarini o‘rnatishni majburiy qilib qo‘ygan.
Oxirgi yillarda Britaniyada uglerod oksidi xavfidan saqlanish talablari kuchaytirilgan.
Angliyada ijaraga berilayotgan barcha uylarni shunday detektorlar bilan ta’minlash qonunan talab qilinadi.
Ijarachilarga esa bunday detektorlar ishlayotganini tekshirib turish majburiyati yuklatilgan.

Surat manbasi, Screenshot
Inson hayotini osonlik bilan saqlab qolishi mumkin bo‘lgan bunday detektorlar onlayn marketpleyslarda allaqachon u qadar qimmat bo‘lmagan narxlarda sotuvga qo‘yila boshlagan bo‘lsada, negadir is gazi detektorlari O‘zbekistonda deyarli ommalashmagan holda qolmoqda.
Bloger Dima Qayum buning sababi aholining aksar qismi bunday detektorlar mavjudligidan bexabar ekanida bo‘lishi mumkinligi haqida gapiradi.
Bi-bi-si o‘tkazgan kichik so‘rovnomada ishtirok etgan 230 dan ziyodroq qatnashchining yarmidan sal ko‘proq qismi is gazi xavfidan xavotirlanishi, lekin o‘z uyiga bu zaharli birikmani payqovchi qurilma o‘rnatish haqida o‘ylab ko‘rmagani haqida bildirdi.
Albatta bu so‘rovnoma natijalari O‘zbekistondagi kattaroq manzarani o‘zida aks ettira olmaydi.
Ammo mas’ul tashkilotlar targ‘ibotida bunday qurilmalaridan foydalanishga chaqirish deyarli ko‘zga tashlanmasligi va is gazi detektorlari mamlakatda ommalashmagani o‘rtasida uzviy bog‘liqlik bordek ko‘rinadi.
Bundan bir yil avval ayni masala muhokama etilgan Senatdagi yig‘ilishda ham xavfsizlikni ta’minlash mexanizmlariga oid qonunchilikda bo‘shliq mavjudligi, is gazidan zaharlanish oqibatlarini hisobga olishning aniq tizimi haligacha yaratilmagani, soha bo‘yicha mutaxassislar yetarli emasligi tan olingan edi.












