Ozarbayjon prezidenti matbuotni qanday qo‘lga o‘rgatib, o‘zidan qo‘rqitib qo‘ydi?

Ilhom Aliev nutqi olib uzatilayotgan payt.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ozarbayjondagi ko‘plab jurnalistlarning ketish yoki qamoqqa tushishdan boshqa tanlovi yo‘q...
    • Author, Maharram Zeynalov
    • Role, Bi-bi-si
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Ozarbayjon prezidenti jurnalistlarning chetdan mablag‘ olishini yoqtirmaydi. Biroq uning yigirma yillik hokimiyati davrida mamlakatda mustaqil matbuot uchun dosh berib bo‘lmas sharoitlar yaratildi va jurnalistlar Yevropadan homiylar izlashga majbur bo‘ldi. Endi bu ham qonunga xilof bo‘lib qoldi va o‘nlab jurnalistlar qamoqqa tashlandi, mamlakatdagi siyosiy mahbuslar soni esa, Ilhom Aliev boshqaruvi tarixida ilk bor 300 dan oshib ketdi.

Aloqador mavzular:

Skip Bizga a’zo bo‘ling: and continue readingBizga a’zo bo‘ling:

End of Bizga a’zo bo‘ling:

Илҳом Алиев
gettyimages
Илҳом қатағонлар ва матбуотга нисбатан қаттиқроқ. Лекин бу унинг феъл-атвори қаттиқроқ бўлгани учун эмас, балки одам ва сиёсатчи сифатида заифроқ бўлгани учун – отаси кучлироқ эди
Чингиз Султонсой
“Озодлик” радиосининг Озарбайжон бўлими собиқ муҳаррири (батафсил: bbc.com/uzbek да).

2024 yil noyabrining ikkinchi haftasida Bokuda BMTning iqlim bo‘yicha sammiti boshlanganida, ba’zilar xorijiy mehmonlarning tashrifi va Ozarbayjonning dunyoga ochiqlikka intilishi tufayli hukumat shu yil davomida qamoqqa olingan o‘nlab jurnalistlarni ozod qilishga majbur bo‘ladi, deb umid qilishgandi.

Boshqalar esa, aksincha, sammitdan so‘ng qamoqqa olishlar davom etadi, deb aytishardi.

Ikkinchisi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. O‘sha juma kuni MeydanTV surishtiruv nashri jurnalisti Ramin Deko hibsga olindi, politsiyaning aytishicha, valyuta kontrabandasida ayblanmoqda. Qolgan jurnalistlar esa so‘roq qilish uchun olib ketildi.

Qamoqqa olishlar bir yil avval boshqa surishtiruv sayti – AbzasMedia xodimlari bilan boshlangan edi, ular deyarli to‘liq tarkibda qamoqqa tushgan. Ularning ortidan boshqa ommaviy axborot vositalari xodimlari, inson huquqlari himoyachilari va xorijiy OAV bilan aloqador siyosatchilar panjara ortiga jo‘natildi. Keyin olimlar, ozchiliklar huquqlari haqida maqolalar yozgan mualliflar qo‘lga olindi.

"Ozarbayjon siyosiy mahbuslarini ozod qilish" ittifoqi (unga eng taniqli huquq himoyachilarining bir qatori a’zo, ularning ba’zilari o‘zlari ham qamoqxonalarda bo‘lishgan) ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi siyosiy mahbuslar soni 300 kishidan oshib ketdi.

Ular orasida jurnalistlar, huquq himoyachilari, partiya faollari va armiyada qiynoqlarga duchor bo‘lganlar bor. Ittifoqning ta’kidlashicha, bu asr boshidan beri mamlakatda bunday ko‘p siyosiy mahbus bo‘lmagan.

Kuzatuvchilar dastlab qamoqqa olishlar sabablari haqida taxminlar qilishdi, AQSh bilan munosabatlarning yomonlashuvi, 2024 yil fevralida (o‘sha paytda) bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari haqida gapirishdi, ammo hammasi oddiyroq bo‘lib chiqdi.

Sevinj Vagifqizining ko‘cha portreti

Surat manbasi, ILQAR MIRZA

Surat tagso‘zi, AbzasMedia muharriri Sevinj Vagifqizi bir yildan beri panjara ortida saqlanmoqda. Uning hibsga olish muddati vaqti-vaqti bilan uzaytiriladi.

Gap pulda...

"Biz, har qanday davlat singari, o‘z axborot makonimizni tashqi salbiy ta’sirlardan himoya qilishimiz, qonunlarga barcha rioya qilishi kerak. Ozarbayjonda erkin jamiyat bor, shu jumladan, OAV vakillari ham," degan edi Ozarbayjon prezidenti shu yil bahorda.

U 2023 yil kuzida boshlangan jurnalistlar va faollarni qamoqqa olish to‘lqini ularning xorijdan moliyalashtirilishi bilan bog‘liqligini tan oldi va bu qamoqqa olishlarni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi.

Birinchi qurbon Yevropa grantlarini olgan AbzasMedia – surishtiruv OAVi bo‘ldi. Uning ta’sischisi, muharriri va xodimlari o‘tgan yil oxirida hibsga olingan.

AbzasMedia jurnalistlari Ozarbayjon Armaniston bilan urush natijasida qaytarib olgan Qorabog‘ning vayron bo‘lgan qishloqlari va unga chegaradosh hududlarni tiklash uchun ajratilgan mablag‘lar qayerga sarf bo‘layotganini aniqlamoqda edi. Ularning korruptsiyaga oid tergovlarida ko‘pincha prezident oilasi tilga olinardi.

Keyin yirik surishtiruvlar bilan shug‘ullanmagan, biroq chet el mablag‘larini olgan OAVlar – Kanal13, Toplum TV, Meclis.info navbatga tushdi.

Deyarli barcha ayblanuvchilar valyuta kontrabandasi aybi bilan qamoqqa olindi. Bunga Ozarbayjon bir necha yil davomida izchil o‘zgartirib kelgan qonunlar asqatdi.

Rassomlar uyushmasi binosi yonidagi bannerda “Ozarbayjon rassomlari doim siz bilan!” degan yozuv bor.
Surat tagso‘zi, Rassomlar uyushmasi binosi yonidagi bannerda "Ozarbayjon rassomlari doim siz bilan!" degan yozuv bor.

Ozarbayjoncha "chet el agentlari" to‘g‘risidagi qonunlar

2014 yilda, keyin esa 2022 yilda mamlakatda nodavlat notijorat tashkilotlari va matbuotni chet eldan moliyalashtirishni jiddiy cheklovchi qonunlar qabul qilingan edi.

2014 yildan so‘ng "grantlar to‘g‘risidagi qonun"ga o‘zgartirishlar kiritilgach, davlat nodavlat notijorat tashkilotlarini grantlarni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazishga majbur qildi va bu ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish huquqini o‘ziga oldi.

Shundan so‘ng xalqaro homiylar Ozarbayjonni ommaviy ravishda tark eta boshladi. 50 dan ortiq xalqaro tashkilot Ozarbayjondan chiqib ketdi. Demokratik tashabbuslar instituti rahbari Akif Gurbanovning aytishicha, qonun nodavlat sektorni jamoatchilik maydonidan siqib chiqardi va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini amalda falaj qilib qo‘ydi. Gurbanovning o‘zi o‘tgan yil kuzidan beri valyuta kontrabandasi ayblovi bilan tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

2022 yilda kuchga kirgan keyingi qonun jurnalistlarga chet el mablag‘larini olishni butunlay taqiqlab qo‘ydi va ularga yagona davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tish, sudlanmaganlik va davlatga shaxsiy ma’lumotlarning keng ro‘yxatini taqdim etish majburiyatini yukladi.

Tanqidchilar bu qonun amalda jurnalistlarni amaldorlarga tenglashtirishi haqida gapirganlar. Media huquqshunos Alesker Mamedlining so‘zlariga ko‘ra, qonunda jurnalistlarga qo‘yilgan talablar atay oshirib yuborilgan va u repressiya quroliga aylanadi. Alesker Mamedlining o‘zi shu bahordan beri valyuta kontrabandasida ayblanib, tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Bahruz Samedov ko‘chada. Shaxsiy arxivdan olingan surat

Surat manbasi, BAHRUZ SAMADOV

Surat tagso‘zi, Olim Bahruz Samedov shu yilning yozida davlatga xiyonatda ayblanib hibsga olingan, hukumatparast matbuot esa uning tanqidiy maqolalarini yodga olgan.

Yangi bosqich va uning sabablari

Ilgari, "Ozarbayjon siyosiy mahbuslarini ozod qilish" ittifoqi ma’lumotlariga ko‘ra, yillar davomida siyosiy sabablarga ko‘ra qamoqlarda va tergovda bo‘lganlar soni o‘rtacha 100 dan sal ko‘proq edi, ammo shu yil bahoridayoq bu ro‘yxatda 300 ga yaqin ism paydo bo‘ldi.

Huquq himoyachisi va jurnalist Eldar Zeynalovning fikricha, jurnalistlarning hibsga olinishi ko‘rgazmali xususiyatga ega, chunki AbzasMedia kabi tanqidiy ommaviy axborot vositalari keng ommalashmagan edi.

"Ularni o‘z materiallarida aniq aytganlari uchun emas, balki boshqalarga saboq berish uchun ta’qib qilishmoqda, – deydi u. – Shu ma’noda, ta’qib qurbonining ko‘rinishi qanchalik beozor bo‘lsa, psixologik ta’sir shunchalik kuchli bo‘ladi."

Bu holda, deydi u, hatto guvoh sifatida jalb qilingan jurnalistlar ham qo‘rqib qolishdi: "Hammaga yaxshi ma’lumki, guvoh o‘zining ehtiyotsiz ko‘rsatmalari asosida osongina ayblanuvchiga aylanishi mumkin."

"Ozodlik" radiosi Ozarbayjon xizmatining sobiq muharriri Chingiz Sultansoy qatag‘onlarning yangi bosqichini Bokuda Ukrainadagi urush tugashidan qo‘rqishi bilan izohlaydi. Agar Rossiya mag‘lub bo‘lsa, uning avtoritar rejimlarni qo‘llab-quvvatlashi yo‘qqa chiqadi, deb hisoblaydi u.

"Bu siyosiy maydonni navbatdagi tozalash, kutilmagan g‘alayonlar yuzaga kelishi oldini olishdir, – deydi Sultonsoy. – Hokimiyat odamlar kutilmaganda eng kutilmagan sabablarga ko‘ra ko‘chaga chiqishi mumkinligini biladi, 2020 yilda bu pandemiya bo‘lishi mumkin edi."

Bundan tashqari, Sultansoyning fikricha, Aliev hamkasblarini hibsga olish uchun qulay paytni tanlagan – AQShda saylov kampaniyasi ketayotgan, Yevropa esa Ukrainadagi urush bilan juda band edi. 2015 yilda, "Ozodlik" radiosining Boku byurosi yopilgandan so‘ng, Sultonsoy Yevropaga ko‘chib ketdi.

Xandaqdan ko‘rinish. Oldinda Kalashnikov avtomati, o‘rtada durbin bilan qaragan askar, orqada esa tog‘lar.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qorabog‘dagi urush Ozarbayjonda ruxsat etilgan kam sonli siyosiy mavzulardan biridir.

Matbuotni vatanni sevishga qanday o‘rgatishadi

"Politsiya bo‘limida menga nima uchun Qorabog‘ haqida emas, korruptsiya haqida yozyapsan, deyishdi?" – dedi hibsga olingan kuni AbzasMedia rahbarlaridan biri Ulvi Hasanli o‘zining so‘nggi audio xabarida.

Armaniston bilan Qorabog‘ atrofidagi mojaro Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari uchun muhokama qilinishi mumkin bo‘lgan asosiy mavzulardan biridir. Rasmiy kun tartibida, hukumatga tarafdor ommaviy axborot vositalarida ayniqsa, asosan Ozarbayjon va uning prezidenti buyukligi, shuningdek, armanlarga qarshi axborot urushi haqida hikoya qilinadi.

Chet eldan moliyalashtirishni to‘xtatish va mamlakatda qolgan so‘nggi jurnalistlarni davlat moliyasi va davlat kun tartibiga "o‘tishga" majbur qilish – rasmiylar nimaga erishayotgani haqidagi savolga anonimlik sharti bilan Bi-bi-siga shunday javob berishadi.

Mamlakatda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish davlat agentligi mavjud bo‘lib, hukumat sadoqatli jurnalistlarga ular uchun maxsus qurilgan uylarda xonadonlar tarqatadi.

Aliev 2015 yilda jurnalistlar uchun birinchi uyning ochilishi marosimi chog‘ida.

Surat manbasi, AZERTAG

Surat tagso‘zi, Aliev 2015 yilda jurnalistlar uchun birinchi uyning ochilishi marosimi chog‘ida.

Kim musiqaga buyurtma beradi

Qolgan mustaqil jurnalistlarga ko‘pincha "chet elga ishlash," chet el manfaatlariga xizmat qilishlarini ta’na qilishadi. Lekin ularning ko‘pchiligi bugun "partiya chizig‘i"ga amal qilmaydigan jurnalistlarda xorijiy OAVda ishlashdan boshqa tanlov qolmaganini e’tirof etmoqda.

Mamlakatdan chiqib ketgan jurnalist Aytyan Farhodovaning aytishicha, erkin fikrlovchi jurnalistlar chet el ommaviy axborot vositalaridan ish izlashga majbur bo‘lmoqda, chunki mahalliy hokimiyat nazorati ostida bo‘lmagan nashrlar shunchaki qolmagan.

U 2000 yillarda Ozarbayjonning mahalliy homiylar, tirajlar va reklamalar hisobiga faoliyat yuritgan "Ekspress" gazetasida ishlagan. Lekin bu daromad manbai endi yo‘q. Ko‘p yillardan beri Ozarbayjon jurnalistlari hukumat matbuotni doimiy ravishda daromad manbalaridan mahrum qilgani, matbuot tarqatish sanoatini monopollashtirgani va yirik kompaniyalarga hukumatga yoqmaydigan nashrlarda reklama berishni taqiqlagani haqida shikoyat qilishmoqda.

"Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari qanday qilib xorijiy pullarga, donorlarga qaram bo‘lib qoldi, deb so‘rash kerak, – deydi jurnalist. – Bu vaziyatni hozirgi Ozarbayjon davlati yaratdi." Hozirda u Tbilisidan turib xalqaro donorlar, shu jumladan, Yevropa davlatlarining elchixonalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan OC-Media Gruziya nashri uchun ishlaydi.

Sultonsoy hokimiyat har qanday matbuot kimningdir shaxsiy siyosiy manfaatlariga xizmat qilishi kerak, deb samimiy ishonadi deydi: "Bu taxminlar sohasi, bu odamlar bizdan farqli o‘ylaydi, hatto bir xil faktlarga qarasalar ham; ularda dunyoga o‘z qarashlari, o‘z dunyoqarashi, oldingi tajribalardan shakllangan e’tiqodlari bor."

Biroq hokimiyat mamlakatda so‘z erkinligi bor degan gaplarining samimiyligiga kamdan-kam odam ishonadi. Rasman Ozarbayjonda 5 mingdan ortiq OAV, jumladan 25 ta tele- va 16 ta radio-kanal faoliyat yuritmoqda. Hokimiyat bu raqamlarni fikrlar xilma-xilligining isboti sifatida keltiradi.

Ammo bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Mamlakatdagi mashhur telekanallarning aksariyati xususiy, biroq amalda ularni hukumatga sodiq shaxslar, ba’zan sobiq amaldorlar nazorat qiladi. Masalan, ARB xususiy telekanalini ilgari Haydar Aliev nomidagi jamg‘armada, shuningdek, teleradioko‘rsatuvlarni litsenziyalash uchun mas’ul bo‘lgan Televidenie va radioeshittirish kengashida ishlagan Ismet Sattarov boshqaradi.

Mahalliy televideniening odatiy efiri – musiqiy ko‘rsatuvlar va tok-shoular, agar siyosat haqida gapirilsa ham, u kamdan-kam hollarda va asosan "qardosh Turkiya" va "dushman Armaniston" kabi qabul qilingan siyosiy klishelar doirasida bo‘ladi.

Bundan 10 yil oldin taniqli jurnalist-surishtiruvchi Xadicha Ismoil butun OAV tarmog‘ini o‘sha paytda Prezident ma’muriyatida bo‘lim mudiri bo‘lgan Ali Hasanov boshqarganini aniqlagan edi. Aynan u bilan bog‘liq radiostantsiya 2011 yilda Bi-bi-si Ozarbayjon xizmati ikki yil oldin efirga uzatgan chastotani oldi.

Bundan sal oldin (2009 yilda) Hasanov xorijiy media-resurslar Ozarbayjonda efirga uzatilmasligi kerakligini aytgan edi. Shunday bo‘lsa-da, Bi-bi-si o‘rnini egallagan radiostantsiya qisman Eron fuqarosiga tegishli edi.

Xadicha Ismoilning o‘zi iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, bir yarim yil koloniyada o‘tirdi.

Huquq himoyachisi Intiqam Aliev va jurnalist Xadicha Ismoil faolnig xonasida.
Surat tagso‘zi, Huquq himoyachisi Intiqam Aliev va jurnalist Xadicha Ismoil ham qamoqxona hayotini boshidan kechirgan.

Ozarbayjonda xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishayotgan va jurnalistlarga chet eldan grantlar olishni taqiqlashayotgan bir paytda, mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya tomonidan moliyalashtiriladigan bir nechta tashkilot faoliyat yuritmoqda. Bokuda Rossiyaning "Sputnik" agentligining mahalliy bo‘limi ham bor, o‘z sayti, Telegram kanali va matbuot markaziga ega.

Bi-bi-si Audiovizual kengash, Matbuot kengashi va 2000-yillarda jurnalistlar huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullangan parlament deputati Aflotun Amashovga so‘rov yubordi. Unda biz hokimiyatning Rossiya tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga munosabati Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarga munosabatidan farq qilishi sababini so‘radik va hokimiyat ta’qib qilayotgan ba’zi jurnalistlar ilgari Ozarbayjondagi mustaqil OAVda ishlaganini ta’kidladik.

Ular faqat o‘z nashrlarini yopgandan so‘ng xorijda moliyalashtiriladigan ommaviy axborot vositalarida ish izlay boshladilar. Biz bunday vaziyatda jurnalistlarga qamoqqa tushmaslik uchun qanday ishlash taklif etilishini so‘radik.

Biz murojaat qilgan shaxslarning hech biri savollarimizga javob bermadi.

Ozarbayjon jurnalistlari yiliga bir marta 2005 yilda o‘ldirilgan hamkasblari Elmar Huseynov qabriga kelib, uning xotirasini yod etishadi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ozarbayjon jurnalistlari yiliga bir marta 2005 yilda o‘ldirilgan hamkasblari Elmar Huseynov qabriga kelib, uning xotirasini yod etishadi.

"Ota kuchliroq edi"

Prezident Ilhom Aliev o‘z boshqaruvi ostida mamlakatda so‘z erkinligi to‘liq ta’minlanganini ko‘p marta ta’kidlagan.

"So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash biz uchun ustuvor masaladir va, aytishim mumkinki, Ozarbayjon bu sohada katta yutuqlarga erishdi," degan edi u.

Biroq biz mamlakatdan qochgan, qamoqda o‘tirgan, kasbini tark etgan ozarbayjon jurnalistlari bu asr boshlarida va mustaqillikning dastlabki yillarida, Ozarbayjonning hozirgi prezidentining otasi – Haydar Aliev hokimiyat tepasida bo‘lganida matbuot nisbatan erkinroq nafas olganini eslashlari haqida yozgan edik.

O‘shanda mahalliy radiochastotalarda Bi-bi-si Ozarbayjon xizmati va "Ozodlik" radiosining Boku byurosi eshittirardi, mustaqil gazetalar mavjud edi, ANS xususiy mustaqil telekanali esa o‘zining tanqidiy materiallari bilan mashhur edi. Oddiy fuqarolar orasida mayda maishiy muammolar yuzaga kelganda amaldorlarga qilinadigan tahdid memsifat ibora paydo bo‘lgan edi: "Hozir ANSni chaqiraman."

Darhaqiqat, "Chegarasiz muxbirlar" xalqaro tashkiloti 2002 yildagi OAV erkinligi indeksida Ozarbayjonni dunyoda 101-o‘ringa, Rossiyadan 20 pog‘ona yuqoriga qo‘ygan edi. Bugungi kunda u butun davr mobaynidagi eng past – 164-o‘rinda, hatto Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushini olib borayotgan, xorijiy agentlar va nomaqbul tashkilotlar to‘g‘risidagi repressiv qonunlarga ega Rossiyadan ham pastroqda joylashgan.

Sultonsoy buni hozirgi prezidentning otasi Haydar Aliev hokimiyatga uzoq yo‘l bosib kelgan nufuzli siyosatchi bo‘lganligi bilan izohlaydi. "Bunday yo‘l so‘zingiz va harakatlaringiz uchun mas’uliyat yuklaydi, – deydi jurnalist. – Ilhom [Aliev] esa tayyoriga kelgandi."

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Haydar Aliev davrida jurnalistlarni qasddan o‘ldirish holatlari bo‘lmagan, Ilhomning dastlabki yillari esa mashhur siyosiy jurnal "Monitor" muharriri Elmar Huseynovning shov-shuvli o‘ldirilishi bilan esda qolgan, bu jinoyat hali ham ochilmagan.

"Ilhom qatag‘onlarda va matbuot bilan munosabatlarda qattiqroq, – deydi Sultonsoy. – Lekin bu uning fe’l-atvori qattiqroq bo‘lgani uchun emas, balki u odam va siyosatchi sifatida zaifroq bo‘lgani uchun – otasi kuchliroq edi."

Ozarbayjonlik jurnalist Afgan Sadigov Ozarbayjonga ekstraditsiya qilinishi mumkin, u yerda uni qamoqxona kutmoqda

Surat manbasi, SEVİNJ SADİGOVA

Surat tagso‘zi, Ozarbayjonlik jurnalist Afgan Sadigov Ozarbayjonga ekstraditsiya qilinishi mumkin, u yerda uni qamoqxona kutmoqda.

Kasbdan ketgan, mamlakatni tark etgan yoki xorijiy ommaviy axborot vositalarida ishlayotgan ko‘plab ozarbayjonlik jurnalistlar faoliyatlarini Ozarbayjon nashrlarida boshlaganlar, bu nashrlar hozir chop etilmaydigan gazetalarda, litsenziyadan mahrum bo‘lgan radiostantsiyalar, allaqachon yopilgan veb-saytlardir. Ammo chet elga ketganlar ham o‘zlarini xavfsiz his qilmaydi.

Ozarbayjondan Gruziya, Frantsiya, Germaniya va boshqa mamlakatlarga ketgan muxbirlarga hujum qilingani haqida xabar berilgan. Taniqli jurnalist-surishtiruvchi Afg‘on Muxtorli 2017 yilda Gruziyada o‘g‘irlab ketilgan va Ozarbayjonga olib kelingan.

O‘sha Gruziyada to‘rt oydan beri uning adashi va hamkasbi Afgan Sadigov Ozarbayjonga deportatsiya qilinishini kutib qamoqda turibdi, u yerda uni firibgarlikda ayblashmoqda. Ochlik natijasida, xotini va advokatlarining aytishicha, uning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan, u nogironlar aravachasida yuradi va shifokorlar nazorati ostida.

U o‘z vatanida ikki yil qamoqda o‘tirgan va siyosiy mahbus hisoblangan. Bir yil oldin esa, ko‘pchilik kabi, u hokimiyatni tanqid qiluvchi hamkasb jurnalistlarning ommaviy qamoqqa olinishi to‘lqinida Ozarbayjondan qochgan. Hokimiyat ularni 20 yildan beri bo‘ysundirishga harakat qilmoqda.

Haydar Aliev markazi
Surat tagso‘zi, Haydar Aliev markazi mamlakatdagi marhum prezident nomi bilan atalgan ko‘plab inshootlardan biridir.