O‘zbekiston va mintaqa: Rossiya yanada keskin ketdimi? Video

Surat manbasi, AFP
Yana bir yangilik

Surat manbasi, Getty Images
Shu kunlarda Rossiyadan olingan yana bir xabar mintaqadagi aksariyat yetakchi nashrlarning e’tiboriga tushdi va sarlavhalariga chiqdi.
Aksariyat aholisi Rossiyada mehnat muhojirligida band Markaziy Osiyoda yangi qo‘rquvlarni paydo qildi.
So‘nggi yangilik Krokusdagi qonli hujum ortidan kechgan qisqa vaqtning o‘zida Rossiyaning aksilmigratsion siyosati keskin kuchayib borayotgan va bu aksariyat mintaqa davlatlari poytaxtlarida uyg‘otgan jiddiy xavotirlar hanuz arimagan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Migrantlarning ommaviy ortga qaytishi ehtimoli manzarasida mehnat muhojirligi masalasi tomonlar o‘rtasida hatto prezidentlar darajasidagi muhokama mavzusiga aylangan bir vaziyatda bo‘y ko‘rsatdi.
Aloqador mavzular:
- Turkiyaga bir million ishchi yetishmayapti, bu O‘zbekistonga qulay imkoniyatmi?
- O‘zbek migrantida yaxshi maoshli ish imkoniyatlari kengaymoqda - faqat Rossiyada emas
- O‘zbekiston: Migrantlar qora ishchi emas, investor – ishsizlik paradoksi?
- Diqqat, BBC: Rossiya va migrantlar - ular bir-biriga qanchalik muhtoj?
Tashqi mehnat migratsiyasi O‘zbekiston ilova aksariyat mintaqa davlatlari hukumatlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Rossiya esa, yillarki, o‘zbekistonliklar uchun ham eng yirik mehnat bozor vazifasini bajarib keladi. Ularning soni o‘z vaqtida hatto bir necha millionni tashkil etgan.
Ular ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘dan millionlab xonadonlarning tirikchiligi o‘tadi.
Bu pullar kambag‘allik va ishsizlik hanuz anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan va aholisi mintaqada eng yirigi (rasman 37 milliondan oshuvchi – tahr.) bo‘lgan O‘zbekistonda ham har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib, ijtimoiy himoya kamari vazifasini bajarib kelayotgan vosita bo‘ladi.
So‘nggi rasmiy hisob-kitoblar ham o‘zbekistonlik migrantlar ortga yuborayotgan mablag‘larning eng katta foizi yana Rossiyaning hisobiga to‘g‘ri kelayotganligini ko‘rsatgan.
Shunday ekan, Rossiya yana nimaning rejasida?
End of Bizga a’zo bo‘ling:
Migrantlar bolalari maktabga olinishi taqiqlandimi?

Surat manbasi, Maxim Kimerling/TASS
Sohiba Hayot,
Jurnalist
Rus tilini bilmaydigan migrant bolalar endi maktabga qabul qilinmasligi mumkin.
10 dekabrь kuni Davlat Dumasi ko‘p millatli sinflar muammosini hal qiladigan qonun loyihasini ko‘rib chiqadi, deya xabar berdi Rossiya ommaviy axborot vositalari.
Bu qonun loyihasi rus tilini bilmaydigan muhojirlarning farzandlarini maktablarga qabul qilishni taqiqlashni ko‘zda tutadi.
"Migrantlarning bolalari maktabda muammolarga sabab bo‘layapti, rus tilini bilmaganliklari uchun ko‘pincha ta’lim dasturini o‘zlashtira olishmayapti, o‘qituvchilar va tengdoshlari bilan muloqot qilishda katta qiyinchiliklarga duch kelishayapti", deb yozmoqda mahalliy nashrlar.
Bu qonun loyihasi Konstitutsiyaga zid emasmi? Migrant bolalarning maktabga borishi taqiqlanishi rus maktablari muammolarini hal qilishga yordam beradimi? Rus tilini bilmagan migrant bolalar nima qiladi?
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Migrant bolalarning maktabga borishi uchun yangi talablar
Rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga qabul qilishni taqiqlovchi qonun loyihasini ko‘rib chiqish boshlanganini Parlament quyi palatasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Qonun loyihasi allaqachon Davlat Dumasiga kiritilgan, mazkur masala 10 dekabr kuni parlament quyi palatasining yalpi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.
Qonun loyihasining mualliflari - parlament fraktsiyalari rahbarlari, Davlat Dumasi spikeri, uning o‘rinbosarlari va boshqalardir.
Vyacheslav Volodinning aytishicha, qonun loyihasida chet el fuqarolari farzandlarini maktablarga qabul qilishda rus tilini bilish darajasini majburiy tekshirish nazarda tutilgan. Agar tilni bilish darajasini tasdiqlash mumkin bo‘lmasa, bolaga ta’lim dasturini o‘rganishga ruxsat berilmaydi.
Ushbu Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda, chet el fuqarolari farzandlarining til bilish darajasini tekshirish tartibi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi. U yerda rus tilini bilishga qo‘yiladigan talablar ham ko‘rsatiladi. Sinov uchun uslubiy yordam, uni amalga oshirish uchun diagnostika materiallarini ishlab chiqishga Rosobrnadzor mas’ul hisoblanadi.
Qonun loyihasining yana bir qismida Rossiyada noqonuniy bo‘lgan bolalar maktabga qabul qilinishi mumkin emasligi aytiladi. Migrantlar farzandlarining mamlakatda bo‘lish qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.
Rossiyada qancha muhojir bola o‘qiydi?

Surat manbasi, TASS
Qonun loyihasi masalasi kun tartibiga chiqishi barobarida Rossiya Ta’lim vazirligi 2024 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan monitoring ma’lumotlarini e’lon qildi.
Unda joriy o‘quv yilida Rossiya maktablarida 18 million o‘quvchilar bo‘lib, ular orasida 209 mingga yaqin chet el fuqarolari farzandlari ta’lim olayotganini ko‘rsatilgan.
Migrant o‘quvchilarning eng ko‘p qismi Moskva viloyati (32 357 bola), Moskva (25 373) va Sankt-Peterburg (21 212) shaharlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, migrant o‘quvchilar soni Sverdlovsk, Novosibirsk, Kaluga va Leningrad viloyatlarida ham salmoqli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, migrant bolalarning 19,9 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga boradi. 39,2 foizi boshlang‘ich maktabda o‘qiydi, 37,7 foizi umumiy ta’limda va faqat 3,2 foizigina o‘rta ta’lim olmoqda.
Muammo bo‘rttirilganmi?

Ta’lim vazirligi monitoring ko‘rsatkichlarini e’lon qilish bilan birga, muhojir bolalarlarning Rossiya jamiyatiga integratsiyalashuvi muhimligini bildirgan.
Rossiya Ota-onalar milliy assotsiatsiyasining rivojlanish bo‘yicha direktori Marianna Shevchenko ham rus tilini bilmasdan maktabga kelgan muhojir bolalar bilan bog‘liq muammolarning jiddiyligiga e’tibor qaratib, bu masala Rossiya prezidenti ishtirokida federal platformalarda bir necha bor aytilganini ta’kidlab o‘tgan.
Rossiyada mehnat muhojirlari bilan bog‘liq muammolarni o‘rganuvchi mutaxassislar esa bu masala bo‘rttirilayotganini aytishmoqda.
Rossiya IIVning 2024 yilgi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 6,5 mln atrofida chet elliklar bor. Ularning juda oz qismigina farzandlarini o‘zlari bilan olib keladi.
"Yo qirg‘izistonlik ayollar bolalari bilan keladi (bu taxminan yiliga 15 ming kishi), yoki eri Rossiya fuqaroligini olgan tojikistonlik ayollar farzandlarini olib keladi. Ammo ularning bolalari 3-4 oyda Rossiya fuqaroligini olishadi", — aniqlik kiritdi migrantlar uchun bepul yurist Valentina Chupik.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar qancha?
Ochiq manbalarda Rossiyadagi chet ellik o‘quvchilarning mamlakatlarga nisbatan taqsimini topish imkonsiz.
Rossiyada migratsiya va oila muammolari bilan shug‘ullanuvchi asli o‘zbekistonlik yurist Zarnigor Omonillaeva o‘zbek muhojirlarining farzandlari qo‘shni davlatlarnikidan ko‘p bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.
«Hozirgi kunda Rossiya Federatsiyasida 1 million nafarga yaqin o‘zbekistonliklar mehnat faoliyatini olib borayapti. Ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, farzandlari bilan vaqtincha yashayotgan o‘zbekistonliklar soni 5-10 foiz atrofida. Bu esa, 50-100 ming nafar bola Rossiya hududida ota-onasi bilan birga vaqtincha yashab kelayotganiga dalolat qiladi. Qonundagi o‘zgarishlar kuchga kirgan taqdirda, shu 50-100 ming bolaning 5-10 foizi rus tilini bilmaydigan bo‘lsa, ya’ni 10 mingtagacha o‘zbekistonlik bolalar maktabda o‘qiy olmaydi, deganidir", - deydi Zarnigor Omonillaeva

Surat manbasi, Sergei Fadeichev/ТАСС
Maktabga bormagan bola uchun javobgarlik
Huquq himoyachisi Rossiyada farzandlari bilan bo‘lgan ota-onalarga o‘z tavsiyalarini berib, ehtimoliy javobgarlikdan ham ogohlantirdi:
"Agar qonun kuchga kirib, migrantlar farzandlarini maktabga bera olmasa, unda farzandlarini Rossiyada olib qolmasliklari juda muhim. Chunki bu qonun kuchga kirgani bilan ota-onaning ota-onalik vazifasini belgilovchi qonunlarning ijrosi to‘xtatilgani yo‘q. Ota-ona qandaydir nazoratga tushib qoladigan bo‘lsa, farzandining maktabga borishini ta’minlamagani uchun Rossiya hududida javobgarlikka tortilishi mumkin. Bu javobgarlikda bolaning rus tilini bilmagani uchun maktabga qabul qilinmagani kabi sabablar yoki vaziyatning boshqa bir asoslari inobatga olinmaydi. Muhojir ota-onalar farzandlarini maktabga bermayaptimi, javobgarlikka tortiladi. Maktabga bermaslik sababi maktablarning qabul qilmayotgani esa e’tiborga olinmaydi", - deydi u.
Yurist Rossiyadagi farzandli migrantlarga bu borada muammoning yechimi sifatida bolalarni vatanga qaytarishni tavsiya qildi.
"Ota-onalar javobgarlikka tortilib qolmaslik va ortiqcha muammolarga duch kelmaslik uchun bolani maktabga bera olmagan taqdirda O‘zbekistondagi maktablarga berish kerak. Bir yil yo ikki yil kutib turadi, kabi fikrlar bilan bolani maktab va ta’limsiz qoldirishni rejalashtirmaslik lozim", - deydi Zarnigor Omonillaeva.
Bu Konstitutsiyaga zid emasmi?
Bolalar ta’lim olishini cheklovchi qonun loyihasi nima uchun bahsli?
Rossiya Federatsiya Konstitutsiyasining 43-moddasida "Har bir inson bilim olish huquqiga ega", deb belgilangan.
Rossiyada Ta’lim to‘g‘risidagi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, bu huquq "jinsi, irqi, millati, tili, kelib chiqishi, yashash joyi va boshqa holatlardan qat’i nazar, har kimga kafolatlanadi".
Shunga qaramay, Rossiya matbuoti Davlat Dumasining yangi qonun loyihasini "oqlab beruvchilar"ga minbar berishni boshladi.
Masalan, Butunrossiya ta’lim kasaba uyushmasi raisining o‘rinbosari Mixail Avdeenkoning fikricha, qonun loyihasi bilan huquq buzilmagan.
Unga ko‘ra, rus tilini bilmagan odam oddiygina ta’lim olish konstitutsiyaviy huquqini amalga oshira olmaydi.
Rossiya Prezident akademiyasining Uzluksiz ta’lim iqtisodiyoti markazi (SENO) yetakchi ilmiy xodimi Aleksey Tishenko maktab rus tilini bilish darajasidan qat’i nazar, barcha bolalarni, shu jumladan chet elliklarni ham qabul qilishi shartligini ta’kidlaydi.
«Uchitel» kasaba uyushmasi raisi Dmitriy Kazakov esa rus tilini bilmagan bolalarga til o‘rganish uchun sharoit yaratib berish tarafdori.
«Agar sinfda ruschani yaxshi bilmaydigan bola bo‘lsa, unga maxsus sharoitlar ko‘rinishidagi qo‘llovlar kerak. Bolaga bu dastak ko‘p ham kerak bo‘lmaydi, bolalar tilni tez o‘rganadi, muhitga moslashadi va ta’lim olishda davom eta oladi», - deydi Dmitriy Kazakov.
"Maktab olmasa, uyga ketishadi"
Bolalari Rossiya maktablariga borayotgan muhojirlar-chi? Ularning bu qonun loyihasiga oid yangilikka munosabati qanday? Bolalarining Rossiyadagi tahsili ular uchun qanchalik muhim masala?
"Doim ishdamiz, xabarlarni ko‘p kuzatmaymiz. Shunga bu yangilikni sizdan eshitdim. Katta o‘g‘lim 3-sinfda o‘qiydi. Keyingisi yanagi yil maktabga boradi. Akasi bilan gaplashib, qo‘shni bolachalar bilan o‘ynab ruschani o‘rgangan, gaplasha oladi. Agar maktabga olishda imtihon qiladigan bo‘lishsa, o‘ta olsa kerak. O‘tolmasa, bilmadim. O‘zbekistonga qayta olmaymiz, ishimiz, tirikchiligimiz shu yerda. Kichigimni o‘zini ham qaytara olmayman, shu yerda tug‘ilgan, menga va akasiga juda bog‘lanib qolgan. Bizsiz u yerda qiynaladi, ko‘zim qiymaydi. Shu yerda yuraveradi, o‘qish-yozishni o‘zim o‘rgatsam kerak", - deydi Moskvada yashab ishlayotgan buxorolik Shahlo.
Angrenlik Muhabbat esa farzandining ilmli bo‘lishi muhimligini aytdi.
"Men o‘qimaganim uchun shu sharoitlarga chidab yashab ishlab yuribman. Bolam o‘qishi, katta odam bo‘lishi kerak. Nasib qilsa, u men ko‘rgan qiyinchiliklarni ko‘rmaydi. Maktabga joylashtira olmasam, onamning yoniga qo‘yib kelaman, bolam o‘qisin. Uni o‘qib bir kasbli qilmaguncha men ishlab yordam beraman", - deydi muhojir ayol.
Sadriddin oilasini Rossiyaga kuzda olib kelgani, bolalari hali rus tilini bilmasligini aytadi.
"Atrofimizda hamma o‘zbeklar, tojik-qirg‘izlar. Hech kim ruscha gapirmagani uchun bolalar u muhitga tushmadi-da. O‘ynagani chiqishsa ham, hovlida qirg‘iz bolachalar bilan o‘ynashayapti. Maktab muammo bo‘ladigan bo‘lsa, uyga qaytishadi. O‘zi bu yerda yurganimizning ham foydasi qolmayapti", - deydi Sadriddin.
Bu muammo aslida dolzarbmi?
Davlat Dumasida ko‘tarilishgacha asos bo‘lgan migrant bolalarning rus tilini bilish muammosi aslida haqiqatga qanchalik to‘g‘ri keladi?
Bu borada Rossiya Prezidenti huzuridagi Xalq xo‘jaligi va davlat boshqaruvi akademiyasining umrbod ta’lim iqtisodiyoti markazi sotsiologik tadqiqot o‘tkazgan.
Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashgan 2000 dan ortiq o‘qituvchilarning deyarli yarmi – 53 foizi bolalari muhojirlarning rus tili bilan bog‘liq muammolari bor, deb javob berishgan bo‘lsa, respondentlarning 42 foizi bu fikrga qarshi chiqqan.
Umumiy ta’lim dasturini o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklar masalasidagi fikrlar esa, deyarli teng taqsimlangan.
Ammo o‘qituvchilarning 80 foizi chet ellik bolalarning xulq-atvorida muammolarga duch kelmasligini belgilangan bo‘lsa, 70 foizi migrant bolalar boshqa bolalar bilan muloqot qilishda muammolarga yuz tutmaydi, deb hisoblashlari ayon bo‘lgan.
Rossiya aksilmigratsion siyosati keskinlashdimi?
Bi-bi-si: Ekspertlarga ko‘ra, qonunchilikdagi so‘nggi tuzatishlar Rossiya Konstitutsiyasiga zid va integratsiyaga qarshi bo‘lsa-da, rasmiylarning bugungi aksilmigratsion siyosatining umumiy mantig‘iga juda mos keladi. Va bu Markaziy osiyolik migrantlar qilganlikda ayblanayotgan Krokusdagi qonli hujum ortidan Rossiya Davlat Dumasida ko‘rilayotgan yangi tahrirdagi aksilmigratsion qonunlarning faqat navbatdagisi va mamlakat Konstitutsiyasiga ziddi.
O‘zbekiston va Rossiya, bundan tashqari, rasman ittifoqchi davlatlar sanalishadi.
Shunday ekan, migrantlar bolalarining ta’limi bilan bog‘liq qonunchilikdagi so‘nggi tuzatishlar Rossiya aksilmigratsion siyosatining yanada keskinlashganiga dalolat qiladimi? Agar, qonunchilikdagi yangi tuzatishlar ma’qullansa, bu Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik va boshqa Markaziy osiyolik migrantlar uchun nimani anglatadi? Bu ularning yoppasiga o‘z Vatanlariga qaytishlariga turtki beruvchi yana bir va jiddiy omilga aylanishi mumkinmi? Bi-bi-si O‘zbek xizmati shu va yana boshqa qator savollar bilan uzoq yillar Rossiyada faoliyat yuritgan huquqshunos, migrant.uz loyihasi asoschisi va rahbari Botirjon Shermuhammadga murojaat qildi:
Eng asosiysi urush, urush oqibatidagi iqtisodiy muammolar va ulardan chalg‘itishga bo‘lgan harakat. Bundan boshqa biror bir mantiqiy, iqtisodga to‘g‘ri keladigan bir asos yo‘q.
Botirjon Shermuhammad: Bu mana shu so‘nggi yilda bo‘layotgan migratsiya qonunchiligi bo‘yicha har qanday harakatlarning mantiqiy davomi. Ayniqsa, millatchi bo‘lgan siyosatchilar, jamoatchilik vakillari muhojirlarning o‘z oilalari bilan, farzandlari bilan kelib, yashayotganidan judayam qattiq norozi. Umuman olganda, bu ksenofobiya, migrontofobik kayfiyatlarning kuchaygani va buning jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi. Ularning aytib turgan asosiy argumenti shundan iboratki, ya’ni muhojirlarning farzandlari maktablarda paydo bo‘lganida, bu bolalar rus tilini yaxshi bilmaydi va mahalliy aholining farzandlarini ham mana shu sinflarda umumiy ta’lim sifatining tushishiga olib kelayapti. Chunki butun sinf o‘sha rus tilini yaxshi bilmaydigan bolaning orqasidan yurishga majbo‘r bo‘ladi degan narsa bo‘layapti. Lekin aslida bu Rossiya Konstitutsiyasiga zid. Chunki Rossiya Konstitutsiyasi har qanday fuqaroning, ya’ni fuqaroligidan qat’inazar, uni bepul boshlang‘ich ta’lim bilan ta’minlashni kafolatlaydi. Shuning uchun ham bu tomondan oladigan bo‘lsak, katta ehtimol bilan, men yurist sifatida aytishim mumkinki, o‘sha tashabbus qabul qilinmasa kerak. Lekin o‘sha Rossiya Ta’lim vazirligining o‘zining ichki buyrug‘i bilan maktablarga buyruq kelayaptiki, shu bitta sinfda uchtadan ortiq muhojirlar farzandlari bo‘lmasin.... Ya’ni, rasmiy qonun yo‘q, buyruq bor, "joy yo‘q", degan sababi bilan olmasliklari mumkin va o‘zi avvaldan ham rus tilini yaxshi gapira olmaydigan migrantlarning farzandlari bilan bog‘liq shunday muammolar bor. Ya’ni, agar, rus tilini umuman tushunmasa, ularni iloji boricha maktabga olmaslikka yoki pastroq sinfga olishga harakat qilishadi. Katta ehtimol bilan bu narsa yanada kuchayadi. O‘zi asli bu jamiyatdagi ksenofobiyaning kuchayganligi, boshqa narsa emas. Lekin shunday yaxshi xabarlar borki, Rossiya hukumatidagi o‘sha yuqori organlarda o‘tirganlarning fikricha, oxirgi paytlarda mana shu xalqboz fikrlar, ya’ni o‘sha aholini urushdan chalg‘itish, iqtisodiyotdagi muammolardan chalg‘itish uchun boshlangan mana shu migrontofobiya harakatlari keskin natijalarga olib keldi, ular kutgandan ko‘ra ham ko‘proq natijalarga olib keldi. Va iqtisodiyotning talabidan kelib chiqadigan bo‘lsak, migrantlarning kerak ekani, ularga ehtiyoj kattaligini inobatga olib, mana shu narsani sekin-asta kamaytirishga bo‘lgan harakatlar boshlanayapti. Ya’ni, sekin-asta siyosatchilarning chiqishlari, qonunchilik tashabbuslari kamayib borishini aytib o‘tishdi. Umid qilamizki, bu narsa kamayib qolsa kerak.
Bi-bi-si: Agar, Rossiya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot instituti hisob-kitoblariga tayanilsa, Rossiyada taxminan 5 million ishchi kuchi yetishmaydi va mazkur vaziyatni tubdan yaxshilash istiqbollari ham yo‘q. Ekspertlarga ko‘ra, Ukraina urush va xuddi shu manzarada harbiy va fuqaroviy sanoat o‘rtasida keskinlashgan raqobat Rossiyada xorijiy ishchi kuchi muammosini yanada og‘irlashtirgan, ya’ni ularga bo‘lgan ehtiyojni kuchaytirgan. Sizningcha, shunday bir holatda Rossiya nima uchun bu kabi qonun loyihalarini ishlab chiqishga borayotgan bo‘lishi mumkin?
Botirjon Shermuhammad: Bunga bitta sabab faqat shu, ya’ni, bilamizki, urushda albatta bir necha minglab, balkim yuz minglab bo‘lmasa, farzandlari halok bo‘layapti. Odamlarda bundan norozilik bo‘ladi. Bundan tashqari, iqtisodiyotga juda katta ta’siri bor, narx-navo judayam oshib ketgan. Mana, rublning qadrsizlanishi....Bular hammasi iqtisodiyotga ta’sir qilayapti va bu narsa o‘z-o‘zidan mahalliy aholining noroziligiga olib keladi. Shundan chalg‘itishning eng asosiy yo‘li, ya’ni, nima deydi, muammosiz yo‘li hech qanday himoyachisi bo‘lmagan, hech qanday lobbistga ega bo‘lmagan mehnat muhojirlarini yomonlash, ularga qarshi fikrlash kampaniyasi. Shu yo‘l bilan mahalliy aholini chalg‘itayapti va ular ham bunga juda xayrixoh, ya’ni muhojirlardan zerikkan, charchagan, migrantlarni ko‘rishni xohlamaydi. Va ko‘p holatlarda bu harakatlar bo‘rttirib yuborilganini o‘zlari ham sezishayapti. Mana shu holat. Boshqa bir sabab yo‘q. Ya’ni, eng asosiysi urush, urush oqibatidagi iqtisodiy muammolar va ulardan chalg‘itishga bo‘lgan harakat. Bundan boshqa biror bir mantiqiy, iqtisodga to‘g‘ri keladigan bir asos yo‘q. Chunki iqtisodiyot, siz aytib o‘tgandek, juda katta sondagi muhojirlarni talab qilayapti, muhojirlarsiz buni yopishning iloji yo‘q. Bu narsa sekin-asta kamayib borsa kerak, lekin oxirgi paytlarda shunga o‘rganib qolindi va o‘zi urush shunday narsa ekanki, borib, borib, har qanday jamiyatda mana shu shafqatsizlikni, ksenofobiyani olib kelarkan va buning mantiqiy natijasi bo‘layapti. Afsuski, hozirgi kunda muhojirlarning huquqlarini qisqartirgan, kamaytirgan, ularning huquqlarini toptagan hukumat ertaga borib, borib, Rossiya fuqarolarining ham mahalliy aholining huquqlarini ham xuddi shunday toptashni boshlaydi va shunga olib keladi.
Bi-bi-si: Rossiyadagi chetdan kelib ishlayotgan mehnat muhojirlarining katta qismini aynan uch Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari tashkil etishi aytiladi. Ularning orasida Rossiyada oila bo‘lib ishlayotganlari ham oz emas. Krokusdagi qonli hujum ortidan, Rossiya ko‘rayotgan ustma-ust aksilmigratsion chora-tadbirlar Markaziy osiyolik migrantlarni shundoq ham og‘ir ahvolda qoldirgan, mintaqa davlatlari poytaxtlarida ularning yoppasiga ortga qaytishiga oid xavotirlar hanuz arimagan. Shunday bir vaziyatda migrantlar bolalarining ta’lim olishi bilan bog‘liq Rossiya Davlat Dumasida ko‘rib chiqilayotgan yangi qonun loyihasi, sizningcha, Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarini qanday tanlov qarshisida qoldiradi? Ularning yoppasiga ortga qaytishlari ehtimolini qanchalik kuchaytiradi? Xavotirlanishga qanchalik asos bor?
Botirjon Shermuhammad: Endi, o‘rta ta’lim maktablariga bolalarni olishda murakkabliklar tug‘dirilishi, aslida, judayam bir katta ta’sir qilmaydi, deb o‘ylayman. Chunki, to‘g‘ri, Markaziy Osiyodan oila bo‘lib kelayotgan muhojirlar ko‘p, kam emas. Lekin ular salmoqli miqdorda ko‘p ham emas. Ya’ni ko‘pchilik, odatda, o‘zi boradi ishlagani, ya’ni, oilasiz, boshqasiz. Lekin mana shu aynan Rossiya jamiyatiga integratsiya qilmoqchi bo‘lgan, rus tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan, ancha-muncha mas’uliyatli, qonunlarni hurmat qiladigan muhojirlarning bir bo‘lagi aynan oilasi bilan kelganlar. Va mana shu narsa, ya’ni muhojirlarning farzandlarini ta’limdan, ta’lim huquqidan cheklash aynan Rossiyaning o‘ziga qarshi ishlaydi. Chunki mana shu ta’lim integratsiyaning eng katta, eng oson, eng yengil kaliti. Biz ko‘p ko‘rganmiz, muhojirlarning farzandlari maktabga borib, rus tilini yaxshi o‘rganib, (yosh bolalar tez o‘rganadi rus tilini), ota-onalariga ham ta’sir qiladi. Bu narsa esa, oilaning jamiyatga integratsiya bo‘lishiga olib keladi. Mening fikrimcha, bu judayam katta ta’sir qilmaydi. Chunki, boshqa tomondan, muhojirlarning eng katta muammosi mana shu rublning qadrsizlanishi. Muhojirlarning qaytib kelishiga eng katta ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan sabab, agar rubl dollarga nisbatan keskin qadrsizlanib ketsa, mana shu narsa ularning daromadlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi va o‘z-o‘zidan Rossiyada ishlash oldingidek jozibador bo‘lmay qoladi, muhojirlar boshqa davlatlarga borishning yo‘llarini izlab qoladi. Asosiy narsa shu bo‘ladi.
Bi-bi-si: Rossiyaning migratsion siyosatini keskinlashtirishga qaratilgan ustma-ust chora-tadbirlari manzarasida Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarining huquq va erkinliklari kechayotgan yilda tomonlar o‘rtasida hatto prezidentlar darajasidagi muhokama mavzusiga aylangan masala ekani ko‘riladi. Birgina O‘zbekiston misolida olinganida esa, O‘zbekiston va Rossiya rasman ittifoqchi davlatlar sanalishadi. Shunday ekan, migrantlar bolalarining ta’limi bilan bog‘liq Rossiya Davlat Dumasida ko‘rib chiqilayotgan yangi qonun loyihasi bo‘ladimi yoki boshqa, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari ularning qarshisida nima qila olishadi?
Botirjon Shermuhammad: Endi o‘zi aslida xalqaro huquqda, ya’ni biror bir davlat o‘zga bir davlatning fuqarolariga nisbatan qandaydir chora ko‘rsa, boshqa davlat ham xuddi shunday chora ko‘rish huquqiga ega. Ya’ni, xuddi shunaqangi bir printsipda amalga oshiriladi. Aslida o‘zi allaqachon Markaziy Osiyo mamlakatlari ham Rossiya ularning fuqarolariga qarshi qanday chora ko‘rayotgan bo‘lsa, ular ham Rossiya fuqarolariga nisbatan xuddi shunday chora ko‘rishni boshlashlari kerak. Ana o‘shandagina Rossiya hukumati tushunib yetadiki, ya’ni bu Markaziy Osiyo mamlakatlari ham mustaqil, suveren, o‘zining siyosatini yuritayotgan davlatlar ekan va biz ular fuqarolarining huquqlarini cheklasak, demak, bizning fuqarolarimiznikini ham cheklashlari mumkin, degan narsaga keladi. Shu narsa amalga oshirilganidagina, mana shunaqa narsalar bo‘lardi. Shunaqa qilishlari mumkin, xolos. Ya’ni, boshqa holatda Markaziy Osiyo mamlakatlarining qandaydir boshqa bir richaglari, ularga ta’sir o‘tkazish vositalari cheklangan, deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi. Shuning uchun ham, hukumatlar hozirgi kungacha har qanday mana shunaqangi choralarga ham sukut saqlab, iloji boricha mana shu, deylik, ochiqchasiga emas, o‘zaro muzokaralarda muhokama qilishib, uni ommaga aytmaslikka harakat qilishayapti. Lekin o‘zaro muzokaralar olib borilayotgani bor narsa, ya’ni o‘sha ommaga aytilmagan muzokaralar bo‘layotgani bor narsa. Afsuski, bu narsa xohlangan o‘sha natijaga olib kelmayapti. Ya’ni, Rossiya mana shu davlatlarning fuqarolari huquqlarini himoya qilmayapti, mana shu ittifoqchilikka, strategik hamkorlikka mos bo‘lgan munosabat bildirmayapti.
Bi-bi-si: Markaziy osiyolik migrantlar huquqlarini himoya qilish bilan tanilgan asli rossiyalik ayrim taniqli faollarga ko‘ra, qonunchilikdagi yangi tuzatishlardan maqsad farzandlari vositasida migrantlar yo‘lida qo‘shimcha to‘siqlar yaratish bo‘lsa, bu ular kutgan natijani bermaydi.
Ularning aytishlaricha, "bu kamsituvchi qonun Rossiyadagi muhojirlar soniga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi. Ammo Rossiyaga qarshi kayfiyatlar va islomiy ekstremizm ta’sirining kuchayishiga yaxshigina xizmat qilishi tayin".
Boshqa tomondan, voqealarning so‘nggi rivoji Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyoda geosiyosiy tanglik kuchaygan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Markaziy Osiyo Rossiya, AQSh va Xitoy misolida dunyoning global geosiyosiy, geoiqtisodiy va yadroviy qudratlari manfaatlari to‘qnashgan mintaqalardan biri bo‘ladi.
Migratsiya masalasi ham aksariyat ekspertlar tomonidan aksariyat mintaqa davlatlariga bosim o‘tkazib kelishida Kreml qo‘lidagi eng imkonli va samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘riladi.
Voqealarning migrantlar bilan bog‘liq so‘nggi rivoji fonida Moskvaning xorijliklarga Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, urushga ketsa, tez va oson Rossiya pasportini berishga tayyor ekani omili ham aksariyat tahlilchilarning e’tiborlaridan chetda qolmagan voqe’likka aylangan.












