Demokratura. Qamoq yo hijrat – Markaziy Osiyodagi eng erkin mamlakat jurnalistlari qanday tanlov oldida qolishmoqda? O‘zbekistonda-chi?

Surat manbasi, BBC/Getty Images
- Author, Andrey Kozenko
- Role, Bi-bi-si Rus xizmati
- O'qilish vaqti: 11 daq
Markaziy Osiyoning eng demokratik mamlakati sifatida tanilgan Qirg‘iziston hukumati matbuotga bosimni kuchaytirmoqda: jurnalistlar tintuvlar, qamoqqa olishlar xavfiga, hokimiyatni tanqid qilgan OAVlar esa yopilish tahdidiga duch kelmoqda. Ular ta’qiblar sababini korruptsiya bo‘yicha olib borilgan surishtiruv ishlari deb hisoblashadi, amaldorlar esa mustaqil OAVni ommaviy tartibsizliklar qo‘zg‘atishda ayblashmoqda. So‘nggi ikki yil ichida mamlakatda OAV bo‘yicha Rossiya qonunlariga o‘xshash bir nechta qonun qabul qilindi.
"Mayli, qamoqqa olishsin, meni nimada ham ayblashardi?"
Bishkekdan Qozog‘iston chegarasigacha atigi 20 km. Agar shaxsiy mashinangiz bo‘lmasa, chegara punktidan piyoda o‘tishingiz mumkin va bu allaqachon yo‘lga qo‘yilgan: shahardan taksida kelasiz, chegaradan o‘tasiz, Qozog‘iston tomonida esa mahalliy taksichilar navbatchilik qiladi – Olmaotaga uch soatda yetib borish mumkin. Ko‘pchilik uchun bu samolyotda uchishdan ko‘ra qulayroq va arzonroq.
2024 yil 18 oktyabrь kuni kechqurun 52 yoshli jurnalist Leyla Saralaevani tanishi chegaragacha olib borgan, unda faqat bitta binafsha rangli chamadon bor edi. U quruqlikdagi chegarani arzonroq bo‘lgani uchun emas, balki aeroportda ushlanib qolishdan qo‘rqqani uchun tanlagan – o‘sha kuni ertalab hamkasblari unga qo‘ng‘iroq qilib, kuch ishlatar idoralarda uning familiyasi tilga olinganini, unga qarshi jinoyat ishi borligini va iloji bo‘lsa ketishi kerakligini aytishgan.
Leylaning Instagram sahifasida uning zamonaviy kiyimlarda, tabassum qilib tushgan suratlari mamlakat siyosatini sharhlagan va rahbariyatni tanqid qilgan videolar bilan yonma-yon joylashgan.
Leylaning aytishicha, u hokimiyat bilan to‘qnashuvi jinoyat ishi bilan yakunlanishi mumkinligini taxmin qilgan, ammo bunga ko‘pincha loqayd qaragan. "Ertalabdan boshim qattiq og‘ridi, – deydi u jo‘nash kuni haqida. – Men: mayli, meni qamoqqa olishsin, meni nimada ham ayblashardi, deb o‘ylagandim. Qahramonona fikrlar ham bor edi – odamlar qanday adolatsizlik sodir bo‘layotganini ko‘rishsin."
2024 yil oxiriga kelib, Qirg‘izistonda jurnalistika katta bosim ostida ekanligi ayon bo‘ldi. Leyla Saralaeva bu kasbda 1990-yillardan beri ishlagan, barcha prezidentlar davrida faoliyat yuritgan, ammo hali bunday miqyosdagi tahdidlarni ko‘rmagan.
U hatto o‘ziga zaxira yo‘l tayyorlay boshladi. Ma’lumoti bo‘yicha sotsiolog bo‘lgan Leyla Markaziy Osiyodagi Amerika universitetida antropologiyani o‘rgana boshladi, shuningdek, "Chegara bilmas muxbirlar" notijoriy tashkilotiga ishga kirdi – chet ellik ish beruvchining mavjudligi uning himoyasi bo‘lishiga umid qildi.
2015 yil avgust oyidan boshlab Saralaeva o‘zining "Yangi yuzlar" nomli kichik ijtimoiy-siyosiy onlayn nashrini chop etdi, u yerda bir vaqtning o‘zida bosh muharrir va asosiy muallif sifatida ishladi, ba’zan u bilan shtatdan tashqari xodimlar ham hamkorlik qildi.

Surat manbasi, Leila Saralaeva Instagram
2024 yil sentyabr oyida saytda Sadir Japarovning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishida rossiyalik siyosatshunoslarning roli haqidagi surishtiruvi e’lon qilindi va bir necha kundan so‘ng Madaniyat vazirligi undan maqolani o‘chirishni talab qildi.
U butun sayt bloklanmasligi uchun bunga rozi bo‘ldi, lekin baribir unga qarshi ommaviy tartibsizliklarga chaqirish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qirg‘iziston jurnalistlari uchun bu modda so‘nggi paytlarda deyarli kasbiy ayblovga aylandi: hokimiyat tanqidiy nashrlarni odamlarni ko‘chaga chiqishga undash sifatida qabul qilmoqda.
Rossiyadan namuna olingan qonunlar

Surat manbasi, .
2022 yilda Qirg‘iziston "Chegarasiz muxbirlar" tomonidan tuzilgan Jahon matbuot erkinligi indeksi reytingida 180 mamlakat orasida 72-o‘rinni egallagan edi.
Sobiq SSSR davlatlaridan faqat Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Moldova va Armaniston undan yuqoriroq o‘rinda edi. Masalan, Rossiya 2002 yilda reyting tuzila boshlaganidan beri hech qachon birinchi yuztalikka kirmagan.
Bu yil Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga yaqinroq, Qozog‘istondan ham pastroqqa tushib, 144-o‘rinni egalladi. "Vaziyat keskinlashdi," deyiladi "Chegarasiz muxbirlar" sharhida.

Surat manbasi, .
Qirg‘iziston mustaqillikka erishganidan beri hokimiyat tez-tez, ko‘pincha inqiloblar orqali o‘zgarib turdi – Sadir Japarov oltinchi prezident bo‘ldi.
Mamlakatning yetakchi surishtiruvchi jurnalistlaridan biri Bolot Temirovning aytishicha, mamlakatda doim kuchli muxolifat va fuqarolik jamiyati mavjud bo‘lib kelgan – ular axborot manbalari xilma-xilligiga talabni shakllantirgan.
Garchi barcha prezidentlar davrida OAVga u yoki bu darajada bosim o‘tkazilgan bo‘lsa-da, 2000 yillar ikkinchi yarmidan boshlab internet rivojlanishi bilan Qirg‘izistonda onlayn faoliyat yuritadigan o‘nlab yangi xususiy OAVlar paydo bo‘ldi. Ba’zilari chet el grantlari hisobidan, boshqalarini mahalliy siyosatchilar moliyalashtirgan.
"Bu yillar davomida ozod insonlarning butun bir avlodi tarbiyalandi, – deydi mamlakatdagi eng mashhur mustaqil ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan "Kaktus" nashri asoschisi Dina Maslova. – Axir aynan erkin odamlar mutelarga qaraganda bir necha barobar ijodkorroqdir."

Surat manbasi, Dina Maslova Facebook
Sadir Japarov 2021 yilda rasman prezident bo‘ldi. U, jumladan, jurnalistlarning hamdardligi tufayli hokimiyat tepasiga keldi – uni avvalgi davlat rahbarlari davrida ta’qib qilishgan, u Polshada muhojirlikda yashashga majbur bo‘lgan, qaytib kelgach esa garovga olish va ommaviy tartibsizliklar uyushtirish ayblovlari bilan qamoqqa tashlangan.
"Faqat mustaqil ommaviy axborot vositalari Japarovga o‘z fikrini bildirish imkoniyatini berdi," deb yozadi Leyla Saralaeva o‘z maqolalaridan birida.
U 2020 yil oktyabrida parlament saylovlari natijalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari ishtirokchilari tufayli ozodlikka chiqdi. O‘sha kuni kechqurun deputatlar uni bosh vazir etib saylashdi va ikki haftadan kamroq vaqt o‘tgach, u iste’foga chiqqan Sooronbay Jeenbekov o‘rniga prezident vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.
Bi-bi-si suhbatdoshlari aytishicha, u OAV va inson huquqlari tashkilotlariga bosimni darhol boshlagan.
"Japarov matbuot anjumanlarida jurnalistlarga va fuqarolik jamiyatiga hech qachon bosim o‘tkazmasligini baralla aytdi. Bizga shunday tuyuldi [shunday bo‘ladi deb o‘yladik], chunki uning o‘zi juda qattiq azob chekkan edi. Ammo hammasi yolg‘on bo‘lib chiqdi. U shunchaki o‘zidan oldingi bosimlarni davom ettirdi, keyin esa qonunlar ketma-ket qabul qilina boshladi," deydi Leyla Saralaeva.
2024 yilda Qirg‘izistonda "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Tanqidchilar ta’kidlashicha, bu qonun Kremlning nodavlat notijorat tashkilotlari va jurnalistlarga bosim o‘tkazish uchun qo‘llaydigan "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonunini so‘zma-so‘z takrorlaydi.
2025 yil iyunida parlament OAV to‘g‘risidagi yangi qonunni qabul qildi, unda, jumladan, onlayn nashrlar uchun davlat organlarida majburiy ro‘yxatdan o‘tish va xorijiy kompaniyalarga ommaviy axborot vositalariga egalik qilishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Prezident hujjatni hali imzolaganicha yo‘q.

Surat manbasi, Getty Images
Fevral oyidan boshlab esa internetda tuhmat va haqorat uchun jarima nazarda tutuvchi qonun amal qilmoqda.
Bu qonunlardagiga o‘xshash normalar Rossiyada ham amal qiladi.
Japarov va amaldorlar bu qonunlarni asoslash uchun chet el puliga ishlaydigan nodavlat notijorat tashkilotlarining shaffof emasligi, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurash haqida gapirishadi.
Ommaviy axborot vositalari hamjamiyati bularning barchasi avvalo hokimiyat tanqidchilari va surishtiruvchi jurnalistlarga qarshi qaratilganiga ishonadi.
"90-yillardagi jangarilar qonunlari bo‘yicha"
Nisbatan erkinlik yillari Qirg‘izistonda surishtiruv jurnalistikasi rivojlandi va ommalashdi. Materiallar mavzusi asosan mamlakat elitalari o‘rtasidagi korruptsiya haqida edi.
"Kloop" nashri 2007 yilda blog platformasi va yosh jurnalistlar maktabi sifatida tashkil etilgan edi. 2025 yilga kelib, u Markaziy Osiyodagi asosiy surishtiruv OAVlaridan biriga aylandi.
"Kloop"ga rejadan tashqari soliq tekshiruvlari keldi, surishtiruv mualliflarini Sadir Japarov tanqid qilib, "bundan keyin bunday bo‘lmaydi", dedi. Nashr yuridik shaxs sifatida 2024 yil fevral oyida sud qarori bilan tugatildi. Kloop sayti bloklandi, ammo tahririyat o‘z ishini davom ettirdi.
"30 yil ichida biz anarxiyani demokratiya bilan, g‘iybatni esa so‘z erkinligi bilan almashtirdik, – deya sud qaroriga izoh berdi Japarov. – Bizda so‘z erkinligi bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Haqiqatni aytgan har qanday odamni qo‘llab-quvvatlaymiz. Anarxiya, mish-mish va yolg‘on axborot tarqatish – so‘z erkinligi emas."

Surat manbasi, Anna Kapushenko Facebook
Joriy yil may oyida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari tahririyatning 8 nafar sobiq va amaldagi xodimlarini qo‘lga oldi.
Hibsga olinganlarning hech biriga advokatlar kiritilmadi, ikki operator ommaviy tartibsizliklarga chaqirish moddasi bo‘yicha hibsga olindi va tergov izolyatoriga joylashtirildi. Qolganlarini esa profilaktik suhbat bo‘ldi, deb qo‘yib yuborishdi.
"Kloop" xodimlarining bir qismi, jumladan, qo‘lga olinganlarning barchasi shundan so‘ng ishdan bo‘shashga qaror qildi, deydi nashr bosh muharriri Anna Kapushenko. Yana bir qismi mamlakatni tark etdi.
"Biz oddiy fuqarolarmiz, bizga 1990-yillardagi qandaydir jangarilar qonunlari bo‘yicha yashashga to‘g‘ri kelmoqda. Albatta, odamni dahshatga soladi," deydi Kapushenko.
"Hokimiyat surishtiruv jurnalistikasiga qarshi repressiyalarni boshladi, chunki surishtiruvchi jurnalistlar qo‘ygan savollarga javoblari yo‘q edi. Yagona javob – o‘zlarini fosh qilish," deydi jurnalist Bolot Temirov. Uning Temirov Live Youtube kanalidagi surishtiruvlari yuz minglab marta ko‘rilmoqda.
2022 yil yanvar oyida 42 yoshli Temirov giyohvand moddalarni saqlashda ayblanib hibsga olindi, keyin unga hujjatlarni qalbakilashtirish va chegarani noqonuniy kesib o‘tish ayblovlari qo‘shildi. U Qirg‘iziston fuqaroligidan mahrum qilindi, o‘sha yilning noyabrida esa sud uni o‘zi ulg‘aygan Rossiyaga deportatsiya qilishga qaror qildi.
Hozirda u Yevropada turib ishini davom ettirmoqda. Qirg‘izistondagi loyihaga uning rafiqasi Maxabat Tajibek qizi rahbarlik qilmoqda. O‘tgan yil oktyabrida u va jamoaning yana bir a’zosi Azamat Ishenbekov ommaviy tartibsizliklarga chaqirishda ayblanib, mos ravishda olti va besh yilga koloniyaga hukm qilingan edi. Yana ikki xodimga uch yildan probatsiya (qisman shartli jazoga o‘xshash axloq tuzatish chorasi) tayinlandi.
Tilshunos ekspertlar "Ozodlik bekorga berilmaydi, u uchun kurashish kerak" iborasida ommaviy tartibsizliklar haqidagi modda buzilish belgilarini topdi. Bu UNESCO tomonidan "Jahon xotirasi" xalqaro ro‘yxatiga kiritilgan "Manas" xalq dostonidan olingan iqtibosdir.
Ba’zida hokimiyat nafaqat OAVda aytilganlarni, balki ular buni qanday yetkazayotganini ham yoqtirmaydi.

Surat manbasi, Getty Images
"Aprel-TV" telekanali boshlovchilarining kinoyalari, istehzolari, video-kollajlari, kuchli ifodaviy nutqlari va yuz ifodalari bilan birga keladigan salbiy ma’lumotlar Qirg‘izistonning amaldagi hukumatini salbiy bo‘yoqlarda ko‘rsatishga olib keladi, hokimiyatning obro‘siga putur yetkazadi, ushbu yangiliklarni ko‘rayotgan odamlarda ishonchsizlik va shubha uyg‘otadi," deya prokuratura "Aprel" tahririyatiga qarshi da’vosini asosladi.
U 2018 yilda efir telekanali sifatida ish boshlagan, uni sobiq prezident Almazbek Atambaevga aloqador tuzilmalar moliyalashtirgan. O‘sha paytda, bosh muharrir Dmitriy Lojnikovning so‘zlariga ko‘ra, u yerda 80 dan ortiq odam ishlagan.
2019 yil avgust oyida Atambaev korruptsiyada ayblanib hibsga olingan (keyinchalik sud uning ta’qib qilinishini siyosiy sabablarga ko‘ra deb topgan), o‘shanda telekanal tahririyatiga maxsus kuchlar bostirib kirib, xodimlarni ko‘chaga haydab chiqargan va ofisni muhrlab qo‘ygan. "Aprel"ning mol-mulki xatlandi va efir to‘xtatildi.
Jamoaning bir qismi "Aprel"ni davom ettirishga qaror qildi, lekin endi ancha kam resurslar bilan YouTube kanali sifatida. Kanalning o‘ziga xosligi norasmiy uslubi edi: boshlovchi efirda futbol to‘pini tepishi mumkin edi va yangiliklar "Yangilik emas" deb nomlangan. U yerda ma’murlar haqida ko‘proq kinoya bilan gapirilardi.

Surat manbasi, Dmitry Lozhnikov Facebook
"Ular kuzda (2024 yil – Bi-bi-si) "NeNovostey"ning taxminan 40 ta sonini to‘plab, ularni ekspertizaga berishdi va ularda tartibsizliklar, hokimiyatni ag‘darish va nizolar qo‘zg‘atishga chaqiriqlar bor-yo‘qligiga javob berishni so‘rashdi, – deb tushuntiradi Lojnikov. – Ekspertlar hayron bo‘lib, jinoyat tarkibi yo‘qligini aytishdi, keyin ular o‘zlari fantaziyalari yetgancha yoza boshlashdi."
Iyul oyida sud "Aprel"ni yuridik shaxs sifatida tugatdi va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini bloklash to‘g‘risida qaror chiqardi. Hozir kanal ishlamayapti.
"Aprel" rahbariyati Qirg‘izistonda qolishga qaror qilgan xodimlarning bir qismi bilan ularni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun xayrlashishga majbur bo‘ldi. Kichik jamoa mamlakatni tark etdi va ishni davom ettirmoqchi.
"Pul topib, [xodimlarni] olib ketyapmiz. Bularning bari juda qimmat, og‘ir, asabga tegadi, – deydi Lojnikov. – Men uchun hech kim garovga tushib qolmasligi muhim. Ha, bu o‘yinda biz yutqazdik, ammo faqat o‘sha o‘yinda qoidalar o‘yin davomida o‘zgardi."
Bi-bi-si prezident matbuot xizmati va uning ma’muriyatiga savollar yuborgan, biroq javob olmadi.
"Ortiqcha ko‘z kerak emas"
Qirg‘izistonda qolayotgan jurnalistlar aytishicha, senzura kuchayganini sezmaslik mumkin emas.
2020 yilda ish boshlagan "Bashta" nashrining 26 yoshli bosh muharriri Nurjamol Jonibekova bu zamonaviy yoshlar ommaviy axborot vositasi bo‘lishini rejalashtirgan edi – inson huquqlari, gender tengligi, urbanistika va ekologiya bo‘yicha kartochkalar va Instagram'dagi videolarda tushuntirish jurnalistikasi. Endi "Bashta" ham hamkasblarining ta’qib qilinishi xronikasini yuritishga majbur bo‘lmoqda.
"[Ijtimoiy-siyosiy] maydon asta-sekin torayib bordi. Bir paytlar biz ham siyosat haqida ko‘proq gapirishga majbur bo‘ldik, chunki hozir deyarli hech kim bu masalalarga tegmayapti," deydi Jonibekova.
U yosh hamkasblarida loqaydlik, tushkunlik va charchoqni ko‘radi. Muhojirlik esa kasbda qolish imkonini beruvchi asosiy yo‘l sifatida qaralmoqda: "Hamma ertaga kelib, ularni ham ushlab ketishlari mumkinligidan xavotirda."
"Qolganlar uchun [jurnalistika] nafaqat kasb, balki hayotdir. Mana, qiynalib qolyapmiz, – deydi "Kaktus" asoschisi Dina Maslova. – Shaxsan men mustaqil jurnalistikaning porloq kelajagiga ham aytarli umid qilmayman. Agar yollanma ishchi bo‘lganimda, allaqachon ishdan bo‘shab, butunlay boshqa sohada ko‘proq pul topgan bo‘lardim."

Surat manbasi, Nurjamal Djanibekova Facebook
Qirg‘iziston parlamentining sobiq spikeri, hozirda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Diplomatik akademiyasi prorektori Zaynidin Qurmanov muammoga kengroq nazar solish kerak deydi.
U Qirg‘izistondagi demokratik jarayonlar iqtisodiy yutuqlarga aylanmaganini ta’kidlaydi: "Korruptsiya, jinoyatchilik, migratsiya, iqtisodiy ko‘rsatkichlar ko‘ngildagidek emasligi tufayli jamiyatning katta qismi tartibsizlikni keltirib chiqarganlikda demokratiyani ayblay boshladi."
Qurmanovning fikricha, Qirg‘iziston prezident Japarov davrida "demokratura" yo‘lini tanlagan – bu rejimda siyosiy raqobat va erkinliklar cheklangan, ammo ochiq repressiyalarsiz va iqtisodiyotni rivojlantirishga e’tibor qaratilgan.
U mamlakatda ommaviy axborot vositalari hali ham erkin emasligini tan oladi, biroq erkinlik darajasi mintaqadagi qo‘shnilarga qaraganda yuqoriroq ekanligini ta’kidlaydi: "Hamma narsani gapira olmasak-da, yetarlicha ko‘p narsa ayta olamiz, jumladan, chet elda yaxshi va hurmatli ko‘rinish uchun ham, – deydi Qurmanov. – Agar shunday bo‘lmaganida, men sizga bu intervyuni hech qachon bermagan bo‘lardim."
Rossiya va Yevroosiyoni o‘rganish bo‘yicha Berlindagi Karnegi markazi eksperti Temur Umarov Sadir Japarov hokimiyatga tartib o‘rnatish va’dasi bilan kelganini eslatadi.
"U bunday tartibsiz Qirg‘izistonda normal Markaziy Osiyo avtoritar rejimini o‘rnatishni va’da qildi va buni asta-sekin amalga oshirmoqda. Agar uning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondagi qo‘shnilarida avtoritar barqaror hokimiyat o‘n yillar davomida mustahkamlangan bo‘lsa, u buni qisqa vaqt ichida amalga oshirmoqchi," deydi Umarov.
Ekspert, shuningdek, Japarov – avvalgilardan farqli o‘laroq – muxolifatdagi siyosatchilarni mamlakat hayotida ishtirok etishga jalb qilishga harakat qilayotganiga e’tibor qaratadi. 2023 yil fevral oyida u barcha sobiq prezidentlarni Dubayda norasmiy sammitga to‘pladi – Qirg‘iziston tarixida birinchi marta ular bir stol atrofida o‘tirishdi.

Surat manbasi, Taalay Usubaliev
"Ular bu juda kichik moliyaviy pirogni baham ko‘rishga va janjallashmaslikka intilishmoqda. Avvalgi siyosiy elitalar esa bir-biri bilan doimiy ziddiyatda bo‘lgan va bir-biri bilan kurashda foydalanish mumkin bo‘lgan ko‘plab ommaviy axborot vositalari mavjudligi ular uchun ayni muddao edi. Japarov davrida mustaqil OAVga ehtiyoj qolmadi, – deydi Umarov. – [Pirogni taqsimlashda] ortiqcha ko‘zlar kerak emas va hech qanday "Kloop", albatta, kerak emas."
"Kloop" tahririyati o‘z xodimlarining hibsga olinishiga qarshi shikoyat qilmoqda, biroq nashr bosh muharriri Anna Kapushenko ijobiy natijaga erishish ehtimoli katta emasligini tan oladi.
Bolot Temirov istalgan vaqtda Qirg‘izistonga qaytishga tayyorligini aytadi, biroq u yerda uni hibsga olishlarini tushunadi va shuning uchun chet elda ishlashda davom etmoqda: "Ular chiqarib yuborishni yechim deb o‘ylashgandi, ammo bunday bo‘lib chiqmadi."
Qarindoshlari Leyla Saralaevani ketishga ko‘ndirishdi: emigratsiya tergov izolyatoridan yaxshiroq degan xulosaga kelishdi. U chegaradan hech qanday muammosiz o‘tib, Qozog‘istondan Gruziyaga uchib ketdi.
Uning aytishicha, chet elda ishlash yanada qiziqroq – "katta narsa uzoqdan ko‘rinadi." U TikTok uchun videolar yozadi, Youtube'da siyosat haqida dastur chiqaradi, daromad uchun rasmlar chizadi va sotadi.
Saralaevaning aytishicha, dasturning bir sonidan so‘ng, unga notanish raqamdan xabar kelgan: unda "men nimani nazarda tutayotganimni tushundingizmi?" degan savol bilan joylashuv belgisi bor edi. Leyla xaritani ochganda, bu Tbilisidagi qabristonlardan biri ekanini ko‘rdi.
Bu xabarni kim yo‘llashi mumkinligini jurnalist bilmaydi, lekin Gruziya muhojirlikdagi so‘nggi manzili bo‘lmasligi haqida o‘ylayapti.












