22 yashar Tayler Robinson Charli Kirkni o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda

Trampning aytishicha, gumondorning otasi taslim bo‘lishga ko‘ndirgan

Surat manbasi, FBI

Surat tagso‘zi, Trampning aytishicha, gumondorning otasi taslim bo‘lishga ko‘ndirgan
O'qilish vaqti: 4 daq
Tayler Robinson

Surat manbasi, RASMIY

22 yashar Tayler Robinson AQShlik faol Charli Kirkni otib o‘ldirishda gumondor sifatida e’lon qilindi.

Prezident Donald Tramp faol Charli Kirkni o‘ldirishda gumondor ushlanganini ma’lum qildi. Oldinroq prezident qotil o‘lim jazosi olishi kerakligini aytgandi.

"Menimcha, katta ehtimol bilan biz uni ushladik", dedi u Fox & Friends dasturiga bergan intervyusida.

Trampning aytishicha, uni gumondorning juda yaqin odami tutib bergan. U gumondorning otasiga chiqqan, keyin u huquq tartibot idorasiga murojaat qilgan.

"Otasi bolasini ko‘ndirgan", degan Tramp.

AQSh prezidenti gumondor tez orada sud qilinishi va o‘lim jazosiga hukm qilinishiga umid bildirgan.

11 sentyabr: Charli Kirk: Tramp ittifoqchisining o‘ldirilishi Amerikaning qonli va "singan" siyosatini ochib tashladi

Charli Kirk

Surat manbasi, Reuters

Hamma narsani o‘zgartirib yuborgan o‘q ovozi yangrashidan bir necha daqiqa oldin, Yuta shtatidagi go‘zal kollej kampusiga konservativ siyosat olamida "rok yulduzi" hisoblangan insonni tinglash uchun minglab talabalar yig‘ilgan edi. Entoni Zurcher maqolasi:

Charli Kirk kim edi?

31 yoshli Charli Kirk chodir ostida o‘tirib, mikrofonda o‘z navbatini kutayotgan siyosiy muxoliflari bilan bahslashar ekan, maydonga to‘plangan ko‘pchilik uni olqishladi, ba’zilar esa norozilik bildirdi. Bir necha soniya o‘tib, hamma dahshat ichida qochib keta boshladi.

Faolning bo‘yniga tekkan o‘q uni o‘limga mahkum etdi. Kameralar yoniq holatda edi, ba’zilari qotillikni qonli tafsilotlari bilan ko‘rsatdi. Bu lavhalarni unutish qiyin bo‘ladi, ayniqsa Kirkni mashhur shaxs deb bilgan ko‘plab yosh konservatorlar uchun.

Uning o‘limi sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar, harakat yetakchisi endilikda o‘z g‘oyasi uchun shahid sifatida qabul qilinadi.

Kirk o‘tmishda o‘zining keskin konservatizm uslubi tufayli tanqidchilari tomonidan zo‘ravonlik tahdidi ostida ekanligini aytgandi. Shunga qaramay, u siyosat ko‘pincha so‘l qanotga moyil bo‘lgan kollej kampuslariga borishga va barcha raqiblari bilan bahslashishga tayyor edi.

U qurol olib yurish huquqi va konservativ qadriyatlar himoyachisi, transgender huquqlarining ochiq tanqidchisi va Donald Trampning sodiq tarafdori edi. U asos solgan "Turning Point US" tashkiloti shu yilda prezidentning Oq uyga qaytishiga sabab bo‘lgan saylovchilar ishtirokini oshirish kampaniyasida muhim rol o‘ynadi.

U o‘qqa tutilgan chodir ustida "mening nohaq ekanligimni isbotla" yozuvi bor edi. U, ayniqsa, yosh konservator talabalar uchun qahramon bo‘lib, ular bilan uchrashib, ularga o‘z harakatlarini taklif qildi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Charli Kirkning o‘limi va siyosiy zo‘ravonlik zanjiri

Kirkning o‘ldirilishi Amerikadagi dahshatli qurolli zo‘ravonlikning navbatdagi epizodi va yaqinda sodir bo‘lgan siyosiy zo‘ravonliklarning uzun zanjirini davom ettiradi.

Shu yil boshida Minnesotada Demokratik partiyadan bo‘lgan ikki shtat qonun chiqaruvchisi o‘z uylarida otib ketildi. Ulardan biri olgan jarohatlaridan vafot etdi.

O‘tgan yili Donald Tramp ikki marta suiqasdga uchradi. Pensilvaniya shtatining Batler shahrida ochiq mitingda unga qarata o‘q otilgani, chorshanba kuni Yutada yuz bergan hodisaga juda o‘xshaydi. Ikkalasi ham ochiq joyda, ko‘pchilik oldida sodir bo‘lgan.

Bundan ikki yil oldin, o‘sha paytdagi Vakillar palatasi spikeri, taniqli demokrat Nensi Pelosining uyiga bolg‘a tutgan bosqinchi bostirib kirgandi. 2017 yilda esa bir kishi Virjiniya shtati shimolidagi beysbol maydonida mashg‘ulot o‘tkazayotgan respublikachi kongressmenlarga qarata o‘t ochgan.

Amerika siyosati bundan keyin qayerga borishini aytish qiyin, ammo yo‘nalish ayanchli.

Zo‘ravonlik zo‘ravonlikni keltirib chiqaradi. Ijtimoiy tarmoqlar va qurolga oson kirish imkoniyati bilan kuchaytirilgan bo‘luvchilik ritorikasi asablarni taranglashtirib, qon to‘kish xavfini oshiradi.

Konservativ faollar, xuddi Minnesotadagi otishmalardan keyin mahalliy siyosatchilar kabi, endi ommaviy tadbirlarda xavfsizlikni qanday ta’minlash kerakligini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Batulerda Trampning hayotiga qilingan suiqasd, voqea joyida malakali mahalliy va federal xavfsizlik xizmatlari bo‘lishiga qaramay, deyarli muvaffaqiyatli bo‘lgandi.

Agar hech kim o‘zini xavfsiz his qilmasa – jamoat hayotining o‘zi qonli sportga aylangandek tuyulsa – bu Amerika siyosatiga o‘z halokatli ta’sirini ko‘rsatadi.

Amerika kelajagi haqida xavotirlar

Spencer Cox
Reuters
250 йил ўтиб, аҳволимиз шу бўлдими?
Spenser Koks
Yuta gubernatori

Tramp chorshanba kuni kechasi "Truth Social" saytida joylashtirgan videomurojaatida Kirkning o‘ldirilishini "Amerika uchun qorong‘u lahza" deb atadi.

Ammo u Kirkning o‘ldirilishida "radikal so‘l"ni ayblashga shoshildi. U yaqinda sodir bo‘lgan siyosiy zo‘ravonlik hodisalaridan ba’zilarini — konservatorlarga qarshi qaratilganlarini sanab o‘tdi va uning ma’muriyati "bu vahshiylikka va boshqa siyosiy zo‘ravonliklarga hissa qo‘shganlarning har birini" topishini aytdi.

Bu sharhlar, shubhasiz, otishmadan keyingi soatlarda so‘l qanot guruhlariga qarshi chora ko‘rishga chaqirgan o‘ng tomondagilar tomonidan ijobiy qabul qilinadi.

"Qonun doirasida, bu tartibsizlik uchun mas’ul bo‘lganlarning barchasini tintuv qilish, faoliyatini buzish, hibsga olish va qamash vaqti keldi", deb yozdi konservativ faol Kristofer Rufo X ijtimoiy tarmog‘ida.

Ko‘plab taniqli respublikachi va demokratlar, jumladan, 2028 yilgi prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lganlar ham siyosiy zo‘ravonlikni qoralash va keskin ritorikani yumshatishga chaqirdi.

Ammo chorshanba oqshomida Kongressda Kirk xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlangandan so‘ng darhol qonun chiqaruvchilar o‘rtasida baqir-chaqir boshlandi, bu esa partiyaviy keskinliklarning hali ham yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Ko‘pincha keskin siyosiy bahslar va ikkiga bo‘linishga qarshi chiqib kelgan gubernator Spenser Koks matbuot anjumanida hissiy nutq so‘zlab, o‘z tashkil topganining yubileyini nishonlash arafasida turgan mamlakatning "singan"ligini ta’rifladi.

"250 yil o‘tib, ahvolimiz shu bo‘ldimi?" deb so‘radi u. "Umid qilamanki, bunday emas", deb javob berdi.

Uning ovozidagi shubha oddiy haqiqatni ko‘rsatdiki, bugungi kunda Amerikaning kelajagi va uning zo‘ravon siyosati tuzatilishi mumkinmi yoki yo‘qmi, noaniq bo‘lib qolmoqda.