IShID yana kuchaymoqdami?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, Katerin Xitvud va Fernando Duarte
- Role, Bi-bi-si Jahon xizmati
- Author, BBC Monitoring
- Role, Jihodchi mediani kuzatish guruhi
- O'qilish vaqti: 7 daq
Avstraliya bosh vaziri Bondi plyajiga uyushtirilgan dahshatli hujumga "Islom davlati mafkurasi" turtki bo‘lgan deb aytdi. Uning bu gapi yana bir bor dunyo e’tiborini "Islom davlati" guruhiga qaratdi.
Avstraliya politsiyasiga ko‘ra, hujum joyida qoldirilgan avtomobilda qo‘lda yasalgan IShID bayroqlari va qo‘lbola portlatish uskunalari topilgan.
Avstraliyadagi halokatli hujumni 18 dekabr kuni o‘zining haftalik ro‘znomasi "Al-Naba"da "Islomiy Davlat" sharhladi.
Ushbu sharhda qo‘llangan tildan shu narsa anglashiladiki, tashkilot o‘zining onlayn xabarlari zo‘ravonlikka ruhlantirgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashkillashtirgan emas.
Ota va o‘g‘il ikki kishi hujumni uyushtirganlikda gumon qilinayapti.
Politsiya otasini otib o‘ldirgan, o‘g‘il esa 15 qotillikda ayblanmoqda.
Sidneydagi hujum IShID G‘arbga daxldor nishonlarga qarshi hujumlar uyushtirish yoki bunga ilhomlantirishdan voz kechmaganini ko‘rsatadi.
Bu 2017 yildan beri, ya’ni Suriya va Iroqdagi "xalifalik" hududlarini yo‘qotganidan beri uning ta’siri keskin kamayganiga qaramay sodir bo‘lmoqda.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
IShID, shuningdek, Bondi plyajidagi otishmalardan bir kun oldin ikki amerikalik harbiy xizmatchi va fuqaro halok bo‘lgan Suriyadagi hujum haqida ham – tarafdorlari internetda o‘z quvonchlarini izhor etganiga qaramay – lom-mim degani yo‘q.
AQSh Suriyadagi qotilliklarni IShID a’zosi amalga oshirganini ta’kidlamoqda.
"Biz hali yo‘q bo‘lmagan narsaning qaytishi haqida gapira olmaymiz," deydi BBC Monitoring'ning jihodchilik bo‘yicha mutaxassisi Mina al-Lamiy.
U hujumlarni shoshilib "Islomiy davlat" operatsiyalari deb nomlashdan qaytaradi, chunki bu guruhning haqiqiy imkoniyatlarini aks ettirishdan ko‘ra, uning targ‘ibotini kuchaytirishi mumkin.
"Islomiy davlat" hali ham faolmi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
O‘z qudrati cho‘qqisida IShID Suriya va Iroqning keng hududlarini nazoratga olib, soliq, ta’lim, diniy nazorat va sog‘liqni saqlash tizimlari orqali o‘zini binoyidek davlat sifatida namoyon etgandi.
Ammo u 2019 yilda 70 dan ortiq davlatdan iborat AQSh boshchiligidagi koalitsiya tomonidan mag‘lub etildi, xalifalikka barham berildi.
Al-Lamiyning aytishicha, guruhning jozibadorligi 2019 yilda AQSh reydi paytida o‘zini portlatgan rahnamosi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning halokati bilan yanada zaiflashdi.
O‘shandan beri uning birorta ham rahbari ommaga ko‘ringan yoki jamoatchilikka tanish shaxs emas.
BMT Xavfsizlik kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Suriya va Iroqda IShIDning 3 mingtacha jangchisi bor.
Vaholanki, 2014 yilda xalifalik e’lon qilinganidan so‘ng guruhga qo‘shilish uchun o‘n minglab chet ellik jangarilar oqib borgan edi.

Al-Lamiyning fikricha, IShID zaiflashayotganining yana bir belgisi – uning hujumlari ko‘lamidir.
Guruh 2010-yillar o‘rtalarida Suriya, Iroq va G‘arbda bir qator shov-shuvli hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi.
"Hozir guruh asosan kichik, zarba berib qochib qolish hujumlarini uyushtirayapti," deydi u.
G‘arbdagi kamdan-kam hujumlar IShIDdan ilhomlangan.
O‘tgan yili IShIDning Afg‘onistondagi tarmog‘i – Xuroson Islom davlati (IDX) yanvarda Eronda 100 ga yaqin odam halok bo‘lgan, ikki oydan so‘ng esa Rossiyada 150 ga yaqin kishi qurbon bo‘lgan halokatli hujumlarda ayblanganidan so‘ng jahon miqyosida matbuot bosh sarlavhalariga chiqdi.
Shuningdek, u Yevropada hujumlar rejalashtirganlikda gumon qilingan va ularning aksariyati oldi olingan edi.
Bu yil esa IDX sezilarli zaiflashgan va hatto Afg‘onistonda ham hujumlar uyushtirishga qiynalmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Uning nomidan amalga oshirilgan hujumlarning asosiy qismi hozirda Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika davlatlarida sodir bo‘layapti.
Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan e’lon qilingan 2025 yilgi Global terrorizm indeksi hisobotiga ko‘ra, IShID va uning tarmoqlari "2024 yilda 22 mamlakatda 1805 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan va eng xavfli terrorchilik tashkiloti bo‘lib qolmoqda."
Al-Lamiyning qo‘shimcha qilishicha, IShID o‘z targ‘ibot kuchining katta qismini yo‘qotgan.
"Ularning ilgari puxta ishlangan targ‘ibot videolari bor edi, hozir videolar tayyorlashda juda qiynalayaptilar."
Ammo IShID hamon o‘zining onlayn tarmoqlari orqali hujumlarga qiziqtirishga harakat qilayapti.

Surat manbasi, .
Al-Lamiyning aytishicha, guruhning o‘ziga xosligi shundaki, u " ijtimoiy tarmoqlarni yaxshi biladigan va guruhning targ‘ibotidagi bo‘shliqni to‘ldirishga yordam berayotgan onlayn yosh tarafdorlarga ega."
Ular yoshlarni jalb qilish maqsadida "Facebook" va "Instagram" kabi ijtimoiy tarmoqlarda faol.
BBC Monitoring tahlilchilari Internet ijtimoiy tarmoqlarida quroldan foydalanish, otish va pichoqlash bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalarga tez-tez duch keladilar.
Al-Lamiy bu postlarning ayrimlari tajribali "media jihodchilar" tomonidan tayyorlanganini taxmin qilsa-da, ba’zilari "IShID targ‘iboti ta’siriga tushib qolgan va guruhga o‘z g‘oyalarini tarqatishda yordam berayotgan oddiy yoshlar" ekanini ta’kidlaydi.
Bondi sohilidagi hujum borasida e’lon qilgan sharhida IShID, "hozir jihod yanada qiyin va murakkab bosqichga kirdi", deydi.
Bu narsa uning faoliyati tobora ko‘p onlayn makonga ko‘chayotganini anglatadi.
"Buyruqni raqamli dunyo orqali olish strategiyasi... ko‘p resurs talab qilmaydigan va ko‘plab to‘siqlarni oshib o‘tish imkoniyatini beradigan strategiyadir", deydi IShID o‘z bayonotida.
IShID Afrika va Osiyoda kuchayib bormoqdami?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Yaqin Sharqdagi an’anaviy tayanch hududlarda qo‘llab-quvvatlov kamaygani IShID muqobil yo‘nalishlarni izlayotganini anglatadi.
Janubiy Osiyoda IDX eng tajovuzkor bo‘linmalardan biri hisoblanadi.
Afg‘oniston va Pokiston shimolida joylashgan bu guruh BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2000 jangchiga ega va Tojikiston hamda O‘zbekiston kabi boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridan yangi a’zolar jalb qilishni davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, Islom davlati Sharqiy Osiyo viloyati (IDShOV) Janubi-Sharqiy Osiyoni qamrab olgan va asosan Filippin janubida harakat qiladi, ilgari Filippin va Indoneziyadagi bir qator halokatli hujumlarni uyushtirgan.
Biroq, bu bo‘linma joriy yilda hech qanday hujumni o‘z zimmasiga olgani yo‘q.
Mutaxassislar fikricha, IShIDning asosiy e’tibori Afrikaga qaratilgan.
Niderlandiyada joylashgan Xalqaro terrorizmga qarshi kurash markazining xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Adrian Shtuni so‘nggi bir necha yil ichida qit’ada "IShID eksponentsial tarzda o‘sdi," deya ogohlantiradii.
"Ular Sahel (Shimoliy Afrika mintaqasi) va G‘arbiy Afrika kabi zaif boshqaruvli hududlardagi xavfsizlik bo‘shliqlaridan foydalanayaptilar, G‘arb harbiylarining majburiy va ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi, mintaqaviy beqarorlik va terrorizmga qarshi kurash uchun mablag‘ kamaygani manzarasida bunga erishmoqda."
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Islom davlati G‘arbiy Afrika viloyati (IDG‘AV) 8 mingdan 12 minggacha jangchiga ega bo‘lishi mumkin. Al-Lamiyning aytishicha, bu yil guruh amalga oshirgan o‘nta hujumdan to‘qqiztasi Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada sodir bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, IShID Sahel va Somalida faol, u yerda "Al-Qoida"ning kuchliroq bo‘limlari bilan raqobati bor. Biroq u Nigeriya, Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) va Mozambikda eng kuchli ekanini ta’kidlaydi. Bu mamlakatlarda jangarilar ko‘pincha xristian jamoalari bilan bir qatorda harbiy kuchlarni ham nishonga oladi. Uning aytishicha, KDRda IShID a’zolari musulmon bo‘lmaganlardan soliq undirish tizimini joriy etishga urinishgan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
"IShIDning aytishicha, KDRdagi nasroniylar uchun uch tanlov bor: Islomni qabul qilish, IShIDga jizya deb atalgan soliqni to‘lash yoki o‘ldirilish. Ko‘p hollarda jangarilar ularga tanlov imkoniyati bermaydi. Shunchaki ularning qishloqlariga bostirib kirib, o‘ldiradi," deya qo‘shimcha qiladi u.
Al-Lamiyning fikricha, global ommaviy axborot vositalarining e’tiborsizligi tufayli Afrikada IShID bilganini qilmoqda – bu haqda guruhning o‘zi ham norozilik bildirgan.
"O‘tgan yili hatto IShIDning o‘zi norozi bo‘ldi. Guruh rasmiy xabar orqali shunday dedi: «Biz Afrikada shuncha nasroniylarni o‘ldiryapmiz, ammo G‘arb ommaviy axborot vositalari irqchilik qilib, e’tibor bermayapti".
Ammo IShID Afrikada juda faol bo‘lsa-da, al-Lamiyning aytishicha, uning bir paytlar Suriya va Iroqda ega bo‘lgan kuchiga "teng kelmaydi."
"IShID Afrikaning hech bir joyida Yaqin Sharqda bo‘lgani kabi hududni nazorat qilmaydi. Buning o‘rniga, u yashirinish joylari va tez hujum qilib qochish taktikasiga tayanadi."
Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Chatham House katta ilmiy xodimi doktor Renad Mansur IShIDni avvalgiga qaraganda ancha zaif, deb hisoblaydi.
"IShID hokimiyati ostida yashagan ko‘plab aholi azob chekdi," deydi u Bi-bi-si bilan suhbatda, hatto hukumatlardan norozi bo‘lgan joylarda ham "IShIDga ilgarigidek intilish yoki qo‘shilish istagi yo‘q."
"O‘sha ildizlar hozir yo‘q, shuning uchun yaqin kelajakda xalifalikning bunday ko‘tarilishini ko‘rish qiyin," deya qo‘shimcha qiladi u.
Biroq u hokimiyat uchun bir nechta qurolli guruhlar kurashayotgan hududlarda IShID rivojlanish imkoniyatiga ega ekanligidan ogohlantiradi.
Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis Adrian Shtunining fikricha, eng katta xavf xalqaro hamjamiyatning IShID tahdidiga munosabatida.
Uning ogohlantirishicha, shov-shuvli hujumlar ortidan "keskin choralar" samarali emas, turli mamlakatlarning davomli bosimi zarur.
"Vaqti-vaqti bilan e’tibor qaratish IShID va uning o‘zgaruvchan taktikasi kabi moslashuvchan raqibga qarshi yetarli emas," deydi u va "IShID e’tiborsizlikdan kuch olishini" qo‘shimcha qiladi.












