"Biz qiynalarkan, siyosatchilar boyidi" - Ekofaol hukumatni 48 soatda ag‘darishga qanday ko‘maklashdi?

Tanuja Pandey o‘tgan haftadagi namoyilarda korruptsiyaga qarshi shior bilan

Surat manbasi, Tanuja Pandey

Surat tagso‘zi, Tanuja Pandey o‘tgan haftadagi namoyilarda korruptsiyaga qarshi shior bilan
    • Author, Rama Parajuli
    • Role, BBC Nepal xizmati
    • Author, Kamal Pariyar
    • Role, BBC Nepal xizmati
    • Author, Kelli Ng
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Yosh nepalliklar – Z avlod yoshlari hukumatni 48 soatda ag‘dardi. Ammo bu g‘alabaga og‘ir yo‘qotishlar evaziga erishildi.

"Qilgan ishimizdan faxrlanamiz, ammo yelkamizda jarohatlar, nadomat va g‘azab yuki turibdi", deydi namoyish tashkilotchilaridan biri Tanuja Pandey.

72 kishi halok bo‘lgan o‘tgan haftadagi norozilik namoyishlari Nepalda so‘nggi o‘n yilliklardagi eng dahshatli tartibsizlik bilan kechdi. Rasmiy binolar, siyosiy yetakchilarning qarorgohlari va 2024 yil iyulda ochilgan "Hilton" kabi hashamatli mehmonxonalar yondirildi, buzildi va talon-toroj etildi. Sobiq Bosh vazirning rafiqasi uylariga o‘t qo‘yilgach, o‘lim bilan olishib yotibdi.

Xalqaro inqiroz guruhi katta maslahatchisi Ashish Pradhan aytishicha, norozilik namoyishlari "Nepalning hozirgi siyosiy sinfi o‘nlab yillar davomidagi nobop boshqaruvi va davlat resurslari talangani uchun tamoman rad etilishi" bo‘ldi. Biroq, uning qo‘shimcha qilishicha, davlat xizmatlariga yetkazilgan zarar "qariyb 9000 kishining hayotiga zomin bo‘lgan 2015-yilgi zilzila oqibatlari bilan tenglashishi mumkin".

Vayronagarchilik faqat poytaxt Katmandu bilan cheklanmadi – butun mamlakat bo‘ylab kamida 300 ta mahalliy hokimiyat idoralariga zarar yetgan.

"Kathmandu Post" gazetasi xabar berishicha, moliyaviy yo‘qotishlar 3 trillion Nepal rupiyasiga (21,3 milliard dollar), ya’ni mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli yarmiga teng bo‘lishi mumkin. Gazetaning o‘z idoralariga ham olomon o‘t qo‘ygan.

Nepalliklar siyosatchilarning bolalarini "nepo bolalar" deb atashadi

Surat manbasi, Instagram / sgtthb

Surat tagso‘zi, Nepalliklar siyosatchilarning bolalarini "nepo bolalari" deb atashadi

"Nepo bolalari"

8 sentyabrdagi dahshatli namoyishdan ikki kun oldin, 24 yoshli atrof-muhit faoli Pandey xonim mintaqadagi eng mo‘rt tog‘ tizmalaridan biri – Chureda joylashgan kon maydoni tasvirlangan videoni internetga joyladi. U "Nepal boyliklari siyosatchilarning xususiy kompaniyalariga emas, xalqqa tegishli bo‘lishi kerak" deb yozib, tengdoshlarini "korruptsiyaga va millat boyliklaridan noto‘g‘ri foydalanishga qarshi yurish"ga chaqirdi.

Osiyodagi ko‘plab yoshlar harakatlari kabi, Nepaldagi Z avlod yoshlarining [1996 yildan keyin tug‘ilganlar] norozilik namoyishlari ham yetakchisiz edi. Nepal hukumati 26 ta ijtimoiy tarmoqni mahalliy ro‘yxatdan o‘tmagani uchun taqiqlashga qaror qilganidan so‘ng, boshqalar ham Pandey xonimga ergashib, chaqiriqlar bilan chiqdi.

Aloqador mavzular:

Bir necha oydan beri turli nufuzli siyosatchilarning farzandlari bo‘lmish "nepo bolalar"ga [nepotizm bolalari – qarindosh-urug‘lik orqasidan mavqe qozonib, farog‘atda yashayotganlar farzandlari] qarshi g‘azab to‘planib pishib kelayotgan edi. Bu bolalarni manbasi noma’lum boyliklarini ijtimoiy tarmoqlarda ko‘z-ko‘z qilishda ayblashardi.

Eng ko‘p tarqalgan suratlardan birida bir viloyat hokimining o‘g‘li Saugat Thapa Louis Vuitton, Gucci va Cartier kabi hashamatli brendlar qutisidan yasalgan Mavlud archasi yonida turardi. Noroziliklarga javoban u suratni "xato talqin" qilishayotganini, otasi "davlat xizmatidan topgan har bir rupiyni jamiyatga qaytarganini" aytdi.

Pandey xonim deyarli barcha "nepo bolalar" haqidagi kontentlarni ko‘rgan edi, ammo bir siyosiy oilaning hashamatli hayoti bilan Fors ko‘rfazi mamlakatida ishlashga majbur bo‘lgan oddiy nepallik yigitning hayoti taqqoslangan video uni ayniqsa ta’sirlantirdi.

"Buni ko‘rish juda og‘riqli, ayniqsa, o‘qimishli yoshlar ham mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishayotganini bilsang. Chunki bu yerdagi ish haqi munosib yashashga yetmaydi," deydi u.

Nepal – yosh demokratiya. U 17 000 dan ortiq odamning yostig‘ini quritgan o‘n yillik, maoistlar boshchiligidagi fuqarolar urushidan so‘ng 2008 yilda respublikaga aylandi.

Biroq va’da qilingan barqarorlik va farovonlik ro‘yobga chiqmadi. 17 yil ichida Nepalda 14 ta hukumat almashdi va hech bir rahbar belgilangan besh yillik muddatni tugata olmadi. Mamlakat siyosati musiqali stullar o‘yinini eslatadi: kommunistik partiyalar va markazchi Nepal Kongressi navbatma-navbat hokimiyatga keladi. Z avlod noroziliklari tufayli iste’foga chiqqan KP Sharma Oli doxil uch nafar yetakchi bir necha bor hokimiyatga qaytgandi.

Nepalning aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti 1500 dollardan past bo‘lib, u Janubiy Osiyoda faqat Afg‘onistondan keyin ikkinchi eng qashshoq davlat hisoblanadi. Aholining taxminan 14 foizi chet elda ishlaydi va har uch oiladan biri chetdan pul o‘tkazmasi oladi.

Pandey xonim Nepal sharqidagi o‘rta sinfga mansub oiladan chiqqan. Uning otasi nafaqadagi davlat maktabi o‘qituvchisi. Uch yil oldin unga miya o‘simtasi tashxisi qo‘yilgan va hozir ham davolanmoqda. Tibbiy xarajatlar uning oilasini deyarli xonavayron qildi, shuning uchun opasi ularni qo‘llab-quvvatlash uchun Avstraliyaga ko‘chib ketdi.

Tanuja Pandey
Buni ko‘rish juda og‘riqli, ayniqsa, o‘qimishli yoshlar ham mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishayotganini bilsang. Chunki bu yerdagi ish haqi munosib yashashga yetmaydi.
Tanuja Pandey
Ekofaol, Nepal (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Noroziliklar boshlanishidan oldin Pandey xonim boshqalar bilan birgalikda zo‘ravonliksiz va o‘zaro hurmatga undovchi, ishtirokchilarni "fitnachi"lardan ehtiyot bo‘lishga chaqiruvchi yo‘riqnomalar ishlab chiqdi.

8 sentyabrь kuni erta tongda u bir nechta do‘sti bilan Katmandu markazidagi ulkan transport chorrahasi Maytigar Mandalaga yetib bordi. U ko‘pi bilan ming chog‘li odam to‘plansa kerak deb o‘ylagandi, ammo olomon tobora ko‘payib bordi.

26 yoshli namoyishchi Aakriti Gimirening aytishicha, dastlab vaziyat tinch va do‘stona edi. "Hammamiz o‘tirib, eski Nepal qo‘shiqlarini kuylardik, – deydi u. – Shiorlar va boshqa narsalar shunchalik qiziqarli ediki, maza qilayotgandik. Keyin yurishni boshladik... politsiya bizni transport vositalari bezovta qilmasligi uchun nazorat qilib turardi."

Pandey xonim ham, Gimire xonim ham tushga yaqin, olomon parlament joylashgan Yangi Baneshvor mavzeiga o‘ta boshlaganida, xavfni seza boshladi. Ikkalasi ham mototsiklda kelgan odamlarni ko‘rdi. Pandey xonimning aytishicha, bu odamlar o‘rtacha Z avlod namoyishchi yoshlarlardan kattaroq ko‘rinardi.

Gimire xonimning fikricha, ular fitnachi edi. "Tinch namoyishchilarni zo‘ravonlik niyatida kelganlardan ajratish qiyinlashdi."

Ba’zi namoyishchilar parlament atrofidagi xavfsizlikni buzishga uringanida, politsiya bunga javoban ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagich ishlatdi va o‘q uzdi. Haqiqiy o‘qlar ishlatilgani haqida dalillar bor va ular maktab o‘quvchilariga ham o‘q uzganlikda ayblanmoqda. Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tergov boshlangan.

Hilton nishonlardan biri bo‘lgan

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Hilton nishonlardan biri bo‘lgan

Ertasi kuni tartibsizlik va zo‘ravonlik avj oldi. Namoyishchilar bunga javoban parlament, Bosh vazir idorasi va boshqa hukumat binolarini yoqib yubordilar. Pandey xonim ham, Gimire xonim ham uyda qolib, voqealar rivojini onlayn kuzatishdi.

"Ko‘pchilik siyosatchilarning qilmishlari oqibatini ko‘rish juda yaxshi bo‘ldi, deb aytardi," deydi Gimire xonim rahbarlarning uylari vayron qilinganini nazarda tutib. Ammo ko‘p o‘tmay kayfiyat o‘zgardi.

"Qo‘lida benzin to‘ldirilgan shisha ko‘targan odamlarni ko‘rdim. Ular buni mototsikllardan olishgandi. Ular parlamentga hujum qila boshlashdi," deydi Pandey xonim.

Huquqshunoslik fakulteti bitiruvchisi Oliy sud yonayotganini ko‘rib yig‘lab yubordi va bu uning uchun "ma’bad" kabi ekanligini aytdi. Uning voqea joyidagi do‘stlari alangani o‘chirish uchun suv sepishardi. Ular bu urinish behuda ekanligini bilardi – buni faqat o‘zlarini yupatish uchun qilishardi.

"Odamlar o‘t qo‘yuvchilar kelib, bu narsalarni atay yoqishganini aytishmoqda... Bu odamlar kimlar o‘zi? – deb so‘raydi Gimire xonim. – Videolarda bu odamlarning hammasi niqobda ekani ko‘rinib turibdi."

Vaziyatni nazorat qilish uchun armiya joylashtirilgach, biroz osoyishtalik qaror topdi – bir necha kun komendantlik soati joriy etildi. Hafta oxirida Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karki vaqtinchalik Bosh vazir etib tayinlandi. Uning bu lavozimga kelishini namoyishchilar qo‘llab-quvvatlagan edi.

Pandey xonim "u mamlakatni samarali boshqarishiga, belgilangan muddatda saylovlarni o‘tkazishiga va hokimiyatni xalqqa topshirishiga" umid qilmoqda.

Biroq, Nepalning siyosiy kelajagi haqidagi xavotirlar hamon saqlanib turibdi.

Kolumbiya universitetining Janubiy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Rumela Senning aytishicha, "armiyaning hushyorlik va barqarorlik timsoli sifatida misli ko‘rilmagan ulug‘lanishini" ko‘rish "tashvishli".

Ko‘pchilik Durga Prasaiyning harbiylar taklifi bilan dastlabki muzokaralarda ishtirok etganidan ham noqulaylik his qilmoqda. Janob Prasai mart oyida monarxiyani qo‘llab-quvvatlovchi zo‘ravon namoyishlarda ishtirok etgani uchun hibsga olingan edi. U Hindistonga qochdi, ammo Nepalga qaytarildi. Z avlod namoyishchilar uning ishtiroki tufayli muzokaralardan chiqib ketishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash natijasida yuzaga kelgan korruptsiyaga qarshi norozilik namoyishi chog'ida halok bo'lganlar xotirasiga bag'ishlangan sham yoqish marosimida odamlar qatnashmoqda.

Surat manbasi, Reuters

Halok bo‘lgan namoyishchilarning oilalari ham musibatdan azob chekmoqda.

"Suyukli o‘g‘limizni yo‘qotganimizdan chuqur larzadamiz, – deydi Yubaraj Neupane, uning 23 yoshli o‘g‘li Yogendra norozilik namoyishlarida halok bo‘lgan. – Men hali uning qanday halok bo‘lganini aniqlay olmadim."

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Yogendraga parlament binosi yaqinida boshining orqa qismiga o‘q uzilgan.

Nepalning janubi-sharqidan bo‘lgan bu oilaning to‘ng‘ich o‘g‘li Katmanduda tahsil olgan va davlat xizmatchisi bo‘lishni niyat qilgan. Do‘stlari va qarindoshlari aytishicha, u doim o‘qish bilan band bo‘lgan.

Biroq 8 sentyabrь kuni u do‘stlari bilan namoyishlarga qo‘shilib, mamlakatga o‘zgarishlar olib kelishni orzu qildi. Vaziyat keskinlashgandan keyin o‘zi qo‘ng‘iroq qilmaguncha, uning voqea joyida bo‘lganini oilasi bilmagan edi.

"Bizning jigarbandimiz o‘zgarishlar uchun kurashib, hayotini yo‘qotdi, – deydi uning katta amakisi Saubxagya. – Kelajakda boshqa yoshlar ko‘chaga chiqishga majbur bo‘lmasligi uchun uning qoni va fidoyiligi e’tirof etilishi kerak."

Pandey xonim vatani kelajagiga xavotir aralash umid bilan qarayotganini, ammo o‘tgan haftadagi jarohat umri oxirigacha uni tark etmasligini ta’kidlaydi.

Bu uning tengdoshlari uchun siyosiy uyg‘onishdir.

"Biz endi jim turmaymiz, adolatsizlikka rozi bo‘lmaymiz, – deydi u. – Bu shunchaki yengil undov emas, balki o‘nlab yillar davomida hokimiyatni qo‘lida to‘plagan tizimga qarshi dadil chaqiriqdir."