Markaziy Osiyoda Leninning 'eng baland haykali' olib tashlandi, yangilik o‘zbekistonliklarni ham e’tiborsiz qoldirmadi - Rossiya hozircha jim

Lenin haykali

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ

O'qilish vaqti: 5 daq

Yangilik shu kunlarda hatto G‘arbda ham e’tibor topdi. G‘arbning qator yetakchi nashrlarida sarlavhalarga ham chiqdi.

"Eng baland" haykal

Qirg‘iziston Sho‘rolar dohiysining Markaziy Osiyoda eng balandi, deb ko‘rilgan haykalini olib tashladi.

Mazkur haykalning uzunligi 23 metrni tashkil etgan.

U so‘nggi 50 yil davomida Qirg‘izistonning O‘sh shahrida qad rostlab turgan.

Shaharning markaziy maydonida o‘rnatilgan mazkur haykal Qirg‘izistonga Sho‘rolar Ittifoqi davridan meros qolgan.

Vladimir Ilich Lenin 1917 yilgi Oktyabr inqilobi yetakchisi va Sovet Ittifoqi asoschisi sifatida ko‘riladi.

Xabarlarga ko‘ra, uning O‘shdagi haykali shu kunlarda tinchgina olib tashlangan, bunga shanba kuni bo‘y ko‘rsatgan suratlar dalolat qilgan.

Suratlarda yerda chalqancha yotgan qiyofada aks etgan haykalning turgan joyidan kran yordamida olingani ko‘riladi.

Mahalliy rasmiylar Lenin haykalini ko‘chirish qarorini ortiqcha shov-shuv qilishmagan.

Ularning nega aynan bugun bu kabi qarorga kelishgani sababi ham hozircha ma’lum emas.

Bi-bi-si muxbirlari esa so‘nggi yangilik manzarasida oxirgi paytlarda ko‘plab Sovet respublikalarining Rossiya bilan avvalgi aloqalariga kamroq urg‘u berib, milliy o‘ziga xosliklariga qayta e’tibor qaratish harakatida ekanliklari omilini tilga olishgan.

Ularga ko‘ra, qirg‘izistonlik rasmiylar bu ishlari ittifoqchilari Rossiyaning ko‘nglini og‘ritib qo‘yishi xavfini anglashadi.

So‘nggi yangilik, boshqa tomondan, Rossiyada Sho‘rolarning yana bir dohiysi Iosif Stalinga yangi haykal o‘rnatilishidan bir hafta o‘tib olingan.

Ammo Leninning Markaziy Osiyodagi eng yirigiga qiyos berilgan haykalining olib tashlanishi va boshqa joyga ko‘chirilishi bilan bog‘liq xabarlarga rasmiy Moskvaning munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Aloqador mavzular:

Rasmiy bayonot

O‘sh Qirg‘izistonning poytaxt Bishkekdan keyin ikkinchi yirik shahri bo‘ladi.

O‘sh meriyasining bu xususdagi bayonotida haykalning shahar arxitekturasi va estetik qiyofasini yaxshilashga qaratilgan "odatiy holat" talqinida boshqa joyga ko‘chirilishi aytilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bayonotda, shuningdek, bundan ilgari Rossiyaning o‘zida ham Leninning haykallari olib tashlangani misol tariqasida tilga olingan.

"Shu bois, masalani siyosiylashtirishga hojat yo‘q"ligi ham ta’kidlangan.

Mahalliy matbuotning yozishicha, Leninning poytaxt Bishkekdagi ko‘chirilgan boshqa haykallari misolida bo‘lgani kabi, O‘shdagisining o‘rniga ham davlat bayrog‘i ustuni o‘rnatiladi.

Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha esa, Leninning Markaziy Osiyodagi eng yirigi, deb ko‘rilgan haykali "Meerim" bog‘iga ko‘chiriladi.

Qirg‘iziston 34 yil avval Sho‘rolar Ittifoqi parchalangan paytda mustaqillikka erishgan.

Ammo, hatto haykallarsiz ham, uning Sovet tarixi haqidagi eslatmalarni butun mamlakat bo‘ylab topish mumkin.

Misol uchun, Qirg‘izistonning ikkinchi eng baland tog‘i "Lenin cho‘qqisi", deb ataladi, deyishadi Bi-bi-si muxbirlari.

Rossiya va Markaziy Osiyo

Markaziy Osiyo xaritasi.
Surat tagso‘zi, Rossiya, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy, strategik sherigidan bittasi, yaqin ittifoqchisi, harbiy va harbiy-texnik hamkoriligicha qolayotgan davlatdir.

Qirg‘iziston Tojikiston bilan birga Markaziy Osiyoning Rossiyaning harbiy bazasi va inshootlari eng ko‘p joylashgan ikkita davlatidan bittasi ham bo‘ladi.

Rossiya O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari misolida bo‘lgani kabi mamlakatlari o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritishi ortidan ham, katta sondagi qirg‘izistonliklar uchun eng yirik tashqi mehnat bozori vazifasini ham bajarib keladi.

Qirg‘iziston Qozog‘iston kabi Rossiya shamsiyasi ostidagi deyarli barcha tashkilot va ittifoqlarga ham kiradi.

Ammo Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan urush manzarasida Markaziy Osiyoda global qudratlar o‘rtasidagi raqobat kuchayarkan, mintaqa davlatlari hukumatlarining ko‘p vektorli tashqi siyosatga qanchalik moyillik bildirishayotgani hozir hatto xalqaro miqyosda e’tibor topayotgan, ekspertlar doirasida xos talqin va tahlillarga sabab bo‘layotgan voqe’lik bo‘ladi.

Voqealarning bu kabi rivoji rasmiy Moskvaning oshkora noroziligi fonida kuzatilayotgani ham ularning ahamiyatini yanada bo‘rttiruvchi yana bir muhim omilga aylangan.

Yaqinda Rossiya prezidenti yordamchisining "SSSR hali ham mavjud", degan so‘zlari ham mintaqada bee’tibor qolmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda kunning, ta’bir joiz, eng ko‘p sharhlangan, bahsu munozaralarga sabab, O‘zbekiston misolida esa, hatto, ayrim partiya liderlari, yetakchi ziyolilarining keskin tanqidiy chiqishlariga ham sabab mavzulardan biriga aylangan.

Rossiya prezidenti yordamchisining ayni qabilidagi so‘zlari qator rossiyalik shovinist siyosatchilarning yetakchi Markaziy Osiyo davlatlarining milliy o‘zligi, yeri va davlatchiligi savol ostiga olinayotgan chiqishlari kuchayib borayotgan bir manzarada yangragani bilan ham mintaqa aholisi orasida, ta’bir joiz, yanada "aktuallik" kasb etgan.

Prezident Putinning o‘zi esa, orada SSSRning parchalanishini "fojea", "tarixiy Rossiyaning qulashi" sifatida qabul qilishini aytgan.

Rossiya, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy, strategik sherigidan bittasi, yaqin ittifoqchisi, harbiy va harbiy-texnik hamkoriligicha qolayotgan davlat ham bo‘ladi.

Qirg‘iziston, boshqa tomondan, o‘tgan yil Moskvaning Krokusida uyushtirilgan va unga aloqadorlik gumoni bilan bir qirg‘izistonlik ham hibsga olingani xabar qilingan qonli hujumlar ortidan Rossiyaning kuchayib borayotgan aksilmigratsion siyosati manzarasida u yerda mehnat muhojirligida band fuqarolariga nisbatan nomaqbul munosabatlarga nisbatan o‘zining noroziligini rasman va faol bildirib kelayotgan mintaqa davlatlaridan biri ekani ko‘riladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi ham kambag‘allik va ishsizlik muammosi bugun ham anchayin dolzarbligicha qolayotgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bosimini o‘tkazishida, yillarki, rasmiy Kreml qo‘lidagi eng yirik va muhim ta’sir vositalaridan biri bo‘lib keladi.

Aks-sadolar

O‘sh
Surat tagso‘zi, O‘sh Qirg‘izistonning poytaxt Bishkekdan keyin ikkinchi yirik shahri bo‘ladi.

Ayrim mahalliy mustaqil jurnalistlarga ko‘ra, bungacha ham O‘shning sobiq rahbarlari Lenin haykalini markaziy maydondan olib tashlashga urinishgan, ammo jamiyatdagi bahs va tortishuvlar tufayli bu ish amalga oshmagan.

Jumladan, jurnalist Shohruh Soipovning yozishicha, O‘shdagi haykalning olib tashlanishi ham jamoatchilik orasida turli fikrlar va muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Ayrimlar Leninning Qirg‘iziston tarixidagi ahamiyatini urg‘ulayotgan bo‘lsa, boshqalar uning o‘rniga mustaqillikka bag‘ishlangan yangi yodgorlik o‘rnatilishini taklif qilmoqda.

"Ko‘pchilik Lenin tufayli biz o‘z hududimizga ega bo‘lganimizni unutgan bo‘lsa kerak, aks holda bizni parchalab tashlashlari mumkin edi", degan o‘shlik Ilhom Jumabaev.

Umar Soipov esa, unga: "Lenin sharofati bilan Markaziy Osiyo davlatlari zo‘rg‘a o‘nglanmoqda, chegara muammolari faqat qon to‘kish bilan hal qilindi. Lenin tufayli aholining ziyoli qatlami qatliom qilindi va hokazo", deya javob qaytargan.

Toshkentlik Orif Mo‘minov esa, Lenin haykalining olingani bilan uning xotirasi abadiy saqlanishini aytgan.

"Ha, achinarli... Lekin baribir u tarixiy shaxs bo‘lib qoladi. Uni eslashning o‘zi ham ko‘pgina zamonaviy siyosatchilarni haligacha dahshatga soladi. O‘zlarining ismlarini esa o‘limlaridan so‘ng hatto farzandlari ham eslamaydi. Haykal shunchaki temir to‘plami, xotira esa dillarda yashaydi", deya fikr bildirgan Orif Mo‘minov.

Bu fikrga qo‘shila olmasligini aytgan Abduhalim, "Chingizxon va Gitler ham tarixiy shaxs bo‘lib unutilmayapti", degan.

Parlament deputati, Qirg‘iziston Kommunistlar partiyasi rahbari Isxoq Masaliev esa, Lenin haykalining olinishga keskin munosabat bildirib, buni "manqurtlik", deb atagan.

"O‘shdagi Lenin haykalini tunda olib qo‘yishibdi. Shahar aholisining fikri so‘ralmadi ham. Bu kabi qarorlar o‘tmishni unutishga qaratilgan harakatlardir. Aksincha, halqimizga Sovet hukumati olib kelgan yutuqlar haqida gapirmaylikmi? Ilmsizlik oqibatlarini seza boshladik. Qonun himoya qiladi, keyin to‘g‘rilab qo‘yamiz. Uyat, aka-ukalar!", deya yozgan siyosatchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu kabi bahsu munozaralarga sabab bo‘layotgan mazkur haykal Sovet davri haykaltaroshi, SSSR Badiiy akademiyasi prezidenti Nikolay Tomskiy tomonidan ishlangan.