"Qizimning suyaklari yerda sochilib yotardi" – G‘azoliklar bedarak yo‘qolganlarni qanday qidirmoqda?

- Author, Fergal Kin
- Role, Maxsus muxbir
- O'qilish vaqti: 5 daq
Diqqat: Bu maqolada dilni xira qiluvchi tasvir va jumlalar bor
Hamma narsa aralashib ketgan... Bolaning rang-barang ryukzagi. Yugurish poyabzali. Snaryad parchasi teshib yuborgan po‘lat qozon. Karavot, stul, plita, chiroq bo‘laklari; cingan deraza oynalari, ko‘zgular, stakanlar. Kiyim-kechak parchalari. 10,000 g‘azolik bedarak yo‘qolgani taxmin qilinar ekan, uyga qayta boshlagan yaqinlar ularni har yerdan izlay boshlagan.
Bu so‘nggi parchalangan, chang qoplagan buyumlar belgi bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha ular vayronalar yuzasiga yaqin yotgan marhumlarga tegishli bo‘ladi.
"Isroil ishg‘olchi kuchlari Rafahdan chiqib ketganidan beri fuqarolardan 150 ga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘ldi, ularning qarindoshlari jasadlari uylar ostida qolganini xabar qilishdi," deydi G‘azo sektorining eng janubiy chekkasidagi Fuqaro mudofaasi agentligining Favqulodda va tez tibbiy yordam xizmati direktori Haysam al-Homs.
Falastin sog‘liqni saqlash idoralari 10 ming kishi bedarak yo‘qolganini taxmin qilmoqda. Yuzada kiyim kabi aniq belgi bo‘lmagan joylarda, qidiruv guruhlari qarindoshlar va qo‘shnilarning ma’lumotlariga tayanadi yoki vayronalardan tarqalayotgan jasad hidini tekshiradi.

Isroil hukumati Bi-bi-si va boshqa xalqaro axborot tashkilotlariga G‘azoga kirishni va mustaqil ravishda xabar berishni taqiqlagan. Biz yo‘qolganlarni qidirayotgan odamlar kabi insonlar tajribalarini yozib olish uchun ishonchli mahalliy jurnalistlarga tayanamiz.
Har kun oxirida janob Homs topilganlar ro‘yxatini yangilaydi. Uning jamoasi vayron bo‘lgan inson parchalarini qidirayotganini bilib, vayronalarni ehtiyotkorlik bilan qazib oladi. Ko‘pincha topilgani bir uyum suyakdan boshqa narsa emas.
Isroilning kuchli portlovchi bombalari ko‘plab o‘liklarni parchalab tashlagan.
Suyaklar va kiyim-kechak parchalari janob Homs arabcha "majhul" so‘zini yozib qo‘ygan oq qoplarga joylashtiriladi. Bu "noaniq" degan ma’noni anglatadi.

Rafah shahrida yashovchi Usoma Solih o‘t ochishni to‘xtatishdan so‘ng uyiga qaytib, ichkaridan skelet topgan. Bosh suyagi cingan ekan. Solihning hisob-kitobiga ko‘ra, jasad u yerda to‘rt-besh oy yotgan. "Biz his-tuyg‘uli insonlarmiz... fojia qanchalik ayanchli ekanini sizga tushuntira olmayman," deydi u.
Har kuni chiriyotgan tanalarning hidi anqib turishi – bu juda tashvishli tajriba, ommaviy o‘lim oqibatlarini ko‘rgan odamlar bunga ko‘p guvoh bo‘lishadi.

"Jasadlar dahshatli. Vahimali, – deydi Usoma Solih. – Qasam ichaman, bu og‘riqli tuyg‘u, yig‘ladim."
Oilalar ham jasadlarni qidirish uchun shifoxonalarga kelishmoqda. G‘azo janubidagi Yevropa kasalxonasi hovlisida jasad qoplariga suyak va kiyim-kechak to‘plamlari yoyib qo‘yilgan.
Rafahlik 19 yoshli Abdus Salam al-Mug‘aer Shabura hududida bedarak yo‘qolgan; amakisi Zakiyning aytishicha, urush paytida u yerga borgan bo‘lsangiz, qaytib kelmaydigan joy bo‘lgan.
"Shuning uchun biz uni qidirgani borolmadik. Qaytib kelolmagan bo‘lardik."
Zakiy oldidagi suyaklar va kiyimlar to‘plami yo‘qolgan Abdus Salamga tegishli deb o‘ylaydi. U Abdus Salamning akasi kelishini kutib, shifoxona xodimi Jihod Abu Xrays bilan birga turibdi.
"Jasad uning jasadi ekaniga 99 foiz ishonch bor, – deydi janob Abu Xrays, – ammo hozir bizga uning akasi, ya’ni eng yaqin kishisidan jasadni uniki ekaniga ishonch hosil qilish uchun uzil-kesil tasdiq kerak."

Ko‘p o‘tmay, aka G‘azo janubidagi al-Mavosi qochoqlar lageridan yetib keldi. Uning telefonida Abdus Salamning surati bor edi. Unda uning poyabzalining ham surati bor edi.
U jasad qopi oldida tiz cho‘kib, uni ochdi. U bosh suyagiga, kiyim-kechakka qo‘l tekkizdi. U oyoq kiyimlarini ko‘rdi. Ko‘zlariga yosh keldi. Shaxsni aniqlash yakunlandi.
Boshqa bir oila jasad qoplari qatoridan yurib o‘tdi. Buvi, uning o‘g‘li, katta qizi va kichkina bolasi bor edi. Bolani guruhning orqasida ushlab turishdi, keksa ayol va uning o‘g‘li jasad qopi ostiga qarab turishdi. Ular bir necha soniya tikilib turishdida, keyin qayg‘u bilan bir-birlarini quchoqlashdi.
Shundan so‘ng oila shifoxona xodimlari yordamida jasadlarni olib ketdi. Ular yig‘lashardi, lekin hech kim ovoz chiqarib yig‘lamasdi.

Surat manbasi, Handout
Aya al-Dabeh 13 yoshda edi, oilasi hamda yuzlab boshqa qochqinlar bilan shimolda G‘azo shahridagi Tal al-Hava maktabida yashardi. U to‘qqiz farzandning biri edi.
Urush boshlanishida bir kuni Aya maktabning yuqori qavatidagi hojatxonaga bormoqchi bo‘lganida, oilasining aytishicha, isroillik mergan uni ko‘kragidan otib qo‘yibdi.
Isroil mudofaa kuchlari tinch aholini nishonga olmasligini va HAMASni tinch aholi yashaydigan hududlardan hujum uyushtirishda ayblaydi.
Urush paytida BMT Inson huquqlari bo‘yicha idorasi "Isroil kuchlari tomonidan aholi zich joylashgan hududlarda shiddatli otishmalar sodir bo‘lgani, natijada noqonuniy qotilliklar, shu jumladan, qurolsizlar o‘ldirilgani"ni ma’lum qildi.
Oila Ayani maktab yonida dafn etdi va uning 43 yoshli onasi Lina al-Daba, agar qabr buzilsa, uni "yomg‘ir va quyoshdan himoya qilish uchun" choyshabga o‘radi.
Isroil harbiylari maktabni egallab olgach, Lina janubga qochdi. U boshqa to‘rt farzandi – ikki qizi va ikki o‘g‘li bilan birga, oldinroq boshqa bolalari bilan ketgan eri oldiga yo‘lga chiqdi. Linaning qizini qoldirishdan boshqa iloji yo‘q edi, u qaytib kelib, tinchlik o‘rnatilgach, jasadni topib, tegishli tarzda dafn etishga umid qilardi.
"Aya juda mehribon qiz edi, hamma uni yaxshi ko‘rardi. U hammani, o‘qituvchilarini va o‘qishini yaxshi ko‘rardi, maktabda ham juda yaxshi o‘qirdi. U doim hammaga yaxshilik tilardi," deydi Lina.

O‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilingach, Lina shimolda qolgan qarindoshlaridan Ayaning jasadini ko‘zdan kechirishni so‘radi. Kelgan xabar dahshatli edi.
"Ular bizga uning boshi bir joyda, oyoqlari boshqa joyda, qovurg‘alari esa yana boshqa joyda ekanligini aytishdi. Uni ko‘rgani borgan odam shokka tushib, suratlarni bizga yubordi," deydi u.
"Uni ko‘rganimda, qizimni qanday qilib chiqarib olishganini, itlar uni qanday qilib yeganini tushuna olmadim. Asablarimni jilovlay olmayapman."
Qarindoshlari suyaklarni to‘plashgan. Yaqin orada Lina va uning oilasi Ayaning qoldiqlarini tegishli qabrga qo‘yish uchun shimolga yo‘l olishadi. Lina uchun bu tugamas qayg‘u va javobsiz savoldir – xuddi G‘azoda farzandlaridan ayrilgan ko‘plab ota-onalar so‘raydigan savol. Urush sharoitida ular boshqacha nima ham qila olardi?
"Men uni o‘sha yerdan olib chiqa olmadim, – deydi Lina. Keyin so‘raydi: "Uni qayerga ham olib borardim?"












