O‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan Afg‘oniston shimolida zilzila: kamida 20 inson halok bo‘lgan

Surat manbasi, Afghan Red Crescent/X
Yer silkinishi O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Pokistonda ham sezilgan zilzila yarim tungi soat 1 larda ro‘y berdi. Zilzila epitsentri Afg‘oniston shimolidagi Mozori-Sharif shahri yaqinida, O‘zbekiston chegarasidan 90 km uzoqlikda bo‘lgan.
AQSh Geologiya xizmatiga ko‘ra, zilzila epitsentrida kuchi 6,3 magnitudani tashkil etgan.
O‘zbekiston Favqulodda Vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik markaziga ko‘ra, magnituda 6,8 ga yetgan.
O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati markazi Termizda zilzila kuchi 5 ballni tashkil etgan.
Afg‘onistonning yer qimirlashidan eng ko‘p jabr ko‘rgan viloyatlari O‘zbeklar eng ko‘p istiqomat qiladigan Balx va Samangon bo‘lgani xabar qilinayapti.
Tolibon tibbiyot rasmiylariga ko‘ra, zilzila oqibatida kamida 20 inson hayotdan ko‘z yumgan, yuzlab odamlar jarohatlangan.
Mozori-Sharif Afg‘oniston shimolidagi aholisi yarim million kishini tashkil etadigan eng yirik shahar.
AQSh Geologiya xizmati ushbu zilzilaga norinj rangdagi ogohlik kuchini berdi, mutaxassislarga ko‘ra, bu "salmoqli sondagi talofatlar" bo‘lishi mumkinligiga ishora beradi.
Tolibon Sog‘likni saqlash vazirligi mas’uli Sharofat Zamon Amar aytishicha, 20 dan ortiq inson halok bo‘lgan, 320 dan ziyod kishi yaralangan.
Mahalliy rasmiylarning aytishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari davom etar ekan, hoynahoy, jabrlanganlarning soni yanada ortadi.

Surat manbasi, Getty Images
Tolibonning Balx viloyatidagi mas’uli Hoji Zayd X(Sobiq Tvitter) tarmog‘ida yozishicha, Mozori-Sharifdan janubda joylashgan Shulg‘ara tumanida "ko‘p odamlar jarohatlanganlar".
"Butun viloyatdagi barcha tumanlarda kichik jarohatlar va katta shikastlar ro‘y bergani haqidagi xabarlarni olgani"ni yozdi u.
"Ko‘p odamlar baland binolardan qulaganlari oqibatida jarohatlanganlar", deb yozdi Hoji Zayd.
500 mingdan ortiq aholi yashaydigan Mozori-Sharif shahri yashovchilari yugurib ko‘chalarga chopib chiqqanlar, binolar qulab tushadi, deb qo‘rqqanlar, deb xabar beradi "Frans Press" axborot agentligi.
Tolibonning Balx viloyatidagi rasmiysi Mozori-Sharif shahridagi mashhur Maqom Ali, Ravzai Sharif yoki Moviy Masjididan o‘pirilib tushgan bino parchalari videosini X(Sobiq Tvitter)da e’lon qildi.
Mozori-Sharifga yaqin tog‘li Samangon viloyatida ham qurbonlar bo‘lgani xabar qilindi.
Afg‘oniston Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, qidiruv va qutqaruv jamoalari vayron bo‘lgan binolar ostida tirik qolgan odamlarni qidirayaptilar, yo‘llarni vayronalardan tozalayaptilar.

Surat manbasi, .
O‘zbekiston Favqulodda Vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida jabrlanganlar, vayronagarchiliklar kuzatilmagan.
Internet ijtimoiy tarmoqlarida zilzila paytida O‘zbekistonda tasvirga olingan videolar tarqaldi.
Videolarning aksari Termiz shahrida olingan.
Videolarda silkinishlar bir minutdan ko‘p vaqt davom etganini, buyumlar harakatga kelgani ovozlarini eshitish mumkin.
Videolardan birida qattiq silkinish tufayli simyog‘och chiroqlari o‘chib qolgani, odamlar yugurib ko‘chaga chiqqanlari ko‘rinadi.
Afg‘onistonning sharqiy tog‘li mintaqasida shu yil avgustida ham kuchi 6 magnitudali halokatli zilzila ro‘y bergan, oqibatda 1000 dan ortiq inson hayotdan ko‘z yumgan edi.
Afg‘onistonda aksar uylar paxsa va yog‘ochdan barpo etiladi, ayniqsa, qishloq joylaridagi bunday uylar qulashi odamlarning umriga zomin bo‘ladi.
Afg‘oniston seysmologik faol hudud hisoblanadi.
Chunki Afg‘oniston zamini ostida Hind va Yevroosiyo tektonik plitalari yoriqlari tutashgan.












