Zelenskiy Tramp bilan uchrashadi: Putin ogohlantirgan Tomahawk raketalari Ukrainaga qanchalik zarur?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Harri Sekulich
- O'qilish vaqti: 3 daq
Putinning jiddiy ogohlantirishidan so‘ng Zelenskiy Vashingtonda Donald Trampdan yana bir bor Tomahawk raketalarini so‘raydi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy juma kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi. Tramp ayni damda Ukrainaga Rossiya hududining ichki qismigacha yeta oladigan Tomahawk raketalarini berish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuv Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatidan bir kun o‘tib bo‘lib o‘tadi. Tramp suhbatni "juda samarali" dedi va ikki davlat delegatsiyalari kelasi hafta uchrashishini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Putin bilan avgust oyidan keyin bo‘lgan birinchi muloqot "juda samarali" yakunlangan va ular Budapeshtda yuzma-yuz uchrashishga kelishib olgan.

Putin bilan bo‘lgan bu telefon suhbati oldindan e’lon qilinmagan edi.
Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin suhbatda Trampni Kievga Tomahawk raketalarni yetkazib berish Rossiya va AQSh munosabatlariga jiddiy zarar yetkazishi, shuningdek, Ukrainadagi mojaroni hal etish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishi haqida ogohlantirgan.
Ushakovning qo‘shimcha qilishicha, telefon qo‘ng‘irog‘i Moskva tashabbusi bilan amalga oshirilgan.
Zelenskiy yanvardan beri uchinchi marta AQShga yetib kelarkan, "Moskva Tomahawk so‘zini eshitishi bilan muloqotni tiklashga shoshiladi", dedi.
Ukraina rahbari Amerikadan uchish masofasi 2,500 km bo‘lgan ilg‘or raketalarni berishni so‘rab kelmoqda.
BBC keltirgan grafikda Kievdan uchiriladigan Tomahawk raketasi O‘zbekiston hududlariga ham yetib kelishi mumkinligini ko‘rish mumkin.
Shu hafta boshida jurnalistlar Trampdan Tomahawk raketalarini Ukrainaga berish masalasi ko‘rib chiqilyaptimi, deb so‘rashganida, u: "Ko‘ramiz... ehtimol", deb javob bergan edi.
Biroq Putin bilan suhbatdan so‘ng Tramp "biz zaxiramizni tugatolmaymiz, ular bizga ham kerak... shunday ekan, bu masala bo‘yicha hali nima qilishimizni bilmayman", dedi.
Putin bilan bo‘lgan telefon suhbatidan keyin Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida "Biz Putin bilan Ukrainadagi urush tugagach, Rossiya va Amerika o‘rtasidagi savdo haqida ancha vaqt suhbatlashdik", deb yozdi.
13 oktyabr: Tramp: AQSh Ukrainaga Tomahawk raketalarini berishi mumkin

Surat manbasi, Reuters
AQSh Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga uzoq masofaga mo‘ljallangan Tomahawk raketalarini berish haqida bosh qotirayapti, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaga "yangi bosqich"ni ta’minlaydi.
Isroilga parvoz qilib borayotgan payti AQSh prezidenti uchog‘ida jurnalistlar bilan muloqotda Prezident Trampga, Ukrainaga "Tomogavk" raketalarini yuborasizmi, savol berildi.
"Ko‘ramiz... Men qilishim mumkin", deya javob berdi savolga Tramp.
Tramp Ukrainaning Tomahawk so‘rovi bo‘yicha Rossiya bilan gaplashishi mumkinligini aytdi.
"Men (Rossiyaga) aytishim mumkin: agar urush hal bo‘lmasa, biz buni qilishimiz mumkin, lekin qilmasligimiz ham mumkin. Ular(Rossiya) o‘zlariga qarab Tomogavk uchib borishini xohlaydilarmi? Men xohlaydilar, deb o‘ylamayman", dedi Prezident Tramp.
Ushbu bayonot Tramp va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi telefon muloqoti ortidan yangradi.
Zelenskiy ancha vaqtdan buyon Rossiyaga qarshi mamlakatining harbiy aksilhujum harbiy imkoniyatlarini kuchaytirishda yordam so‘rab keladi.
So‘nggi muloqotda Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash va uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar mavzusi muhokama qilingan.
Bundan oldin Moskva Vashingtonni Kievga uzoq masofaga mo‘ljallangan raketa berish oqibatlaridan ogohlantirgan, agar bunday raketa bersa, mojaroda katta eskalatsiya yuz beradi, AQSh-Rossiya munosabatlarini yomonlashtiradi, degan.

Surat manbasi, .
Tomahawk raketalari 2500 km masofaga ucholadi, Ukrina hududidan turib Moskvaga zarba berish imkonini beradi.
Ukraina shaharlari, shu jumladan, poytaxt Kiev ham Rossiyaning doimiy dron va raketalari bombardimoniga duch kelib turadi.
Qish arafasida Rossiya Ukrainaning energetika infratuzilamasini ham atayin nishonga oladi, ko‘p hududlada elektr ta’minotini izdan chiqaradi.
O‘tgan oy Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus elchisi Keyt Kellog aytishicha, AQSh prezidentiga Rossiya ichkarisidagi nishonlarga zarba berishga ruxsat berish taklifi qo‘yilgan.
Janob Kellogning Fox News telekanaliga aytishicha, Rossiya-Ukraina urushida hujum qilinmasin degan "muqaddas narsa yo‘q".
Ukrainaga qarshi 2022 yil fevralida to‘la qonli bosqin boshlagan Rossiya Tomahawk raketalari urush yo‘nalishini o‘zgartirishi ahamiyatini pasaytirishga harakat qiladi.
"Tomogavklar bo‘ladimi yoki boshqa raketalar, dinamikani o‘zgartirmaydi", degan Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.












