AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi

Surat manbasi, Getty Images
AQSh Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga berilayotgan Amerika harbiy yordamini to‘xtatishga farmon berdi. 4 mart tunida AQSh tarafidan Ukrainaga yuborish mo‘ljali bilan harbiy yuklarni ortish to‘xtatilganini ma’lum qildi Reuters axborot agentligiga xabar bergan manba.
Amerika matbuoti xabarlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari "bu tanaffus, u yakuniy emas, balki vaqtinchalik qaror hamda u rasmiy Kiev tinchlikka bo‘lgan ahdini qat’iy namoyish etmagunga qadar davom etadi", deya bayonot berganlar.
Prezident Trampning ushbu qarori o‘tgan hafta Oq Uyda – Oval ofisda Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan yuzaga kelgan tortishuvdan bir necha kun o‘tib o‘rtaga chiqmoqda.
Nomi oshkor etilmayotgan Oq Uy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Prezident Trampning yakuniy maqsadi tinchlik va Vashington boshqa ittifoqchilari ham shu maqsadni namoyish etishini istamoqda.
"Prezident tinchlikka intilishini aniq bildirdi. Hamkorlarimiz ham shu maqsadga sodiq bo‘lishi kerak. Biz ko‘rsatayotgan yordamimiz muammoni hal qilishga hissa qo‘shishiga ishonch hosil qilish maqsadida uni to‘xtatyapmiz va qayta ko‘rib chiqyapmiz", dedi Tramp ma’muriyati rasmiysi.
Bloomberg nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Prezident Trampning ushbu qarori hali Ukrainaga yetkazilmagan, jumladan, yo‘lda bo‘lgan yoki Polsha orqali tranzitni kutayotgan barcha Amerika harbiy texnikasi hamda qurol-aslahalariga taalluqli bo‘ladi.
Reuters esa o‘z manbalariga tayangan holda, Ukraina tomon ketayotgan AQShga tegishli harbiy yuklar 4 mart tunida chindan to‘xtab qolganini yozdi.
Hozircha, harbiy yordam nega aynan hozir to‘xtatilayotgani sababi rasman izohlanmagan.
CNN telekanali amerikalik rasmiylarga tayanib, Oq Uy, ehtimol, Ukraina prezidentidan 28 fevral kuni Oval ofisda yuz bergan dahanaki tortishuv uchun ommaviy ravishda uzr so‘rashni talab qilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi.
AQShdan qaytib jurnalistlar bilan aeroportda muloqot qilgan Prezident Zelenskiy Oval ofisda hech kimni xafa qilmagani va uzr so‘rash niyatida emasligini aytdi.
CNN suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, harbiy yordamni to‘xtatib turish qarori dushanba kuni kechqurun qabul qilingan va bu "Rossiya bilan muzokaralar stoliga o‘tqazish yo‘lida Ukrainaga bosim qilish strategiyasining bir qismi"dir.
Tramp hokimiyatga qaytgandan beri Ukrainaga biror yangi harbiy yordam paketini imzolamagan – u Bayden davrida maq’ullangan paketlarni to‘xtatib qo‘ymoqda.
Ukraina oxirgi vaqtlarda front uchun kerakli qurol-yarog‘ning ma’lum qismini o‘zi ishlab chiqarayotgan bo‘lsa-da, u hamon AQSh va Yevropa berayotgan harbiy yordamga jiddiy qaram.
AQSh esa shubhasiz – eng yirik donor.
Keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukraina olgan harbiy ko‘makning qariyb yarmi Amerikadan kelgan. Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi a’zolari oxirgi paytda Ukrainaga o‘q-dori, ayniqsa, artilleriya snaryadlari yuborishni kuchaytirgan.
Donald Trampning harbiy yordamni to‘xtatish qarori ortidan – 4 mart kuni gapirgan Yevropa Ittifoqi rahbari Ursula fon der Lyayen nafaqat Ukrainani qisqa vaqt ichida qo‘llab-quvvatlash, balki qit’a xavfsizligini uzoq muddatga ta’minlash yo‘lida qariyb 800 milliard Yevroni mudofaa sohasiga safarbar etishni ko‘zda tutuvchi besh bo‘limdan iborat rejani taqdim etdi.
"Bu a’zo davlatlarga mavjud ehtiyojni birlashtirish va birgalikda xarid qilish imkonini beradi. Albatta, bu texnika yordamida ittifoqqa a’zo davlatlar Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordamni keskin oshirishi mumkin. Bu Ukrainaga tezkorlikda harbiy texnika yetkazib beriladi, degani. Birgalikda xarid qilish tamoyili xarajatlarni ham kamaytiradi, ichki bo‘linishning oldini oladi, shu bilan birga o‘zaro muvofiqlikni kuchaytiradi va, albatta, mudofaa sanoati bazamizni mustahkamlaydi", dedi Ursula fon der Lyayen.
Biroq ekspertlar AQSh qoldirayotgan bo‘shliqni Yevropa qanchalik tezlikda to‘ldira oladi, degan savolga javob topishning o‘zi yetarli emasligi va bu yerda son emas, balki sifat borasida qayg‘urish zarurligidan ogohlantirmoqdalar.
O‘tgan yillardan beri AQSh bergan HIMARS va ATACMS kabi o‘ta zamonaviy raketalar ukrain harbiylari qo‘lidagi eng qudratli qurollardan biriga aylangan.
Bundan tashqari, ayrim ekspertlarning baholashicha, zirhli texnika, razvedka ma’lumotlari va kommunikatsiya borasida ham biror davlat Ukrainaga AQShchalik yordam bera olmaydi.
Tabiiyki, Kreml Donald Tramp ma’muriyati dushanba tunida olgan qarorga hozircha ehtiyotkorlik, ammo oshkora mamnuniyat ila munosabat bildirdi.
Bu borada Bi-bi-si savoliga javob berar ekan, Kreml voizi Dmitriy Peskov, yordamni to‘xtatish AQShning tinchlik yo‘lida qo‘shgan eng katta hissasi, dedi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘tgan hafta Moskva Ukrainaning o‘zi bosib olgan to‘rt viloyati ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritmagunga qadar urushni davom ettirish niyatida ekaniga ishora qilgan edi.
Tramp bilan dahanaki uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy Yevropaga yuzlandi. Unga qanday va’dalar berilmoqda? (Video)

Surat manbasi, EPA
Oval ofisdagi dahanaki uchrashuvdan so‘ng o‘tgan dam olish kunlarida prezident Zelenskiy Londonda jadal diplomatiya bilan mashg‘ul bo‘ldi. Endi Ukraina urushi taqdirini Yevropa yetakchilari belgilaydimi? O‘zi ular nimani rejalamoqda?
Juma kuni Volodimir Zelenskiy Oq uyda – kameralar qarshisida Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bilan keskin bahsda bo‘ldi.
AQShdan rejalangandan erta ketib, Londonga yo‘l olgan Zelenskiy u yerda Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Yakshanba kuni esa Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer Ukrainada tinchlikni ta’minlash bo‘yicha to‘rt bosqichli rejani e’lon qilib, Yevropa "eng katta yuk"ni o‘z zimmasiga olishi lozimligini ta’kidlagan.
Uyga qaytish chog‘ida Zelenskiy har qanday tinchlik bitimida Ukraina uchun "xavfsizlik kafolatlari" zarurligini urg‘ulagan.
U shuningdek, Ukrainaga jo‘nab ketishidan avval Amerika bilan foydali qazilmalar bo‘yicha bitim tuzishga tayyor ekanini aytgan.
Ayni paytda, Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainada bir oylik qisman sulh e’lon qilish taklifi bilan chiqqan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Yevropa yetakchilari Londonda nimaga kelishib oldi?
Dam olish kuni Londonda o‘tgan sammitning asosiy maqsadi "urushni qanday to‘xtatish bo‘yicha rejani ishlab chiqish" bo‘lganini uning tashkilotchisi – Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu reja keyinchalik Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muhokama qilinadi, so‘ng "birgalikda amalga oshiriladi".
Uchrashuv ishtirokchilari quyidagi to‘rt qadam bo‘yicha kelishib olishgan:
- Urush davom etar ekan, Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish hamda Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish.
- Har qanday barqaror tinchlik Ukrainaning suvereniteti va xavfsizligini ta’minlashi kerak va Ukraina muzokaralar stolida bo‘lishi zarur.
- Tinchlik bitimi imzolangudek bo‘lsa, Yevropa yetakchilari Rossiyaning kelajakda Ukrainaga qaysidir tarzda qayta bostirib kirishining oldini olishga harakat qiladi.
- Ukrainani himoya qilish va mamlakatda tinchlikni ta’minlash uchun "istovchilar koalitsiyasi" tuziladi.
Keyr Starmer, shuningdek, Britaniyaning "erda askarlar, osmonda samolyotlar" orqali Yevropa davlatlarining harakatlarini qo‘llab-quvvatlash majburiyatini yana bir bor tasdiqlagan.
Hozir ortiqcha gap-soʻz qiladigan vaqt emas. Harakat qilish va adolatli hamda barqaror tinchlikka erishish boʻyicha yangi rejani qoʻllab-quvvatlash zamoni keldi.
"Yevropa og‘ir ishni o‘z zimmasiga olishi kerak", degan u.
Shu bilan birga bitimni Amerika ham qo‘llab-quvvatlashi zarurligini eslatib o‘tgan: "Aniq aytib o‘tay, biz Tramp bilan mustahkam tinchlik o‘rnatish zarurati borligi xususida yakdilmiz. Endi bu maqsadga birgalikda erishishimiz kerak".
"Men Amerika – ishonchsiz hamkor, degan fikrga qo‘shilmayman, bir-biriga bunday yaqin bo‘lgan ikki davlatni topish qiyin", gapirgan bosh vazir jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
Uning qayd etishicha, sammit ishtirokchilari bu rejani "AQSh bilan hamkorlikda va uning ko‘magida" amalga oshirishni ko‘zda tutishgan.
"Shu bois men kecha kechqurun Tramp bilan gaplashdim", qo‘shimcha qilgan Britaniya yetakchisi.
Londonda bo‘lib o‘tgan sammit yakunlari yuzasidan uyushtirilgan matbuot anjumanida Britaniya bosh vaziri yaqin muddatda yana uchrashib, "harakatlar sur’atini ushlab turish" va umumiy reja ustida ishlashni davom ettirishga kelishilganini ma’lum qilgan.
"Biz bugun tarixiy burilish yoqasida turibmiz. Hozir ortiqcha gap-so‘z qiladigan vaqt emas. Harakat qilish va adolatli hamda barqaror tinchlikka erishish bo‘yicha yangi rejani qo‘llab-quvvatlash zamoni keldi".
Makronning "bir oylik sulh" taklifi

Surat manbasi, EPA
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron kecha Londondagi sammitdan qaytayotib, Le Figaro nashriga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasida bir oylik qisman sulh tuzish taklifini ilgari surgan.
Bu g‘oya, hozircha, faqat frantsuzlar ilgari surgan taklif sifatida qolayotir.
Bu borada hozircha ko‘p tafsilotlar mavjud emas.
Unda, taxminan, Rossiya ham, Ukraina ham to‘rt hafta davomida havoda, dengizda va energetika infratuzilmasi atrofida o‘t ochmaslikka rozi bo‘lishi haqida so‘z boradi.
Ammo bu sharqiy frontdagi quruqlikdagi janglarni o‘z ichiga olmaydi.
"Harbiy harakatlar to‘xtatiladigan bo‘lsa, front chizig‘ida sulhga amal qilinayotganini aniqlash juda mushkul bo‘ladi", dedi Makron frantsuz nashriga.
Frantsiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro RTL radiostantsiyasi bilan suhbatda agar mazkur sulh amalga oshirilsa, G‘arb buni Rossiyaning yaxlit tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyorligiga dalil sifatida baholashi mumkinligi haqida gapirgan.
Biroq Britaniya hukumatidagi rasmiylar Frantsiyaning bu g‘oyasi hali yakuniy kelishuv sifatida tan olinmaganini yaqqol ta’kidlashmoqda.
3 mart kuni Britaniya Qurolli kuchlar vaziri Lyuk Pollard BBC'ga bergan intervyusida: "Hozirda muhokama qilinayotgan bir qator takliflar bor. Hali hech biri yuzasidan kelishuvga erishilgan emas", deya izoh bergan.
Albatta, har qanday sulh Rossiya roziligini ham talab qiladi va hozircha Moskva bunga tayyor ekanini ko‘rsatadigan dalillar yo‘q.
Kreml: "G‘arb parchalana boshladi"
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov har kungi matbuot brifingida Ukrainadagi "maxsus harbiy amaliyot" belgilangan maqsadlar to‘liq amalga oshirilgunga qadar davom etishini aytgan.
U Ukraina bilan ehtimoliy tinchlik rejasi borasida hozircha "kelishilgan" yoki "boshlang‘ich" bosqichdagi biror taklif yo‘qligini ma’lum qilgan.
Koʻryapmizki, kollektiv Gʻarb endi unchalik ham kollektiv emas. Gʻarbning parchalana boshlagani kuzatilmoqda, turli davlatlarning pozitsiyalari yanada turlicha tus olmoqda.
"Biz shuni ko‘ryapmizki, kollektiv G‘arb endi unchalik ham kollektiv emas. G‘arbning parchalana boshlagani kuzatilmoqda, turli davlatlar va davlatlar guruhlarining pozitsiyalari yanada turlicha tus olmoqda", deya izoh bergan Kreml matbuot kotibi Londonda o‘tgan Yevropa yetakchilari sammiti ortidan.
"U yerda bir guruh davlatlar qolgan, ular go‘yo urush tarafdoridek ko‘rinmoqda… [bu davlatlar] Ukrainani urushni davom ettirishga undayapti va jangovar harakatlar uchun yordam ko‘rsatishmoqda," qo‘shimcha qilgan Peskov.
Ukrainada tinchlikka erishish oson bo‘lmaydi
Kris Meyson
Siyosiy masalalar bo‘yicha muharrir
Yevropa davlatlari va ummon ortidan kelib qo‘shilgan Kanada ishtirokida uchrashuv o‘tkazish rejasi, aslida, juma kuni Oval ofisda yuz bergan keskin voqealardan avval ham kun tartibida bor edi. Biroq o‘sha voqeadan keyin bu anjuman yanada muhim tus oldi.
Buni kuzatib turgan Rossiya Londondagi yig‘ilishni "Trampga qarshi o‘tkazilayotgan tadbir", deya kinoya qildi. Ser Keyr va boshqalar esa bunday emasligini qat’iyan ta’kidlashdi.
Mazkur sammitda Ukrainada tinchlik rejasini qayta tiklashga urinish bilan birga, Yevropa AQSh ishtirokisiz urushni butunlay tugatish qiyinligini yana bir bor ochiq namoyish etdi.
Agar tinchlik bitimi tuzilgan taqdirda, bu Buyuk Britaniya bo‘ylab ko‘plab oilalar uchun jiddiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin, chunki Rossiya o‘n yillab ko‘z tikib kelgan beqaror va bahsli hududga – Ukrainaga yevropalik qurolli kuchlarning jo‘natilishi ehtimoli bor.
Albatta, ularning vazifasi tinchlikparvar kuch sifatida ta’riflanadi, lekin ko‘plar ularni "erkinlikning old chizig‘i"da turadiganlar sifatida ko‘rishadi.
Hali oldinda keng ko‘lamli diplomatik harakatlarni amalga oshirmoq lozim. Katta ehtimol bilan, yaqin kunlarda ham, xuddi o‘tgan bir necha kunda bo‘lgani kabi qizg‘in voqealar davom etishi mumkin.
Tinchlik sari yo‘l uzoq bo‘lishi ehtimoldan holi emas.












