Urush vaqtidagi muhabbat: Ukrainalik ayollar front yaqinidagi shahar va qishloqlarga qanday qilib uchrashuvga bormoqda?

harbiy

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukrain harbiylari rafiqalari bilan Kramatorsk vokzalida ko‘rishmoqda, 2024 yil 3 noyabrь.
O'qilish vaqti: 8 daq

Eri harbiy bo‘lib, yiliga atigi 10-20 kun ta’tilga keladigan ayol qanday qilib oilaviy hayot kechirishi mumkin? Ba’zi ukrainalik ayollar buning yechimini topgan – frontga yaqin hududlarga borib, jufti bilan ko‘rishish.

Kramatorsk, Slavyansk, Konstantinovka – Donbassdagi bu shaharlarning vokzallari oylab ayriliqdan so‘ng ko‘z yoshlar bilan uchrashayotgan ko‘plab juftliklarni ko‘rgan.

Bunday juftliklarga onlayn muloqot yetarli emas, ba’zilari esa uzoq masofali munosabatlarga ishonmaydi.

Ukrainada hamon demobilizatsiya ko‘zda tutilmagan bo‘lsada, urush davom etgan sari mamlakatlarda ajralishlar soni ortib bormoqda.

Shu sababli, ba’zi ayollar bu usul orqali oilasini saqlab qolishga harakat qilayotganini aytishadi.

Boshqalar esa bu yo‘l bilan juftlarining faqat urush haqida o‘ylamasligiga yordam berishmoqchi.

Xo‘sh, bunday xavfli uchrashuvlar qanday o‘tadi?

"Biz farzand ko‘rishni orzu qilamiz"

Rossiya Ukrainaga keng qamrovli hujum boshlagan paytda, Oq Cherkovlik Artyom va Oksana endigina yarim yil turmush qurishgan edi.

Eri frontga ketdi, ayol esa uyda yolg‘iz qoldi.

Bu holat unga chidab bo‘lmas darajada og‘ir edi.

"Ertalab uyg‘onasiz va to‘rt devor ichida yolg‘iz qolganingizni his qilasiz," deydi Oksana Bi-bi-sining Ukraina xizmatiga.

"Urushgacha mayda-chuyda narsalar deb tortishardik, u ketgandan keyin esa, go‘yo oyog‘im ostidagi zamin yo‘qolgandek bo‘ldi."

U birinchi marta 2022 yil aprelida uchrashuvga borgan – bu paytda Artyom mashg‘ulotlarda bo‘lgani uchun e’tiroz bildirmagan.

Ammo keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, harbiylar kamdan-kam hollarda ta’til olishar ekan. Boz ustiga, Artyom tankchi sifatida Xarkiv viloyatidagi qarshi hujumda qatnashgan.

Keyingi uchrashuv noyabrga belgilangan edi, biroq vaziyat murakkablashdi.

Artyom yaralandi, Oksananing homilasi tushib qoldi, bir necha kundan so‘ng esa buvisi vafot etdi. Artyom dafn marosimiga qo‘ltiqtayoqda keldi va ularning ikkinchi uchrashuvi poezd vagonida, Oksana uni Xarkivdagi kasalxonaga kuzatib qo‘yayotganida bo‘ldi.

Shundan so‘ng Oksana erining oldiga muntazam boradigan bo‘ldi.

oksana

Surat manbasi, Oksana

Surat tagso‘zi, Oksana va Artem uchrashuvlardan birida.

Eri bunga qarshi chiqib, chet elga ketishga undardi.

"Ammo men uni ko‘rmay qanday yashayman, tasavvur qilolmayman. Men uchun bu kunlar shunchaki tiriklik emas, balki chinakam hayot kechirishdir," deydi ayol.

Ular uch oydan ortiq ko‘rishmasa, Oksana undan bir-ikki kunga bo‘lsa ham uchrashish uchun komandiriga murojaat qilishini so‘raydi.

Rahbariyat vaziyatni tushunib, yordam beradi, deydi ayol.

"Xarkiv va Donesk viloyatlaridagi barcha uchrashuvlarimiz tartibini eslay olmayman. Lekin qo‘rquv yo‘qolgani yodimda. 2022 yilda Xarkivga borishdan qo‘rqardim, keyin esa chegaradagi bombalangan qishloqlar ham meni qo‘rqitmay qo‘ydi," deydi ayol.

Uchrashuvni rejalashtirish oson emas.

Er-xotin farzand ko‘rishni orzu qilgani uchun hamma narsani shunday moslash kerakki, erining bo‘sh vaqti bo‘lsin, Oksanaga ishxonasidan dam olish kuni berilsin, poezd chiptasi topilsin va uchrashuv homilador bo‘lish mumkin bo‘lgan kunlarga to‘g‘ri kelsin, deydi ayol.

Safarlardan uning xotirasida "erining nigohi va dastlabki daqiqalardagi quchoqlashuvi" qolgan. Shuningdek, tunash joylari ham esida.

Ko‘pincha bu mahalliy aholi bepul tunashga ruxsat bergan tashlandiq, sovuq uylar bo‘lardi.

"Bir tomondan uchrashuvdan xursand bo‘lasan, boshqa tomondan esa xafa, chunki uxlayotganingda atrofingda urush vayron qilgan begona hayotlar va fotosuratlarni ko‘rasan."

Hozirda Oksana erining oldiga bormayapti – u homilador va tug‘ish arafasida.

Bu uning uchinchi homiladorligi – urush paytida ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan va ikki marta bola tushirgan, shuning uchun bu safar u ehtiyotkorroq.

Oksananing aytishicha, eri ba’zan xavfli hududlarga ketayotganini yashiradi va faqat qaytib kelgandagina borganini tan oladi.

Ba’zan u hech bo‘lmasa yarim kunga bo‘lsa ham xotini huzuriga Oq Cherkovga borib keladi.

oksana

Surat manbasi, Oksana

Surat tagso‘zi, Oksana va Artem ota-ona bo‘lishga tayyorlanishmoqda. Bu suratga tushish uchun Artem ancha mashaqqatlarni boshdan kechirgan.

Lekin u tug‘ruq paytida borib kelolarmikan – bu katta savol.

Harbiylarga oilaviy vaziyatlar tufayli ta’til beriladi, deydi ayol. Ammo hamma narsa frontdagi vaziyatga bog‘liq, tug‘ruq kunini ham rejalashtira olmaysan.

"Albatta, har bir ayol bunday paytda eri yonida bo‘lishini xohlaydi, lekin men bu yerda farzandimizni ko‘tarib yurganimda, erim to‘g‘ri joyda ekanligini bilaman."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ikki kunlik yo‘l, 50 daqiqalik uchrashuv

Front oldi hududiga borish qiyin.

Ko‘pincha ayollar poezdda katta shaharlarga borishadi, keyin esa avtobus yoki taksida erlari yashaydigan qishloqqa yo‘l olishadi.

Poezd chiptalarini topish oson emas.

"Ukrzaliznыsya" harbiylarning qarindoshlari uchun bir nechta o‘rinni band qilgan, ammo sharqqa yetib borish baribir qiyin.

Uchrashuvga frontga yaqinroq joyga boradigan yo‘lovchi ayollar ba’zan g‘ayriodatiy tashqi ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Kramatorsk perronlaridan olingan suratda baland poshnali ayollarni ko‘rish mumkin.

"Men bilan birga bir nechta ayol bor edi – juda charchagan ko‘rinishda, lekin chiroyli kiyingan, yo‘lga moslab kiyinmagan. Erlari oldiga borib, iloji boricha yaxshiroq ko‘rinishni xohlashgan, shuning uchun ba’zilari tong pallasida juda sovqotib qolishgan," deydi Chernovsidan kelgan Liliya Bi-bi-si Ukraina xizmatiga.

"Bir ayol shunchalik qaltirab ketdiki, men unga isinish uchun kurtkamni berdim," deb qo‘shib qo‘ydi u.

Ba’zan shunday bo‘ladiki, ayollar uchrashuvga qaraganda ko‘proq vaqtni yo‘lda o‘tkazadi, axir harbiylar bunday paytlarda ta’tilda emas, shunchaki qisqa tanaffusda, va bu to‘satdan tugashi mumkin.

Yaqinda, 12 noyabrda, Lvovdan kelgan Natalya Osidachning safari chog‘ida shunday bo‘ldi.

U Igor Prixodaga va uning quroldosh birodarlariga oziq-ovqat olib kelayotgan edi, ammo o‘sha kuni dahshatli otishma bo‘ldi.

"Biz Slavyanskda edik, kelganimizda esa bir vaqtning o‘zida 5 ta chegara aholi punkti o‘qqa tutilgani ma’lum bo‘ldi. Erim bilan platformada 50 daqiqa bo‘ldik va u meni yana o‘sha poezdga o‘tqazdi."

"Baribir bu 50 daqiqa eng yaxshisi bo‘ldi," deydi Natalya ko‘z yoshlarini tiya olmay.

natalya

Surat manbasi, Natalya Osidach

Surat tagso‘zi, Natalya bu suratga turmush o‘rtog‘i bilan so‘nggi uchrashuvlardan biriga borganda, Kramatorsk vokzalida tushgan.

Ayol har ikki-uch oyda erining oldiga borishga harakat qiladi, garchi sayohat qimmat bo‘lsa ham – har ikki tomonga taxminan 5 ming grivna.

Yana bir kecha-kunduzga kvartira ijaraga olish kerak.

Front yaqinidagi shaharlarda narxlar hamyonbop, lekin har xil holat bo‘ladi. Natalya Yangi yilga erining oldiga bormoqchi edi va e’londa kuniga 800 grivna deb yozilgan edi, ammo "bayramlar" uchun 2,5 ming grivna so‘rashdi.

"Men kurortga borayotganim yo‘qku?" deydi ayol.

Natalyaning eri xotinining u bilan ko‘rishish uchun tavakkal qilayotganidan unchalik xursand emas.

Natalya

Surat manbasi, Natalya Osidach

Surat tagso‘zi, Natalya va Igor.

"U menga "yana asabimni buzyapsan" deydi, lekin men baribir boraman," deydi Natalya.

U Igor bilan 22 yildan beri birga, ularning ikkita voyaga yetgan farzandi bor. Ayol erining "butun umr yonida bo‘lishiga ko‘nikib qolgan, bu yerda esa u yo‘q."

Bunday safarlar – bu yana "oila bo‘lib" vaqt o‘tkazish imkoniyatidir, deydi ayol.

Slavyansk yoki Pokrovskda qayerga borish mumkin?

Diana va Yuriy Lisovlarning yoshi 40 dan oshgan, bu ularning birinchi nikohi emas.

Ular keng ko‘lamli urush paytida turmush qurishgan. O‘shandan beri xotini Kramatorskda, Slavyanskda, Pokrovskda, Zaporoje viloyatida u bilan uchrashib yurardi.

U erining oldiga uch kunga ham, o‘n kunga ham kelardi.

Yuriy hujum brigadalarida zarba beruvchi dronlar operatori bo‘lib, asosan tunda ishlaydi va shuning uchun kunduzi rafiqasi bilan vaqt o‘tkazishi mumkin.

Ba’zan kunduzi u band bo‘ladi, Diana esa ijaraga olingan kvartirada ovqat pishiradi yoki kuchukchasi bilan sayr qilib, uni taniydigan mahalliy odamlar bilan suhbatlashadi.

diana

Surat manbasi, Diana Lesnaya

Surat tagso‘zi, Diana turmush o‘rtog‘ini har tomonlama dastaklashga intiladi. Ayriliq kunlarida eriga gullar yuboradi, onlaynda birga ingliz tilida o‘rganadilar. Uchrashgan vaqtda esa, it bilan birga sayr qiladilar. Diana hatto oddiy sayrlar ham erkakni frontdagi mushkulliklardan chalg‘itishiga ishonadi.

"Balki bu biroz jiddiy emasdek ko‘rinar, lekin biz taqdirga ishonamiz va hech kim Kievga yoki frontga yaqinroq joyga nima kelib tushishini bilmaydi, degan qarorga keldik," deydi ayol.

Ba’zida yonginasiga KABlar tushardi, deydi Diana, bir kuni u Ukraina Qurolli Kuchlari Avdiivkadan chiqayotgan paytda kelgan, "osmon doim qizil edi, bombalar portlaganda u yerda zilzila bo‘lgandek tuyulardi."

"Bilmadim, balki menda shundaydir, lekin men uchun Pokrovskda, doimiy o‘qlar ostida sevgan odamim bilan bo‘lish, nima uchundir, Kievda derazadan "shahed"lar ovozi eshitilgandan yoki uyim ustida ikkita qanotli raketa uchgandan ko‘ra xotirjamroqdir."

Uchrashuvlar ko‘pincha oddiy o‘tadi – "chekmaymiz, ichmaymiz, shuning uchun bizda sharbat, gullar, mevalar bor. Bu o‘smirlar romantikasi emas, balki juda iliq va ajoyib munosabat".

Bi-bi-si Ukraina xizmatiga gapirgan ayollarning deyarli barchasi ilgari Ukrainaning sharqiy hududlarida bo‘lmagan ekan.

Ular Donbassda va umuman sharqda shunchalik go‘zal joylar borligini hayrat bilan ta’kidlashdi. Diana bilan Yuriy Zaporojedagi Xortitsa orolini shu qadar yaxshi ko‘rib qolishdiki, hatto bir safar Pokrovskdan u yerga ataylab borishgan.

"Men hech qachon Ukraina bo‘ylab bunchalik ko‘p sayohat qilmagan edim," deydi ayol.

diana

Surat manbasi, Diana Lesnaya

Surat tagso‘zi, Birinchi suratda Diana va Yuriy Donbass hududida, ikkinchisi esa ularning Zaporojedagi sevimli Xortitsa orolida tushirilgan.

Sumidan kelgan Yelizaveta ham xuddi shunday fikrda.

Uning eri Igor – minomyot batareyasi vzvodi komandiri.

"U bilan birga men Slavyanskni ko‘rdim – u yerda ajoyib park bor ekan. Shuningdek, Tuzli ko‘llarga ham bordik, u yer menga yoqdi," deb hikoya qiladi u.

igor

Surat manbasi, Yelizaveta

Surat tagso‘zi, Yelizaveta va Igor. O‘ng tomonda Tuzli ko‘llar bo‘yidagi plyaj tasviri.

Ko‘pchilik ayollar bu sayohatlar ular uchun kichik bir hayot ekanligini tan olishadi.

"Ulardan so‘ng bo‘sh kvartiraga qaytish juda og‘ir. Bir hafta yotib yig‘layman, chunki kundalik hayot ritmiga moslashish men uchun qiyin," deydi Yelizaveta.

Uchrashuvlar munosabatlarni saqlab qoladimi?

Ko‘plab ayollar front yaqinidagi hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlar juftlari bilan munosabatlarini mustahkamlaganini ta’kidlamoqda.

Biroq, boshqacha voqealar ham bor.

Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar sevgilisiga qanday qiyinchilik bilan yetib borganlarini, keyin esa erkakning front yaqinidagi qishloqda o‘ziga o‘ynash yoki "dala xotini" topib olgani haqida gapirmoqda.

Xuddi shunday voqea Mariya (ismi o‘zgartirilgan) bilan ham sodir bo‘lgan.

"Men turmush qurgan paytimizda sobiq erimning oldiga borar edim. Ammo u bu fidokorlikni qadriga yetmadi," deydi ayol Bi-bi-si Ukraina xizmatiga.

Bu 2015 yilda, janglar faqat Donbassda ketayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Uning eri, professional harbiy, urushga ketgan, o‘zi esa bolalari bilan qolgan.

Sog‘lig‘idagi muammolarga qaramay, u ba’zan uch kun davomida Kievdan poezd va avtobuslarda katta sumkalarni ko‘tarib, uchrashuvga borardi.

"Bir bekatda politsiyachilar meni tanib qolishdi, achinib, poezdgacha kuzatib qo‘yishdi," deb eslaydi Mariya.

Ular eri bilan birga front yaqinidagi qahvaxonalarga borishgan va mehmonxonalardan xona olishgan.

Lekin "Debalsevo dahshatidan keyin" hamma narsa o‘zgara boshladi.

O‘sha voqealardan so‘ng eri "butunlay boshqa odamga" aylandi va armiyadan iste’foga chiqdi. Travmadan keyingi ruhiy buzilish tufayli bolalari va xotini undan qo‘rqa boshladi, jismoniy zo‘ravonlik sodir bo‘lgan, deydi ayol, va oxir-oqibat erkak chetda munosabatlar o‘rnatib, qo‘l ostidagi ayolga uylandi.

Noxush tajribaga qaramay, bir necha yil o‘tgach, Mariya ham turmushga chiqdi – yana bir harbiyga.

perron

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Front yaqinidagi shaharlar perronlarida qo‘lida gul tutib turgan harbiylarni ko‘p uchratish mumkin.

Lekin bu safar hammasi boshqacha, deydi u.

"U juda halol, yaxshi inson. U baribir puling bormi, deb so‘raydi. Issiq paypoqlaring bormi? Bolalarimning yeyishga ovqati bormi?"

Yangi eri Mariyaning uchrashuv kelishiga borishiga ruxsat bermaydi.

Boshida u borardi, keyinchalik to‘xtatdi.

Aslida bu katta xavf, deydi ayol, chunki yo‘lda har narsa bo‘lishi mumkin.

Bir kuni u Bla Bla Car xizmati mashinasida kelayotganda, haydovchi unga tegajog‘lik qila boshladi – ayol mashinadan "sovuqda ochiq dalaga" tushib, bir necha kilometr piyoda yurishga majbur bo‘ldi.

"Hozir Xarkivga, ota-onamning oldiga borishim kerakligini aytganimda, erim xavotirlanadi," deydi u.

Frontdagi uchrashuv oilani saqlab qolish kafolati emas, deydi Mariya.

"Birgalikda maqsadlarni muhokama qilib, vaziyatga umumiy qaray boshlaganingizda munosabatlarni saqlab qolish mumkin. Aslida, munosabatlarni turli yo‘llar bilan saqlash mumkin."