Bu qiziq: Fatberglar — kanalizatsiyaga tushgan yog‘lardan xushbo‘y atir tayyorlanishini eshitganmisiz?

Surat manbasi, Getty Images
Edinburgdagi yorug‘ laboratoriyada robot mashinalar g‘uvullaydi. Ular yaratayotgan yakuniy mahsulot qarag‘ay hidli kimyoviy modda bo‘lib, undan parfyumeriyada foydalanish mumkin. Ammo boshlang‘ich nuqta butunlay boshqa: kanalizatsiyadan olinadigan qo‘ng‘ir, yopishqoq, yog‘li aralashma – fatberglar.
Fatberglar kanalizatsiyalarda bo‘ladigan yoqimsiz narsa. Bu kimyoviy o‘zgarishni amalga oshirish uchun qo‘llanadigan texnologiyaning rivojlanishini ba’zilar yangi sanoat inqilobi sifatida tavsiflamoqda.
Bu biomuhandislikning tez rivojlanayotgan sohasidir. Quvonarlisi, Buyuk Britaniya hozirda boshqa mamlakatlarga nisbatan bu sohada yetakchi o‘rinni egallagan.
Bu atrof-muhit uchun ham ajoyib yangilik, chunki u chiqindilarni qayta ishlash imkonini beradi. Bundan tashqari, hukumat ham bu g‘oyaga qiziqish bildirmoqda, chunki u yangi sanoat va yangi ish o‘rinlarini yaratishi mumkin.
Ammo Britaniyaning bu yetakchiligi ham sarmoya yetishmasligi, noto‘g‘ri tartibot va nomunosib siyosat tufayli yo‘qoldi. Endi savol tug‘iladi: uni qayta tiklash mumkinmi?
Agar iloji bo‘lsa, qanday qilib? Chunki ba’zi mutaxassislar foyda olish va yetakchilikni qaytarib olish ishtiyoqi ortida ba’zi ehtimoliy xavflar e’tibordan chetda qolayotganidan xavotirda.
"Ishlaydigan" g‘alati g‘oya
Edinburg universiteti professori Stiven Uolles ham fatberglarni parfyumeriyaga aylantirmoqda. "Bu g‘alati g‘oya, – tan oladi u menga, – lekin amalda ishlaydi."
Fatberglar – bu oshxona yog‘lari, hojatxona va boshqa oziq-ovqat chiqindilaridan to‘plangan yog‘ bo‘laklari bo‘lib, odamlar ularni oqava quvurlarga tashlaydi. Professor Uolles ularni kanalizatsiyadan chiqarib olib, bioyoqilg‘iga aylantirishga ixtisoslashgan kompaniyadan oladi. Ular laboratoriyaga naychada keltiriladi.
Birinchi qadam materialni bug‘latkichda zararsizlantirishdir. Keyin professor Uolles maxsus o‘zgartirilgan bakteriyalarni fatberg qoldig‘iga qo‘shadi. Bakteriyalarda kerakli xususiyat paydo qilish uchun DNKning qisqa parchasi kiritilgan.
Fatberg asta-sekin yo‘qoladi, chunki uni bakteriyalar yeydi va qarag‘ayga o‘xshash hidli kimyoviy modda ishlab chiqaradi – bu parfyumeriya tarkibiy qismi sifatida ishlatilishi mumkin.

Professor Uollesning aytishicha, Buyuk Britaniya texnologiyani yaratishda yetakchi rol o‘ynagan bo‘lsada, hozir u keyingi bosqichga o‘tishi mumkinligini ko‘rsatishi kerak. "Biz barqaror sanoat texnologiyalarining keng turlarini yaratishga imkon beradigan ishlab chiqarish darajasiga ko‘tarilish bosqichiga o‘tmoqdamiz.
Ammo Buyuk Britaniyada infratuzilmani yaratish, Yevropa va AQShdagi sarmoyalar bilan taqqoslanadigan tezlikda tijoriylashtirishga erishish qiyin bo‘lmoqda."
Yuqori tezlikdagi texnologik yutuqlar
Agar Buyuk Britaniya buni uddalasa, sarmoya kiritishga ishtiyoq paydo bo‘ladi. Professor Uolles ushbu jarayonga qiziqqan ikkita parfyumeriya kompaniyasi bilan ishlayapti. U taklif etayotgan usul ularnikidan ko‘ra foydaliroq. Ularning hozirgi usuli qazib olinadigan yoqilg‘idan ajratib olingan kimyoviy moddalardan xushbo‘ylik olishdan iborat.
Ammo asosiy texnologiya mavjud bo‘lsada, u misli ko‘rilmagan tezlikda rivojlanmoqda, ya’ni Buyuk Britaniya yetakchiligi xavf ostida.
Stivenning hamkasblaridan biri doktor Joanna Sadler atrof-muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlatilgan plastikni vanil essentsiyasiga va boshqa foydali hamda qimmat kimyoviy moddalarga aylantiradigan mikroblarni yaratdi.
"Men bu ishni to‘rt yoki besh yil oldin e’lon qilganimdan beri bu soha nafaqat Buyuk Britaniyada, balki butun dunyoda rivojlandi, – deydi u menga. – Bu juda tez rivojlanayotgan soha."

Edinburg universiteti markazi a’zolaridan biri yonib bo‘lgan batareyalardan muhim metallarni ajratib oluvchi bakteriyalarni yaratdi, aks holda bu zararli kimyoviy moddalar chiqindixonaga sizib chiqishi mumkin edi.
Imkoniyatlar cheksiz va innovatsiyalar bakteriya DNKsini boshqarishning arzon va aniq usullarini ishlab chiqish tufayli tezlashdi. Bu endi turli narsalarni yaratish uchun tabiat kuchidan foydalanish va uni moslashtirishni ancha osonlashtirdi.
Biroq, bu imkoniyatlarning barchasi mablag‘ talab qiladi.
Beixtiyor yaratilgan super mikroblar
Olimlar va sanoatchilar jamoatchilik ishonchisiz bu yangi porloq sanoat hech qayerga bora olmasligini tan oladi. Ishonch qozonish uchun muhandislik biologiyasi tarafdorlari xavf-xatarlar haqida ochiq va samimiy bo‘lishi shart.
Eng tashvishli jihati – nozik muvozanatdagi ekotizimlarni izdan chiqarib, kasalliklarni tarqatishi yoki atrof-muhit muammolarini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan super mikroblarning beixtiyor paydo bo‘lib qolishidir.
Yaqinda 38 nafar yetakchi olim sun’iy ravishda yaratilgan, DNKsi tabiiy holda uchraydigan analoglarining ko‘zgu aksi bo‘lgan "ko‘zgu hayot" organizmlari paydo bo‘lishidan xavotir bildirdi.
Ular Science jurnalida yozishicha, bu ko‘zgu organizmlar jiddiy xavf tug‘dirishi va o‘simliklar hamda hayvonlarning immunitet tizimlarini izdan chiqarishi mumkin. Olimlar ular haqida ko‘proq ma’lumot olinmaguncha va xavfni kamaytirish choralari ishlab chiqilmaguncha, bunday organizmlarni yaratishga vaqtinchalik taqiq qo‘yishga chaqirmoqda.

Biroq muammo shundaki, texnologiya juda arzon va keng tarqalgan bo‘lib qolgani sababli, bunday taqiqni nazorat qilish qiyin. "Ko‘zgu hayot"ni yaratish yuqori malaka talab qilsada, yovuz niyatli shaxslar oddiyroq o‘zgarishlarni amalga oshirib, bioterror xavfini oshirishi mumkin.
Hukumat va ishlab chiqaruvchilar bu texnologiyaning sezilarli ekologik va iqtisodiy foydalari borligini ta’kidlashmoqda. Ammo jamoatchilik uni qabul qilmasa, sarmoyalarni ko‘paytirishdan ma’no yo‘q: texnologiya qo‘llanilmaydi, hech kim mahsulotlarni sotib olmaydi. Haqiqiy xavf-xatarlar ham mavjud: olimlar va faollar jamoatchilikning ochiq va shaffof tarzda to‘liq xabardor qilinishini istashmoqda.
Professor Frimont biomuhandislik keltirishi mumkin bo‘lgan nafni tan oladi. "Jamoatchilik bilan muloqotda biz e’tiborimizni biroz yo‘qotdik.
"Soha oddiy iste’molchi va fuqaroga bu texnologiyani tushuntirib berishi kerak".












