Mintaqa va siyosat: Qozog‘iston ham, prezidenti ham kuchayadimi? Rus tili-chi?

Qozog‘iston prezidenti

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Prezident Toqaevning aytishicha, yangi tuzatishlarning qabul qilinishi "Qozog‘iston taraqqiyotiga kuchli turtki beradi, har bir fuqaroning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam qiladi."
O'qilish vaqti: 8 daq

Qozog‘istondan olinayotgan xabarlar qarama-qarshi aks-sadolarga sabab bo‘lmoqda.

Qozog‘iston amaldagi prezidenti o‘z ixtiyori bilan vakolatini topshirgan birinchi va hozircha yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.

Nima gap?

Qozog‘iston o‘z Konstitutsiyasini o‘zgartirmoqchi.

15 mart kuni referendum o‘tkazib, uni yangilamoqchi.

Qozog‘iston prezidenti bu haqdagi farmonni rasman imzoladi.

Mamlakat Konstitutsiyasiga esa muhim tuzatishlar kiritilmoqchi.

Ularning orasida:

  • Ikki palatali parlamentdan bir palatali modelga o‘tish;
  • Konstitutsiyaning xalqaro shartnomalar ustidan ustuvorligini ta’minlash ham bor;
  • Ammo, xabarlarga qaramay, rus tilining maqomi o‘zgarishsiz va norasmiyligicha qolmoqda.

Referendum sanasi tayin

Қозоғистон президенти
gettyimages
Yangi tuzatishlarning qabul qilinishi Qozog‘iston taraqqiyotiga kuchli turtki beradi, har bir fuqaroning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam qiladi.
Qasim-Jomart Toqayev
Qozog‘iston prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Qasim-Jomart Toqaev kecha, 11 fevral kuni Konstitutsiyaviy hay’atning bu xususdagi yakuniy hisoboti bilan tanishgan.

Qozog‘iston prezidenti Konstitutsiyaga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishlarning yakuniy nusxasini qabul qilgan va referendum sanasini tayin etgan.

Bundan avval Qozog‘iston yangi Konstitutsiyasi matnining 80 foizdan ortiqrog‘i qayta yozilgani xabar qilingan.

Xabarlarda undagi 77 ta moddaga tegishli tuzatishlar kiritilgani aytilgandi.

Prezident Toqaevning aytishicha, yangi tuzatishlarning qabul qilinishi "Qozog‘iston taraqqiyotiga kuchli turtki beradi, har bir fuqaroning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam qiladi."

Unga ko‘ra, "so‘nggi yillardagi siyosiy islohotlarning umumiy ko‘rinishi Qozog‘iston nihoyat super-prezidentlik boshqaruv shaklidan voz kechib, obro‘li, ta’sirli parlamentga ega prezidentlik respublikasiga o‘tayotganiga ishonch hosil qilishlariga imkon beradi".

Xavotirlar

Qozog‘iston poytaxti Ostona

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qozog‘iston mintaqaning iqtisodi eng yirik, O‘zbekistondan keyin aholisi eng katta ikkinchi davlati bo‘ladi.

Ammo, ayni mazmundagi bayonotlarga qaramay, Qozog‘istonning yangi tahrirdagi Konstitutsiya matni huquqshunoslar va huquq himoyachilari orasida allaqachon xavotirlarga sabab bo‘lib ulgurgan.

Ularga ko‘ra, ko‘zda tutilayotgan tuzatishlar, aksincha, prezident vakolatlarini kengaytirib, davlat hokimiyatining boshqa organlarini zaiflashtiradi.

"Bundan tashqari, Qozog‘iston milliy manfaatlarini himoya qilish bahonasida fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin".

Inson huquqlari bo‘yicha Qozog‘iston xalqaro byurosi va Yuridik media markazi ko‘zda tutilayotgan tuzatishlarni tanqid qilib, qozoq hukumatiga o‘z takliflari bilan ham chiqqan.

Maqola yozilayotgan paytda ularning ushbu takliflariga Qozog‘iston hukumatining rasmiy munosabati bo‘y ko‘rsatmagan.

Byuro bosh maslahatchisi Yevgeniy Jovtisning BBC ga aytishicha, yangi Konstitutsiya loyihasi, aksincha, ko‘proq "avtoritar va super-prezidentlik" xarakterga ega.

"Qolaversa, o‘zgartirishlar parlament tuzilmasini ikki palatalidan bir palataliga aylantiradi va deputatlarning vakolatlarini sezilarli darajada qisqartiradi."

Shuningdek, parlament nomini Qurultayga o‘zgartiradi.

Taklif etilayotgan islohotlarga ko‘ra, Qozog‘iston parlamenti Bosh prokuror, Oliy sud raisi va Inson huquqlari bo‘yicha vakilning daxlsizligini bekor qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning yangi tahririda parlament a’zolarining respublika byudjetini tasdiqlashi, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishi haqida ham hech narsa aytilmagan.

Huquqiy media markazi esa Konstitutsiya loyihasining yangi 23-moddasida ommaviy axborot vositalariga bosimni kuchaytirishi va so‘z erkinligini cheklashi mumkin bo‘lgan mujmal jumlalar borligini ta’kidlagan.

Rus tili nima bo‘ladi?

Avvalroq turli ommaviy axborot vositalarida yangi tahrirdagi Konstitutsiya matni Qozog‘istonda rus tilining maqomini "pasaytirishi"ga oid xabarlar bo‘y ko‘rsatgandi.

Yurist Yevgeniy Jovtisning fikricha, yangi tuzatishlar rus tilining maqomini o‘zgartirmaydi, faqat formulirovka o‘zgaradi.

Amaldagi Konstitutsiyaning 7-moddasida davlat tashkilotlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida rus tili qozoq tili bilan teng asosda rasman qo‘llanishi belgilangan.

Yangi Konstitutsiya loyihasida "teng asosda" so‘zi "bir qatorda" bilan almashtirilgan.

Qozog‘iston mintaqaning iqtisodi eng yirik, O‘zbekistondan keyin aholisi eng katta ikkinchi davlati.

Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlati.

Qozog‘istonning Rossiya bilan quruqlikdagi chegarasi dunyodagi eng uzuni.

Rossiya Ukrainaga ochgan urush postsovet makonida aynan Qozog‘istonning keyingi nishonga aylanishiga oid xavotirlarga turtki bergan.

Postsovet davlatlarida rus tilining mavqei va maqomi hozir ham Kreml uchun eng hassos masalalardan.

Maqolaning to‘liq matni bilan mana bu yerda tanishishingiz mumkin.

10 fevral. Qozoqlar rus tilini konstitutsiyadan olib tashlashni talab qilmoqdalar

Feysbukdagi munosabat

Surat manbasi, Facebook/OyanKazakh

Surat tagso‘zi, Ijtimoiy tarmoqlarda rus tiliga qozoq tiliga teng davlat maqomi berilishiga qarshi fikrlar bildirilayapti

Qozog‘istonda konstitutsiyani o‘zgartirishga qaror qildilar.

31 yanvar kuni Qozog‘iston yangi konstitutsiyasi loyihasi e’lon qilindi, bu narsa aksar qozog‘istonliklar uchun butkul kutilmagan yangilik bo‘ldi.

Chunki 20 yanvarda Prezident To‘qaev Qozog‘iston parlamenti isloh qilinadi, shu munosabat bilan konstitutsiyaga ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi, degan edi.

Ammo Qozog‘iston prezidenti farmoniga ko‘ra tuzilgan konstitutsiyaviy islohot komissiyasi mamlakat konstitutsiyasini butkul o‘zgartirish taklifi bilan chiqdi.

Yangi konstitutsiya loyihasida Qozog‘istonda parlamenti ikki palatali emas, bir palatali qilish, partiyalar ro‘yxati bilan besh yilga saylanadigan deputatlar sonini 145 etib belgilash, Xalq Kengashi degan yangi maslahat organini tuzish, mamlakatda yana 30 yillik tanaffusdan keyin vitse-prezident lavozimini joriy etish takliflari ilgari surilayapti.

Shuningdek, yangi konstitutsiya loyihasida Qozog‘istonda rus tili davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarida rasmiy til maqomida qolishi taklif etilayapti.

Konstitutsiya muhokamasidan keyin u referendumga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan, shu kunlarda mamlakatda jamoatchilik rus tilining qozoq tiliga tenglashtirilgan davlat maqomini olib tashlash talabini ilgari surayaptilar.

Qozoq hukumati bu murojaatlarga "jamiyatda rus tili milliy birdamlikni saqlash maqsadida qoldiriladi" degan mazmunda javob berayapti.

Ayni paytda hukumatni dastaklaydigan ovozlar til masalasini qurolga aylantirish va "qayiqni qalqitish" oqibatlaridan ogohlantirayotganlarini ko‘rish mumkin.

Shunga qaramasdan, kuzatuvchilar fikricha, ehtimol Qozog‘iston mustaqillikni qo‘lga kiritganidan buyon ilk bor shu qadar kuchli Qozoq tilini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kayfiyatini boshidan o‘tkazayapti.

Konstitutsiyaviy qo‘llab-quvvatlash

Qozog‘istonning joriy konstitutsiyasida qozoq tiliga davlat tili maqomi berilgan, ammo davlat idoralari rus tilini qozoq tili bilan "teng asosda" qo‘llashi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.

Qozoq tilini keng qo‘llash tarafdorlari uzoq vaqtdan buyon ushbu qo‘shimcha hukumatga hamon rus tilidan asosiy ish tili sifatida foydalanib kelishiga yo‘l ochayapti, deya tanqid qilib keladilar.

Oqibatda rus tili jamoat joylarida keng qo‘llanishi va qozoq tili nufuzi tushishiga olib kelgan deb hisoblaydilar qozoq tili himoyachilari.

Qozoq tilining mamlakat hayotida tobora keng tatbiq etilishiga erishish maqsadidagi muayyan tashkilot yo‘qligiga qaramasdan, oxirgi yillarda qozoq tilida so‘zlashadigan jamoalar ijtimoiy tarmoqlarda qozoq tilidan muvaffaqiyatli foydalana boshlaganlar, bu narsa esa turli bizneslarni, do‘konlar, restoran va banklarni qozoq tilida xizmat ko‘rsatishni boshlashga majburlagani kuzatiladi.

Iqtibos

"Sobiq mustamlakachining tili"dan ajralish vaqti keldi

DalaNews.kz sayti 2 fevral kuni yozishicha, mamlakat ommaviy axborot vositalari yangi qonunchilik loyihasida qozoq tilining maqomi haqidagi fikr-mulohazalar bilan "qizib ketdi".

Maqolada turkolog Dosay Kenjetaydan shunday iqtibos keltiriladi: konstitutsiyada rus tili davlat tili bilan bir xil darajada qo‘llanilishi mumkinligi qayd etilgani, "de-fakto" rus tiliga davlat tili maqomini beradi.

"Bu ibora davlat tilining alohida maqomini yo‘qqa chiqaradi", deydi u va bu "til masalasidagi hozirgi siyosiy inertsiyaning tasdig‘i" ekanini qo‘shimcha qiladi.

5 fevral kuni jurnalist Jalg‘as Yertay Facebook'dagi postida, "Konstitutsiyada faqat davlat tiligina tilga olinishi kerak", deb yozdi.

Konstitutsiyada rus tili davlat organlari tomonidan qozoq tili bilan teng darajada qo‘llanilishi mumkinligi qayd etilishi nimani anglatishini "ko‘rmaslik uchun bola emasmiz", deb yozdi jurnalist.

Hech kim davlat organlari va fuqarolar rus tilidan muloqot uchun foydalanishlariga qarshi emas, ammo ular "uni ish yuritish tili va hujjatlarda qo‘llamasliklari kerak", deb yozdi Jalg‘as Yertay.

3 fevral kuni Abai.kz sayti madaniyatshunos va huquqshunos Serik Yerg‘alining davlat tili haqidagi konstitutsiyaviy norma quyidagi tarzda bayon etilishini taklif qilganini ma’lum qildi:

"1. Qozog‘iston Respublikasidagi davlat tili — qozoq tili. Davlat boshqaruvi, qonun ijodkorligi, sud ishlari va rasmiy ish yuritish qozoq tilida amalga oshiriladi. 2. Davlat fuqarolarning boshqa tillardan foydalanish huquqini muhofaza qiladi. Davlat organlari fuqarolar bilan muloqot jarayonida belgilangan tartibga muvofiq rus va boshqa tillardan foydalanish uchun sharoit yaratilishini ta’minlaydi."

Yerg‘aliga ko‘ra, bu ibora davlat tilidan majburiy foydalanishni ta’minlaydi, biror bir fuqaroning huquqlarini cheklamaydi.

Facebookda mashhur bloger Jarilqap Qalibay 4 fevraldagi postida Qozog‘iston hukumatini Rossiyadan qo‘rqmaslikka chaqirar ekan, "qanchalik ko‘p qo‘rqsangiz, ular shunchalik ko‘proq bosim o‘tkazadi", deb yozdi.

"Boshqa hamma post-sovet davlatlari jasorat ko‘rsatdilar va milliy o‘zlik masalasini hal qildilar, suverenitetlarini mustahkamlaadilar (Belarusni hisobga olmayapman)", deb yozdi u.

Qalibay qozoq elitasini rus tilida ish yuritadigan amaldorlar armiyasini yaratish uchun rus tilidan bahona sifatida foydalanish, "sobiq mustamlakachining tilidan voz kechishni istamaslik", qozoq tilini esa "rus tili soyasida ushlab turish" istagida aybladi.

"Bu masala Qozog‘iston tanasidagi eng chirigan yaralardan biri. Bir kun kelib u baribir yoriladi", deya qo‘shimcha qildi.

Oddiy fuqarolar ham ijtimoiy tarmoqlarda shunga o‘xshash fikrlar bildirmoqdalar.

Ayakoz Nur 5 fevral kuni hammani quyidagi bayonotni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilishga chaqirdi:

"Men, Qozog‘iston fuqarosi sifatida, yangi konstitutsiyaning 9-moddasi 2 va 3-bandini qo‘llab-quvvatlamayman! Davlat organlari va mahalliy hokimiyat qozoq tilini yagona davlat tili sifatida qo‘llashi shart! Rus tilidan qozoq tili bilan teng asosda foydalanish noto‘g‘ri!"

2 fevral kuni Feysbukdagi "Oyan, qazaq" guruhida foydalanuvchi Boz Kenjaxmetov shunday bayonot matnini qoldirdi:

"Davlat tiliga - Davlat maqomi berilsin!

"Qozoq tili - Davlat tili!

"Davlat tilini bilish - majburiy!

"Davlat tilini bilmaydigan davlat xizmatchilari ishidan haydalsin!"

Qozoq hukumati milliy birdamlik zarurligini urg‘ulamoqda

Qozog‘iston prezidentining Davlat maslahatchisi Yerlan Karin konstitutsiyaviy islohotlar uchun mas’ul shaxs va Prezident To‘qaevning bosh mafkurachisi hisoblanadi.

Yerlan Karin til masalasini "dramalashtirmaslikka" chaqirdi.

"Bizning yangi konstitutsiyamizda qozoq tili bizning davlat tilimiz ekanini aniq-tiniq yozib qo‘yilgan. Bizda bitta davlat tili bor, u qozoq tili. Boshqa davlat tili yo‘q. Bizning ona tilimiz haqli ravishda yuqorida. Bizning davlatchiligimiz mavjud bo‘lar ekan, uning mavqe’i, uning maqomi hech qachon yo‘qolmaydi. Shuning uchun ham biz hammasidan oldin davlatchiligimizni muhofaza qilishimiz kerak, saqlashimiz kerak, buning uchun biz milliy birdamlik haqida o‘ylashimiz kerak", dedi Yerlan Karin.

Taniqli deputat Yermurat Bapi "to‘lqin keltirib chiqarishda ehtiyot bo‘lish" va ayrim masalalarni muhokama qilishda "chegaradan ozroq o‘tib ketmaslik"ka chaqirdi.

Dalanews.kz sayti yozishicha, "tilni to‘qnashuv va bo‘linish quroliga aylantirishdan foyda ko‘rmaymiz", degan parlament deputati konstitutsiyaviy o‘zgarishlar "davlatchiligimizni, xavfsizligimizni va barqarorligimizni mustahkamlashga qaratilgan", deb aytgan.

Ayrim faollar ham ushbu masalada ehtiyotkorlikka chaqirmoqdalar.

2 fevral kuni Facebook'dagi postida faol Gulnar Seytqazi barchani "bir muhim haqiqat"ni eslashga chaqirdi: "Til siyosatining natijasi faqat jamoatchilik istagiga emas, balki ijtimoiy barqarorlik va davlatning uni amalga oshirish imkoniyatiga ham bog‘liq".

"Aholimiz atigi 20 mln, shundan 14 mln — qozoqlar. Ushbu 14 millionning barchasi qozoqcha gapiradi va qozoqcha o‘ylaydimi? Mana muammo. Dushmanni tashqaridan emas, ichkaridan izlashimiz kerak".

"Men ham qozoq tili himoyachisiman. Ammo tilni himoya qilish uchun avvalo davlatni mustahkamlashimiz kerak. Birinchi navbatda rivojlanish, aholini ko‘paytirish, iqtisodni kuchaytirish zarur. Shundan keyingina o‘z qarorlarimizni boshqalarga qaramasdan qabul qila olamiz", deb yozdi Gulnar Seitkazy.

Ichki ishlar vazirligi "dezinformatsiya"ni bostirayapti

2 fevral kuni Ulysmedia.kz xabar berishicha, taklif qilinayotgan konstitutsiyaviy o‘zgarishlar — asosan demokratiyalashtirish bo‘yicha qadamlar ko‘zda tutilmagani uchun kelib chiqqan jamoatchilik tanqidini nazorat qilish maqsadida, Ichki ishlar vazirligi fuqarolarni islohotlar haqida "dezinformatsiya tarqatmaslik" borasida ogohlantirgan va qoidalarni buzganlar jazoga tortilayotganini ma’lum qilgan.

Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi Mezgil.kz sayti 5 fevral kuni yozishicha, "noma’lum" Facebook foydalanuvchilari taniqli shoir va yozuvchi Muxtar Shaxanovga tegishli deb ko‘rsatilgan soxta sahifa ochib, u orqali "yolg‘on ma’lumot tarqatayotgani" aniqlangan.

Xususan, u yerda: "Davlat tili o‘lishga ham, qamalishga ham arziydi", degan bayonot tarqatilgani aytilgan.

Xabarda yozilishicha, "bunday soxta ma’lumot tarqatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — jamiyatni bo‘lib tashlash va odamlarni bir-biriga qarshi qo‘yish".

5 fevral kuni jurnalist Jalg‘as Yertay Facebookdagi postida hukumat bosimi natijasida ayrim taniqli jamoat arboblari rus tilini konstitutsiyadan chiqarishni qo‘llab-quvvatlab yozgan ilgarigi postlarini o‘chirayotganini aytdi.

"Til masalasi va yangi konstitutsiya loyihasi atrofida muhokamalar boshlanganidan beri kimlarning nima yozganini saqlab qo‘yayotgandim. Hozir ularni ko‘zdan kechirsam, ayrimlari o‘z postlarini o‘chirib yuboripti", deb yozdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "Instagramda ham xuddi shunday holat. Shoirlar, qo‘shiqchilar ham bu haqda yozgan edi. Ular ham postlarni o‘chirib tashlagan".

"Ular [hukumat] bu konstitutsiyani qo‘rqitish va muqobil fikrlarni bostirish orqali 'yozishmoqda'", — deb yozdi Yertay.