Suyaklarda saqlangan sir: Qadim Misr tarixini endi qayta yozish kerakmi?

Surat manbasi, Liverpool John Moores University. Nature Image caption,
Nil vodiysida 4500 yil avval yashagan bir erkakning suyagidan olingan DNK tahlili Qadimgi Misr sivilizatsiyasi ibtidosi haqidagi tasavvurlarga yangicha yondashuv shakllantirmoqda.
Skelet tahliliga ko‘ra, u taxminan 60 yoshda bo‘lgan va, ehtimol, kulol bo‘lib ishlagan. Eng e’tiborga molik tomoni – uning DNKsining 20 foizi, ya’ni beshdan biri hozirgi Iroq hududidagi qadimgi Mesopotamiya aholisi bilan bog‘liq ajdodlardan olingan.
Bu Misr va Mesopotamiya kabi ikki buyuk qadimiy sivilizatsiya o‘rtasidagi genetik bog‘liqlikni ko‘rsatuvchi ilk biologik dalil bo‘lib, Misr qanday qilib mayda dehqonchilik jamoalaridan Yer yuzidagi eng qudratli sivilizatsiyalardan biriga aylanganini tushunishga yordam beradi.
Topilmalar yozuv va dehqonchilik singari madaniy yutuqlar qadimgi Sharqning ikki yirik markazi o‘rtasida odamlar va g‘oyalar almashinuvi natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligini yana bir bor kuchli asoslaydi.

Surat manbasi, Liverpool John Moores University/Nature
Tadqiqotni boshqargan, Londondagi Frensis Krik instituti professori Pontus Skoglund BBC News'ga aytishicha, qadimgi suyaklardan DNKni ajratib olish va uni o‘qish o‘tmishdagi voqealar va shaxslar haqida yangi tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Bu tarixdagi oq-qora manzarani haqiqiy hayotday rang-baranglikka aylantiradi.
"Agar qo‘limizda ko‘proq DNK ma’lumotlari bo‘lsa va biz ularni o‘sha davrdagi arxeologik, madaniy hamda yozma manbalar bilan solishtira olsak, bu nihoyatda hayajonli bo‘ladi. DNK orqali tarix oq-qora tasvirdan chiqib, rang-barang tafsilotlar bilan jonlanadi."
Hozirga qadar tarix asosan boylar va hukmdorlar yozgan manbalar asosida o‘rganilgan. Endilikda esa biologik usullar oddiy odamlar tarixiga ham yorug‘lik sochmoqda.
DNK namunasi marhumning ichki quloq suyagida olingan. Bu odam qadimiy Nuvayrat qishlog‘ida – Qohiradan 265 kilometr janubda dafn etilgan.
U 4500–4800 yil avval, ya’ni Misr va Mesopotamiya sivilizatsiyalari shakllana boshlagan, tarixiy o‘zgarishlar davrida yashagan. Arxeologik topilmalarga ko‘ra, bu ikki mintaqa o‘rtasida aloqalar bundan 10 000 yil ilgari, Mesopotamiyada dehqonchilik va hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish boshlangan davrdan buyon mavjud.
Ko‘plab olimlar bu agrar inqilob Misrda ham o‘xshash ijtimoiy va texnologik taraqqiyotlarga turtki bo‘lgan, deb hisoblaydi. Biroq hozirgacha bu aloqaning bevosita tasdig‘i topilmagan edi.

Surat manbasi, Garstang Museum/Liverpool University/Nature
Liverpul Jon Murs universitetida PhD darajasi uchun tadqiqot olib borgan Adelin Morez Jeykobs ushbu qoldiqlarni tahlil qilgan. Uning aytishicha, bu o‘sha davrdagi ikki sivilizatsiya markazi o‘rtasida odamlar va, demakki, axborot almashinuvi bo‘lganini ko‘rsatuvchi birinchi aniq va ishonchli dalildir.
«Ikki hududda ham ilk yozuv tizimlari rivojlangan va arxeologlar ular o‘zaro aloqada bo‘lgan, g‘oya almashgan, deb taxmin qilishgan. Endi bizda buni tasdiqlaydigan dalil bor.
Qadimgi Misrga oid keyingi DNK namunalari G‘arbiy Osiyodan bu hududga ko‘chish qachon boshlanganini va uning ko‘lamini aniqlashga yordam berishiga umid qilamiz."
Bu erkak tepalik yonbag‘riga qazilgan qabrga, katta sopol idish ichiga dafn etilgan. Bu mumiyolash hali ommalashmagan davrga to‘g‘ri keladi. Shu bois, uning DNKsi nisbatan yaxshi saqlangan.
Tishlaridagi kimyoviy izlar orqali olimlar uning nima yeganini tahlil qilib, u Misrda ulg‘aygan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishdi.
Ammo tadqiqot shu bilan cheklanmaydi.

Surat manbasi, The Metropolitan Museum of Art
Liverpul Jon Murs universiteti professori Joel Ayrish skeletni chuqur tahlil qilib, uni alohida bir inson sifatida tushunishga urinib shunday dedi:
"Men bu odam aslida kim bo‘lganini, uning yoshi, bo‘yi, turmush tarzi, kasbi nima bo‘lganini aniqlashni istadim. Unga shunchaki sovuq, ilmiy ob’ekt sifatida emas, balki haqiqiy shaxs sifatida yondashdim."
Suyaklar u 45–65 yosh orasida bo‘lganini ko‘rsatgan, artrit izlari esa yoshi keksalikka yaqin ekanini bildiradi. Uning bo‘yi 160 smdan past bo‘lib, o‘sha davr uchun ham past bo‘y sanalgan.
Professor Ayrish uni kulol bo‘lgan, deb hisoblaydi. Bosh orqa suyagidagi ilgaksimon o‘sma u pastga engashib ko‘p ishlaganini; o‘tirish suyaklarining kengaygani u qattiq joyda uzoq o‘tirganini; qo‘llaridagi mushak izlari va suyaklardagi harakat belgilari esa og‘ir jismoniy mehnatga o‘rganganini ko‘rsatadi.
"Bu odam umrini mehnatda o‘tkazgan. U ishdan bosh ko‘tarmagan," deydi asli amerikalik olim.
Doktor Laynus Girdland Flinkning ta’kidlashicha, ushbu skelet ustida tadqiqot o‘tkazish imkoni haqiqiy omad bo‘lgan:
"U 1902-yilda qazib olingan va Liverpuldagi Jahon muzeyiga topshirilgan. Ikkinchi jahon urushidagi bombalashlar davrida muzeydagi inson qoldiqlarining ko‘pi yo‘q bo‘lib ketgan. Ammo aynan shu skelet saqlanib qolgan. Hozir biz u haqida ko‘p narsa bilamiz – uning ajdodlarining bir qismi Mesopotamiyadagi «Hosildor yarimoy» hududidan bo‘lgan. Bu esa o‘sha davrda xalqlar o‘rtasida aralashuv va aloqa bo‘lganini ko‘rsatadi," deydi u.












