Bir qishni o‘tkazishga 3-4 million so‘m yetmaydi - Qishloqda qishlash g‘am-tashvishi. Video

qishloq

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

    • Author, Baxtiyor Tursunov
    • Role, Jurnalist, Surxondaryo
  • O'qilish vaqti: 6 daq
O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bu yilgi qish shu davrlar ichida alohida tayyorgarlik talab etadigan alohida jarayon deb ko‘rilmoqda. Boisi shu yil bahorida gaz va svetga o‘rnatilgan rasmiy cheklovlardir.

Xuddi shu mezon qishdan omon chiqish tashvishini mamlakatning butun bir aholisiga barobar taalluqli etib qo‘ygan, chunki hatto qurbli badavlatlar ham uyini isitishga iqtisod qilishdan qayg‘urib, bunga o‘zgacha boshini qotirgan.

Qishloq aholisi esa azaldan qish taraddudini qo‘lbola, jaydari usullar orqali ko‘rishadi.O‘tin tayyorlab, tappi tayyorlashadi.Ular orasida elektrga suyanadigan, o‘tin, ko‘mir sotib olishga qurbli qatlam ham bor, biroq bu borada tabaqalashishni namoyon etuvchi bunday kishilar soni har bir qishloq manzilida barmoq bilan sanarlidir.

Aloqador mavzular:

Zotan hozirda mamlakatning turli qismlarida, qishloq joylari elektrning deyarli uzluksiz ta’minoti yo‘lga qo‘yilgan.

Bu qishda muammolarni aritadigan asosiy vosita deb ham qaraladi, biroq bunga tayanadiganlar soni ozchilik.

Qishloqliklar qanday bo‘lmasin qishning qahraton , ayoz kelmasligiga umid bilan ko‘z tikib, qo‘ldan, qurbdan kelgan choralarini ishga solishga urinadilar.

Ko‘pga kelgan qish

Kuzning so‘nggi oylari serquyosh kunlari bilan yetarli bo‘lsa-da, o‘rtada qishdan darak juda sovuq ob-havo ham ro‘y berdi.

Sherobod tumanining markazdan 20 km yiroqlikdagi Ayinni qishlog‘iga qishga tayyorgarlik borasidagi ahvolni borishdan oldin ana shunday havoli kunlar endi tugab, yana iliq kunlar turkumi boshlanayotgandi.

Ammo xuddi shu havoda ham kechki payt uyning ichida pechka yoqmasdan tunni o‘tkazib bo‘lmaydi.

BBC.COM/UZBEK
O‘zimiz uchun bo‘lmasa ham beshikdagi go‘dak uchun uyni bir ikki soatga bo‘lsayam amal- taqal isitishga majburmiz. Chunki go‘dak sovqotsa buni o‘zi aytolmaydi, bunga chidolmaydi.
Bekzod
Kirakash (Batafsil: bbc.com/uzbek)

“Bizda qishni o‘tkazish doimo bir dunyo tashvish bo‘lib kelgan. Men yashayotgan uy betondan qurilgan. Beshikda yotadigan chaqaloq farzandimiz bor. O‘zimiz uchun bo‘lmasa ham go‘dak uchun uyni bir ikki soatga bo‘lsayam amal- taqal isitishga majburmiz. Chunki go‘dak sovqotsa buni o‘zi aytolmaydi, bunga chidolmaydi. Kattalar esa kamida ko‘rpa ichiga bekinishlari mumkin. Beton devor issiqlikni ayamay “yamlab yutadi”,bir xonani bo‘lsayam isitish o‘ta qiyin. Hovlimizda deyarli mevali daraxtlar qolmadi hisobi. Ekologlar ko‘zidan shamg‘alat qilib, jarimaga duchor bo‘lmaslik uchun daraxt, butalarni tunda yoki tong qorong‘isida kesishga urinamiz. Elchilik-sotqinlar ham bor. Jarimagayam tortilib jazolanamiz. Mana shunday go‘yoki to‘rt tomon boshi berk holda qishdan chor, nochor chiqamiz," - deydi 39 yoshli kirakashlik bilan mashg‘ul qishloq fuqarosi Bekzod.

Uning aytishicha, so‘nggi uch yil mobaynida svet unchalik o‘chmaydi, lekin uning qimmatligi hamda limit o‘rnatilgandan unga ortiqcha umidvorlik yo‘q.

qishga tayyorgarlik

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

”Anomal sovuq hukm surgan yil, bundan ikki yil muqaddam hatto sovuqdan qotib o‘lib qolibdi degan ishonarli gap-so‘zlar ham quloqqa chalindi. Qishdan amallab chiqqanlar oxirida evaziga kasallik orttirib olishi tayinli hol. Kimdir davolanadi, bor pulini dori-darmonga ketkazib, kimningdir esa bunga ilojsiz...” - deydi Bekzod.

U biz bilan suhbatda rasmiy idoralar e’tibori ularning qishlog‘iga mutlaqo yopiqligidan kuyindi. Unga ko‘ra, har uch oyda bir balondan 20 ming so‘mga gaz tarqatiladi. U esa yarim oyga yetmay tugab bitadi.

Qishloqning aholisining aksar qismi toza suvni sotib oladi. Bir tonna suv 120 ming so‘m, lekin uyam bir oyga yetmay sarflanib adog‘iga yetishi mumkin.

Demakki, odamlar ko‘cha-ko‘ydagi, daladagi o‘tin, shox-shabbalar ham to‘plab uyini isitadi.

Yana anorzorlardan o‘tin to‘plaganlar bor. Yana pilladan qolgan tutlar ham jonga oro kiradi kimgadir.

Ilgari yaqin chor-atrofdagi cho‘l-sahro hududidan mahalliy tilda julg‘un, ya’ni saksovul o‘simligi terib keltirilardi, endilikda esa “Qizil kitob”ga kiritilgan deb hisoblanib, uni yulganlar ulkan jarimaga tortilyapti.

“O‘zi yilda har biri uch oydan iborat to‘rt fasl bor, biroq ahvoling qanaqa, qanday yashayapsan, degan biror rahbar, rasmiy zog‘ni na qahratonda, na jaziramada kunduzi, atigi bir kundayam chiroq ham yoqib topolmaysiz. Shuning uchun chekimizda qolganiga , imkonga qarab ish tutishdan boshqa chora yo‘q,” - deydi boshlanadigan qish hozirligidagi Bekzod.

"O‘zing uchun o‘l, yetim..." - Yana dolzarb maqol yoki shiormi?

qishloq uyi

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Ollomurod 5 oyli o‘g‘il chaqaloq farzandi, 6 yoshli qizi va xotinini qishning qirovli kunlaridan omon olib chiqish uchun yoz oylaridan boshlab tayyorlanadi. U bizga tappi va shox-shabbalar orastalik bilan taxlangan omborini ochib ko‘rsatadi.

“Bizda ahvoling uchun o‘zingga o‘zing qayg‘urmasang sovuqda nobud bo‘lishing hech gapmas. Birovga ko‘z tikib, ko‘mak kutishdan naf yo‘q. Hali qish boshlanmagan bo‘lsa-da kechda sovuq bo‘lyapti. Shunga chaqaloq uchun bir soat bo‘lsayam pechkani yoqib uyni ilitamiz. Qishni o‘tkazib olishga haminqadar tappi va o‘tinlarni shaxsan o‘zim yig‘ib tayyorlaganman. Qayerlardadir mahallalarda ko‘mir tarqatilib sotilyapti degan gaplarni eshitdik, biroq buni bizga keltirishgan taqdirda ham uni sotib ololmaymiz. Men 2-guruh sil kasalligi bo‘yicha nogironman. Bir million so‘mga yaqin nafaqa olaman. Ko‘mir sotib olish nari tursin , elektr pechni yoqishga ham ko‘p pul yutadi deb yoqishga qo‘rqamiz. Ustiga ustak bu yil limit degan gaplar chiqdi” -deydi Ollomurod aka.

Uning molxonasi yaqinida bir sigir bog‘langan. Jonivorning axlati ham oila uchun qadrli issiqlik manbasi, lekin yaxshilab quritib olishga muhtoj. Keyingina uni pechkaga solib, cho‘g‘ida isinish mumkin bo‘ladi.

Yana bir diqqatli jihat shuki, Ollomurod aka sigirni davolanish uchun singlisiga sotgan.

“Sigir endi menikimas, uni tappisi uchun qarab turishga singlimdan ijaraga olganman. Evaziga sigirni boqib beryapman. Shu jonivor kunimizga yarayapti”-deydi Ollomurod.

Uning qo‘shnisi Orzigul opa xonadonida jami olti odam yashaydi. Ularning sigiri yo‘q, shu sabab o‘tin orqali ikkita xona isitilib jami oila a’zolari shu uylarda to‘planib, qishning ayozli kunlarini o‘tkazadilar. Uning voyaga yetgan qiz farzandining ko‘zi ojiz.

“Shu qizim uchun ham mahallaga yordam so‘rab bordim. Biror natija chiqmadi. Erim poyabzal yamaydi. Ungayam ba’zida ish bor, ba’zida yo‘q. Oxiri mahalla idorasiga diydiyo bilan chiqishni bas qildim. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi deb qishni kutib olyapmiz”-deydi Orzigul opa.

Uning so‘zlariga 33 yoshli Zafar shunday qo‘shimcha qiladi.

“Bu uy nogiron singlimizning nomida, lekin davlat tomonidan hech qanday ko‘makni his etmaymiz. Umuman daladan g‘o‘zapoya dalalarni oralab cho‘p yig‘ib qishni o‘tkazishga urinamiz. Kunlik daromad biror yumush chiqsa 70-80 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu pul tuzuk o‘tin nari tursin, ro‘zg‘orga urvoq ham bo‘lmaydi. O‘zimizdan qolar gap yo‘q. Bir iloj qilib ayozdan chiqib olsak bo‘lgani...”- deydi Zafar.

Ishqilib, bahor kechikmasin

Bahor kechikmasin

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Bahor kechikmasin...

Ayinni qishlog‘ining umumiy ko‘rinishi u qadar ko‘rkam ko‘rinmaydi. Ba’zi uylar juda pastqam, o‘rtahol oilali xonadon va uylar yakkam-dukkam. Aynan basavlat imoratlar ham bir necha dona.

Hatto sovet davrida barpo etilgan ulkan traktor parki binosi ham bo‘m-bo‘sh, nuragan ahvolida, tashlandiq holida vahima uyg‘otadigan tarzda nazarga tushadi.

Qishloqliklarning aytishicha, shu yil yozda poytaxtlik taniqli sobiq xonanda bu yerga kelib ayrim xayriya yumushlarini amalga oshirgan.

Bir uyni ta’mirlab bergan, yana kam ta’minlangan hamda bemor ba’zi kishilar holatini o‘rganib, ular ko‘mak ko‘rsatishga va’da berib ketgan, ammo bu va’dalar hozircha ro‘yobga chiqmagan, bundan umidvorlar uning yo‘liga hamon ko‘z tikishmoqda.

Uyi to‘kis qishloq fuqarolaridan biri qish mavsumi unda alohida xavotir uyg‘otmasligini bayon etdi.

”Hech kimga bu borada nolishim yo‘q. Elektr, konditsionerning o‘zi bizga yetadi, lekin nochor kishilar yordam so‘rab kelishsa bunga befarq emasman. Anomal sovuq bo‘lgan burnog‘i yili uyimning oldidagi qurib bitgan katta tol daraxtini kesib olishlariga ruxsat berganman, - deydi qishga tayyorgarligi yetuk deb sanagan qishloq fuqarolaridan biri hashamatli hovlisi qarshisida.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

“Bir qishni o‘tkazishga 3-4 million so‘m yetarli emas. Bozorga bir-ikki marta borsangiz, ro‘zg‘orga bor narsani xarid qilsangiz bu pullarni sarflaysiz. Endi tasavvur qiling, bu pul kimda boru, kimda yo‘q... Biz anor yetishtiramiz, uning puliga suyanib elektr hisobiga pul o‘tkazib qo‘yamiz. Mabodo u yonmay qolsa anordan to‘kilgan shox-shabbalar bor, zaxiraga to‘plaganmiz,” - deydi 23 yoshli Qudrat.

Boshqa bir hovlisida anor mevasini uzayotgan ayollardan biri esa qish borasida savolimizga kulimsirab shunday javob berdi.

QIsh kelmoqda

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

“Buning tashvishi mening zimmamda emas, turmush o‘rtog‘im nima qilsa shunga ko‘nib o‘tiraman. Anor bu mavsumiy daromad, uning puliga batamom bekamu ko‘st yashab bo‘lmaydi.Bir navi o‘tkazib olamiz qishni nasib bo‘lsa,”-deydi bu ayol.

Kuzatuvchilar nazdida bu yilgi qish mavsumi u boshlanmasdan turib atrofida bahs-munozaralar qizg‘in kechayotgan palla hisoblanmoqda. Chunki gaz va svetga cheklovlar joriy etilgandan so‘ng yoz jaziramasida uylarni salqinlatish borasida ko‘p miqdorda pul sarflanishiga to‘g‘ri keldi. Endigi qish esa uylarni isitishga svetdan tashqari gazni ishlatishga ham qanday ko‘rsatkichlar namoyon etishini belgilab, ayni limit islohotiga tugal imtihon vazifasini ham o‘taydi.

Odatda ijtimoiy tarmoqlarda kishilar o‘rtasida qishga oid fikr-mulohazalar orasida sabr mazmunidagi tilaklar yetakchi mazmunni egallaydi.”Uch oy hech narsa emas. Bir ozdan keyin bahor, keyin yoz, qo‘yoshga chiqamiz,” - degan fikrlar bir maromda shakllanib ulgurgan, ammo endigi bahorga yetguncha qanday sinovlar, sovuqlar oldinda turib, uni yengishga qanchalar zahmat sarflanishini aytishga og‘iz juftlash kishida ikkilanishni uyg‘otadi, buning o‘rnini ishqilib ko‘klam kechikmasin degan o‘y-xayollar shu joyda o‘rinli topiladi.