Saudiya shahzodasi: Isroil G‘azoda genotsid sodir qilmoqda – Mirziyoevdan g‘azoliklarga taklif - Video

Sammitda Shavkat Mirziyoev ham ishtirok etgan

Surat manbasi, president.uz

Surat tagso‘zi, Sammitda Shavkat Mirziyoev ham ishtirok etgan
O'qilish vaqti: 8 daq

Saudiya sammiti musulmon dunyosining Falastin muammosi bo‘yicha bir ovoz bo‘lib gapirishi uchun imkoniyat bo‘ldi.

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda to‘plangan Arab Ligasiga a’zo hamda Islomiy Hamkorlik tashkilotiga a’zo 57 mamlakat rahbarlari Isroildan bosib olingan Falastin hududlaridan chiqib ketishni talab qildilar.

Sammit yakuniy bayonotida shunday deyildi:

“1967 yil 4 iyunigacha bo‘lgan barcha bosib olingan Arab hududlaridagi Isroil okkupatsiyasini to‘xtatmasdan turib mintaqada adolatli va keng qamrovli tinchlikka erishib bo‘lmaydi”.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bu hududlari Iordan daryosi G‘arbiy Sohili, Sharqiy Quddus, G‘azo va Jo‘lon tepaliklarini nazarda tutadi.

Ar-Riyod sammiti bayonotida Isroildan bu hududlardan chiqib ketish talab qilingan BMT rezolyutsiyasi va 2002 yildagi Arab Sulh Tashabbusi eslatib o‘tildi, bu tashabbusda agar 1967 yildagi chegaralarda Falastin bilan ikki davlat kelishuviga erishsa, Arab mamlakatlari Isroil bilan munosabatlarini yaxshilashi mumkinligi aytilgan.

Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoev G‘azo urushida jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolash taklifini ilgari surdi.

Mirziyoev

Surat manbasi, president.uz

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Isroil parlamentining BMTning Falastinga ko‘mak tashkiloti faoliyatini taqiqlashi xalqaro qonunchilikka zid, dedi, Tojikiston Falastin davlati barpo etilishini qo‘llab quvvatlaydi, dedi.

Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an Isroilni G‘azoda joylashib olish va G‘arbiy Sohilni vayron etishni xohlayotganlikda aybladi.

Prezident Erdo‘g‘an G‘azo bo‘lgasiga insonparvarlik yordamlarini yetkazishning shoshilinch chorasini topishga chaqirdi.

Saudiya Valiahd Shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud Isroilning G‘azodagi amallarini genotsid deb qoraladi, bu G‘azo urushi boshlanganidan buyon Saudiya Arabistonining Isroilga nisbatan eng qattiq tanqidi bo‘ldi.

Valiahd Shahzoda Muhammad Isroilni Eron zaminiga hujum qilmaslikka chaqirdi, bu Riyod bilan Tehron munosabatlari yaxshilanayotganining alomati deb ko‘rilmoqda.

G‘azo urushi Hamasning Isroilga 2023 yil 7 oktyabr hujumlari tufayli boshlandi, yuzlab qurolli jangarilar Isroil hududiga bostirib kirdilar, 1200 ga yaqin odamni o‘ldirdilar, 251 kishi garovga olindi.

Isroil Hamasni yo‘q qilish maqsadida G‘azoda harbiy amaliyot boshladi, oqibatda shu kungacha 43400 dan ortiq inson halok bo‘ldi.

BMT hisobotiga ko‘ra, olti oy davomida G‘azoda o‘ldirilgan va shaxsi aniqlangan qurbonlarning 70 foizini ayollar va bolalar tashkil etgan.

AQSh Isroil hukumati oldiga G‘azo bo‘lgasiga kuniga 350 yuk mashinasiga ortilgan insonparvarlik yordamlarini o‘tkazish talabini qo‘ygan, agar 30 kun ichida ushbu talabini bajarmasa, Isroilga harbiy yordamini kamaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

30 kunlik muhlat shu hafta nihoyasiga yetadi.

Bosh vazir Benyamin Netanyahu rahbarligidagi Isroil hukumati Falastin davlati barpo etilishiga qarshi ekanini bildirib keladi.

Yaqin Sharq mojarolari endi qanday rivojlanishi mumkin? 10 ekspert tahlili

Isroil Mudofaa kuchlari askari nishonga olayotgan payt va Eron raketalari

1-oktyabrda Isroil janubiy Livanga quruqlik ishg‘olini boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Eron Isroil tomon 180 dan ortiq raketa otdi. G‘azodagi urush hali ham davom etayotgan bir paytda, Yaqin Sharqda keng qamrovli mintaqaviy mojarolar tahdidi tobora ortib borayapti.

Ushbu keskinlikning yanada kuchayishi xavfi qanchalik jiddiy? Bi-bi-si mojarolar nega keskinlashgani va kelgusida nima bo‘lishi mumkinligi haqida ekspertlardan fikrlarini so‘radi.

Isroilning Livandagi uzoq muddatli maqsadi nima?

Londondagi SOAS Universiteti Yaqin Sharq instituti professori Lina Xatib

Isroil o‘z dastlabki maqsadini o‘zgartirgan ko‘rinadi, u dastlab Hizbullohni zaiflashtirish orqali shimoliy Isroil xavfsizligini ta’minlash sulh bitimiga qaratilgan bo‘lsa, hozir u Hizbullohni butunlay neytrallashtirishga urinmoqda. Isroil Hizbullohga katta talofat yetkazganiga qaramay, ushbu harbiy kampaniya Hizbulloh butkul yo‘q qila olmaydi.

Daliya Sheyndlin, Century International tadqiqot markazi tahlilchisi

Isroil hukumatining bayonotlari bilan uning amalda nima qilishi o‘rtasida qanday farq borligini bilish qiyin. Ular raketa hujumlari tufayli bir yil davomida ko‘chirilgan va endi uylariga qaytib kelishlari bo‘lgan shimoliy Isroildagi tinch aholini himoya qilish uchun Hizbulloh tahdidini yo‘q qilishlari kerak ekanligini aytishmoqda. Lekin bu hukumatda diniy kuchlar ham bor, ular strategiyadan ko‘ra kosmik istilo g‘oyalarini ilgari surmoqdalar. Shu sababli ekspansionistik g‘oyalarni ham inkor eta olmaymiz.

Robert S Ford, AQShning Suriya va Iroqdagi sobiq elchisi

Isroil Livan davlati Hizbulloh ustidan nazoratni qayta tiklashini istaydi. Bu menga 1982-yildagi Isroilning Livanda Falastin Ozodlik harakatiga qarshi o‘tkazgan yer usti urushini eslatadi. O‘sha paytda bu uzoq muddatda Livan chegarasi yaqinidagi Isroil fuqarolari uchun yaxshi yakunlanmagan edi. Hozirgi vaziyatda Isroil qisqa muddatda keskinlikni pasaytirishga e’tibor qaratishi kerak, shunda shimoliy Isroilning 60 ming ko‘chirilgan fuqarosi o‘z uylariga qaytishi mumkin bo‘ladi.

Yaqin Sharq xaritasini qayta chizish jarayoni allaqachon boshlandimi? Agar shunday bo‘lsa, qanday qilib?

Professor Lina Xatib

Yaqin Sharqda kuchlar muvozanati Eronning mintaqadagi ta’sirini zaiflashtiradigan tarzda o‘zgarishni boshlamoqda. Ammo status-kvoning bunday o‘zgarishi uzoq vaqt talab qiladigan jarayon bo‘ladi.

Bilol Y Saab, Jorjtaun Universiteti, AQSh Mudofaa vazirligi sobiq maslahatchisi

Hozircha bunday xulosaga kelish uchun erta, lekin aniq narsa shuki, Eron boshchiligidagi o‘q yo‘nalishi kuchsizlanmoqda va Isroil sezilarli taktik yutuqlarga erishganga o‘xshaydi. Bularni diplomatiya orqali strategik yutuqlarga aylantira olishi-olmasligi esa noma’lum.

Pol Salim, Yaqin Sharq instituti

Xarita emas, lekin kuchlar muvozanati o‘zgarishi sodir bo‘lgani aniq. So‘nggi 20 yil davomida Eron va uning vakillari (Xamas va Hizbulloh) bir tomonda, boshqa tomondan Isroil bir-birlarini jilovlab kelishgan. Bu 7-oktyabrda barbod bo‘ldi va endi Isroil ustunlikka erishishga intilmoqda.

Danila Sheyndlin

Hali bu haqida aytishga erta. Mening fikrimcha, ikki haftadan keyin yoki bir yil o‘tib gaplashsak, janubiy Livanning qayta bosib olinganini bilamiz. Shu bilan birga, Eron bilan mojaro mavjud, lekin menimcha ular Yaqin Sharqdagi chegaralarni qayta chizishga urinayotganlari yo‘q.

Bu Eronning yadroviy boyitish yoki yadroviy qurolga erishish istiqbollari uchun nimani anglatadi?

Arash Aziziy, Boston Universiteti, tadqiqotchisi, yozuvchi

Eronning Xamas va Hizbullohni samarali to‘siqlar sifatida yo‘qotgani haqiqat bo‘lgani sababli, Eronning siyosiy doirasida yadroviy qurol ishlab chiqishni xohlovchilar soni ortib borishi mumkin. Lekin bu amalda nimani anglatadi? Va Isroil qachon buni bilib oladi? Isroil razvedkasi Eronning ichki ishlarida ancha yaxshi – agar Eron yadroviy qurol yasshni boshlasa, Isroil bunga bir hafta ichida javob beradimi? Agar Eron bu yo‘lda davom etsa, u juda xavfli maydonga kirib boradi. Ammo hozirgi holatda, Eronning an’anaviy harbiy qobiliyatlari Isroil bilan solishtirganda kulgili, shuning uchun u jangari guruhlarga tayanadi – ular esa unchalik foyda bermadi. Eronning yadroviy intilishlari Isroil uchun katta xavf. Oyatulloh Ali Xomanaiy uchun Isroilni yo‘q qilish loyihasi eng qadimgi va asosiy maqsaddir. Bu loyihani ilgari surgan yagona davlat bu Islom Respublikasi, va Isroilga qarshi yagona o‘q uzadigan davlat ham shudir.

Ammo Eron siyosiy doirasi ichida yana bir pragmatik unsurlar mavjud va ularning borligi ko‘pincha unutib qo‘yiladi – bu guruh Eron falastinliklar uchun Falastin urushida urushishi kerak emas deb ishonadi.

Professor Lina Xatib

Eron o‘zining yadroviy dasturini himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qiladi. O‘zining yadroviy dasturiga qarshi Isroil hujumini Eron hayot-mamot masalasi deb qabul qiladi.

Yazid Sayig‘, Karnegi Yaqin Sharq markazi, sobiq Falastin muzokarachisi

Eronning qarashicha, yadroviy qurolga ega bo‘lish yagona haqiqiy o‘yinni o‘zgartiruvchi vosita bo‘lishi mumkin. Nima sodir bo‘lishini men aniq bilmayman – balki ular bunday qurolga allaqachon ega bo‘lishlari mumkin va buni sahroda yadro sinovini o‘tkazish orqali namoyish qilishi mumkin.

Mojaro kengayishi Isroilning G‘azodagi o‘z maqsadlariga erishishini qiyinlashtiradimi?

Professor Lina Xatib

Isroilning kengayib borayotgan harbiy kampaniyasi Yaqin Sharqdagi Falastin masalasiga hamdard bo‘lgan odamlar orasida g‘azabni kuchaytirmoqda. Bu esa kelajakda tinchlikka erishishni qiyinlashtiradi.

Chatam Xaus Yaqin Sharq dasturi rahbari doktor Sanam Vakil

Shubhasiz, G‘azoda Xamasni yo‘q qilish maqsadiga hali erishmagani paytda, katta urush Isroilni kuchlizlantiradi. Biroq Isroil hali ham AQShning harbiy yordamini olmoqda.

Danila Sheyndlin

Isroil G‘azoda bir yil davomida jang olib bordi va Xamas brigadalari sezilarli darajada yo‘q qilindi. G‘azoda Isroil o‘z maqsadiga erishishi yo‘lidagi eng katta muammo shundaki, Isroil muqobil boshqaruv kuchi uchun hech qanday siyosiy harakat qilmayapti. Masala Isroil kuchlari keng tarqalmaganligida emas, balki Isroilga xalqaro va Falastin qo‘llab-quvvatlaydigan hamda Falastin o‘z taqdirini o‘zi belgilaydigan siyosiy strategiya kerak. Bunday holatda, G‘azo doimiy tahdid va harbiy charchoq manbai bo‘lib qoladi.

Yazid Sayig‘

Isroil G‘azoda maqsadlariga erisha olmaydi, chunki uning siyosiy maqsadi yo‘q va bunday maqsadi hech qachon bo‘lmagan. Va urushni siyosiy maqsadsiz boshlagan. Bu esa uning Axilles tovoniga aylanishi mumkin. Ammo Netanyahu siyosiy natijaga erishish uchun harakat qilish kerak deb o‘ylamasligi mumkin. Chunki u nihoyasiz urush olib borishi mumkin va o‘zining tarafida hali ham G‘arb dunyosining ko‘p qismi turganini biladi.

Noyabrdagi AQSh saylovlari g‘olibi Isroilning harbiy operatsiyasiga ta’sir o‘tkazishi mumkinmi?

Danila Sheyndlin

Har qanday Amerika prezidenti Benyamin Netanyahuga ta’sir o‘tkazishi mumkin, agar u xohlasa. Ammo hech biri buni foydali deb bilmagan. Kamola Harris, Jo Baydenga qaraganda Isroilga shartsiz yordam berish istagida ancha yengilroq, lekin uning partiyasi ichida bo‘linishlar mavjud – bir tomonda Isroilni kuchli qo‘llab-quvvatlovchilar, boshqa tomonda esa qurol embargosiga chaqirayotganlar bor. Ular ozchilik, lekin Isroilni qandaydir darajada cheklashga chaqirayotgan demokratlar soni sezilarli darajada o‘smoqda. Tramp esa o‘zgaruvchan xarakterga ega. U katta gapiradi, lekin Amerika urushlarga tortilishini yoqtirmaydi.

Pol Salim, Yaqin Sharq instituti

Donald Tramp Kamola Harrisga qaraganda ko‘proq ta’sir o‘tkazishi mumkin. U Netanyahuni qo‘llab-quvvatlaydi va kamida Isroilning o‘ng qanot tarafdori, lekin Amerika urushga tortilishini juda yomon ko‘radi.

Robert S Ford, AQShning Suriya va Iroqdagi sobiq elchisi

Isroilning harbiy operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 milliard dollar berayotgan har qanday AQSh ma’muriyati katta ta’sir kuchiga ega bo‘ladi, ayniqsa Isroil iqtisodiyoti aziyat chekayotgan bir paytda. Savol shuki, siyosiy jihatdan bu ta’sirni qo‘llashga tayyor bo‘lgan AQSh siyosatchisi bormi? Hozirda hech qaysi partiyada bunday siyosatchi yo‘q. Yaqin orada Ronald Reygan yoki katta Jorj Bush kabi siyosatchilarni ko‘rmayapmiz.

Keng qamrovli mojaro oldini olishning imkonli yo‘llari qanday?

Bilol Y Saab, Jorjtaun Universiteti, AQSh Mudofaa vazirligi sobiq maslahatchisi

Har bir otishma yoki havo hujumidan so‘ng ularni aniqlash qiyinlashmoqda.

Jovid Ali, Davlat siyosati Ford maktabi, sobiq Federal Tergov byurosi zobiti

Men de-eskalatsiya istiqbollari haqida juda pessimistman. . . eng ehtimoliy narsa shundaki, Isroil Mudofaa kuchlari va Netanyahu urush kabinetidagi siyosiy darajadagi idrok hozirda ularda ustunlik borligini ko‘rsatmoqda. Urush paytida bir taraf o‘zini dushmani ustidan ustunlikka ega deb o‘ylaganida, bu ustunlikni berib qo‘yishni aslo xohlamaydi, chunki bosimni davom ettirish mumkin.

Professor Lina Xatib

Ushbu mojaroning ishtirokchisi bo‘lgan biror bir tomon harbiy yo‘l bilan g‘alabaga erisholmaydi. Barqarorlik tomon yagona yo‘l, shubhasiz, diplomatiyadir.

Robert S Ford, AQShning Suriya va Iroqdagi sobiq elchisi

Ikki aniq chiqish yo‘li bor. Birinchisi, Isroil G‘azoda sulhni qabul qiladi va harbiy kuchlarini kelishilgan joylarga qaytaradi, o‘shanda gumanitar yordamlar kiritiladi va yangi Falastin boshqaruv hokimiyatini shakllantirishga imkoniyat barpo etiladi. Ikkinchisi esa Livandagi otashkesim. Hizbulloh raketa hujumlarini to‘xtatadi va buning evaziga Isroil havo hujumlari va quruqlik amaliyotlarini to‘xtatadi.

Pol Salim, Yaqin Sharq instituti

Men Netanyahu chiqish yo‘llarini izlayapti deb o‘ylamayman. Ammo bitta imkoniyat mavjud: bu Eron tomonidan katta yon bosishlarga borish. Bu yadroviy dasturdan boshlanib to Hizbulloh va Hamasni qo‘llab-quvvatlashgacha bo‘lgan Eron siyosatidagi katta o‘zgarishlar deganidir. Men shunday bo‘lishini tasavvur qilolmayman, lekin shunday bo‘ladigan bo‘lsa, bu chiqish yo‘li bo‘lardi.

Randa Slim, Yaqin Sharq instituti, Mojaro yechimi

Livanda chiqish yo‘li – bu sulh va janubda yangi xavfsizlik kelishuviga erishishdir. Bu variant yil oxirigacha imkonli bo‘ladi deb o‘ylamayman va biz yangi AQSh ma’muriyatini kutyapmiz.

Yazid Sayig‘

AQSh va boshqa yirik G‘arb davlatlari Yaqin Sharqdagi voqealar yo‘nalishini o‘zgartirishni o‘z zimmalariga olmas ekanlar, bu yerda hech qanday chiqish yo‘li yo‘q.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002