Yahyo Sinvar tasodifiy to'qnashuvda o'ldirilgan - video

Ҳамас раҳбари Яҳё Синвар

Сурат манбаси, Getty Images

Ўқилиш вақти: 18 дақ

Isroil Mudofaa kuchlari xabar qilishicha, 16 oktyabr kuni 828-Bislama brigadasi askarlari Rafahdagi Tal al-Sulton degan joyda odatiy patrul xizmatini o'tayotgan bo'lgan.

Uch qurolli shaxs ko'ringan va Isroil harbiylari bilan otishmaga kirishgan, uchchovi ham o'ldirilgan.

Xabar qilinishicha, o'sha vaqt bu otishmaga alohida e'tibor berilmagan va Isroil askarlari otishma joyiga payshanba kuni ertalab borishgan.

O'shanda jasadlar tekshirilgan va jasadlardan biri Hamas rahbariga juda o'xshashiga e'tibor qaratishgan.

Jasad o'sha erda qolavergan, uning bir barmog'i qismini olib Isroilga tekshirish uchun yuborishgan.

So'ng jasadning o'zini ham Isroilga olib borishgan.

Yahyo Sinvar: 7-oktyabr hujumlari ortidagi qat'iy Hamas yetakchisi

Isroil ikki oy avval Hamas guruhi bosh rahbari etib saylangan Yahyo Sinvar G'azoda o'ldirganligini eʼlon qildi.

Hamas Sinvar o'ldirilganini tasdiqladi.

Isroil politsiyasi Yahyo Sinvarning jasadi dastlab uning tishlari va barmoq izlari tahlili orqali aniqlanganini bildirdi.

Isroilda Sinvarnig DNK ma'lumotlari bilan birga bularning har ikkisi ham allaqachon mavjud edi, chunki u 22 yil davomida u yerda qamoqda bo'lgan.

Abu Ibrohim nomi bilan tanilgan Sinvar Hamasning 7-oktyabrda janubiy Isroilga qilgan hujumlarining asosiy tashkilotchilaridan biri bo'lib, Isroil uzoq vaqtdan beri uni topishni va yo'q qilishni va'da qilib kelardi.

Tabriklar va tushkunlik

Hamas Yahyo Sinvarni o'z rahbari sifatida tanlagani uchun Falastin guruhlari, shu jumladan uzoq vaqtdan beri kelishmovchilikda boʻlgan Fath guruhi ham uni tabriklagan edi. Fathning Markaziy Qo'mitasi kotibi Jibril Rajub bu qarorni "shahid Ismoil Haniya qotilligiga mantiqiy va kutilgan javob" deb atagan.

Isroil tashqi ishlar vaziri Isroil Kats X ijtimoiy tarmog'ida Sinvarning rahbar sifatida saylanishini "uni tezda yo'q qilish uchun yana bir kuchli sabab" deb atagan edi. Isroil Mudofaa kuchlari (IMK) esa bu tahdidni amalga oshirdi.

Avgust oyida Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig'i general-leytenant Herzi Halevi "Sinvarning ismini o'zgartirishi uni qidirishda davom etishimiz va unga zarba berishimizga to'sqinlik qilmaydi" degan edi.

O'shanda urushdan charchagan falastinliklar Sinvarning tayinlanishi haqida tashvish va umidsizlik bilan fikr bildirgan edilar. "U jangchi. Qanday qilib muzokaralar olib borishi mumkin?" — degandi G'azo shahridan ko'chirilgan va hozirda Deir al-Balah markazida yashayotgan Muhammad al-Sharif AFPga bergan intervyusida.

Isroilliklar ham Sinvarning tayinlanishini tushkunlik bilan qabul qilishdi. O'z sharifini oshkor qilishni istamagan bir korporatsiya menejeri Hanan o'sha paytda AFPga shunday degan edi: "Tanlov o'z-o'zidan maʼlum. Ular Sinvarni tanlashdi va kamroq radikal, kamroq qonli yondashuvga ega odamni qidirishni lozim ko'rishmadi."

Hamasning Isroilga uchta mujdasi

Sinvarni tanlash orqali Hamas Isroilga va xalqaro hamjamiyatga bir nechta mujda yuborishni istadi. Hamas rasmiysi Usama Hamdan BBC News Arabic ga Sinvarning saylanishi ortida uchta mujda borligini aytgandi.

Birinchi xabar shundan iboratki, Hamas qiyin sharoitlarda ham "mos qarorlar" qabul qila olishini va harakat "bir butun" ekanligini ko'rsata oldi — Hamdan Sinvarning saylanishi "to'liq yakdillik" bilan amalga oshirildi, degan edi u.

Hamdan ikkinchi mujda haqida shunday mulohaza qilgan: harakat oldinga yurishda davom etadi va bizda "marshni davom ettira oladigan" yetakchilar mavjud. Uchinchi xabar esa Hamasni "bosimlar o'z tamoyillaridan va qat'iy qadriyatlaridan voz kechishga majburlay olmasligi"ni ifoda etardi.

Al-Ahram Siyosiy va Strategik Tadqiqotlar Markazi siyosiy tadqiqotchisi Bashir Abdul Fattah Sinvarning tanlanishini "keskin yangilik" deb atadi. U BBC News Arabic ga "maydon harbiy yetakchisini, Eron bilan yaqin aloqada bo'lgan va Isroilga nisbatan siyosiy va harbiy darajada qatʼiy pozitsiyaga ega odamni tanlash Hamas harbiy kurashdan voz kechmasligini anglatadi" degan edi. U guruh o'ziga berilgan zarbalarga qaramay orqaga chekinmasligini bildirmoqchi deya qo'shimcha qilgan.

G'azodan turib yetakchilik qilish

Bu G'azo sektorida yashovchi Hamas rahbari saylanishining birinchi marta kuzatilishi emas edi. Ismoil Haniya ham Qatarga koʻchib oʻtguniga qadar o'z muddatining deyarli ikki yilini G'azo sektorida o'tkazgan edi. Usama Hamdan ushbu nuqati nazarga izoh bera turib, Hamas boshqaruvi "rahbarlari G'azo ichida yoki tashqarisida yashashidan qatʼi nazar, ular hech qachon zaiflashmaganini" aytgan.

Biroq Sinvar Ismoil Haniyadan farq qiladi.

Isroil 7-oktyabr hujumlari uchun uni javobgar sifatida bilib, "taʼqib qilish" bilan tahdid qilgan. Isroil armiyasi esa uni qo'lga olishda yordam berganlar uchun 400,000 AQSh dollari mukofot taklif qilgan edi.

An-Najah Milliy Universiteti siyosiy fanlar professori Hasan Ayyub: "Sinvar amaliy sabablarga ko'ra tanlangan," deya fikr bildirdi.

"Isroil Haniyani nishonga olgani kabi, G'azodan tashqarida yashovchi har qanday yetakchini ham nishonga olishi mumkin edi". Ayyub Sinvar G'azoda ekanligi va Isroil "uni uzoq vaqtdan beri yo'q qilishni rejalashtirayotganligi" allaqachon hammaga maʼlum boʻlib kelganligiga alohida urgʻu berdi.

Sinvar 7-oktyabrdan to rahbar sifatida tayinlanganigacha qadar oʻtgan vaqt davomida jamoatchilikka ko'rinish bermagan edi.

Kutilmagan tanlov

Ismoil Haniyaning oʻlimidan keyin baʼzi tahlilchilar Sinvar yangi Hamas yetakchisini tanlashda muhim rol o'ynashi mumkinligini taxmin qilishgandi, chunki uning nomi ommaviy axborot vositalarida sizdirilgan ehtimoliy nomzodlar orasida yoʻq edi.

Biroq Yahyo Sinvarning tanlanishi Hamas o'z qarorini shoshilinch tarzda chiqargan degan savollarni keltirib chiqardi. Baʼzi tahlilchilar uning rahbarligi "vaqtinchalik" bo'lishi mumkinligi va G'azodagi urush tugaganidan keyin u boshqa odam bilan almashtirilishini taxmin qilishgan edi.

Hamas rasmiysi Usama Hamdan bu daʼvolarni rad etib, "chuqur o'rganish Sinvarga sodiqlikni paydo qilganini" aytgan.

Siyosiy yozuvchi va tadqiqotchi Bashir Abdul Fattah esa BBC News Arabic ga bergan intervyusida Hamas rahbarlik bo'shligʻini iloji boricha tez to'ldirishga qodir ekanligini ommaga ko'rsatib qoʻymoqchi bo'lganini aytgan.

Professor Ayyub Sinvarning tayinlanishi ishg'ol ostidagi G'arbiy Sohilga ham taʼsir qilganini qo'shimcha qilgan.

"U barcha Falastin fraksiyalari bilan muloqot qila oladi va Fath boshchiligidagi Falastin Ma'muriyati hamda Hamas o'rtasidagi munosabatlarni tiklashga harakat qildi", degan edi professor.

Mutaxassislar Sinvar G'azo sektoridagi Hamas idorasi boshlig'i sifatida ishlagan davrida ichki va mintaqaviy darajada "nol farqlar" siyosatini olib borganini taʼkidlashadi. U Misr bilan munosabatlarni tiklab, Hamas va Suriya rejimi o'rtasida yillar davomida boʻlib kelgan ajralishni tugatdi va guruhni Saudiya Arabistoni bilan yaqinlashtirishga harakat qildi.

Hamasning Umumiy Siyosiy Byurosi boshlig'i lavozimi harakatdagi eng yuqori tashkilot unvoni hisoblanadi. Harakat har to'rt yilda umumiy saylovlar o'tkazib, Shura Kengashini saylaydi. Bu kengash Siyosiy Byuro a'zolaridan iborat bo'lib, ular o'z navbatida byuroning boshlig'i va o'rinbosarini saylashadi.

Achchiq to'qnashuv

Isroil Sinvarni "eng qiyin va radikal" rahbar deya ta'riflagan. Washington Post xabariga ko'ra, Ichki Xavfsizlik Xizmatining sobiq xodimi Mixo Kobi, Sinvarni qamoqda bo'lgan paytida 150 soatdan ortiq so'roq qilganini ayta turib, unga "qatʼiy" va hissiyotsiz, lekin "psixopat emas" deya ta'rif bergan.

Ismoil Haniyaning oʻlimidan so'ng, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Sinvar bilan "teng kuchlar to'qnashuvi" holatiga tushib qolgan, chunki Sinvar Isroil mentalitetini yaxshi tushunadi va shuning uchun ham "Isroil ko'chalari bu tenglamani ko'tarishga majbur bo'ladi", degan edi Isroil bo'yicha mutaxassis yozuvchi Ixob Jabarin.

Ixob Jabarin BBCga Isroil muxolifat OAVlari uzoq vaqtdan beri Sinvar va Netanyahuni urushning asosiy sababchilari sifatida targ'ib qilib kelishini aytgan edi. Isroil Teleradiokompaniyasi Sinvarning tayinlanishi "kutilmagan" voqea boʻlganini bildira turib, bu Isroilga uning tirik ekanligi hamda G'azodagi Hamas yetakchiligi kuchli ekanligi haqida signal boʻlganini xabar qilgandi.

Jabarinning ta'kidlashicha, ayrim Isroil doiralaridagi suhbatlar "Sinvarning 2011-yilda ozod qilinishi, 7-oktyabr hujumlari va Sinvarni harakat rahbarligiga olib kelgan Haniyaning o'ldirilishi, bularning hammasi uchun Netanyahuni ayblaydi".

Sinvarning rahbarlikka kelishi G'azo bo'lgasida garovda ushlab turilgan isroilliklarning oilalari uchun "halokatli zarba" bo'lgan, degan edi Isroil ishlari bo'yicha yozuvchi Ixob Jabarin.

AFP xabariga ko'ra, 7-oktyabr kuni Hamas jangchilari 251 isroillikni garovga olgan. G'azo Sog'liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, Isroil asosan ayollar va bolalardan iborat 42,500 dan ortiq odamni o'ldirgan harbiy kampaniya bilan bunga javob bergan.

Sinvar va sulh

Hamasning sobiq rahbari Ismoil Haniya G'azoda sulhga erishish bo'yicha ko'p oylar davomida bilvosita muzokaralar olib borgan. Yahyo Sinvar haqida gapirganda, "u bu muzokaralardan yiroq bo'lmagan, u barcha tafsilotlarda qatnashgan", deydi Usama Hamdan BBCga.

Hamdan "muzokaralar davom etadi va muzokaralarning qiyinlashishi va cho'zilishiga Isroil sabab boʻlmoqda" deya qo'shimcha qiladi.

Isroil ishlari bo'yicha yozuvchi Ixob Jabarinning so'zlariga ko'ra, 7-oktyabr hodisalariga bir yil to'lgan va isroillik garovdagilar G'azoda qolayotgan bir paytda, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu "ertami-kechmi muzokara stoliga qaytib, Sinvar bilan yuzma-yuz bo'ladi".

U Qo'shma Shtatlar Isroil rahbariyatiga diplomatik bosim o'tkazishini kutayotganini qo'shimcha qilgan.

Isroil 7-oktyabr kuni olib ketilgan garovdagilarni qaytarish va Hamasning harbiy va siyosiy jihatdan yo'q qilinishini o'z ichiga olgan barcha urush maqsadlariga erishmaguncha, janglarni to'xtatmasligini ta'kidlaydi.

2023-yilning noyabr oyida ikkala tomon to'rt kunlik vaqtinchalik gumanitar sulh bo'yicha kelishuvga erishgan edi.

Bu kelishuv yana ikki kunga uzaytirilib, bu orqali Hamas tomonidan garovda ushlab turilgan 19 yoshgacha bo'lgan bolalar va 50 nafar ayol ozod qilingan edi.

Javoban, Isroil 150 nafar falastinlik ayollar va voyaga yetmagan mahbuslarni ozod qilgan edi.

Hamas baribir kurashdan qaytmaydimi?

Ўтказиб юборинг YouTube пост
Google YouTube контентига рухсат бериш

Айни мақолада Google YouTube томонидан тақдим қилинган контент мавжуд. Биз бу контент юкланмасидан аввал сизнинг розилигингизни сўраймиз, чунки улар куки ва бошқа технологиялардан фойдаланган бўлиши мумкин. Сиз Google YouTube ҳаволасида кукиларга доир ва шахсий маълумотларга оид қоидалар ҳақида аввал ўқиб, кейин қабул қилишга рози бўлишингиз мумкин. Кўриш учун “қабул қилиш ва давом этиш”ни танланг.

Огоҳлантириш:Учинчи манба материалида реклама бўлиши мумкин

Охири YouTube пост

Xarita
Сурат тагсўзи, G'azodagi bugungi ahvol

Isroil Mudofaa kuchlari matbuot kotibi Deniel Hagari so'zlariga ko'ra, askarlar "uning bu yerdaligini bilishmagan, ammo amaliyotlarini davom ettiraverganlar".

Deniel Hagari aytishicha, askarlar bir bino orasidan ikkinchisiga yugurib o'tayotgan uch shaxsni ko'rib qolishgan va ta'qib qilganlar.

So'ng uch qurolli shaxs har tomonga tarqab qochgan.

Keyinchalik Yahyo Sinvar deb topilgan "bir binoga yugurib kirgan" va turgan joyi dronda aniqlanib o'ldirilgan.

Sinvar egnida kurtka, yonida qurol va 40000 Isroil shekeli (10774 AQSh dollari) topilgan.

Muxbirlar yozishicha, Yahyo Sinvar yonida u insoniy qalqon sifatida foydalangan deb ishonilgan isroillik garovga olingan odam bo'lmagan, guruh atigi uch kishidan iboratligi yo uning ko'pchilikka bilintirmay qochib chiqishga harakat kilgani yoki uni himoya qilib kelgan qurollilarning ko'pi o'ldirilganini anglatadi.

Hagari so'zlariga ko'ra, Isroil Mudofaa kuchlari bundan oldin Sinvar G'azoning er osti tunnellaridan qaysi joyda harakatlanini aniqlaganlar, chunki bir yarim oycha oldin tunnelda topilgan olti garovga olingan shaxs jasadi yonida Sinvar DNKsi topilgan.

17 oktyabr tunida Isroil harbiylari Yahyo Sinvar o'ldirilgan payti olingan dron videosini e'lon qildi.

Ushbu video aksar joyi vayron bo'lgan binoning derazasidan tasvirga olingan.

Dron binoning ichi vayronaga to'lgan birinchi qavatidagi xonada stulda o'tirgan, boshi bekitilgan erkakka yaqinlashadi.

Videoda erkak jarohatlanganga o'xshaydi, u dronga qarab to'qmoq otadi, video shu joyda to'xtaydi.

Bi-bi-si tahlilchilari Yahyo Sinvar o'limi Hamas uchun qaqshatqich zarba bo'lganini, ammo bu harakat yakuniga etganini anglatmasligini aytadilar.

17 oktyabr. Yangiliklar: Isroil G'azoda Hamas liderini o'ldirganini tasdiqladi, AQSH Isroilni kuzatib turishini aytmoqda, Isroil Amerika tahdididan qo'rqdimi?

Jabalia

Сурат манбаси, ANADOLU/ILLYUSTRATIV

G'azoda nimalar bo'lmoqda? So'nggi tafsilotlar.

Aloqador mavzular:

Yangi hujum

Hamas lideri

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, Isroil harbiylari bu hujumda Hamas yetakchisi Yahyo Sinvarning o'ldirilgani ehtimoli tekshirilayotganini aytdi.

Isroil Hamas harakatining yangi lideri Yahyo Sinvar o'ldirilganligini tasdiqladi.

Isroil Mudofaa kuchlarining ma'lum qilishicha, u "bir yillik ta'qiblar"dan so'ng chorshanba kuni G'azoning janubidagi amaliyotlari chog'ida o'ldirilgan.

Bu Isroil Tashqi ishlar vaziri butun dunyo bo'ylab hamkasblariga Sinvar bugun o'ldirilganini aytganidan keyin yangragan.

Netanyaxuning da'vo qilishicha, Sinvar Rafahda qochib ketayotganda o'ldirilgan

Nega bayonotlar ziddiyatli ekani sababi ma'lum emas.

Yahyo Sinvarning o'ldirilishi Hamas uchun qattiq zarba ekani aytilmoqda.

Tahlilchilarga ko'ra, Hamas bunga Yahyo Sinvarni "shahid" deb e'lon qilish, qasos olish, qarshilik va Isroilga qarshi kurashni davom ettirishga va'da berish, so'ngra tezda uning o'rniga o'ta jangovar odamni tayinlash bilan javob beradi.

Yahyo Sinvar shu yil avgust oyida Hamasning umumiy rahbari etib tayinlangan.

Bunga harakat lideri Ismoil Haniyaning Eron poytaxti Tehronda o'ldirilishi sabab bo'lgan.

U bungacha Hamasning G'azo bo'lgasidagi yetakchisi sifatida ko'rilgan.

Yahyo Sinvar ayni paytda Isroil eng ortidan ko'p tushgan shaxslardan biri sanaladi.

Sinvar o'tgan yili 7 oktyabrda Isroilga qarshi uyushtirilgan qonli hujumni rejalashtirish va ishlab chiqishda asosiy figuralardan biri bo'lgani ishoniladi.

Jamloqqa hujum

So'nggi soatlarda olinayotgan xabarlarga ko'ra, Isroil G'azo shimolidagi Jabaliyada joylashgan jamloqqa zarba bergan.

Ishonilishicha, bu bino ilgari Abu Hasan nomidagi maktab bo'lgan.

Isroil unga "aniq" zarba berganligini aytmoqda, bir necha manbalar, jumladan, BMT hujum ko'plab qurbonlarga sabab bo'lganini xabar qilayotir.

Isroil harbiylariga ko'ra, o'sha paytda u yerda "o'nlab terrorchilar" bo'lishgan.

Ular Isroilga qarshi "terrorchilik hujumlarini rejalashtirish va amalga oshirish" uchun qo'mondonlik va nazorat markazini boshqarishgan.

Hamas shu soatlarda bayonot bilan chiqib, Isroilning so'nggi hujumini qoraladi.

Guruh sobiq maktab binosi o'zlarining qo'mondonlik markazlari bo'lganiga oid Isroilning da'vosini ham rad etdi.

Mahalliy shifokorlarning aytishlaricha, Isroilning bu hujumi kamida 29 kishini o'ldirgan.

Isroil Hamas jangarilari qayta birikayotganligini aytib, ikki hafta oldin hududga quruqlikdan hujum qilishni boshlagan.

Bi-bi-si xabar tafsilotlarini o'rganishda davom etmoqda.

Isroil G'azo barobarida Livan sharqini ham havodan hujumga tutgan, xabarlarga ko'ra, 10 daqiqaning o'zida yettita hujum uyushtirgan.

"Ochlik siyosati"?..

Ga'zoda issiq ovqat tarqatilmoqda

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, G'azoda vaziyat "ayanchli" ekanini aytmoqda.

AQSH G'azo shimolida "ochlik siyosati"ni olib bormayotganiga ishonch hosil qilish uchun Isroilning harakatlarini kuzatib turishini ma'lum qildi.

Bu haqda Amerika Qo'shma Shtatlarining BMT qoshidagi elchisi bildirdi.

"Isroil hukumati bu o'zlarining siyosati emasligini aytdi... va biz Isroilning mazkur bayonoti uning amaldagi xatti-harakatlariga qanchalik mos kelishini kuzatib boramiz", - dedi u.

"Bu AQSHning o'zining uzoq yillik ittifoqchisiga nisbatan so'nggi ritorikasi - ularning harbiy yordamini qisqartirishga oid bundan avvalgi tahdidi esa, berilgan va'dalar bajarilmaganidan g'azablanganlik belgisidir", - deydi Bi-bi-sining xalqaro masalalar bo'yicha muharriri Jeremi Bouen.

Iqtibos

Voqealarning so'nggi rivoji Isroil harbiylari G'azo shimolini egallab olayotgani va hududga oziq-ovqat yordamining kirishiga to'sqinlik qilayotganiga oid keng tarqalgan da'volar ortidan kuzatilmoqda.

Isroil yordamni to'sib qo'yganini rad etadi va kecha, chorshanba kuni G'azo shimoliga ellikta yuk mashinasi yetib kelganini aytadi.

Qo'shma Shtatlar bo'lgaga ko'proq ko'makka ruxsat berilmasa, Isroilga harbiy yordamini qisqartirishi bilan tahdid qilgan.

Isroil xalqaro jurnalistlar, jumladan, Bi-bi-sining muxbirlariga ham mustaqil ravishda G'azoga kirishlariga izn bermayotir.

Isroilning ta'kidlashicha, G'azoga yordam yuklari o'tmoqda.

Ularning da'vo qilishicha, taqchillikka ta'minotning Hamas tomonidan qo'lga kiritilishi sabab bo'layotir.

Isroilning ayni mazmundagi da'volariga Hamasning munosabati hozircha ma'lum emas.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, G'azoda vaziyat "ayanchli" ekanini aytmoqda.

Yakshanba kuni

AQSH Isroilga maktub yo'llagan. G'azoga insonparvarlik yordamini ko'paytirishi uchun 30 kun muhlat bergan. Aks holda Isroilga harbiy yordamini qisqartirishi bilan ogohlantirgan.

Dushanba kuni

Ikki hafta deganda, G'azoga birinchi yordam yetib kelgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti buni tasdiqlagan. Dushanba kuni G'azo shimoliga 30, ertasi kuni yana 12 yuk mashinasi kirganligini bildirgan.

Ammo BMTning Insonparvarlik masalalari bo'yicha ijroiya rahbari buni bir "irmoq" ekanini aytib, hududda "omon qolish uchun barcha zaruriy narsalar tugab borayotgani"dan xavotir bildirgan.

Chorshanba kuni

AQSHning BMT qoshidagi elchisi Xavfsizlik Kengashida gapirgan.

U mamlakati G'azodagi harakatlari "ochlik siyosati"ga aylanmasligini ta'minlash uchun Isroilning u yerdagi xatti-harakatlarini kuzatib turganligini ma'lum qilgan.

Isroil Bosh vaziri esa, bundan avval mamlakati g'azoliklarni och qoldirayotganiga oid ayblovlarni rad etib, ularni "bema'nilik", deb atagandi.

Voqealarning so'nggi rivoji nima degani?

Jeremi Bouen

Bi-bi-sining xalqaro masalalar bo'yicha muharriri

Shimoiy G'azo

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, AQSH G'azo shimolida "ochlik siyosati"ni olib bormayotganiga ishonch hosil qilish uchun Isroilning harakatlarini kuzatib turishini ma'lum qildi.

AQSH insonparvarlik yordamini kuchaytirish uchun Isroilga 30 kun muhlat berilganini, aks holda esa harbiy yordamning bir qismi to'xtatilishi mumkinligini e'lon qilarkan, G'azo shimoliga so'nggi ikki haftadagi birinchi yordam paketi jo'natildi.

Ushbu maktub Isroilning G'azoga insonparvarlik yordami kirishiga to'sqinlik qilayotgani yuzasidan Bayden ma'muriyatining eng batafsil ommaviy tanqidi bo'ldi.

Maktub AQSH davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Loyd Ostin tomonidan imzolangan bo'lib, maxfiy saqlanishi ko'zda tutilgan edi. Biroq, isroillik jurnalistlar uni qo'lga kiritishdi.

Maktub Isroilning G'azoga yordamni cheklash emas, balki tezlashtirish xususidagi operatsiyasiga butunlay yangi yondashuvning asosidir.

Xatda Isroilning yordam yetkazib berishga to'sqinlik qilishi va tinch aholini majburiy ko'chirish orqali 1,7 million falastinliklarni kasallik xavfiga duchor etishi batafsil ko'rib chiqilgan.

Shuningdek, u BMTning Falastin qochqinlari uchun yordam va mehnat agentligiga (BMT YMA) Isroilning uzoq muddatli hujumini ham savol ostiga oladi.

AQSH Isroildagi "ba'zi imtiyozlar va immunitetlarni bekor qilish"ni ilgari suruvchi yangi qonunlardan "juda xavotirda".

Isroil hukumati vaziri Sharqiy Quddusdagi BMT YMA shtab-kvartirasini musodara qilish va bu yerdan yahudiy posyolkalari uchun foydalanishni xohlaydi.

AQSH Isroilning BMT YMA bilan bog'liq xavotirlarini tan olishini, ammo ushbu agentlikka cheklovlar qo'yish G'azodagi insonparvarlik yordami, Sharqiy Quddus va G'arbiy Sohildagi o'n minglab falastinliklarning ta'limi va farovonligiga "katta zarar yetkazishi"ni ta'kidlaydi.

Bu maktub Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant va Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning eng yaqin maslahatchilaridan biri bo'lgan strategik masalalar vaziri Ron Dermer uchun xush kelmagan bo'lishi tabiiy.

Sababi, maktub nafaqat "AQSH hukumatining G'azodagi yomonlashib borayotgan gumanitar vaziyatdan chuqur xavotirda" ekanligini batafsil yoritadi, balki AQSH qonunlari Amerika yordami tarqatilishiga to'sqinlik qiladigan mamlakatlarga qurol-yarog' yetkazib berishni cheklashini ham alohida urg'ulab o'tadi.

2023-yil 7-oktabrdagi Hamas hujumlaridan ikki kun o'tib, Gallant G'azoga insonparvarlik yordami oqimi bo'yicha Isroilning qat'iy munosabatini belgilab bergandi.

U G'azo sektorida "to'liq qamal" e'lon qildi. Hech qanday yonilg'i yoki oziq-ovqat kiritilmasligini aytdi. "Hammasi yopiq… Biz inson ko'rinishidagi hayvonlarga qarshi kurashyapmiz va shunga ko'ra qaror qilamiz."

Tashqi bosim, xususan, amerikaliklarning talabi bilan Isroil Gallantning rejasini yumshatishga majbur bo'ldi, ammo G'azoga kiruvchi yordam hech qachon izchil yoki yetarli bo'lmadi.

So'nggi oylarda kuchaytirilgan cheklovlar maktubning yozilishiga turtki bo'lgan ko'rinadi.

Bu maktub, Isroil G'azoga yordam oqimini davom ettirish bo'yicha bergan va'dalarini bajarmaganligi sababidan Bayden ma'muriyatida paydo bo'lgan umidsizlik va g'azab belgisi hisoblanadi.

Yevropa Ittifoqining bosh diplomati va yetakchi inson huquqlari guruhlari allaqachon Isroilni ocharchilikdan urush quroli sifatida foydalanishda ayblagan.

May oyida Xalqaro jinoiy sudning bosh prokurori Karim Xon Bosh vazir Netanyaxu va Yoav Gallantni urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar bo'yicha hibsga olish uchun order berishni talab qilganida, Isroil tinch aholini ochlikda saqlayotganligini o'z qaroriga sabab qilib keltirgan edi.

Netanyaxu va Gallant esa ayblovni rad etgandi.

Netanyaxu 27-sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida so'zlagan nutqida Isroil G'azo aholisini och qoldirgani haqidagi ayblovlarni "bema'nilik" deb atadi.

U Isroilning G'azoga yordam ko'rsatishdagi roli haqida Blinken va Ostinning maktubida bayon qilinganidan butunlay farq qiluvchi versiyani taqdim etdi.

Netanyaxu uchun bu ayblovlar BMT va uning institutlarida antisemitizmning yana bir belgisi sifatida ko'riladi.

Uning aytishicha, Isroil "yolg'on va tuhmat" bilan to'qnash kelmoqda.

"Yaxshilik yomonlik sifatida va yomonlik esa yaxshilik o'laroq tasvirlanmoqda."

"Biz G'azoga 700 ming tonna oziq-ovqat yetkazib berishga yordam beryapmiz. Bu G'azodagi har bir erkak, ayol va bola uchun kuniga 3000 dan ortiq kaloriya."

Infografika

AQSH maktubidagi qat'iy faktlar uning his-tuyg'ularga to'la ritorikasidan keskin farq qiladi. Ulardan ba'zilari Isroilning sentyabr oyida joriy qilgan cheklovlariga qaratilgan, Netanyaxu esa o'sha paytda Nyu-Yorkda o'z bayonotlarini bergan edi.

"Sentyabr oyida G'azoga kirayotgan yordam miqdori o'tgan yilning har qanday oyiga qaraganda eng past ko'rsatkichni qayd etgan. (Hamasning o'tgan yili 7-oktabr hujumlaridan oldingi davrdan buyon)"

AQSH, xususan, "so'nggi paytlarda Isroil hukumati tomonidan amalga oshirilgan harakatlar, jumladan, savdo importini to'xtatgani va sentyabr oyida insonparvarlik harakatlarining deyarli 90 foiziga to'sqinlik qilgani"dan xavotirda

Amerikaliklar, shuningdek, Isroil yordam yetkazib berish jarayonini qiyinlashtiruvchi qoidalarni qo'llab, yetkazib berishni atayin sekinlashtirayotganini qattiq tanqid qiladi va bir qator aniq talablarni ilgari suradi:

Ular yopiq yuk mashinalari va konteynerlardan foydalanish bo'yicha cheklovlarni olib tashlashni, shuningdek, sinovdan o'tgan ishonchli haydovchilar sonini 400 taga yetkazish kerakligini istashadi. BMT agentliklari haydovchilar va yuk mashinalarining yetishmasligi yordamni G'azoga yetkazishni juda qiyinlashtirganini aytishmoqda

Isroil xavfsizlik va bojxona tekshiruvlarini kuchaytirishi va tezlashtirishi kerak. Yordam tashkilotlari og'ir qoidalar yordam yetkazib berishni sekinlashtirish uchun atayin foydalanilyotganligini ta'kidlaydi

Amerikaliklar yordamni Ashdod portidan G'azo sektoriga "tezkor" yo'nalish orqali yuborishni xohlaydi. Ashdod - G'azo shimolidan qisqa masofada joylashgan zamonaviy Isroil konteyner porti. Isroil undan foydalanishga ruxsat bermagach, AQSH yordam yetkazib berish uchun 230 million dollar (£174 million) sarflab, Ashdod portiga ko'chma pristan qurdi, ammo u yomon ob-havo tufayli ishlatilmay turib vayron bo'ldi

Isroil Iordaniyadan kelayotgan yordamlarga qo'yilgan cheklovlarni ham olib tashlashi kerak

Isroil Hamas yordamni o'g'irlaydi va uni haddan tashqari qimmat narxlarda sotadi, deb ta'kidlaydi.

Amerikaliklar bu masalaga bevosita aloqador hech narsa demaydi,ammo faqatgina bir jumlada "huquqbuzarlik va talonchilikning kuchaygani"ni tan olishlarini aytib o'tadi, xolos.

Maktubning diqqat markazida — Isroilning G'azodagi cheklovlari.

Ularning tanqidi G'azoga yordam yetkazib berish mexanizmidan boshqa mavzularga ham ko'chadi.

Netanyaxu kabinetidagi ultra-millatchilar Shimoliy G'azodagi falastinliklarning o'rniga yahudiylarni joylashtirishni xohlayotgan bir paytda AQSH mazkur hududni izolyatsiya qilish to'xtatilishini talab qiladi.

Isroil Shimoliy G'azoda joriy hujumlarni boshlaganidan beri hudud bilan bog'liq xavotirlar kuchaygan.

Isroil armiyasining harakatlari avvalgi milliy xavfsizlik maslahatchisi, general-mayor Giora Eiland boshchiligidagi nafaqadagi zobitlar guruhi tomonidan ilgari surilgan rejaga o'xshab ketadi.

Eiland garovdagilarni ozod qilish va urushni tugatish bo'yicha kelishuv tuzishni xohlagan, lekin bu amalga oshmaganligi sababli, u endi yanada keskinroq chora ko'rish kerak deb hisoblaydi.

Isroil allaqachon hududni ikkiga bo'luvchi G'azo vodiysi bo'ylab yo'lak ochib, G'azoning shimoliy qismini janubdan ajratib qo'ydi.

Eilandning aytishicha, uning rejasi 400 mingga yaqin tinch aholini shimoldan olib chiqish uchun bir hafta yoki 10 kun davomida evakuatsiya yo'llarini ochish edi. Keyin hudud yopiladi, barcha yordam to'xtatiladi va ichkarida qolgan har bir kishi qonuniy harbiy nishonga aylanishi kerak.

Rejaning bir versiyasi Jabaliya lageri Isroil qo'shinlari, tanklari va dronlari tomonidan qamal qilingach, u yerda amalga oshirilgandek tuyuldi.

G'azo

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, 1,7 millionga yaqin falastinlik Isroil tomonidan belgilangan "al-Mavasi "gumanitar hududi"da boshpana topib turishibdi

Blinken-Ostin maktubi shimoliy G'azodan janubga tinch aholini majburiy ko'chirish bo'yicha "Isroil hukumati siyosat yurgizishi mumkin emas"ligini qat'iy talab qiladi.

Yordam agentliklari "shimoliy G'azoga uzluksiz kirish" huquqiga ega bo'lishi va u yerga ko'pincha o'limga olib keladigan janubdagi xavfli yo'nalishdan emas, balki to'g'ridan to'g'ri Isroildan kirishi kerak. Evakuatsiya buyruqlari "operativ zarurat bo'lmagan taqdirda" bekor qilinishi zarur.

Isroil ko'pchiligi shimoliy G'azodan qochgan 1,7 million tinch aholini Al-Mavosi va Deyr al-Balah shahri o'rtasidagi tor yerga qirg'oq bo'ylab joylashishga majbur qilgan.

Maktubda aytilishicha, "u yerdagi haddan tashqari tiqilinch tinch aholining jiddiy kasalliklarga chalinish xavfini keskin oshiradi."

Amerikaliklar bosim yumshatilishini, tinch aholiga esa qishda qirg'oq bo'ylab hududdan ichkariga ko'chish uchun ruxsat berilishini xohlaydi.

BBC Verify ma'lumotlariga ko'ra, Isroil insonparvarlik hududi deb ataladigan yerlarni ham Hamas nishonlari sifatida baholab bombardimon qilgan.

Maktub darhol ish berdi. Oktabr oyining boshidan beri birinchi marta Isroil yordam olib keladigan yuk mashinalaridan iborat karvonlarga ruxsat berdi, ammo halicha AQSH so'ragan miqyosda emas.

Ushbu maktub G'azodagi insonparvarlik inqirozini, xususan, o't ochishni to'xtata oladimi yoki yo'qligi — bu boshqa masala.

Isroilga bu masalalarni hal qilish uchun 30 kun muhlat berildi.

AQSH prezidentlik saylovlari shu muddat ichida bo'lib o'tadi.

Isroil Eron bilan juda keng miqyosdagi urush yoqasida turganini hisobga olsak, saylov kuni yaqinlashayotgan bir paytda AQSH Isroilga qurol yetkazib berishni to'xtatmagan bo'lardi.

Agar vitse-prezident Kamala Harris g'alaba qozonsa, Bayden ma'muriyati yanvar oyidagi inauguratsiyagacha Isroilga bosim o'tkazishda davom etishi mumkin.

Agar sobiq prezident Donald Tramp ikkinchi muddatga saylansa, holat boshqacha bo'lishi mumkin.

Baydenning Oq uydagi muddati tugashiga oz qolar ekan, Trampning avvalgi to'rt yillik faoliyatiga asoslanib, Netanyaxu o'z xohishiga ko'ra erkinroq harakat qilishi uchun fursat tug'ilishiga umid qilgan bo'lardi.

Bayden o'zining Demokratik partiyasida va boshqa joylarda keng tanqidlarga uchradi. U Amerika Isroilning eng muhim ittifoqchisi sifatida tutgan mavqedan foydalanmaganlikda ayblandi.

AQSH harbiy va diplomatik yordamisiz Isroil o'z urushlarini olib borishda qiynalib qolgan bo'lardi.

Maktub bosim o'tkazishni maqsad qiluvchi jiddiy urinishga o'xshaydi.

O'tgan yilgi urush davomida Netanyaxu ko'pincha AQSHning istaklarini e'tiborsiz qoldirib keldi.

Burilish nuqtasi sentyabr oyi oxirida bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasida kuzatilgan.

O'shanda AQSH, Buyuk Britaniya va Isroilning boshqa ittifoqchilari Isroilni Livanda diplomatiyaga vaqt ajratishga mo'ljallangan 21 kunlik sulhni qabul qilishga ko'ndirganlariga ishongan edilar.

Vaholanki, Netanyaxu o'z nutqida sulhni rad etib, mintaqaviy urushni kuchaytirishni tanladi.

Nyu-Yorkdagi mehmonxonasidan turib, u Hizbulloh rahbari Hasan Nasrullohning o'ldirilishini buyurdi. Ba'zi G'arb rasmiylari Bayden ma'muriyati Netanyaxuning "o'yinchog'i"ga aylanib qolganidan shikoyat qiladi.

Maktub o'zaro tenglikni tiklashni ko'zda tutuvchi kechikkan urinishdir.

Bayden so'zsiz yordam taklif qilish orqali Isroilga ta'sir o'takaza olishiga ishontirib kelingan.

U 7-oktabrdan keyin Isroilga Amerika 11-sentyabr Al-Qoida hujumlaridan keyin jahl ustida qilgan xatolarni takrorlamaslikni maslahat bergandi.

Ammo Netanyaxu ko'pincha Baydenning istaklarini e'tiborsiz qoldirgan. Bayden prezident sifatida so'nggi davrga kirar ekan, Isroil AQSHning G'azo bo'yicha talablariga quloq soladimi-yo'qligi noma'lum bo'lib qolmoqda, chunki Baydenning Yaqin Sharq bo'ylab G'azo urushining tarqalishini to'xtatish harakati muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Maktubga klesak, u G'azodagi qiynalyotgan tinch aholi va Isroil tomonidan oylab davom etgan insonparvarlik yordamining cheklanishi natijasida vafot etganlar uchun juda kamlik va juda kechlik qiladi.

16 октябр

Гувоҳлар: Исроилнинг Ғазо шифохонасига ҳужумида кўплаб одам ёниб кетди, АҚШ Исроилга шарт қўйди

Ёнғин

Гувоҳлар Исроилнинг Ғазодаги шифохона ҳудудига ҳаводан берган зарбаси натижасида пайдо бўлган ёнғинда кўплаб одамлар ёниб кетганини айтмоқда. АҚШ Ғазога ёрдам кўламини орттириш борасида Исроилга 30 кунлик муҳлат берди. Акс ҳолда айрим ҳарбий ёрдамлар тўхтатилиши мумкин.

Диққат: Мақолада баъзи безовта қиладиган тафсилотлар мавжуд.

Исроил ҳаво ҳужуми натижасида Ғазо шифохонаси мажмуасидаги чодир жамлоқ ёниб кетди. Гувоҳлар Би-би-сига даҳшатга тушганликлари ва оловда ёнаётган ва ҳалок бўлган одамларга ҳеч қандай ёрдам беролмаганини айтди.

Бир она буни "биз гувоҳ бўлган энг даҳшатли воқеалардан бири" деб атади, яраланган қиз эса одамлар уларни олиб чиқиш учун чодирларини йиртаётганда қичқириқларни эшитганини айтди. Бир эркак эса куйиб ўлаётганларга ҳеч ёрдам беролмай "ожиз" қолганидан "синиб қолганини" айтди.

Алоқадор мавзулар:

Душанба куни тонгда Ғазо марказидаги Дейр ал-Балаҳда жойлашган ал-Ақсо шифохонаси мажмуасига зарба берилди. Бу кўчирилган одамлар учун қурилган вақтинчалик бошпаналарга ўт қўйди.

Ҳамас бошқарувидаги Соғлиқни сақлаш вазирлигига кўра, камида тўрт киши ҳалок бўлди ва кўплаб аёллар ҳамда болалар жароҳатланди.

Би-би-си ёнаётган одамга ўхшаб кўринган видеонинг манзилини тасдиқлади. Бошқа видеоларда қичқириқлар ва портлашлар остида одамларнинг оловни ўчиришга шошилаётгани ва портлашлар натижасида тунги осмонга ўт шарлари учаётгани тасвирланган.

Исроил армияси автотураргоҳдаги қўмондонлик марказида фаолият олиб борган Ҳамас жангариларини нишонга олганини ва ундан кейин "эҳтимол иккиламчи портлашлар туфайли" ёнғин чиққанини айтди. Ҳарбийлар ҳодисани кўриб чиқаётганликларини билдиришди.

Ал-Ақсода фаолият юритаётган Чегарабилмас Шифокорлар хайрия ташкилоти Би-би-сига "Ҳамас маркази ҳақида маълумотга эга эмаслигини" ва "шифохона шифохона сифатида ўз вазифасини бажараётганини" айтди.

Ёнғин

БМТнинг Инсонпарварлик ишлари агентлиги баёнотида "одамлар ёниб ҳалок бўлди" ва "бу ваҳшийликлар тўхташи керак", дейилган бўлса, Оқ Уй Миллий хавфсизлик кенгаши вакили бу тасвирларни "хавотирли" деб атади.

"Исроил ҳаво ҳужумидан сўнг кўчирилган тинч аҳолининг тириклай ёниб кетаётганига ўхшаш расм ва видеолар ниҳоятда ташвишли ва биз бу ҳақдаги хавотирларимизни Исроил ҳукуматига очиқ билдирдик," деди вакил Би-би-сининг ҳамкори CBSга.

"Исроил тинч аҳоли ўлимидан қочиш учун кўпроқ масъулиятни ўз зиммасига олиши керак — ва бу ерда содир бўлган воқеа, ҳатто Ҳамас шифохона яқинида тинч аҳолини жонли қалқон сифатида ишлатишга уринган бўлса ҳам, даҳшатли".

Гувоҳларнинг айтишича, зарба маҳаллий вақт билан душанба тунгида соат 01:15 да содир бўлган.

"Зарба бинолар ўртасидаги ҳудудга тегди, у ерда вақтинчалик бошпаналар бор эди, ва тунги вақтда ҳеч ким бўлмаган очиқ ҳаводаги амбулатория кутиш майдони яқинига тушган", дейди Ғазодаги Чегарабилмас шифокорларнинг фавқулодда вазиятлар бўйича мувофиқлаштирувчиси Анна Халфорд, у зарба пайтида шифохонада бўлмаган, лекин Дейр ал-Балаҳдан телефон орқали боғланган.

Шифохона ортидаги чодирда яшаган она Ҳиба Ради Ғазодаги Би-би-си фрилансерига "портлашлар ва чодирлар атрофида содир бўлган ёнғин" овозларидан уйғонганини айтди.

"Ҳамма томонда портлашлар бўлди, ва биз бу газми ёки қуролми, деб ҳайрон бўлдик. Бу биз гувоҳ бўлган ва бошдан кечирган энг даҳшатли манзаралардан бири. Биз ҳеч қачон бундай вайронагарчиликни кўрмаган эдик. Бу жуда оғир, жуда қийин", дейди Ҳиба Ради.

iqtibos

Тасдиқланган видеолардан бир қисмини суратга олган фотограф Атия Дарвиш Би-би-сига бу "катта зарба" эканини ва одамларнинг ёнганини томоша қилиб, "ҳеч нарса қила олмаганини" гапирди.

"Мен шунчалик синиб қолгандим," деди у.

Шифохонада яшовчи Ум Ёсир Абдул Ҳамид Даҳер Би-би-сига шундай деди: "Биз шунча кўп одамлар ёниб кетганини кўрдикки, ўзимиз ҳам улар каби ёниб кетишимиз мумкинлигини ҳис қила бошладик".

Яраланганлар орасида унинг ўғли, хотини ва болалар ҳам бор эди. Қўли ва оёғидаги жароҳатларида темир парчалари қолган 11 ёшли набираси Лина, одамларнинг қичқирганини эшитганини айтади.

"Қўшнимизнинг қизи бошидан жароҳат олди ва унинг отаси ҳалок бўлди. Бошқа қўшниларимиз ҳам ҳалок бўлишди. Ёнимиздаги одамлар бизларни чиқариб олиш учун чодирни йиртишди," дейди Лина.

Унинг бувиси оиласи чодирини ва бор-йўқларини йўқотишгани ва уларда ҳеч нарса қолмаганини айтди.

Душанба куни соғлиқни сақлаш вазирлиги 40 дан ортиқ киши жароҳатлангани ва тўрт киши ҳалок бўлганини хабар қилди.

Чегарабилмас шифокорлар хайрия ташкилоти сешанба куни янги маълумотларни эълон қилиб, беш кишининг ҳалок бўлганини, уларнинг жасадлари топилганида ёниб кетганини ва 65 киши жароҳатланганини маълум қилди.

Жароҳатланганларнинг 40 нафари - 22 киши эркак, 8 аёл ва 10 бола - ал-Ақсода қолишди. Қолган жабрланувчилар бошқа шифохоналарга кўчирилди, улардан саккиз нафари куйганларни даволовчи махсус бўлимга жўнатилди.

Халфорд хоним ҳамкасблари оғир ёнғин жароҳатлари билан курашаётганини, бу одамларнинг "тирик қолишлари ўта қийин" эканини айтиб, "бундай оғир куйган жароҳатлар билан кўп нарса бўлмаслигини", айтди.

"Уйга қайтганингизда кийимларингизда куйикнинг ҳиди билан келасиз. Бу жуда оғир тажриба. Бу сиз билан қолади," дейди у.

Душанба кунги зарба март ойидан бери шифохона ҳудудида содир бўлган еттинчи зарба бўлди ва икки ҳафтанинг ичида учинчи бўлди, дейди Халфорд хоним.

У сўнгги ҳаво зарбаси содир бўлганидан кейин шифохонага етиб борганда, одамларнинг букилган темир ва ёнган вайроналар орасидан омон қолган бирор нарсасини излаётган одамларга дуч келган.

Би-би-сига гапирган яна бир она, ёнғин жароҳатлари олган фарзандлари ҳозирда шимолий Ғазодан эвакуация қилингани айтди.

БМТнинг Инсонпарварлик ишлари бўйича координация идораси бошлиғининг вазифасини бажараётган шахс зарба содир бўлган ҳудудга шимолий Ғазо аҳолиси кўчиб ўтиши кераклиги айтилганини билдирди.

"Ғазода одамлар учун хавфсиз жой йўқ," дейилади унинг баёнотида.

АҚШ Исроилга шарт қўйди, акс ҳолда ҳарбий ёрдамни тўхтатмоқчи

Ёрдам

Сурат манбаси, Reuters

Америка Қўшма Штатлари Исроилга Ғазодаги гуманитар ёрдам миқдорини ошириш учун 30 кун муҳлат берди, акс ҳолда Американинг айрим ҳарбий ёрдами тўхтатилиши эҳтимоли мавжуд.

Якшанба куни юборилган хат АҚШнинг иттифоқдошига берган энг кучли ёзма огоҳлантиришидир ва бу Исроилнинг шимолий Ғазога янги ҳужумлар бошлаган ва натижада кўплаб тинч аҳоли қурбон бўлгани ҳақида хабарлар чиққан бир паллага тўғри келган.

Мактубда АҚШ гуманитар вазиятнинг бузилишидан жиддий хавотир билдирган ва Исроил ўтган ойда шимол ва дануб орасидаги гуманитар ҳаракатларни 90%дан ортиғини рад этган ёки тўсиб қўйганини қўшимча қилган.

Исроил мактубни таҳлил қилмоқда. Бир исроиллик расмийнинг билдиришича, мамлакат "буни жиддий қабул қилади" ва АҚШлик ҳамкорлари билан "кўтарилган хавотирларни ҳал қилиш"ни мақсад қилган.

Исроил аввалроқ Ғазо шимолида Ҳамас ходимларини нишонга олаётганини ва гуманитар ёрдам киришини тўхтатмаётганини айтган эди.

Душанба куни Ғазога киришни назорат қилувчи Исроил ҳарбий идораси, Cogat, Жаҳон озиқ-овқат дастури томонидан олиб келинган ёрдамни ўз ичига олган 30 та юк машинаси Эрез ўтказиш пунктидан шимолий Ғазога кирганини билдирди.

Бу, БМТ айтган, шимолга озиқ-овқат ёрдами етиб келмаган икки ҳафталик муддатни ниҳоясига етказган ва у ердаги 400 000 фаластинликларнинг ҳаёт учун зарур бўлган маҳсулотлар тугаб бораётган таъминотларни етказиб берган.

БМТ расмийси Ғазо "доимо энг юқори фавқулодда вазият" шароитида эканини таъкидлади.

Жаҳон озиқ-овқат дастурининг босқин остидаги Фаластин ерларида раҳбари бўлган Антуан Ренар AFP ахборот агентлигига, ҳудуднинг шимолидаги одамлар "фақат ёрдамга таянмоқда" ва БМТ агентликлари томонидан берилган озиқ-овқатдан ташқари деярли ҳеч нарсаси йўқлигини айтди.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002