Gʻurur, qoʻrquv va mavhumlik: Eronliklar Isroil tomon raketalar otilishi haqida nima demoqda?

Сурат манбаси, Getty Images
Eronliklar mamlakat osmoni Isroil tomon otilgan raketalardan yorishib ketgan 1-oktyabr tunidayoq yuz berayotgan voqeaga munosabat bildirishga kirishdilar. "Bu safar hammasi boshqacha", deya yozdi ayrim eronliklar.
Daqiqalar ichida ijtimoiy tarmoq raketalarning bosh uzra uchib oʻtayotgani tasvirlangan videolarga toʻlib-toshdi.
Izhor etilgan hissiyotlar gʻurur, qoʻrquv va mavhumlikdan iborat edi.
Isroilga qarshi hujum allaqachon iqtisodiy mushkullik, siyosiy beqarorlik va ijtimoiy boʻlinish domiga tushib qolgan mamlakatdagi vaziyat keskinlashishining yana bir pogʻona yuqorilashiga sabab boʻldi.
Eron davlat televideniyesi koʻchalarda bayroqlarni hilpiratgancha, "Isroilga oʻlim!" deya hayqirib yurgan xushnud olomon tasvirlarini namoyish etdi.
Ammo ijtimoiy tarmoqdagi muhit biroz boshqacha edi.
Odamlar milliy gʻurur, qoʻrquv va kattaroq urush boshlanib ketishidan shubha yoʻgʻrilgan qizgʻin bahslarga kirishgani koʻrindi.
"Bu safar hammasi boshqacha", deya yozdi ayrim eronliklar.
Bu Eron jamiyatini parchalab yuborgan tun boʻldi.
Xursandchilik va umidsizlik
Rejimning koʻplab tarafdorlari raketalar zarbasini bosh egmaslikning magʻrur lahzalari oʻlaroq koʻrdilar.
"Barakalla, Xomanaiy! Barakalla, Inqilob qoʻriqchilari", hayqiradi bir ayol tarmoqda keng tarqalgan videoda.
Bu ayol uchun Isroilga qarshi raketalar zarbasi kuchni koʻrsatib qoʻyish va Eronning mintaqaviy qudratini qayta tiklash tomon tashlangan qadam ramzi edi.
Biroq bunday shakldagi milliy kayfiyat umidsizlik toʻlqini bilan qarshi olindi.
"Iltimos, xalq va Inqilob qoʻriqchilari farqiga boring; biz ulkan bosim ostidamiz", yolvoradi tarmoqda qoʻlma-qoʻl boʻlgan boshqa bir videodagi oʻrta yoshli erkak.

Baʼzi eronliklar Isroilga nisbatan zarbani oʻzlari uchun faqat uqubat olib keluvchi keraksiz provokatsiya, deya hisobladilar.
Ular oʻch olish vaji bilan amalga oshirilgan bu zarba yillarga choʻzilgan iqtisodiy sanksiyalar, inflyatsiya va milliy valyutaning qadrsizlanishi tufayli shundoq ham ogʻir kechayotgan kundalik hayotni yanada mushkullashtirishidan xavotir bildiradilar.
"Mamlakatimizni himoya qilishdan oʻzga choramiz yoʻq.
Ammo oqibatlardan yana oʻzimiz jabr chekib qolaveramiz", deydi bir tehronlik.
Zarbalardan bir necha soat vaqt oʻtgach, Isroil Eron iqtisodiyotining muhim qismi boʻlmish neft infratuzilmasini javoban nishonga olishi mumkinligi toʻgʻrisida mish-mishlar tarqaldi.
Zumda ijtimoiy tarmoqda benzin qolmasligidan xavotirlanib, yoqilgʻi quyish shoxobchalarini toʻldirgan eronliklar tasvirlangan videolar paydo boʻldi.
Diplomatiyadan umid yoʻqolmoqda
Raketa hujumi diplomatik yoʻlda olgʻa siljishdan umid yuzaga kelgan bir paytda amalga oshirildi.
Massud Pezeshkiyonning prezident oʻlaroq saylanishi moʻtadil kayfiyatdagi odamlar orasida nekbin kayfiyat tarqalishiga sabab boʻlgan edi.
Ayrimlar uni mintaqadagi tanglikni yumshatishda koʻprik vazifasini bajara oluvchi shaxs sifatida koʻrgandilar.
Biroq 1-oktyabr kuni yuz bergan raketa hujumi diplomatik yechimga boʻlgan umidni kamaytirib yubordi.
"Bu hujum diplomatiyadan bir qadam uzoqlashish, ixtilof tomon esa bir qadam yaqinlashishdir", deydi BBC Fors xizmati mushtariylaridan biri.
"Bu urush biz kabi ozodlik yoʻlida kurashayotganlarni bostirish yoʻlida vaj oʻlaroq ishlatilishi mumkinligidan qoʻrqaman", deydi yosh faollardan biri Erondagi ijtimoiy manzarani keskin oʻzgartirib yuborgan "Ayol, Hayot, Ozodlik" nomini olgan namoyishlarga ishora qila turib.
Koʻplab insonlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yangi ixtilof nafaqat islohotlar talabiga soya solishi, balki hukumatga ichki norozilikni yanada bostirishda kuch berishidan tashvish bildiradilar.
"Bu safar hammasi boshqacha"
Avvalgi ixtiloflardan farqli oʻlaroq bu safar Isroil qattiq qarshi zarba berishi ehtimolidan qoʻrqayotganlar soni oshib bormoqda.
Koʻplar agar keng koʻlamli urush boshlanib ketgudek boʻlsa, Isroilning ilgʻor harbiy salohiyati mislsiz vayronagarchilik olib kelishiga ishonadi.
"Na odamlar, hatto, na rasmiylar - hech kim urushni xohlamaydi", yozadi tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Iqtisodiy sanksiyalar va ichki qarama-qarshilik bilan yuzlashib turgan mamlakatda keng koʻlamli ixtilof boshlanib ketishidan qoʻrquv kuchayib bormoqda.
Bu zaiflik hissi esa vaziyat har qachongidan-da xavfliroq qabul qilinishiga sabab boʻlmoqda.
'Rejim oʻzgarishiʼ yoki ʼmilliy mudofaaʼ?
Tanglik kuchayib borayotgan bir paytda, ayrimlar rejimni oʻzgartirish daʼvati bilan ham chiqdilar.
"Eronni asrab qolishning yagona yoʻli - bu urush emas, balki rejimni agʻdarishdir", deydi BBC Fors xizmatining yana bir oʻquvchisi Gʻarbni joriy hukumatga qarshi kurashayotgan eronliklarni dastaklashga chaqirgan holda.
Ammo koʻplab eronliklar mamlakatning kelajagi tashqi taʼsir oqibatida kelib chiqishi mumkin boʻlgan xaosdan saqlangan holda, biror xorijiy davlat aralashuvisiz ichkaridan turib hal qilinishi lozim, deya hisoblaydi.
Eronning Isroilga qarshi raketalar zarbasi mamlakatdagi ichki boʻlinishni yana-da kuchaytirib yubordi.
Bir tomonda qoʻl urilgan amaldan milliy gʻurur tuygan holda hukumatni qoʻllab-quvvatlayotganlar turgan boʻlsa, boshqa tomonda urush, iqtisodiy inqiroz va islohot talabi bilan kechayotgan ichki harakatlarning bostirilishidan qoʻrqqan eronliklar turibdi.
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002













