Netanyahu Livanni “Gʻazodagi kabi vayronagarchilik”dan ogohlantirdi

Байрут 8 октябрдан кейинги Исроил ҳужумларидан кейин

Сурат манбаси, Reuters

    • Author, Devid Gritten
    • Role, BBC News
  • Ўқилиш вақти: 7 дақ

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Livan xalqiga to'g'ridan-to'g'ri murojaat qilib, Hizbullohni haydab solishga va "Gʻazodagi kabi vayronagarchilik va tushkunlik" oldini olishga chaqirdi.

8-oktyabr kuni Isroil janubiy Livanda Hizbullohga qarshi quruqlik amaliyotini kengaytirib, minglab askarlarni yangi hududga jo'natgan bir paytda Netanyahu livanliklarga ushbu murojaatni yoʻlladi.

Netanyahu, shuningdek, Isroil Mudofaa kuchlari(IMK) Hizbullohning sobiq rahbari Hasan Nasrullohning vorisini o'ldirganini ta'kidlagandi, ammo keyinchalik IMK Hoshim Safiyuddinning o'limini tasdiqlay olmasligini aytib chiqdi.

Iqtibos

Сурат манбаси, .

Boshqa tomonda esa Hizbulloh jangchilari Xayfa port shahriga uchinchi kun ketma-ket raketa hujumlarini uyushtirib, 12 kishini jarohatladi.

Netanyahu Livan xalqiga yo'llagan videomurojaatida shunday deydi: "Sizda Livanni uzoq davom etadigan urushdan qutqarish imkoniyati bor, aks holda bu urush Gʻazodagi kabi vayronagarchilik va tushkunlikga olib keladi.

Livan xalqi, men sizga ta'kidlayman: Mamlakatingizni Hizbullohdan ozod qiling, va shundagina bu urush yakun topadi."

Hizbulloh uch haftadan beri davom etayotgan Isroilning kuchli hujumlariga qaramay, qarshilik ko'rsatishda davom etmoqda. Livan rasmiylariga ko'ra, bu hujumlar 1400 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo'ldi va yana 1,2 million odamni oʻz uylarini tashlab chiqishga majbur qilgan.

8-oktyabr kuni, Hasan Nasrullohning sobiq o'rinbosari Naim Qosim, Hizbulloh Isroilning yaqinda bergan "ogʻir zarbalarini" yengib o'tganini va ularning salohiyati hamon "yaxshi" ekanligini aytdi.

Gʻazodagi urush bilan boshlanib bir yildan buyon davom etib kelyotgan chegara janglaridan so'ng Isroil hujumni kengaytirdi. Isroil Hizbullohning raketa va dron hujumlari tufayli evakuatsiya qilingan minglab fuqarolarini uylariga qaytarish uchun janglarni davom ettiryotganini da'vo qiladi.

Hizbulloh 2023-yil 8-oktabrda, Hamas Isroil janubiga qilgan hujumning ertasigayoq, Isroilning shimoliy hududlariga raketalar otishni boshlagan edi.

Seshanba kuni ertalab Isroil Mudofaa Kuchlarining 146-diviziyasidagi zaxira askarlar Livan janubi-g'arbida "cheklangan, mahalliylashtirilgan, maqsadli operatsiyalarni" boshlagani e'lon qilindi.

Bu guruh 30-sentabrda boshlangan bosqindan beri Livan janubidagi markaziy va sharqiy hududlarda operatsiyalar olib borayotgan doimiy armiyaning uchta bo'linmalariga borib qo'shilgan va xabar qilinishicha, jami safarbar qilingan askarlar soni 15 mingdan oshgan.

IMK askarlari Maron al-Ras chegara qishlog'idagi Hizbullohning "jangovar majmua"si ustidan nazoratni qo'lga olganini bildirdi va zaytun bog'idagi raketa qurilmasi, shuningdek, turar-joy binosidagi qurol-yarog' va jihozlarni aks ettiruvchi fotosuratlarni e'lon qildi.

Dron tasvirlari esa hujumning dastlabki moʻljallaridan biri boʻlgan qo'shni Yaroun qishlog'idagi vayronagarchiliklarni ko'rsatadi.

avtomobil saqlash joyida uxlayotgan oila

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, Ko'plab uyini tashlab chiqqan odamlar Bayrutning avtomobil saqlash joylariga o'xshash ochiq maydonlarda uxlayaptilar

Bu orada, BMTning Livan bo'yicha maxsus muvofiqlashtiruvchisi va BMT tinchlikparvar kuchlari boshlig'i qo'shma bayonotida mojarolarning insoniy oqibatlari "halokatli darajada" ekanligidan ogohlantirdi.

Livan hukumatiga koʻra, o'tgan yil davomida 1,2 milliondan ortiq odam oʻz uylarini tark etishga majbur bo'lgan. Ularning deyarli 180 ming nafari rasman roʻyxatdan oʻtkazilgan markazlarda qoʻnim topgan.

Shuningdek, 400 mingdan ortiq odam allaqachon urush girdobida boʻlgan Suriyaga qochib oʻtgan. Ularning 200 mingdan ortigʻini qachondir Suriyadagi notinchliklardan panoh izlab Livanga koʻchib kelganlar tashkil etadi. BMTning qochqinlar agentligi boshlig'i bu vaziyatga "fojeaviy mavhumlik" deb ta'rif berdi.

Jahon Oziq-ovqat dasturi Livan oʻzini yetarlicha oziq-ovqat bilan ta'minlay olmasligidan jiddiy xavotirda ekanligini ma'lum qildi, chunki minglab gektar qishloq xo'jaligi yerlariga o't qo'yilgan boʻlsa, boshqalari qarovsiz tashlab ketilgan.

IMK, shuningdek, Hizbullohning kuchli ta'siri ostida bo'lgan Bayrut janubidagi hududlarda va Livanning boshqa hududlarida seshanba kuni yangi havo hujumlarini amalga oshirganini e'lon qildi.

Avvalroq, dushanba kuni poytaxtdagi hujum Hizbulloh shtab-kvartirasining qo'mondoni Suhayl Hussayniyning o'limiga sabab boʻlgani haqida xabar e'lon qilingan edi.

Hizbulloh bu da'voga izoh bermadi. Ammo agar xabar tasdigʻini topadigan boʻlsa, bu Isroil tomonidan guruhga berilgan bir qator og'ir zarbalarning qatoriga qoʻshiladi. Hasan Nasrulloh va uning ko'pgina harbiy qo'mondonlari ham shu kabi hujumlarda o'ldirilgan edi.

Hizbullohning 8-oktyabrdagi raketa hujumida shikastlangan Xayfa chetidagi Kiryat Yam mavzeidagi kvartira

Сурат манбаси, AFP

Сурат тагсўзи, Hizbullohning 8-oktyabrdagi raketa hujumida Xayfa chetidagi Kiryat Yam mavzeidagi kvartira shikastlandi

Nasrullohning o'rnini egallashi kutilgan yuqori martabali Hizbulloh amaldori, Hoshem Safiyuddin Isroil havo hujumidan keyin jamoatchilikka ko'rinish bermagan.

IMK so'zchisi Daniyel Hagari seshanba kuni kechqurun Netanyahu va Isroil mudofaa vazirining Safiyuddin o'ldirilgani haqidagi da'volarini tasdiqlay olmasligini aytib, IMK operatsiya natijalarini tekshirib ko'rayotganini bildirdi.

Hizbulloh rahbarining o'rinbosari seshanba kuni noma'lum joydan qilgan televizion murojaatida, rahbarlarning nazorat tizimi "mustahkam" ekanligini va tizimda "bo'sh oʻrinlar yo'qligini" ta'kidlab oʻtdi hamda so'nggi kunlarda Isroilga qarshi uyushtirilgan hujumlarni misol qilib keltirdi.

"Biz ularga zarba beryapmiz va bu urushni uzaytiramiz. O'nlab shaharlar qarshilik kuchlarining raketalari nishonida turibdi. Biz sizni ishontirib aytamiz, kuchlarimiz yaxshi," deydi Naim Qosim.

Biroq, G'azodagi urush tugamas ekan, Hizbulloh Isroilga qarshi hujum qilishda davom etaverishi haqidagi shartni u ilk marotaba tilga olmadi.

"Biz Nabih Berrining (Livan parlamenti spikeri) sulhga erishish bo'yicha siyosiy sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaymiz," deydi Qosim televizion murojaatida.

"Sulh imzolangachgina diplomatiya boshqa barcha tafsilotlarni ko'rib chiqishi mumkin."

Bu Hizbulloh pozitsiyasining o'zgarishini anglatadimi yoki yo'qmi, aniq emas.

Qosimning nutqi Xayfa ko'rfazi hamda Pastki, Markaziy va Yuqori Galileya hududlariga 100 dan ortiq raketalar otilishi bilan bir vaqtga toʻgʻri keldi.

IMKning aytishicha, raketalarning aksariyati to'xtatib qolingan. Og'ir talafotlar qayd etilmagan.

Yakshanba kuni kechqurun Xayfaga to'g'ridan-to'g'ri zarba berildi - bu esa 2006-yilda Isroil va Hizbulloh urush olib borganidan beri hali biron marta ham yuz bermagandi.

7-oktyabr. Gʻazo - har burchakka sochilgan qabrlar

Amira Mhadbi, BBC Arab Xizmati

g'azo

2023-yil 7-oktyabrda Hamas Janubiy Isroilda misli koʻrilmagan hujumni amalga oshirdi - u asosan tinch aholini oʻldirib, 251 nafarini garovga oldi. Bu esa Isroil va Hamas oʻrtasida soʻnggi yillarda mintaqadagi eng halokatli urushlardan biri sifatida taʼriflanuvchi mojaroni boshlab berdi.

BBC News urush davomida maʼlumotlarni toʻplab, toʻqnashuvdan zarar koʻrganlar bilan muloqotda boʻldi va raqamlar ortidagi hikoyalarni ochishga harakat qildi.

Fatma Edaama va uning oilasi doimo shimoliy Gʻazoda yashab kelgan.

Oʻn oydirki, ular oʻlim, vayronagarchilik va ochlikning guvohi boʻlmoqdalar.

Fatma yashash sharoitlarini "kamsituvchi va sharmandali" deb taʼriflaydi.

Xuddi bir yil davom etgan chuqur komadan bir kuni uygʻonib, yana avvalgi goʻzal va jonli Gʻazoni koʻradigandekman, deydi u oʻz hissiyotlarini taʼriflay turib.

Fatma umidvor.

"Biz Gʻazoni tiklaymiz va hayotga qaytaramiz," deydi u qatʼiyat bilan.

Gʻazoda hayot va oʻlim

Urush Ashraf al Attarning hayotini abadiy oʻzgartirib yubordi.

Ashraf Janubiy Xon Yunusdagi Yevropa shifoxonasida yordamchi shifokor sifatida ishlaydi.

Uning BBCʼga aytishicha, rafiqasi va olti farzandi "bir necha soniya ichida, barchasi bir vaqtning oʻzida" markaziy Gʻazodagi Deir al Balahda Isroil zarbasi tufayli olamdan oʻtgan.

Ashrafning rafiqasi Hala Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlar uchun yordam va ishlarni tashkillash agentligi (UNRWA) xodimi edi.

g'azo
Сурат тагсўзи, Gʻazodagi bir vaqtlar gavjum boʻlgan mavzelar bugun vayronaga aylangan.

Ularning katta oʻgʻli Ihsen 15 yoshda edi.

Eng kichik farzandi — Vatin ismli qizi esa atigi 20 oylik edi, xolos.

Ashraf va Halaning, shuningdek, 10 yoshli toʻrt egizaklari — ikki oʻgʻil va ikki qizi bor edi.

Ashraf va Hala ularni hamisha "Xudoning neʼmati" deb atashardi.

Isroil armiyasi alohida zarbalar haqida kamdan-kam hollarda izoh beradi va shuning uchun 18-avgust kuni Ashrafning oilasini oʻldirgan hujum haqida biror maʼlumot mavjud emas.

Bir kun oʻtgach, chiqarilgan bayonotda harbiylar Deir al-Balah chekkasida "terrorichilar hamda yer osti-ustidagi jangovar komplekslarni yoʻq qilish" maqsadida amaliyot oʻtkazilganini aytib oʻtishdi.

Hala va uning olti farzandi Gʻazodagi urush boshlangandan beri oʻlgan 40,000 dan ortiq falastinliklardan faqat bir nechtasi, xolos.

7-oktyabrdan buyon egallangan Gʻarbiy qirgʻoqda ham zoʻravonlik koʻpaydi.

2024-yil 23-sentyabr holatiga koʻra, BMT Gʻarbiy Qirgʻoq, jumladan, Sharqiy Quddusda 693 falastinlikning oʻlgani haqida maʼlumot bermoqda.

Ulardan 676 nafari Isroil kuchlari tomonidan va 12 nafari Isroil kolonistlari tomonidan oʻldirilgan.

Isroil Gʻarbiy Qirgʻoqdagi reydlar falastinliklarning Isroil va Gʻarbiy Qirgʻoqdagi isroilliklarga qarshi oʻldiruvchi hujumlarini toʻxtatishga qaratilganligini taʼkidlaydi.

Hozirgi Isroil hukumati u yerda noqonuniy mustahkamlanishlarning kengayishini koʻzdan kechirmoqda.

Falastinliklar oʻng qanotli Isroil hukumati Gʻarbiy Qirgʻoqdagi mustahkamlanishlarni qaytarib boʻlmaydigan qilish ustida ishlayotganidan qoʻrqishadi.

Isroildagi vaziyat

g'azo

2023-yil noyabr oyining boshida Isroil hukumati ochiqlagan soʻnggi raqamlarga koʻra, Isroil tarixidagi eng halokatli hisoblangan 7-oktyabr hujumi 1,200 dan ortiq odamni oʻldirdi.

2023-yil noyabrda BBC beshta qurollangan Falastin guruhi 2020-yildan boshlab harbiy uslubda mashgʻulotlardan oʻtgach, Hamasga borib qoʻshilgani haqidagi dalillarni toʻpladi.

Oʻsha kunning oʻzida 251 kishi Hamas va unga aloqador guruhlar tomonidan Gʻazoda garovga olingan.

Oʻtgan yil davomida garovga olinganlar ichidan baʼzilari diplomatik muzokaralar orqali, baʼzilari esa harbiy amaliyotlar davomida ozod qilingan.

34 yoshli Yarden Bibas, rafiqasi Shiri va ularning ikki farzandi bilan birga Hamas tomonidan garovga olinganlar qatorida edi.

2023-yil 29-noyabrda Hamas, Shiri va uning ikki farzandi garovga olingani holatida Isroil havo zarbasi natijasida vafot etganini daʼvo qildi.

Isroil hukumati esa ushbu daʼvoni tekshirib chiqayotganini aytdi.

Orfi Bibas Levi — Yardenning singlisi.

U akasi va uning oilasi taqdiridan xavotirda, lekin ular hali ham hayot deya umid qiladi.

U ularning garovda qanchalik uzoq vaqt omon qola olishlariga unchalik ishonmayapti — bu "noinsoniy" vaziyat, ayniqsa, bu yoshdagi bolalar uchun.

"Ishonchimni saqlashga harakat qilaman", deydi Orfi BBCga.

75 yoshli Isroil tinchlik faoli Ada Sagi 7-oktyabrda Nir Oz kibbutzidagi oʻz uyidan olib ketilgan va 53 kun davomida Gʻazoda garovda saqlangan.

U 2023-yil 24-noyabrdagi bir haftalik noaniq tinchlik davomida ozod qilingan 105 Isroilliklarida biri edi.

Aytishlaricha, almashtirishda Isroil qamoqxonalaridan ozod qilingan 240 falastinlik mahbus ham bor.

"Men hozir tinchlikka ishonmayman," deydi u.

Urushni toʻxtatishga qaratilgan yana bir diplomatik harakat hozircha muvaffaqiyatsiz boʻldi.

Gʻazo aholisi taraddudda: borish uchun esa xavfsiz joy yoʻq

g'azo

Сурат манбаси, Getty Images

2024-yil 30-sentyabrga koʻra, BMT Gʻazoda 2,1 million aholi yashaydi deb hisoblaydi.

Ularning toʻqson foizi qochqinlar.

Urush davomida Isroil armiyasi evakuatsiya buyruqlarini bergan boʻlib, odamlarni belgilangan "xavfsiz joylar"ga yoʻnaltirgan.

2024-yil avgust oyida UNICEF hisobotida 1,7 million odam Gʻazoda 48 kvadrat kilometr joyga yoʻnaltirilgani aytilgan.

Bu esa har kvadrat kilometrda 35 mingdan ortiq aholi zichligini yaratadi.

31 yoshli Nijod Abu Kalub Gʻazodagi 1,9 million qochqinlardan biri.

Nijod va uning toʻrt farzandi Isroil evakuatsiya buyruqlari va zarbalari sababli 11 marotaba koʻchishga majbur boʻlishdi.

Baʼzan ular ham gavjumlik va kasallikdan qochishayotgan edi.

Hozir u Xon Yunusdagi qumli choʻl hududida vaqtincha jon saqlamoqda.

Bu avval Isroil tomonidan xavfsiz hudud deb belgilangan edi, lekin keyinchalik u ham hujumga uchradi.

Nijod esa yana koʻchishni rejalashtirmayapti.

Gʻazo qochqinlarining koʻpchiligi kabi, Nijod Abu Kalub uchun ham urush tugagandan soʻng qaytadigan muqim manzil yoʻq.

Bu yilning mart oyida BMT mutaxassislari Gʻazodagi barcha uylarning 70 foizdan ortigʻi urush boshidan buyon qisman zarar koʻrgani yoki butunlay yoʻq qilinganini aytishadi.

Urushning dastlabki olti kunida Isroil havo kuchlari Gʻazoga 6,000 dan ortiq bomba tashlagan.

Isroilning Gʻazodagi amaliyoti shimolda boshlanib, xarita boʻylab pastga siljidi va Misr bilan chegaradagi Rafaga yetgunga qadar barcha hududlarga katta zarar yetkazdi.

2024-yil iyul oyi boshida BMT Gʻazoda inshootlarning vayron qilinishi oqibatida 40 million tonnadan ortiq chiqindilar toʻplanganini taxmin qilgandi.

Bu Gʻazodagi har bir kvadrat metr yerning 115 kilogramm chiqindi bilan qoplanganini anglatadi.

BMT chiqindilarni tozalash 15 yil va 500 million dollardan ortiq mablagʻ talab etishini baholamoqda, chunki bu chiqindilar favqulodda portlovchi qurollar va zararli moddalarni oʻz ichiga olgan boʻlishi mumkin.

BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan 2024-yil may oyida tuzilgan hisobotdagi "optimistik" ssenariylarga asoslanib, "Urush davomida toʻliq vayron qilingan uy-joylarni qayta tiklash uchun kamida 2040-yilgacha vaqt kerak boʻladi", deyish mumkin.

Asel ushbu urushda akasini yoʻqotdi. Onasi saraton kasalligidan aziyat chekmoqda va uning oilasining davolash uchun onasini Gʻazodan olib chiqib ketish boʻyicha qilgan harakatlari muvaffaqiyatsiz tugadi.

Uning otasi jiddiy buyrak kasalligidan azob chekmoqda.

Bu qiyin kunlarda yashashga hech narsasi qolmagandek his qilayotganini aytadi u BBCga.

Dorilamon kunlarda Asel jamiki xohishi bu onasi va otasining sogʻayib ketishi hamda urush tugagach Kiprda qolgan turmush oʻrtogʻi bilan yana birga boʻlish.

Garchi jabrdiydalar qattiq umid qilayotgan boʻlsalar-da, urushni doimiy tinchlik bilan tugatish yoʻlini topish tobora qiyinlashmoqda.

Aksincha, vaziyat yanada murakkablashmoqda va zoʻravonlik tez surʼatda kuchayib, Yaqin Sharq tomon kengaymoqda.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002