Nima uchun Xitoy va Rossiya Isroil-Falastin urushida vositachilik qilmoqda?

Сурат манбаси, Getty Images
Xitoy va Rossiya uzoq vaqtdan beri Falastin masalasiga aralashib keladi. Biroq, yaqinda, Xitoy va Moskva yangi va odatdagidan tubdan farq qiluvchi masʼuliyatni oʻz zimmalariga olishdi: ular Isroil va Falastin oʻrtasidagi mojaroda vositachilik qilishga qaror berishdi. Gʻazoda urush boshlanganidan beri bir yil oʻtibdiki, bu vazifa hanuz dolzarb boʻlib qolmoqda.
Iyul oyida Xitoy poytaxti Pekinda Hamas, Fatah va yana bir nechta Falastin fraksiyalari urush tugagach Gʻazoda boshqaruvni olish uchun "milliy yarashuv boʻyicha vaqtinchalik hukumat" tuzishga kelishib olishdi.
Xuddi shu guruhlar Moskvada fevral oyida ham shunga oʻxshash kelishuvga erishishga harakat qilishgandi.
Xitoy va Rossiya Eron, Suriya va Turkiya kabi mintaqadagi muhim oʻyinchilar ham bilan aloqalarni saqlab kelmoqda.
Va AQSh kabi raqobatchi davlatlardan farqli oʻlaroq, Pekin va Moskva Hamasni terrorchilik tashkiloti deb hisoblamaydi.
Shuning uchun ular bilan muloqot oʻtkazishda hech qanday muammo koʻrmaydi.
Bunday vositachilik haqiqatan natijalarga olib keladimi?
BBC bilan suhbatlashgan mutaxassislar buning ehtimoli unchalik yuqori emasligini taʼkidlaydilar.
Ammo yana bir muhim savol tugʻiladi: bu aralashuvlar orqali Xitoy va Rossiya nimani koʻzlamoqda?
Ikki asosiy maqsad bor — xalqaro nufuzni oshirish hamda dunyoda AQSh va gʻarb kuchiga qarshi turish.
Maodan Si Jinpinggacha

Сурат манбаси, Reuters
1949-yilda zamonaviy Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgandan beri, Osiyoning bu ulkan davlati doimo Falastin masalasida qiziqish bildirib keladi.
Xitoy asoschisi Mao Szedun Isroilga nisbatan xuddi Tayvanga boʻlgani kabi qarashda edi: Gʻarb imperializmining bazasi va Vashington tomonidan jahon tartibidan norozi boʻlganlarni nazoratda tutish vositasi.
Yangi Xitoyning Gʻarb va mustamlakachilikka qarshi nuqtai nazari Falastin misolida oʻz aksini topdi, deydi Chatham House tadqiqotchisi Ahmad Aboudouh BBC Mundoʻga bergan intervyusida.
Qoʻllab-quvvatlash faqat ritorikada toʻxtamadi. Mao, butun dunyo boʻylab ozodlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlagani kabi, Falastin Ozodlik Tashkilotiga (FOT) ham qurol yuborgan va uning fikr kampaniyasiga katta taʼsir koʻrsatgan.
Biroq, Xitoy tashqi siyosati 1978-yilda Den Syaopinning hokimiyatga kelishi va uning "boyish shon-sharafdir" degan shiori bilan oʻzgardi.
Xitoy oʻzining sotsialistik bozor iqtisodiyoti nazariyasini amalga oshirish uchun dunyoga ochilish va islohotlar qilish zarurligini tushundi.
Buning uchun u ideologiyadan pragmatizmga oʻtishga majbur boʻldi. Xitoy endi davlat boʻlmagan tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlashdan koʻra, dunyoning asosiy va oʻrta davlatlari bilan diplomatik aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildira boshladi.
Janob Aboudouhning soʻzlariga koʻra, Si Jinping 2012-yilda prezident boʻlganidan keyin vaziyat oʻzgardi.
Si oʻz tashqi siyosatida yana gʻoyaviy asosni olib kirmoqda, ammo bu Xitoyning amaliy manfaatlariga xizmat qilish uchun qilinmoqda.
Isroil-Falastin mojarosi esa bu yondashuvning yaqqol misoli hisoblanadi.
Stalindan Putingacha

Сурат манбаси, Reuters
Rossiyaning Falastin bilan munosabatlari biroz boshqacha boshlangan.
1948-yilda Isroil mustaqilligini eʼlon qilganida, Iosif Stalin boshchiligidagi Sovet Ittifoqi dunyoda birinchi boʻlib Isroilni tan olgan davlatlardan biri boʻlgan.
"Holbuki qoʻshni davlatlar hali ham Yevropa koloniyalari boʻlsa-da, oʻsha vaqtda Isroil sotsialistik qarashlarga moyildek koʻringan edi", deydi Jorj Meyson Universitetining hukumat va siyosat boʻyicha professori Mark Katz BBC Mundoʻga.
Biroq, Isroil sotsialistik davlatga aylanmadi va 1950-yillarning oʻrtalarida sobiq sovet yetakchisi Nikita Xrushchev arab millatchiligini qoʻllab-quvvatladi.
"Falastin masalasi Moskva uchun juda manfaatli edi, chunki AQSh Isroilni qoʻllab-quvvatlardi, sovetlarning esa Falastin tarafini olishlari ularni arab mamlakatlari orasida yanada mashhur qildi", deydi professor Katz.
Ammo arablar uchun Falastin asosiy qadriyat darajasidagi masalasi boʻlgan boʻlsa, Moskva uchun bu shunchaki qulay siyosat edi.
"Sovetlar AQSh bilan toʻqnashuvga olib boradigan darajada Falastinni qoʻllab-quvvatlamasdi va ular hech qachon Isroilga qarshi ham boʻlmagan", deb qoʻshimcha qiladi Katz.
Sovet Ittifoqi qulagach, Rossiyaning Isroilga nisbatan dushmanligi yumshay boshladi va Rossiyalik yahudiylarning mamlakatga koʻchib oʻtishiga toʻsqinlik qilgan nazoratlar olib tashlandi.
2000-yilda Vladimir Putin Rossiya prezidenti boʻlgan vaqtda, bir milliondan ortiq isroillikning oʻtmishi sobiq sovet davlatlariga aloqador edi va ularning koʻpchiligi rus tilida gaplashardi.
Shu paytdan boshlab, Kreml Isroil bilan munosabatlarini muvozanatda ushlab turishga harakat qildi, ammo Isroil hukumati bilan munosabatlar soʻnggi paytlarda sovuqlasha boshladi.
Ayniqsa, oʻtgan yilning 7-oktyabrida Hamas Isroilga kutilmagan hujum uyushtirib, 1200 dan ortiq odamni oʻldirgan va 251 kishini garovga olganidan soʻng.
Isroil esa bunga javoban Gʻazoga qarshi urush boshladi va bu urushda hozirga qadar 40,000 dan ortiq Falastinlik halok boʻldi.
Muqobil dunyo tartibi

Сурат манбаси, AFP via Getty Images
Xitoy dunyodagi eng yirik neft importchisi boʻlib, neft xaridlarining taxminan yarmi Yaqin Sharq va Fors koʻrfazidagi davlatlardan keladi.
Isroil-Falastin mojarosiga vositachilik qilish urinishlari Xitoyning iqtisodiy manfaatlariga bogʻliqmi?
Chatham House tadqiqotchisi Ahmad Abuduhning fikricha esa bogʻliq emas.
"Koʻplab arab mamlakatlari Isroil bilan munosabatlarini muvozanatga soldi va Saudiya Arabistoni kabi halicha buni amalga oshirmaganlar ham Gʻazo urushi tugashi bilanoq buni qilishga tayyor. Xitoy esa ushbu vaziyatni ayon koʻrib turganidan yuqoridagi ikki masalani bir-biriga bogʻlamayapti", deydi u.
Boshqacha aytganda, hech qaysi davlat Xitoyga neft sotishni toʻxtatish uchun uning urushdagi pozitsiyasini sabab qilib olmaydi.
Xitoyning motivatsiyasi koʻproq AQSh bilan raqobati va xalqaro miqyosda yangi kuch sifatida oʻz imijini yaratish istagi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
"Xitoy vositachilik va tinchlik oʻrnatishga eʼtiborsiz boʻlmagan oqil va masʼuliyatli buyuk davlat sifatida koʻrinishni xohlaydi", deydi Ahmad Abuduh.
Pekin koʻpchilik Falastinni qoʻllab-quvvatlaydigan Global Janubda "AQShning jahon tartibiga qarshi muqobil variantni ilgari surishga" harakat qilmoqda, deya mulohaza qiladi u.
"Xitoy Falastinlikni qanday birlashtirish yoki Falastin va Isroil oʻrtasidagi murakkab mojaroni qanday hal qilish borasida hech bir tasavvurga ega emas. Va u bu mojaroning hal qilinishiga bogʻliq kattaroq manfaatlarga ham ega emas", deydi Abuduh.
Ukrainadan eʼtiborni chalgʻitish

Rossiya uchun Xamas va Isroil oʻrtasidagi mojaro Ukrainadagi urushdan eʼtiborni chalgʻitishda ish berdi, deydi professor Katz.
7-oktyabrdan buyon Yevropadagi mojaro koʻp jihatdan yangiliklar kun tartibidan chetda qolgan.
Shuningdek, Ukrainaga yordam berayotgan mamlakatlar, xususan AQSh, Kiyevga yuborilayotgan harbiy yordamning bir qismini Isroilga yoʻnaltirgan.
"Kreml Gʻarbni Ukrainani bosib olishda Rossiyani ayblayotgan, lekin Isroilning Falastinga qilayotgan ishlariga nisbatan sukut saqlayotgan ikkiyuzlamachi deb biladi", deydi professor Katz.
Chatham House tadqiqotchisi Ahmad Abuduhning soʻzlariga koʻra, Rossiyaning vositachilik roli uni Ukraina bosqinidan keyin Gʻarb tomonidan xalqaro izolyatsiyaga tushib qolish vaziyatidan chiqishga yordam beradi.
"Gʻarb Rossiyani izolyatsiyaga solganiga qaramay, Fors koʻrfazi davlatlari Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyor", deydi Abuduh.
Xamas 2007-yilda Gʻazoni egallaganidan beri Rossiya uni hech qachon oʻz Falastin hamkori sifatida qabul qilmagan, chunki Moskva Hamasning islomiy mafkurasini maqbul koʻrmaydi.
Biroq bu Rossiyaga Hamas bilan ishlashga va hatto oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga hech qanday toʻsqinlik qilmadi.
Professor Katzning soʻzlariga koʻra, Putinning Hamas bilan aloqalar oʻrnatishidagi maqsadlaridan biri "Hamas Rossiyaning ichki muammolari, xususan Chechenistondagi jihodchi guruhlarni qoʻllab-quvvatlamasligini taʼminlash" edi.
Bu strategiya oʻz samarasini berdi. Rossiya 2008-yilda Gruziyaga hujum qilganida, "Hamas va Hizbulloh Rossiyaning Gruziya boʻyicha pozitsiyasini qoʻllab-quvvatladi.
Bu katta ahamiyatga ega boʻlmagan, lekin ular Rossiyadagi musulmonlar ishini ham koʻtarib chiqmadi", deydi Katz.
Biroq, mutaxassislar Rossiya Hamas bilan aloqani saqlab kelganiga qaramay, unga hech qanday qurol yetkazib bermaganini taʼkidlashmoqda.
Buning sababi shundaki, Moskva Isroilning Ukrainaga xuddi shunday qurol yuborishidan xavotirda.
Turli strategiyalar
Xitoy va Rossiyaning Yaqin Sharq diplomatiyasidagi maqsadlari baʼzi jihatlarda, ayniqsa, AQShning Yaqin Sharq va Global Janubdagi taʼsirini susaytirishga qaratilgan harakatlarida mos keladi.
Ammo ularning yondashuvlari tubdan farq qiladi.
Birinchidan, Rossiya Suriya urushida qilgani kabi mintaqada harbiy ishtirokini oshirgan.
Xitoy esa bunday qilishni koʻzlamaydi.
Xitoy mintaqaviy tartibni oʻz manfaatlariga moslashtirish orqali saqlab qolishga intilmoqda.
Rossiya esa "bu tartibni butunlay buzib, uni oʻz manfaatlariga mos ravishda qayta tuzmoqchi", deydi Ahmad Abuduh.
Uning soʻzlariga koʻra, Pekin mojaroning hal qilinishini Falastin davlati yaratilishi orqali koʻradi va bu davlat ustidan Xitoy katta taʼsir oʻtkazishini istaydi.
Biroq, Kreml boshqa kartalarni oʻynamoqda.
Moskva, haqiqatan ham, Isroil va Falastin oʻrtasidagi mojaroni hal qilishni xohlamaydi, aksincha, goʻyo yechim topishga intilayotgandek koʻrinadi, deydi Abuduh.
"Agar bu mojaro hal qilinsa, har ikki tomon [Isroil va Falastin] hech qanday masalada Rossiyaga muhtoj boʻlmaydi; ular iqtisodiy rivojlanishga eʼtibor qaratadi va buning uchun ular Gʻarb yoki Xitoyga, balkim, har ikkisiga murojaat qilishlariga toʻgʻri keladi."
"Rossiya beqarorlikdan manfaat koʻradi, lekin ashaddiy beqarorlikdan emas", deb qoʻshimcha qiladi professor Katz.
"Ular qozon qaynab turishini istaydi, biroq, aslo toshib ketishini emas."
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














