Rossiya: Jang maydonimi yoki sud zali?

Andrey Perlov sud zali panjara orqasida tik turibdi

Surat manbasi, Новосибирск Суд маъмурияти

Surat tagso‘zi, Andrey Perlovga armiya safiga qo‘shilsa, ishi yopilishi aytilgan
O'qilish vaqti: 5 daq

Olga Ivshina

Bi-bi-si Rus xizmati

28 mart ertalab soat 6:45 lar atrofida politsiya Sibirdagi Novosibirsk yaqinidagi uyiga etib kelgan.

Aloqador mavzular:

U boshqarayotgan Novosibirsk futbol klubidan 3 million rublga yaqin ($32,000; £24,000) mablag‘ni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. O‘zi va oilasi bu ayblovni rad etadi.

62 yoshda bo‘lgan Perlov 50 km masofaga sportcha yurish bo‘yicha 1992 yil Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan.

U olti oydan beri tergov izolyatsiyada ushlanib kelinmoqda va oilasining aytishicha, Ukrainada jang qilishi uchun unga bosim o‘tkazilmoqda.

Evaziga esa, tashkilot mablag‘ini o‘zlashtirish deb ochilgan jinoiy ishni muzlatish, urush tugagandan keyin esa tamoman yopib yuborish aytilgan.

Andrey Perlov (o‘rtada) Barselona Olimpiadasida oltin medal yutgan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Andrey Perlov (o‘rtada) Barselona Olimpiadasida oltin medal olgan.

Mahbuslarning Ukrainada jang qilishga yollangani hech kimga sir emas. Bi-bi-si tahlili yollash ishlari qamoq jazosi o‘tayotganlardan tergovda bo‘lganlarga ham o‘tganini ochib berdi.

Yangi qonunga ko‘ra, tergovchilar va hatto advokatlar endi Rossiyada jinoyatda ayblanayotgan deyarli har bir kishiga frontga borish imkoniyatini taklif qilishlari shart.

2024 yil mart oyida qabul qilingan bu qonunga ko‘ra, agar ayblov qo‘yilganlar shartnomaga qo‘l qo‘ysa, ayblov va har qanday tergov jarayoni to‘xtatiladi.

Ochilgan jinoiy ishlar esa urush tugashi bilan butunlay yopiladi.

“Bu Rossiya huquqni muhofaza qilish tizimini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi” , deydi "Rossiya Panjara Ortidan" mahbuslarga huquqiy yordam ko‘rsatish nodavlat notijoriy tashkiloti rahbari Olga Romanova.

“Politsiya bir kishini qotillik ustida qo‘lga olib qo‘liga kishan solar ekan, u kishi “shoshmang, men maxsus harbiy amaliyotga bormoqchiman” desa, ular darhol jinoiy ishni yopishadi.”

Алина
ВEРА САЛНИЦКАЯ
Отам шартномани рад этди ва биз маҳаллий оммавий ахборот воситаларида катта шов-шув кўтардик. Шунинг учун уни қаттиқ жазо камерасига жойлашди ва яна шартномани олиб келишди...
Алина
Андрей Перловнинг қизи (батафсил: bbc.com/uzbek да).

Bizga eri 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan bir ayolga Rossiya armiyasi safiga qo‘shilishning ustunliklarini ta’riflab berayotgan tergovchining ovozi yozib olingan fayl sizdirildi.

“Jinoyati uchun yana 6 yil qamalishi mumkin, men unga shartnoma imzolash imkoniyatini berdim. Agar shartnoma tasdiqlansa, u urushga boradi va ish yopiladi” deydi u.

Agar ayblanuvchi shartnomani imzolasa, bir necha kun ichida jinoiy ish to‘xtatiladi. Ayblanuvchi esa zudlik bilan urush jabhasiga ketadi.

Rossiyada faoliyat yuritadigan huquqshunoslardan uchtasi bu narsa mamlakat bo‘ylab oddiy holga aylanib borayotganini tasdiqlashdi.

Bu ba’zilar uchun qamoq jazosidan va sudlanishdan qochish yo‘li. Lekin, o‘smir Yaroslav Lipavskiy uchun bo‘lganidek, har doim ham oson yo‘l emas.

U “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, sog‘likka qasddan og‘ir shikast etkazish” da ayblanganidan keyin, shartnomaga qo‘l qo‘ygan.

Yaroslav Lipovskiy shartnomaga qo‘l qo‘yganidan bir necha kun keyin Ukrainaga yuborilgan

Surat manbasi, ЛИПАВСКИЙ ОИЛАСИ VK.COM

Surat tagso‘zi, Yaroslav Lipovskiy shartnomaga qo‘l qo‘yganidan bir necha kun keyin Ukrainaga yuborilgan

Uning yoshgina sevgan qizi homilador bo‘lib qolganini aytgach, 18 yoshini to‘ldirishi bilan u qamoqqa emas, urushga ketishni tanlagan.

Ukrainaga ketganidan bir hafta o‘tgach, halok bo‘lgan. Yaroslav bu urushda halok bo‘lgan eng yosh askarlardan hisoblanadi.

Jinoiy javobgarlikka tortilayotgan odamlardan qanchasi ishi sudga oshirilishi o‘rniga jang qilishni afzal ko‘rgani noma’lum, biroq siyosatdagi bu o‘zgarish Rossiyaning qo‘shinlarni kuchaytirish zaruratini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, tinch aholi orasidan safarbar qilishni kamaytiradi.

“Ruslar mahkumlar yoki qamoqda o‘tirganlar haqida qayg‘uradilarmi? - menimcha, yo‘q. Men buni Rossiya hukumati ularni urushga solmoqchiligining yana bir sababi deb bilaman” deydi “Xalqaro tinchlik uchun Karnegi” jamg‘armasi harbiy tahlilchisi Mikael Kofman.

Uning fikricha, hukumat mahbuslarni “yo‘qotish mumkin bo‘lgan, hech kim sog‘inmaydigan va umumiy iqtisodiyotga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan” odamlar sifatida ko‘radi.

Yaroslav Lipavskiyning dafn marosimi ona shahri Tyumen, Sibirda bo‘lib o‘tdi

Surat manbasi, 72.RU ИРИНА ШАРОВА

Surat tagso‘zi, Yaroslav Lipavskiyning dafn marosimi ona shahri Tyumen, Sibirda bo‘lib o‘tdi

“Vagner” yollanma guruhi mahbus yollashning ilk bosqichlarida marhum guruh rahbari Evgeniy Prigojin afv evaziga ularning “jinoiy iste’dodlari” kerakligini aytib, qattiq tartibli qamoqxonalardagilarni nishonga olgan.

Bi-bi-si va Rossiyaning Mediazona sayti: mahbuslarni yollash jarayoni, ularning yollanishdan keyingi taqdiri va yangi jangchilar oqimini saqlab qolish zaruratiga oydinlik kirituvchi maxfiy hujjatlarni ko‘rib chiqdi va ularning haqqoniyligini tasdiqladi.

Biz Ukrainada vafot etgan mahkumlarning harbiy jetonlari va ularning oilalariga to‘langan to‘lovlarni tahlil qilishdan bilamizki, “Vagner” koloniyalardan 50 000 ga yaqin mahbusni yollagan va ayni zamonda, janglarda har kuni 200 ga yaqin mahbusni yo‘qotgan. Ko‘plab odamlar yaralangan.

Butun harbiy jetonlar koloniya so‘zining bosh harfi “K” bilan boshlanadi.

Jetondagi dastlabki uchta raqam - qaysi qamoqxonadan kelganini va oxirgi uchta raqam yollanishdagi ketma-ketlikni bildiradi. Oxirgi raqamning kattaligi - koloniyadan yollangan odamlarning sonini bildiradi.

Bu harbiy jetonga ko‘ra, uning egasi Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi 19 koloniyadan yollangan 134 - mahbus bo‘lgan, u Ukrainada vafot etgan.

Surat manbasi, СEРГEЙ ВОЛОГИН ОИЛАВИЙ АРХИВ/@JUNGERBAHMUT TELEGRAM

Surat tagso‘zi, Bu harbiy jetonga ko‘ra, uning egasi Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi 19 koloniyadan yollangan 134 - mahbus bo‘lgan, u Ukrainada vafot etgan.

To‘lov qaydlariga ko‘ra, birgina 2022 yil iyulidan 2023 yil iyuniga qadar Ukraina sharqidagi Baxmut shahrini egallashga uringan 17 mingdan ortiq mahbus halok bo‘lgan.

Yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldirish uchun “Vagner” va Mudofaa vazirligi jalb qilishlari mumkin bo‘lgan odamlarni ko‘paytirish uchun, o‘zlarining yollash strategiyalarini o‘zgartiradilar.

Jinoyatda ayblanganlarning ba’zilari urushga qarshi bo‘lganliklari uchun yangi bitimni rad etishadi. Boshqalari jang maydonida o‘lish yoki jarohat olish xavfi juda katta bo‘lganidan, yana kimlardir aybsiz ekanliklarini sudda isbotlash uchun urushga bormaslikni tanlashdi.

“Lekin ular rasmiylar tomonidan katta bosim ostida qolishlari mumkin”, deydi Andrey Perlovning qizi Alina.

“Otam shartnomani rad etdi va biz mahalliy ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuv ko‘tardik. Shuning uchun uni qattiq jazo kamerasiga joylashdi va yana shartnomani olib kelishdi.”

Shartnomani ikki marta rad etganligi sabab,unga oilasini ko‘rish yoki qo‘ng‘iroq qilish taqiqlangan.

Oilasi hali ham uning aybsizligini isbotlashga umid qilishmoqda, ammo Alina oxirgi marta iyul oyi o‘rtalarida otasini sudda ko‘rganida, u juda ozib ketgan ekan.

“Otam o‘zini quvnoq tutishga harakat qiladi” deydi u, “lekin shunday davom etsa, uni sindirib tashlashadi.”

Biz Rossiya rasmiylaridan Andrey Perlov ishi va mahbuslarga armiyaga borish uchun nohaq bosim o‘tkazish haqida so‘radik. Ammo bizga hech qanday javob berishmadi.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002