Suv — O‘zbekiston uchun og‘riqli mavzu

Suv

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Alievning taklifiga binoan Boku shahriga yetib borarkan, tashrif dasturida O‘zbekiston yetakchisining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konventsiyasi Tomonlari konferentsiyasining 29-sessiyasi (COP29) tadbirlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

COP29 doirasida delegatsiya tomonidan yerlarning tanazzulga uchrashi, ekologik ta’limni rivojlantirish hamda iqlim kun tartibini ilgari surishda yoshlarning o‘rniga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Xususan, qurg‘oqchilik va cho‘llashishga qarshi kurashish ham muhokamalardagi ustuvor mavzular darajasiga chiqishi mumkin. Sababi, atigi bir necha kun oldin, joriy yilning 7 noyabrь sanasida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu mavzularga alohida to‘xtalib o‘tgandi.

Mavjud muammolar va ehtimoliy yechimlar haqida so‘z yuritar ekan, u suv xo‘jaligida kelgusi 2025 yilni “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deya e’lon qildi.

Garchi yillarga turli sohalar kesimida bu kabi nomlar berish O‘zbekistonda birinchi marta kuzatilmayotgan bo‘lsada, global iqlim o‘zgarishi keskinlashgan, suv bilan bog‘liq transchegaraviy masalalar ko‘paygan va allaqachon suv manbalari bilan bog‘liq muammolar aholiga noqulayliklar keltirib chiqaryotgan paytda O‘zbekiston suv resurslaridan oqilona foydalanish haqida bosh qotiryotgani tabiiy jarayondek tuyiladi, albatta.

kun.uz
O‘zbekistondagi jami uzunligi

  • 170 000 kilometrdan ortiq kanallarning taxminan

  • 40-50 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqsiz hisoblanadi.

  • 13 milliard kub metrsuv yo‘qotiladi.

Manba: Rasmiy

Hududning asosiy suv manbalari hisoblanuvchi Amudaryo va Sirdaryodan o‘n yilliklar davomida noto‘g‘ri foydalanib kelingani bugungi kunda o‘z oqibatlarini namoyon qilarkan, bu mamlakat qishloq xo‘jaligi va iqtisodida jiddiy inqiroz kuzatilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, bir tomondan, ta’mirtalab irrigatsiya tizimlari millionlab dollar investitsiyalarni talab qilsa, boshqa tomondan, mintaqaviy suv talashuvlari mamlakatdagi suv bilan bog‘liq xavotirlarni yanada oshiradi.

Eskirgan irrigatsiya tizimlari

O‘zbekistondagi asosiy irrigatsiya tizimlari 1960-1980 yillarda Sovet davrida qurilgan. O‘tgan vaqt davomida ularning ba’zilari yaxshi ta’mirlanmagan, ba’zilari esa umuman e’tiborsiz tashlab qo‘yilgan. Mamalakatdagi ko‘pchilik irrigatsiya tizimlarining oxirgi marotaba ta’mirdan chiqqaniga 30-40 yildan oshgan.

Hududdagi jami uzunligi 170 000 kilometrdan ortiq kanallarning taxminan 40-50 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqsiz hisoblanadi. Ba’zi suv yo‘llari to‘g‘ri yo‘nalishga ega bo‘lmasa, boshqalari ekin maydonlariga haydalyotgan suv miqdorini nazorat qilish uchun yetarli jihozlar bilan ta’minlanmagan.

Xususan, mavjud kanallarning atigi 30 foizi beton bilan qoplangan, xolos. Bu esa o‘z-o‘zidan katta miqdordagi suvning isrof bo‘lishiga va hech bir samarasiz yer jinslariga singib ketishiga olib keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu suv yo‘llarida yiliga 13 milliard kub metr suv yo‘qotiladi. Achinarlisi esa bu O‘zbekistondagi besh viloyat — Andijon, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand va Namangan — bir yilda ishlatadigan suv miqdoriga teng.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 1
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 1

Garchi Prezident Mirziyoyev kelgusi yilda betonlash ishlarining ma’lum bir qismi amalga oshirilishi uchun 800 milliard so‘m ajratilishini e’lon qilgan bo‘lsada, hukumat loyihalari odatda kechikadigan yoki mahalliy sabablar bilan ba’zida butkul unutiladigan va fermerlarda suvdan qanday foydalanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar yetishmaydigan O‘zbekistonda haddan ortiq suv isrofi yaqin o‘n yillikda keskin masalaligicha qolaveradigandek.

Mahalliy fermerlar o‘simliklarni sug‘orish jarayonida tomchilatib sug‘orish kabi zamonaviy metodlardagidan ko‘ra 3-4 baravar ko‘p suv ishlatishadi. Vaholanki, bu tuproq unumdorligi va hosildorlik uchun butkul teskari yo‘sinda ta’sir qilib, hosilning keskin kamayishi bilan birga yildan-yilga tuproq unumdorligining pasayishiga ham sabab bo‘ladi.

O‘rganishlarga ko‘ra, haddan ortiq miqdorda ko‘p suv bilan yerni bo‘ktirish O‘zbekistonda taxminan 50 foiz qishloq xo‘jaligi maydonlarining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, bu trend O‘zbekistonda 50 ming gektardan ortiq maydonning tuzlanishiga sabab bo‘lgan.

Ayrim hududlarda tuproqning sho‘rlashuvi allaqachon hosildorlikka o‘z ta’sirini ko‘rsata boshlagan. Misol uchun, Surxondaryoning ayrim hududlarida tarvuz va makkajo‘xori kabi ekinlar allaqachon yer sho‘rlik darajasining oshishi sababidan avvalgi yillardagi hosildorlikni bermay boshlagan.

Jumladan, hisobotlarga ko‘ra, suvdan noto‘g‘ri foydalanish mamalakat iqtisodida muhim ahamiyat kasb etuvchi paxta hosilining 15-20 foizga pastlashiga ham olib kelgan. Bug‘doy hosili esa so‘nggi o‘n yil ichida suv tanqisligi va tuproq unumdorligining yomonlashuvi sababidan 15 foizga pasaygan. Vaholanki, paxta va bug‘doy dalalari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan suvning qariyb 40 foizini tashkil qiladi.

Hosildorlikning kamayishi bilan bir vaqtda yuz beryotgan aholi sonining yuqori ko‘lamda o‘sishi bugungi kunda O‘zbekiston nega oziq-ovqat mahsulotlarining 20 foizini import qilib olyotganligi haqidagi ma’lumotlarni asosli sabablar bilan dastaklaydi.

Biroq, qishloq xo‘jaligidagi atigi 2 foiz holatlardagina suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanish va bu trendning ijobiy tomonga juda sekinlik bilan o‘zgarib borishi yaqin kelajakda mamlakat uchun yangi muammolarmi keltirib chiqarishi mumkin.

Transchegaraviy suv talashuvlari

Afg‘oniston Qo‘shtepa kanalini jadallik bilan qurmoqda
Surat tagso‘zi, Afg‘oniston Qo‘shtepa kanalini jadallik bilan qurmoqda

Sirdaryo va Amudaryo O‘zbekiston suv ta’minotining qariyb 90 foizini tashkil qiladi. Mamalakat qishloq xo‘jaligidan tortib to mavsumiy zaxiralargacha ushbu ikki daryo oqimiga tayanadi. Vaholanki, ular hech birining bosh o‘zani O‘zbekiston hududida emas. Sirdaryo Qirg‘iziston tog‘laridan boshlansa, Amudaryoning yuqori oqimi Tojikistonga borib taqaladi.

Ayni shu sabablar hududda eng ko‘p aholiga ega O‘zbekiston yillarr davomida suv bilan bog‘liq turli muammolar bilan yuzlashib keladi. Qurg‘oqchilikning tobora ko‘proq kuzatilishi va yog‘ingarchilikning yildan-yilga kamayishi natijasida O‘zbekiston shu vaqtga qadar hududga kirib keluvchi suv miqdorida 40 foizga yaqin pasayishni boshdan kechirgan.

Shunga qaramay, O‘zbekiston hududiy suv masalalarida hanuz eng faol ishtirokchi bo‘lib qolmoqda. Qo‘shni mamlakatlar bilan bu borada tez-tez yig‘ilishlar o‘tkazib turish O‘zbekiston uchun mavsumiy an’anaga ham aylanib ulgurgandek.

O‘tkazib yuboring YouTube post , 2
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post, 2

O‘zbekiston boshchiligida 2018 yilda ayni shu mojarolar yuzasidan o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillarining uchrashuvi qaysidir ma’noda mavjud kelishmovchiliklarni tuzatishda katta qadamdek ko‘ringan edi. Biroq, ushbu sa’y-harakatlar doim ham muvaffaqiyatli yakunlanavermasligini hanuz saqlanib qolyotgan muammoli vaziyatlardan payqash mumkin.

Qirg‘iziston suv omborlari va gidroelektrik to‘g‘onlar orqali Sirdaryo suvining 70 foizini nazorat qiladi. Qirg‘izistonda joylashgan To‘qtag‘ul suv ombori O‘zbekiston hududiga o‘tuvchi Sirdaryo suvini belgilab turadi.

Qish mavsumida bu suv miqdori juda quyi darajada pastlatilishi ham mumkin. Misol uchun, 2021 yilda Qirg‘iziston O‘zbekistonga o‘tuvchi suv miqdorini 15 foizga tushirgani oqibatida O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi yetarlicha muammolarga duch kelgan edi.

Tojikistondagi 335 metrlik Rog‘un to‘g‘oni esa dunyodagi eng baland suv to‘g‘oni hisoblanadi. Ushbu to‘g‘onning 13.3 milliard kub metrlik suv zaxirasi O‘zbekistonni doimiy xavotirga solib keladi. Sababi, ushbu to‘g‘on ham O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga yetib keluvchi Amudaryo suvlarini katta miqdorda cheklaydi.

2012 yilda ayni shu to‘g‘on masalasida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan va bunga javoban O‘zbekiston Tojikistonga poezd qatnovlarini bloklagan edi.

Keyinchalik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganiga qaramay, ushbu to‘g‘on O‘zbekiston uchun hanuz yirik muammoligicha qolmoqda.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida suv bilan bog‘liq bu kabi kelishmovchiliklarni tez-tez uchratish mumkin.

Garchi 1992 yilda hududlararo suv taqsimoti bo‘yicha bir kelishuvga erishilgan bo‘lsada, ushbu kelishuv shartlari u yoki bu davlat tomonidan turli sabablar bilan buzib kelinarkan, hududga doir suv muammosi ham dolzarbligicha qolaveradigan ko‘rinadi.

Orol muammosi

Orol fojeasi O‘zbekistonga sovetlar meros

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Orol fojeasi O‘zbekistonga sovetlar meros

Amudaryo va Sirdaryo oqimi Orolga qadar yetib kelmas ekan, 1960 yillarda boshlangan cho‘llashuv natijasida Orolning 90 foizidan ortig‘i allaqachon qurigan va kimsasiz biyobonga aylanib ulgurgan.

2000 yilga qadar dengizning janubiy qismi to‘laligicha cho‘lga evrilgan edi. Qozog‘iston hududida joylashgan shimoliy qismi ma’lum miqdorda saqlab qolingan bo‘lsa-da, O‘zbekistonga tegishli janubda dengizni qayta to‘ldirish uchun xatto imkon nishonalari ham qolmagan.

2021 yilda olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, Orol — tuzdan iborat sahro.

Biroq, Orol muammosi faqatgina suvning tugashi bilan baholanmaydi. Shuningdek, shamol tashiyotgan tuz mahalliy odamlarda turli kasalliklarni kuchaytiryotgan bo‘lsa, qo‘shni hududlarda cho‘llashishning tobora kengayishiga zamin yaratmoqda.

O‘zbekistonda yiliga 2000-3000 gektar maydon aynan Orol “cho‘li” ta’siridan cho‘llashib bormoqda. Qoraqalpog‘iston va Xorazmda hosildorlik allaqachon 30 foizga pastlagan.

Hududni qutqarish uchun amalga oshirilgan loyihalar esa zararlangan maydonlarning atigi 10 foizida ish bergan, xolos.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti Orol hududini allaqachon yashash uchun xavfli bo‘lgan zona deya e’lon qilgan.

Orol ehtimoliy ekologik halokatlardan saqlanish kerakligini yaqqol namoyon qiladi.

Modomiki, aholi suv resurslaridan oqilona foydalanishni boshlamas ekan, qishloq xo‘jaligida va yaroqsiz kanallarda suv isrofining oldi olinmas ekan va qo‘shni mamlakatlar bilan transchegaraviy masalalar hal qilinmas ekan, tuproq sifati va hosildorlikning yomonlashuvi bilan boshlanuvchi muammolar ichki migratsiyaning keskin oshishi va ekologik xilma-xillikning halokatga yuz tutishi bilan yakunlanishi mumkin.

Telegram kanalimiz: