Moskvada AQSh rasmiylari va Rossiya prezidenti o‘rtasida Ukrainadagi urush borasida muzokaralar boshlandi. Putin: "Yevropa bilan urishmoqchi emasmiz, lekin ular boshlashsa biz tayyormiz"

Rossiya prezidenti Vladimir Putin
Surat tagso‘zi, Janob Putinning aytishicha, agarda Yevropa urush boshlasa Rossiya bunga tayyor.
O'qilish vaqti: 3 daq

Moskvadagi AQSh rasmiylari bilan uchrashuv oldidan Rossiya prezidenti Yevropa davlatlari urush boshlagan taqdirda Rossiya bunga tayyor ekanligini aytdi.

2 dekabr kuni Moskvada rejalangan AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerlar bilan uchrashuv arafasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin jurnalistlar o‘ngida gapirar ekan Yevropa davlatlari muzokaralardan o‘zlari bosh tortganlarini aytgan.

BBC
Biz Yevropa bilan urishmoqchi emasmiz, lekin ular boshlashsa biz tayyormiz.
Vladimir Putin.
Rossiya prezidenti

«Ular nima uchun bunday qilishdi? Ular jim turishmayapti. Muzokaralardan chetlatildik, deb xafa ham bo‘lishyapti. Lekin ular o‘zlari chetlashishdi. Qaysidir muddat ular bilan yaqindan aloqada edik. Ular birdaniga aloqani uzishdi. Bu ularning tashabbusi edi», deya ta’kidladi janob Putin.

Rossiya prezidentining AQSh rasmiylari bilan uchrashuvi 2 dekabr soat 5 da boshlanishi kutilgandi.

Stiv Uitkoff va Jared Kushner

Surat manbasi, TASS

Surat tagso‘zi, Moskvadagi muzokaralar oldidan Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskva shahrini sayr qilishgan

Lekin belgilangan vaqtdan 1 soat o‘tib ham uchrashuv hali boshlanmagan.

Prezident Putin Moskvaning boshqa bir yerida sarmoyadorlar bilan anjumanda ishtirok etmoqda edi.

Uchrashuv oldidan Stiv Uitkoff va Jared Kushner Moskva shahrini sayr qilishgan va ular belgilangan vaqtda Kremlga yetib kelganlari xabar berilgan.

Keyinchalik uchrashuv kechikib boshlangani xabar berildi.

Rossiya-AQSh uchrashuvidan umidlar qanday?

Ushbu uchrashuv AQShning Florida shahrida Ukraina va AQSh rasmiylari o‘rtasida Amerika tomonidan ilgari surilgan tinchlik rejasini maromiga yetkazish borasida o‘tkazilgan 2 kunlik muzokaralardan so‘ng bo‘lib o‘tmoqda.

Floridadagi uchrashuvda ham Stiv Uitkoff va Jared Kushnerlar qatnashishgan.

Bu uchrashuvni Ukraina prezidenti Volodimr Zelenskiy "konstruktiv", deya baholagandi. Ammo «hal qilinishi kerak bo‘lgan hali qator murakkab nuqtalar borligi»ni urg‘ulagan.

Janob Zelenskiy shuningdek, Kievning muzokaralardan asosiy maqsadi «Ukraina mustaqilligini saqlab qolish va xavfsizlik kafolatlariga erishish» ekanligini ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Volodimr Zelenskiy.
Surat tagso‘zi, Janob Zelenskiy Kievning muzokaralardan asosiy maqsadi «Ukraina mustaqilligini saqlab qolish va xavfsizlik kafolatlariga erishish» ekanligini ta’kidlagan.

Unga ko‘ra, "hududiy masala eng mushkul nuqtadir".

Ayni vaqtda muzokaralar arafasida Moskva Ukraina sharqida egallab olgan hududlarini kengaytirish maqsadida amaliyotlarini kuchaytirgan.

Ukraina biron qarich yerni ham yon bosmasligini bildirgan.

Moskvadagi uchrashuvdan bir necha soat avval Rossiya rasmiylari Ukraina sharqidagi Pokrovsk va shimoli-sharqidagi Volchansk shaharlarini egallashga muvaffaq bo‘lganlarini ma’lum qilishgan.

Ukraina tomoni bu borada bayonot bermagan. Jabhadagi vaziyatni kuzatuvchi manbalar ikkala shahar ham Rossiya qurolli kuchlari tomonidan to‘liq egallanganini tasdiqlashmagan.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Moskva muzokaralar arafasida AQSh Ukrainaga bosimni kuchaytirishi yo‘lida harakat qilishmoqda.

Moskvaga safaridan avval Stiv Uitkoff Britaniya Bosh vaziri, Ukraina prezidenti va Ukraina tomonidan bosh muzokarachi Rustem Umerov bilan muloqot qilgan.

Noyabr oyida ilk bor AQSh tomonidan ilgari surilgan tinchlik rejasi Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilarida katta xavotirlarga sabab bo‘lgandi.

Reja Rossiya talablariga yon bosish bilan birga, Yevropa banklarida muzlatib qo‘yilgan Rossiya mablag‘larini qanday sarflanishini ham belgilashi noroziliklarni keltirib chiqargandi.

Oxirgi oylarda Moskva Amerikaning tinchlikka erishish yo‘lidagi vositachilik urinishlari bilan hamkorlik qilayotgandek ko‘ringandi. Ammo ayni vaqtda Ukraina mustaqilligiga daxl qiluvchi va Kiev tomonidan qabul qilib bo‘lmas, deya ta’riflangan talablarni ham ilgari surgan.

Kiev va uning Yevropadagi ittifoqchilari NATOga a’zo bo‘lib kirish doxil Ukrainani kelgusi hujumlardan saqlashi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari berilishini istashmoqda.

Ammo Rossiya bunga mutlaqo qarshi va AQSh prezidenti Tramp ham Ukrainaning bu harbiy ittifoqqa qo‘shilishi imkonsiz ekanligini aytgan.