O‘zbekiston boshini Rossiya "kundasiga" qo‘yib beryaptimi?

Belousov Toshkentda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro tushunishning eng yuqori darajasiga chiqqanini aytdi

Surat manbasi, Россия Мудофаа вазирлиги

Surat tagso‘zi, Belousov Toshkentda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro tushunishning eng yuqori darajasiga chiqqanini aytdi
O'qilish vaqti: 7 daq

O‘zbekiston strategik hamkori va qo‘shnisi bo‘lmish Ukrainaga bostirib kirgan Rossiya bilan yana 5 yil muddatga harbiy strategik sherik bo‘lmoqda. Bu O‘zbekiston suverenitetiga xavf tug‘dirishi mumkinmi?

21-22 yanvar kunlari O‘zbekiston harbiy hayotida o‘ta muhim hodisa ro‘y berdi. Toshkentga kelgan Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov O‘zbekiston bilan 2025 yil uchun hamkorlik rejasi va besh yilga mo‘ljallangan harbiy sohada strategik sheriklik dasturini imzoladi.

Qo‘shnisi va strategik hamkori bo‘lgan Ukrainaga bostirib kirib, u yerda qariyb 3 yildan beri urush olib borayotgan Rossiya bilan harbiy strategik sherik bo‘lish nimani anglatadi?

Rasmiylari Ukraina shahar, qishloqlarida begunoh odamlarni o‘ldirishda ayblanib, tergov ostida bo‘lgan yoki qidiruvga berilgan Rossiya bilan harbiy hamkorlik qilish O‘zbekistonga nima beradi?

O‘zbekiston bu kabi dasturlarni imzolashda erkinmi yoki bosim ostida qolib majbur bo‘lmoqdami?

Diqqat BBC dasturimizda ana shu mavzu muhokama qilindi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Toshkentga kelgan Rossiya Mudofaa vaziri O‘zbekistondagi hamkasbi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.

Andrey Belousov uchrashuvlardan mamnunligini yashirmadi. Ikki hujjatni imzolaganidan so‘ng u Moskva va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlik bugunga kelib, "o‘zaro tushunishning eng yuqori darajasiga chiqqani va kengayishda davom" etayotganini ta’kidladi.

O‘zbek jamoatchiligi ushbu kelishuvlarni keskin qarshi oldi.

"Asrga tatigulik isnod", deb yozdi Eltuz nashri.

Sobiq diplomat Alisher Taksanov Ukraina bilan urush tufayli dunyoda yakkalanib qo‘yilgan Rossiya bilan harbiy sohada hamkorlik qilish O‘zbekiston uchun bir qator tahdidlarni paydo qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

O‘zbekiston hukumatining qaysi qadamlari Rossiyaga yoqmadi?

Facebook/Alisher Ilkhamov
Hoynahoy, Kremlda aytishgan: "keling, o‘zimizga sodiq odamni qo‘yamiz". Buni Mirziyoyev tushinib yetdi va qattiq qo‘rqib ketdi.
Alisher Ilhomov
Siyosiy tahlilchi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Markaziy Osiyoda siyosiy risklar tahlili markazi asoschisi Alisher Ilhomov O‘zbekistonning Rossiya bilan harbiy yaqinlashuviga ikki sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi.

"Birinchi sabab, menimcha, Komil Allamjonovga suiqasdga aloqador voqealarga bog‘liq. Bu hodisa, aftidan, Mirziyoyevni qattiq qo‘rqitdi va shuning uchun ham bu suiqasdni tergov qilishga "yashil chiroq" berdi, buning ortidan kuch tizimlaridagi bir necha jiddiy, yuqori mansabdagi amaldorlar lavozimlaridan chetlatildilar, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi".

Ilhomov bo‘lib o‘tgan hodisalarni "sudralib kelayotgan davlat to‘ntarishi", deb ta’riflaydi va uning ortida Rossiya Federatsiyasi, Rossiya maxsus kuchlari turibti, degan qo‘rquv yoki shubha paydo bo‘lganini aytadi.

Ushbu farazlar jon bo‘lgan taqdirda ham Rossiya hukumatiga O‘zbekistonda rejimni almashtirishga nima ehtiyoj bor, degan savol paydo bo‘ladi.

Ilhomovga ko‘ra, bu Kremlga O‘zbekiston hukumatining ayrim qadamlari yoqmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

"Birinchisi, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishdan to‘la voz kechgani. Kreml O‘zbekiston ham bu ittifoqqa kiradi va iqtisod borasida Rossiyaga hisobot beradigan bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Ikkinchisi, Toshkentning tortinib bo‘lsa ham Ukrainada urishib qaytgan O‘zbekiston migrantlariga jinoyat ishlari ochib qamayotgani, urushga bormaslikka chaqirayotgani".

Aloqador mavzular:

Alisher Ilhomov uchinchi sabab sifatida O‘zbekistonning ko‘p vektorli tashqi siyosat yuritishga intilayotgani, G‘arb mamlakatlari – Germaniya, Frantsiya bilan yaqin munosabatlar o‘rnatayotgani va Moskvadan uzoqlashishga harakat qilayotganini keltiradi.

"Hoynahoy, Kremlda aytishgan: "keling, o‘zimizga sodiq odamni qo‘yamiz". Buni Mirziyoyev tushunib yetdi va qattiq qo‘rqib ketdi. Hozir biz bir tomonda Ramzan Qodirovning Chechen guruhidagi ikki kishiga qidiruv e’lon qilingan tergov borayotganini ko‘ryapmiz, ikkinchi tarafdan, Moskvani tinchlantirish harakatlarini ko‘ryapmiz", deydi tahlilchi.

Alisher Ilhomovning aytishicha, avvalroq O‘zbekiston pop-yulduzlari Kremlda kontsertga bordilar. Keyin esa Rossiya Mudofaa vaziri qabul qilindi. Bu bilan Moskvaga sodiq ekanlarini ko‘rsatib qo‘ymoqchilar.

"O‘rtamizda hech qanday sovuqchilik yo‘q, munosabatlarimiz hali ham avvalgidek, biz sizni har sohada qo‘llab-quvvatlaymiz, hatto harbiy sohada ham" degan mujdani Kremlga yetkazmoqchilar. Ushbu yon bosish Mirziyoyevning o‘ziga nisbatan Moskva tomonidan bo‘ladigan riskni kamaytirish harakati bo‘lishi mumkin", - deydi u.

Alisher Ilhomov Rossiyaning O‘zbekiston bilan bu kabi hujjatlarni tortinmay imzolayotgani sababi AQShda hokimiyat almashinuvi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Donald Trampning hokimiyatga kelishi bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish maqsadida Tramp Putinga post sovet mamlakatlarida tashqi siyosatni nazorat qilishda "yashil chiroq" beradi, degan xavotir".

Unga ko‘ra, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lib kirishi rad etiladi, Ukraina Qrimni, Rossiya okkupatsiya qilgan hududlarni berishga majbur etiladi, de-fakto "ta’sir doirasi"ni boshqarish degan mantiq, tamoyilga "yashil chiroq" beriladi. Rossiyaning Ukraina va boshqa sobiq sovet respublikalariga nisbatan alohida huquqi bor va boshqarish huquqiga ega, deb ko‘riladi.

"Bunday xavotir nafaqat O‘zbekistonda, Qozog‘istonda ham paydo bo‘lgan. Oldin Toqaev "LNR va DNRni tan olmaymiz" deb ancha jasur bayonotlar berganiga qaramasdan, yaqinda Putin dabdabali kutib oldi, unga "Oliy hazratlari" deb murojaat qildi", deydi Alisher Ilhomov.

Tahlilchi Ukraina atrofida voqealar qanday rivojlanishini noma’lumligi, lekin post sovet mamlakatlari rahbarlari, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘istonda qo‘rquv Tramp qilgan bayonotlar asosida paydo bo‘lganini ta’kidlaydi.

"Munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va Moskvaga sodiqlikni namoyish qilish harakatlari mana shu bilan izohlanadi".

Qozog‘iston nega sheriklikni yangilamadi?

Sergey Shoygu Rossiya Mudofaa vaziri bo‘lgan davrda Qozog‘iston bilan ham harbiy strategik sheriklik dasturi imzolangandi

Surat manbasi, Россия Мудофаа вазирлиги

Surat tagso‘zi, Sergey Shoygu Rossiya Mudofaa vaziri bo‘lgan davrda Qozog‘iston bilan ham harbiy strategik sheriklik dasturi imzolangandi

O‘zbekiston va Rossiya harbiy sohada ilk marotaba sherik bo‘lmayapti.

2021 yilning aprelida Buxoroga kelgan Rossiyaning o‘sha vaqtdagi Mudofaa vaziri Sergey Shoygu O‘zbekiston bilan harbiy sohada strategik sheriklik bo‘yicha 5 yilga mo‘ljallangan dasturni qabul qilgandi.

Xuddi shunday dastur oradan 7 oy o‘tib, Moskvada Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasida imzolangan.

Ammo O‘zbekistondan farqli ravishda Qozog‘iston Rossiya bilan 5 yilga emas, faqat ikki yilga 2022 dan 2024 yilgacha harbiy strategik sherikka aylangan.

Rasmiy Ostona 2024 yilda Moskva bilan harbiy strategik sheriklik haqidagi shartnomani yangilamadi.

Ammo Qozog‘iston Rossiya shafeligi ostidagi harbiy ittifoq – ODKB a’zosi hisoblanadi.

Ochiq manbalarda O‘zbekiston va Rossiya imzolagan ushbu dastur haqida ko‘p ma’lumot yo‘q.

O‘zbekiston mudofaa vazirligidagi manba ushbu axborotlar sir saqlangani uchun oshkor qilinmasligini aytdi.

Biroq bu hujjatning ahamiyati borasida 2021 yil Moskvada qozog‘istonlik hamkasbini qabul qilgan Sergey Shoygu gapirgandi. U harbiy strategik sheriklik dasturi "harbiy sohadagi ustuvor yo‘nalish"ni aniqlab berishini aytgan.

O‘zbekiston boshini Rossiya kundasiga qo‘yib beryaptimi?

G‘arb tomonidan yakkalanib qo‘yilgan, qo‘shnisiga urush ochgan Rossiya bilan harbiy sohada strategik sherik bo‘lish boshni kundaga qo‘yish bilan teng deydi siyosat fanlari doktori Chori Ko‘charov.

Unga ko‘ra O‘zbekistonning Rossiya Mudofaa vazirligi bilan sherikchilik to‘g‘risida bitim imzolashi kutilmagan holat bo‘ldi.

"Buning taajjublanadigan joyi, nima uchun O‘zbekiston Rossiyaga boshini qo‘yib beryapti? Albatta bu yerda bitta javob paydo bo‘ladi. Biz shu paytgacha bo‘layotgan Rossiya-O‘zbekiston munosabatlaridan kuzatib kelyapmiz. Rossiya doimiy ravishda nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlaridan foydalanishga harakat qilyapti va unga bosim o‘tkazib kelyapti. Demak, uning bosim o‘tkazish uchun ma’lum bir richaglari bor. Qolaversa, shu narsani yanada kengroq ma’noda oladigan bo‘lsak, Rossiyaning asl maqsadi NATOga qarshi tura oladigan va unga javob bera oladigan qandaydir kuchlarni vujudga keltirish", deydi u.

Ko‘charovning aytishicha, bu shartnomaning imzolanishi, birinchi navbatda Rossiya manfaatiga xizmat qiladi. O‘zbekiston uchun og‘ir oqibatlar olib keladi.

BBC izoh olish uchun O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga bog‘landi. Vazirlik matbuot xizmati xalqaro bo‘lim bilan bog‘lanib, munosabat bildirilishini ma’lum qildi.

Rossiyaning qurol va askar berayotgan sheriklari

Rossiyaning ittifoqchilari Ukraina bilan urushda qurol-yaroq berayotgani aytiladi

Surat manbasi, Россия Мудофаа вазирлиги

Surat tagso‘zi, Rossiyaning ittifoqchilari Ukraina bilan urushda qurol-yaroq berayotgani aytiladi

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng harbiy sohada Eron va Shimoliy Koreya bilan "keng qamrovli" strategik sheriklik shartnomasini imzolagan. Unda davlatlar dushman hujum qilganda bir-biriga yordam berishi nazarda tutilgan.

Ukraina urushida Rossiya Eron harbiy dronlaridan foydalanib keladi. Shimoliy Koreya esa avvaliga Rossiyaga snaryadlar yetkazib bergani aytildi, keyin esa Shimoliy Koreya askarlari Ukraina urushiga jalb qilingani haqida xabarlar chiqdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Siyosiy fanlar doktori Chori Ko‘charov ikki davlat o‘rtasidagi dastur jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishi kerakligini urg‘ulaydi.

"O‘sha shartnomaning punktlari va qoidalarini ko‘rib chiqishga harakat qildim. Lekin qo‘lga ilinadigan ma’lumotni topolmadim. Shunda farazlar ishga tushadi. Chunki bu narsaning birinchi navbatda matbuotga e’lon qilinmagani ham juda katta tushunmovchilik".

Siyosiy tahlilchi hozir Rossiya front orqasidan iqtisodiy jihatdan mustahkamlashga, frontga askarlarni yollashga harakat qilayotganini ta’kidlaydi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘z askarlarini Rossiyaga yuborayotgan bir manzarada o‘zbek migrantlarining janglarga jalb qilinishiga rasmiy Toshkent ko‘z yumishi mumkin.

"Lekin O‘zbekiston bugun o‘zining mashhur bo‘lgan immigrantlari yoki Rossiya tili bilan gastarbayterlari bilan ishtirok etadigan bo‘lsa, mening nazarimda O‘zbekiston uchun sharmandali holat hisoblanadi. Bu narsani ijtimoiy tarmoqlarda ham, OAVda qat’iy ta’kidlash kerakki, bugun O‘zbekiston bosim ostida. Bu qilinayotgan bitimlar hammasi bosim ostida bo‘lyapti va buning oqibati biz uchun foydali emas", deydi u.

O‘zbekiston askarlari Ukraina-Rossiya urushiga jalb qilinishi mumkinmi?

Mudofaa vazirligidagi manba O‘zbekiston fuqarolari boshqa davlatlarda urushda qatnashsa, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini aytib, buning iloji yo‘q deydi.

Biroq so‘nggi vaqtlarda ketma-ket Rossiya tomonidan turib jang qilgan va bir nafari odamlarni o‘ldirgan o‘zbekistonliklarga nisbatan yengil jazo ozodlikdan cheklash berilgani haqida 2 ta xabar chiqdi.

Ayrim kuzatuvchilar Toshkent Putinning ko‘nglini qoldirmaslik uchun bu kabi hujjatlarni imzolayverishi, lekin amalda bu O‘zbekistonning Rossiya-Ukraina urushiga askar yuborishi yoki qurol bilan yordam berishini anglatmasligini aytishadi.

O‘zbekistonning qurol olish borasida eng yaqin hamkori Rossiya bo‘lsa-da, Toshkent boshqa davlatlar, jumladan G‘arb bilan ham harbiy sohada hamkorlik qilib keladi.

Tahlilchi Alisher Ilhomov esa Ukraina urushi manzarasida Rossiya bilan bunday hamkorlik qizil chiziqdan o‘tishni anglatishi ta’kidlaydi.

"Masalan men O‘zbekistonning Moskva yig‘ilishlarida, Qizil Maydondagi 9 may harbiy paradida qatnashishiga tanqidiy qaraganim yo‘q, Moskvaga bog‘liqlik mavjudligi tushunarli. Chunki Rossiya O‘zbekiston uchun muhim: O‘zbekistonning ikkinchi yirik investori, savdo sherigi hisoblanadi. Bunga qo‘shimcha migratsiya. Bular hammasi tushunarli. Lekin endi nazarimda qizil chiziqdan o‘tildi. Agar bu imzolash 3 yil oldin bo‘lganida ham e’tibor berilmasligi mumkin edi. Hozir esa urush ketyapti. Rossiya Mudofaa vazirligini hujjatlashtirilgan ma’lumotlar asosida to‘la asos bilan harbiy jinoyatchilar deb atash mumkin. Ular harbiy jinoyatchilar va siz bevosita harbiy jinoyatlarning ijrochilari bilan bevosita muloqotga kirishyapsiz. Muammo shunda".

Karimov vafotidan so‘ng O‘zbekistonning Rossiya bilan aloqalari yanada yaqinlashgani kuzatildi. Karimov davrida O‘zbekistonga kelishi dargumon bo‘lgan ziddiyatli siyosatchi va san’atkorlar Mirziyoyev davrida O‘zbekistonda oyoqlari ostida qo‘ylar so‘yilib kutib olindi. Karimov davrida imzolanmagan dasturlar qabul qilinmoqda.

Alisher Ilhomovga ko‘ra, shu tarzda ketish mamlakat suverenetetini xavf ostiga qo‘yish mumkin.

"Agar munosabatlar yanada chuqurlashib ketsa, bu O‘zbekistonning ODKBga a’zoligiga olib kelishi mumkin. Bu to‘laqonli a’zolik bo‘lmasa ham shunga yaqin holat bo‘lishi mumkin. Rossiya Federatsiyasi bilan harbiy strategik sohada yaqinlashib boraverish baribir O‘zbekiston suvereniteti uchun tahdid bo‘ladi".

O‘zbekiston nega Rossiyaga "yo‘q" deyolmayapti?

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, tashqi siyosatni ko‘p vektorli tarzda olib borishga harakat qildi. Qo‘shnilar bilan aloqalar tiklandi. G‘arb bilan yaqinlashish uchun so‘z erkinligi, inson huquqlari borasida ishlar qilindi va va’dalar berildi. Xo‘sh, O‘zbekiston Rossiyaga nega qat’iy yo‘q, deb ayta olmayapti?

"Mening qat’iy fikrim shundayki, O‘zbekiston rahbariyati bu bosimga qarshi turolmaydi. O‘zbekiston rahbariyati turolmasligining sababi, mening nazarimda, bularga kompromatlar yetarli", deydi Chori Ko‘charov.

Uning ta’kidlashicha, agar O‘zbekiston rahbariyati xalqqa suyansa Rossiya bosimlarini inkor qila oladi.

"Bizda prezident Moskvaga chaqiriladi va Moskvaga borganda u ko‘p narsalarga rozi bo‘lib keladi. Lekin u rozi bo‘lib kelgan narsa, Oliy majlis va senatda muhokamadan o‘tishi kerak. Men shu vaqtgacha Prezident rozi bo‘lgan narsaga Oliy majlis yoki senat norozi bo‘lib, inkor qilgan holatni ko‘rmadim", deydi u.

Ko‘charov agar Markaziy Osiyo davlatlari birlashadigan bo‘lsa katta bir yutuq hisoblanishini aytadi.

"Bular agar birlashib harakat qiladigan bo‘lsa, Rossiya bitta-bitta ular bilan bitim imzolab, ularning potentsial kuchlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi".