G‘azo: Nega yuzlab falastinliklar Hamasga qarshi namoyishga chiqishdi?

namoyish

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hamasga qarshi namoyishlar shu hafta avvalida boshlanib ketgan.
O'qilish vaqti: 4 daq

G‘azoda yuzlab odamlar HAMAS va Isroil o‘rtasidagi urushni to‘xtatish hamda guruhni hokimiyatdan ketishini talab qilib ko‘chalarga chiqdi.

G‘azo shimolidagi Bayt-Lahiya shahridagi namoyishlar 2023 yil oktyabrь oyida Isroil bilan urush boshlanganidan beri HAMASga qarshi eng yirik norozilik harakati bo‘ldi.

HAMASni tanqid qiluvchi faollar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan videolarda yigitlarning "Yo‘qol, yo‘qol, yo‘qol, HAMAS yo‘qol" deb hayqirayotgani aks etgan.

Namoyishlar qariyb ikki oylik tinchlikdan so‘ng Isroilning G‘azodagi harbiy kampaniyasi qayta boshlanganidan keyin bo‘ldi.

Isroil harbiy operatsiyalari 18 mart kuni havo hujumlari bilan qayta boshlanganidan beri yuzlab falastinliklar halok bo‘ldi, minglab odamlar ko‘chishga majbur bo‘ldi.

Isroil HAMASni AQShning tinchlikni uzaytirish bo‘yicha yangi taklifini rad etganlikda aybladi, HAMAS, o‘z navbatida, Isroilni yanvarь oyida kelishilgan asl bitimdan voz kechganlikda aybladi.

HAMAS chorshanba kungi bayonotida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni urushni qayta boshlaganlikda aybladi.

HAMAS tarafdorlari norozilik namoyishlari ahamiyatini pasaytirib, ishtirokchilarni xoinlikda aybladi.

Namoyishchilar nima talab qilmoqda?

Namoyishchilar Bi-bi-siga urushdan "charchaganliklarini" aytishgan.

Bi-bi-si Arab xizmatining "G‘azo hayoti" dasturiga intervyu berar ekan, G‘azo aholisi vakili Fotima Riad El Amrani shunday dedi:

"Uxlay olmayapmiz, ovqatlana olmayapmiz va hatto toza suv ham ololmayapmiz. Bu xo‘rlik hayoti, normal yashash emas. Biz har jihatdan charchadik."

Getty Images
HAMAS Gʻazo ustidan nazoratni topshirishi kerak. Biz zoʻravonlik va vayronagarchilikdan toʻyib ketdik. Hozirgi biz Isroil yoki Gʻarb dunyosi bilan toʻqnashadigan holatda emasmiz.
Ismi oshkor etilmagan gʻazolik namoyishchi
(Batafsil: bbc.com/uzbek)

G‘azoda ismi oshkor etilmagan fuqaroning Bi-bi-siga aytishicha, HAMAS hududni boshqarishni davom ettira olmaydi: "HAMAS G‘azo ustidan nazoratni topshirishi kerak. Biz zo‘ravonlik va vayronagarchilikdan to‘yib ketdik. Hozirgi vaziyatda biz Isroil yoki G‘arb dunyosi bilan to‘qnashadigan holatda emasmiz, butun dunyo bizga qarshi turgandek tuyulmoqda."

O‘zini tanishtirishni istamagan fuqaro nima uchun norozilik namoyishlarida ishtirok etayotganini tushuntirdi: "Meni ochlik, qashshoqlik va o‘lim bu yerga chorladi. O‘g‘limdan ayrildim, tovon puli ham berilmadi. Bizga yangi vatan kerak."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Rejali norozilikmi yoki tasodifiy?

Falastindagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil komissiya bosh direktori doktor Ammar Dveykning aytishicha, g‘azoliklarning og‘ir sharoitiga qaramay, namoyishlar o‘z-o‘zidan ko‘tarilgan va tinch o‘tgan.

"Odamlar umidsizlikka tushgan, agar HAMAS boshqaruvdan ketsa, bu ularning insoniy azoblarini yengillashtirishi mumkinligiga ishonishmoqda," deydi u.

Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti tadqiqotchisi doktor Hasan Mneimneh aytishicha, norozilik namoyishlari o‘z-o‘zidan bo‘layotgandek tuyulsa-da, namoyishchilar kelajakda G‘azoni qaysi guruh boshqarishi kerakligi haqida aniq fikrga ega emas.

Falastinlik faol Abdulhamid Abdul Attining aytishicha, namoyishchilar va namoyish tashkilotchilarining aksariyati siyosiy jihatdan mustaqil yoshlar bo‘lib, ular hech qanday siyosiy fraktsiyaga mansub bo‘lishi shart emas.

Bi-bi-si G‘azodan tashqarida yashovchi bir qator odamlar bilan suhbatlashdi, ular norozilik namoyishlarini uyushtirishda o‘z hissalari borligini ta’kidlashdi.

Bo‘lingan Falastinning siyosiy manzarasi

Falastin xalqi boshqaruvi yillar davomida ikki kuch: G‘azodagi HAMAS va ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilni Falastin ma’muriyati (FM) orqali boshqaradigan FATH harakati o‘rtasida bo‘lingan.

HAMAS va FATH o‘rtasidagi ziddiyat 2006 yilda Falastinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida HAMAS prezident Mahmud Abbosning FATH harakatini mag‘lub etganidan so‘ng keskin kuchaydi.

O‘sha g‘alabadan so‘ng HAMAS Isroil bilan tuzilgan avvalgi kelishuvlarni imzolashga, shuningdek, Isroilning qonuniyligini tan olishga va zo‘ravonlikdan voz kechishga qaratilgan barcha urinishlarga qarshilik ko‘rsatdi.

Isroil mavjudligini tan oladigan Falastin ma’muriyati o‘tmishda Isroil va tashqi dunyo bilan muzokaralar olib borgan asosiy tashkilot edi.

namoyish

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2023 yil oktyabri — Isroil bilan urush boshlanganidan beri G‘azoda Hamasga qarshi bunday yirik norozilik namoyishlari kuzatilmagan edi.

Natijada HAMAS boshchiligidagi yangi hukumat Isroil va G‘arbning qattiq iqtisodiy va diplomatik sanksiyalariga duchor bo‘ldi.

2007 yilda HAMAS FATHga sodiq kuchlarni G‘azodan chiqarib yubordi va bunga javoban Isroil va uning ittifoqchilari G‘azoni qattiq qamal qildi.

O‘shandan beri HAMAS va FATH o‘rtasidagi yarashuvga qaratilgan ko‘plab urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

G‘azo siyosiy o‘zgarishlarni ko‘rishi mumkinmi?

Urush boshlanganidan beri G‘azoda HAMASga qarshi ochiq tanqidlar ko‘chalarda ham, internetda ham kuchayib bormoqda. Biroq, hali ham guruhga sodiq bo‘lganlar bor va HAMASni qo‘llab-quvvatlash darajasi qanchalik o‘zgarganini aniq baholash qiyin.

Kuzatuvchilar ta’kidlashicha, 2023 yil oktyabrda boshlangan urushdan ancha oldin ham HAMASga qarshi muxolifat mavjud edi, ammo qasosdan qo‘rqqanlari sababli bu norozilik aksariyat hollarda yashirin qolgan.

So‘nggi norozilik namoyishlaridan keyin FATHning G‘azodagi vakili Munzir al-Hayik HAMASni "xalq ovoziga quloq tutib" hokimiyatdan voz kechishga chaqirdi.

Uning aytishicha, HAMASning mavjudligi "Falastin uchun tahdidga" aylangan.

Bi-bi-sining sa’y-harakatlariga qaramay, HAMAS namoyishlar haqida hech qanday izoh bermadi.

Biroq Facebook guruhida HAMAS rasmiysi Bassim Naim "xalqimizga qarshi tajovuz va millatimizga xiyonatga qarshi baland ovozda norozilik bildirish" har kimning huquqi bo‘lganligini ta’kidladi.

Ammo Naim G‘azodagi "og‘ir gumanitar vaziyat"dan "shubhali siyosiy maqsadlar"da foydalanmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.

Bir nechta faollar Bi-bi-siga norozilik namoyishlari davom etishini kutayotganlarini aytishdi.