Odamlarni xudolarga aylantiruvchi marosim

"Teyyam" qadimiy marosimi

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Har bir ijro ham teatr tomoshasi, ham e’tiqod amali bo‘lib, ijrochini ilohiy kuchning tirik tajassumiga aylantiradi.
    • Author, Sudha g Tilak
    • Role, Dehli
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Hindistonning janubiy Kerala shtatidagi bir oilaning ajdodlar uyi qariyb 300 yil davomida qadimiy xalq marosimi – teyyam uchun sahna bo‘lib kelmoqda.

Qadimgi qabilaviy an’analardan qolgan teyyam marosimi hinduizmdan oldin paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, hind mifologiyasi bilan chambarchas bog‘liq. Har bir ijro ham teatr tomoshasi, ham e’tiqod amali bo‘lib, ijrochini ilohiy kuchning tirik tajassumiga aylantiradi.

Kerala va qo‘shni Karnatakaning ayrim hududlarida asosan erkak ijrochilar murakkab liboslar, yuz bo‘yog‘i hamda trans holatidagi raqslar, imo-ishoralar va musiqa orqali xudolarni gavdalantiradi.

Har yili Keraladagi xonadonlar va ibodatxonalar atrofida mingga yaqin teyyam ijrolari o‘tkaziladi. An’anaga ko‘ra, ularni chetlashtirilgan kastalar va qabila jamoalaridan bo‘lgan erkaklar ijro etadi.

U ko‘pincha olovda yurish, yonayotgan cho‘g‘larga sho‘ng‘ish, sehrli she’rlarni kuylash va bashorat qilish kabi harakatlarni o‘z ichiga olgan hayajonli dramasi tufayli marosim teatri deb ataladi.

Tarixchi K.K. Gopalakrishnan "Teyyam: Ichkaridan qarash" nomli yangi kitobida o‘z oilasining teyyamni o‘tkazish an’anasi va marosimning jonli urf-odatlarini tasvirlab bergan.

Aloqador mavzular:

Bizga a’zo bo‘ling:
Hovli.

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Teyyam ijrolari janob Gopalakrishnanning Kasaragod tumanidagi qadimiy qo‘shma oilaviy uyi hovlisida o‘tkaziladi. Tomoshalarni ko‘rish uchun yuzlab odamlar to‘planadi.

Keralada teyyam mavsumi odatda oktyabrdan aprelgacha, ya’ni musson va qish oylaridan keyingi davrga to‘g‘ri keladi. Bu vaqt mobaynida, ayniqsa, Kannur va Kasaragod kabi shimoliy Kerala tumanlaridagi ibodatxonalar va oilaviy mulklar atrofida ko‘plab ijrolar o‘tkaziladi.

Janob Gopalakrishnan uyidagi ijrolar mavzulari ilohiylashtirilgan ajdodni sharaflash, jangchi-ovchi xudosiga sig‘inish va kuch hamda himoyani ifodalovchi yo‘lbars ruhlariga topinishdan iborat.

Kamballoore Kottayil Ākko kāvdagi marosimlar

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Mahalliy ma’budani sharaflash marosimidan oldin yaqin atrofdagi o‘rmonda, ma’budaning zaminiy uyi deb e’zozlanadigan joyda marosim o‘tkaziladi.

Murakkab marosimdan so‘ng, "ma’buda ruhi" uyga ko‘chiriladi.

Janob Gopalakrishnan Nair kastasining ona tomonidan kelib chiqqan tarmog‘i bo‘lmish Nambiar jamoasi a’zosi hisoblanadi. Bu jamoada eng katta tog‘a marosim tashkilotchisi vazifasini bajaradi. Agar u yoshi yoki kasalligi tufayli bu vazifani bajara olmasa, keyingi katta yoshli erkak qarindosh mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.

Ayollar

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Marosimlarda oiladagi ayollar, ayniqsa ular orasida eng yoshi kattasi muhim rol o‘ynaydi.

Ular an’analarga rioya qilinishini nazorat qiladi, marosimlarga tayyorgarlik ko‘radi va uy ichidagi tartibni saqlaydi.

"Ular yuqori hurmatga sazovor va oila merosini saqlab qolishda muhim rol o‘ynaydi," deydi janob Gopalakrishnan.

"Тейям" маросими
KK Gopalakrishnan
Olov teyyamning ayrim shakllarida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u poklanish, ilohiy qudrat va marosimning o‘zgartiruvchan kuchini ifodalaydi.
K.K. Gopalakrishnan
Hindistonlik tarixchi (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Tomosha baland ovozli qichqiriqlar, yonib turgan mash’alalar va dostonlar yoki raqslarning shiddatli sahnalari uyg‘unligidan iborat.

Ijrochilar ba’zan bu jonli harakatlarning jismoniy oqibatlariga duch kelishadi, masalan kuyish izlari yoki hatto biror a’zosini yo‘qotish kabi.

"Olov teyyamning ayrim shakllarida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u poklanish, ilohiy qudrat va marosimning o‘zgartiruvchan kuchini ifodalaydi. Ba’zi ijrolarda teyyam raqqosi olov bilan bevosita aloqaga kirishib, olov ichidan o‘tadi yoki yonib turgan mash’alalarni ko‘tarib yuradi. Bu ma’budaning yengilmasligini va g‘ayritabiiy qobiliyatlarini anglatadi," deydi janob Gopalakrishnan.

"Olovdan foydalanish ijroga dramatik va kuchli vizual ta’sirchanlik beradi, bu esa marosimning ruhiy muhitini yanada kuchaytiradi va xudoning tabiat kuchlari ustidan hukmronligini ko‘rsatadi."

Ijrochi mash’ala ko‘tarib olgan odamlar o‘rtasida.

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Odam ma’budlar xudolar va ma’budalarning, ajdodlar ruhlarining, hayvonlarning yoki hatto tabiat kuchlarining tajassumlari bo‘lishi mumkin.

Bu yerda teyyam ijrochisi hindlarning vayronagarchilik ma’budasi Kalining shafqatsiz ko‘rinishi bo‘lgan Raktesvarini gavdalantiradi.

U o‘zining yovuz qudrati va vayronkor kuchi ramzi sifatida qonga botgan holda tasvirlangan.

Bu shiddatli marosim sehr-jodu, vudu va ilohiy g‘azab mavzulariga chuqur kirib boradi.

Tomoshalar davomida ijrochi (yoki kolam) murakkab liboslar va tana bo‘yoqlari orqali ushbu xudolarga aylanadi, ularning yorqin ranglari xudolarni jonlantirib yuboradi.

Qizil niqob va bosh kiyimdagi ijrochi qo‘l telefoniga qarab turibdi...

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Bu yerda ijrochi marosimga kirishdan avval ko‘zguga qarab, ma’buda kiyimini puxtalik bilan to‘g‘rilaydi. Bu o‘zgarish oldinda turgan hayratlanarli tomoshaga tayyorgarlik bo‘lishi bilan birga, ibodat harakati hamdir.

Aniq yuz belgilari, murakkab naqshlar va yorqin ranglar – ayniqsa qizil rang – teyyamning o‘ziga xos pardoz va liboslarini belgilaydi.

Yuzni bo‘yash jarayoni.

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Har bir ko‘rinish tasvirlanayotgan xudoni ramziy ifodalash uchun ehtiyotkorlik bilan yaratilgan bo‘lib, ushbu marosimning o‘ziga xos boy tafsilotlarni namoyish etadi.

Ba’zi teyyamlarda yuzni bo‘yash talab qilinmaydi, faqat niqoblardan foydalaniladi.

Ijrochi jarayon ustida.

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Teyyamning animistik ildizlari tabiat va uning jonzotlariga bo‘lgan ehtiromida yaqqol ko‘rinadi.

Ushbu sudralib yuruvchi timsoh teyyam xudosi sudralib yuruvchi jonzotlarning kuch-qudratini anglatadi va ularning xavf-xataridan himoya qiluvchi sifatida e’zozlanadi.

U o‘zining rangorang liboslari va hayotiy harakatlari bilan insoniyatning tabiat bilan chuqur aloqasini ko‘rsatadi.

Ayol erkakning qo‘lini siqmoqda.

Surat manbasi, KK Gopalakrishnan

Odam ma’bud tomoshadan so‘ng ko‘plab taqvodorlar qavmini duo qiladi.

Bu yerda dindor ayol taskin va ilohiy madad ilinjida teyyam xudosi oldida o‘z anduhlarini yengillashtirayotir.

U ibodat qilar ekan, muqaddas makon ma’naviy ozodlik lahzasiga aylanadi, bu yerda sadoqat va zaiflik qo‘shilib ketadi.