Rossiya ortiq tahdid emasmi – Kreml mamnun...

Surat manbasi, EPA
Rasmiy Moskva o‘zining javobini uzoq kuttirmadi.
AQSh prezidentining yangi Milliy Xavfsizlik Strategiyasini olqishladi.
Rossiya tomoniga ko‘ra, Trampning yangi strategiyasi ko‘p jihatdan Moskvaning qarashiga "mos".
Yangi Milliy Xavfsizlik Strategiyasi
AQSh ma’muriyati 33 sahifalik hujjatni shu kunlarda e’lon qilgan.
Trampning yangi strategiyasida Rossiya AQSh uchun tahdid, deb ko‘rilmasligi aytilgan.
Tashqi ta’sirga qarshi kurashish, ommaviy migratsiyaga chek qo‘yish va Yevropa Ittifoqi ilgari surayotgan "senzura" amaliyotini rad qilish hujjatda boshqa ustivor vazifalar sifatida tilga olingan.
Yangi hujjat Tramp o‘zining aksilmigratsion siyosatini yanada kuchaytirayotgan, ustma-ust yangi taqiq va cheklovlarga oid bayonotlar bilan chiqayotgan bir paytda bo‘y ko‘rsatgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar ham eng ko‘p borish ilinjidagi davlatlaridan biri bo‘ladi, global iqtisodiy qudrat.
Trampning "uchinchi dunyo davlatlaridan muhojiratni butkul to‘xtatish"ga oid halicha aniqlik kiritilmagan shu kunlardagi ayrim va’dalari shundoq ham ular orasida-da javobsiz savollar, tashvish va xavotirlarni paydo qilib bo‘lgan.
Qator Yevropa Ittifoqi rasmiylari va tahlilchilar esa mazkur strategiyaga o‘zlarining e’tirozlarini bildirishgan.
Ular yangi hujjatda so‘z erkinligiga qaratilgan e’tiborni savol ostiga olishgan, tilini esa Kremlnikiga o‘xshatishgan.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi esa, "o‘zlari ko‘rgan tuzatishlar...asosan Moskvaning qarashlariga mos kelishi"ni aytgan.
Dmitriy Peskovning bu xususdagi suhbatini kecha, yakshanba kuni Rossiyaning TASS axborot agentligi chop qilgan.
Putinning matbuot kotibi "buni ijobiy qadam", deb bilishlarini ta’kidlagan.
Ammo Dmitriy Peskov qat’iy bir xulosaga kelishdan avval hali bu hujjatni yana ko‘rib chiqishlarini ham qo‘shimcha qilgan.
Tramp, AQSh ohangni yumshadimi?

Surat manbasi, Reuters
Tramp yangi strategiyasining Rossiyaga nisbatan ohangi anchayin yumshoq va bu Yevropa Ittifoqi bundan tashvishda.
Ittifoq Ukraina urushiga chek qo‘yishga intilayotgan bir pallada bu o‘zining Moskvaga nisbatan mavqe’ini zaiflashtirishi mumkinligidan xavotirda.
Trampning yangi strategiyasida Yevropa Ittifoqi AQShning mazkur mojaroga chek qo‘yish harakatlariga to‘sqinlik qilayotganlikda ayblanadi.
AQSh "Rossiya bilan munosabatlarda strategik barqarorlikni tiklashi shart" ekani, bu esa, o‘z navbatida, "Yevropa davlatlari iqtisodiyotini barqarorlashtirishi" aytiladi.
Yevropa Ittifoqi Ukrainada tinchlik kelishuviga erishish uchun Tramp ma’muriyati bilan muzokaralarini davom ettirar ekan, ayrim rasmiylar AQSh bilan aloqalarining mustahkamligini ta’kidlagan holda, hujjat bo‘yicha ayrim "savol"larni ham ko‘tarishgan.
"AQSh [NATO] dagi eng muhim ittifoqchimiz bo‘lib qoladi. Biroq bu ittifoq xavfsizlik siyosati masalalarini hal etishga qaratilgan", - deb aytgan juma kuni, jumladan, Germaniya Tashqi ishlar vaziri.
Polsha Bosh vaziri esa ijtimoiy tarmoqlardagi "Amerikalik do‘stlari"ga yo‘llagan postida, "Yevropa sizning eng yaqin ittifoqchingiz, muammongiz emas", derkan, o‘zlarining "dushmanlari umumiy" ekanini ham tilga olgan.
"Agar biror narsa o‘zgarmagan bo‘lsa, bu bizning umumiy xavfsizligimiz uchun yagona oqilona strategiya", - deya davom etgan Donald Tusk.
Trampning yangi strategiyasida esa, "ayrim Yevropa davlatlarining ishonchli ittifoqchi bo‘lib qolish uchun yetarli darajada kuchli iqtisodiyot va Armiyaga ega bo‘lishlari yoki yo‘qligi" ham savol ostiga olingan.
Yevropaning "tamadduniy tanazzul qarshisida qolgani" haqida ham so‘z yuritilgan.
Xuddi shu manzarada Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy oliy darajadagi muzokaralar olib borish uchun yana Buyuk Britaniyaga kelmoqda.
U Londonda Yevropaning bir qator muhim yetakchilari bilan uchrashadi.
Volodimir Zelenskiy Britaniya, Frantsiya va Germaniya yetakchilari bilan muzokaralar olib boradi.
Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari tinchlik muzokaralarida yon berishi uchun AQSh tomonidan Kievga bo‘layotgan davomiy bosimlarga o‘zlarining javoblarini pishitib olish harakatida.
Ukraina prezidenti orada Trampning tinchlik rejasi muhokamalarida o‘zining hududi bilan bog‘liq masala "eng qiyini" bo‘lib turganligini aytgandi.
O‘zbekiston ilova aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham Ukraina urushining tinch yo‘l bilan hal etilishiga tarafdorlik qilib kelishadi.
O‘tgan oy Vashingtonga so‘nggi safari chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyevning bu urushni faqat Donald Tramp to‘xtata olishiga umid bildirganiga oid xabarlar ham olingan.
Rasmiy Toshkent Trampning Ukraina urushi bo‘yicha so‘nggi tinchlik rejasiga halicha o‘zining rasmiy munosabatini bildirmagan.
Londondagi muzokaralar natijalariga qarab, maqola yana to‘ldirilishi mumkin.

Surat manbasi, EPA
Vladimir Putin va AQSh muzokarachilari Ukraina tinchlik kelishuvi bo‘yicha muvaffaqiyatga erisha olmagan ko‘rinadi.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, muzokaralar "konstruktiv" bo‘lgan, ammo Ukrainaga hududiy imtiyozlar bo‘yicha kelishuvga erishilmagan murosaga borilmagan.
Shuningdek, Kreml Putin AQShning tinchlik rejasini rad etdi, deyish "noto‘g‘ri" ekanini aytdi.
Oldinroq Putin Yevropaning tinchlik kelishuvi bo‘yicha talablari "qabul qilib bo‘lmas", deb aytgandi.
"Biz Yevropaga qarshi urushmoqchi emasmiz, lekin agar Yevropa biz bilan urushmoqchi bo‘lsa, biz hoziroq tayyormiz", deya qo‘shimcha qilgan edi Putin.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, tinchlik rejasi loyihasida "hali ishlash kerak bo‘lgan jihatlar" mavjudligi, shu bilan birga "urushga barham berish uchun hozir har qachongidan ko‘p imkoniyati bor"ligini ta’kidlagan.
Ayni damda Bryusselda NATO tashqi ishlar vazirlari davom etayotgan tinchlik muzokaralarini muhokama qilish uchun uchrashmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Putin AQShning tinchlik rejasini rad etdi, deb aytish noto‘g‘ri"
Vitaliy Shevchenko
Rossiya bo‘yicha muharrir, BBC Monitoring

Surat manbasi, EPA
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, kecha Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokaralar paytida Prezident Putin AQShning tinchlikka erishish bo‘yicha takliflarini rad etdi, deb aytish "to‘g‘ri bo‘lmaydi".
Kunlik matbuot anjumanida savollarga javob qaytararkan, Peskov shunday dedi: "Kecha birinchi marta fikrlar bevosita almashildi. Ba’zi narsalar qabul qilindi, ba’zilari qabul qilib bo‘lmas deya belgilandi. Bu odatiy ish jarayoni va murosani izlashdir".
Peskov Kremldagi besh soatlik muzokaralar tafsilotlarini oshkor qilishdan ham bosh tortdi: "Muzokaralar atrofida qanchalik tinchlik saqlansa, ular shunchalik samarali bo‘ladi, degan tushuncha bor. Biz shu printsipga amal qilamiz va amerikalik hamkorlarimiz ham shunday qilishlariga umid qilamiz".
O‘tgan hafta qator ommaviy axborot vositalarida AQSh Rossiyaning qattiq talablar ro‘yxatini o‘zining tinchlik rejasi sifatida ko‘rsatishga uringani, Moskva bilan maxfiy biznes muzokaralari o‘tkazgani va Uitkoff ruslarga Tramp bilan qanday ishlash bo‘yicha maslahat berganiga oid ta’minlar o‘rtaga tashlangandi.
Yevropa Ukrainani qanday qilib qo‘llab-quvvatlash masalasida yakdil emas
Nik Bik
Bryussel, BBC muxbiri

Surat manbasi, REUTERS/Yves Herman
Yevropa Ukrainaga qanday yordam berish bo‘yicha yagona fikrga ega emas.
NATO tashqi ishlar vazirlari Ukraina frontidan ancha uzoqda Bryusseldagi bosh qarorgohda uchrashishmoqda.
Ular shuningdek, AQSh boshchiligidagi urushni to‘xtatish va tinchlik kelishuviga erishish harakatlaridan ham uzoqdalar.
Bunga sabab, Prezident Tramp va uning jamoasi Yevropa ittifoqchilariga emas, balki Rossiyaga yaqinlashishga harakat qilmoqda.
Yevropa esa, aksincha, har safar Tramp Moskvaga moyil bo‘lgan paytda uni tinchlantirishga qayta-qayta urinib keladi.
Bugungi yig‘inda yuqori martabali AQSh rasmiylari yo‘qligi to‘plangan Yevropa davlatlari harbiy qudratlariga qaramay, ta’sir va kuchlari yetishmasligini ko‘rsatadi.
Amerika tashqi ishlar vaziri Marko Rubio yoki mudofaa vaziri Pit Xegseth yig‘inga kelmagan.
Bugun ertalab tinglangan qat’iy bayonotlarga qaramay, Yevropa Ukrainaga qanday yordam berish va moliyalashtirish bo‘yicha yakdil emas va AQShning rejalaridan deyarli chetda qolgan.












