31 nafar o‘zbekistonlikning BAAga kiritilmagani nimani anglatadi?

Surat manbasi, Gazeta.uz
Abu Dabiga uchib borgan 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi aeroportda ushlanib, mamlakatga kiritilmagan. Holat yahudiy ravvin qotilligida gumonlanib, uch o‘zbekistonlikning qo‘lga olinishi ortidan kuzatilmoqda.
30 noyabrь kuni Abu Dabiga uchib borgan o‘nlab o‘zbekistonliklar Shayx Zoid nomidagi xalqaro aeroportda ushlangan.
O‘zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi vatandoshlarning mamlakat hududiga kiritilmagani sabablari noma’lum ekanini bildirgan.
Bir vaqtning o‘zida, ushlab qolingan guruh vakillari O‘zbekistondagi mahalliy matbuot bilan gaplashib, inson huquqlari buzilgani haqida shikoyat qilgan.
Ushbu holat Abu Dabida o‘ldirilgan yahudiy ruhoniy qotilligida gumonlanib uch o‘zbekistonlik qo‘lga olinganidan keyin BAA Ichki ishlar vazirligi qattiq choralar ko‘rishga va’da berishi ortidan yuzaga chiqqan.
Voqea tafsilotlari

Surat manbasi, Gazeta.uz
O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, 30 noyabrь kuni mamlakat hududiga Wizz Air aviakompaniyasi reysida uchib kelgan 31 nafar o‘zbekistonlik aeroportda ushlab qolingan.
Elchixona ushbu holat sabablari noma’lum ekani va vaziyat nazoratga olinganini bildirgan.
Mahalliy matbuot bilan gaplashgan ushlab turilgan o‘zbekistonliklar esa aeroportda noinsoniy munosabatga duch kelganini aytgan.
Ular pasportlari olib qo‘yilib, tashrif maqsadi va davomiyligi borasida so‘roqqa tutilgani, uzoq vaqt ovqatsiz qoldirilgani hamda O‘zbekiston diplomatik missiyasi vakillaridan hech bir yordam ololmaganini ma’lum qilgan.
“31 erkakdan iborat guruh ichida bo‘lgan suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, ayollar, bolalar va yoshi katta odamlar qo‘yib yuborilgan. 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ushlab turilgan, ular mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Ularning hech biriga bunday xatti-harakatlarning sababi ma’lum qilinmagan”, deya yozgan ushlab turilganlar bilan gaplashgan mahalliy Gazeta.uz nashri.
Nashr bilan gaplashgan Wizz Air kompaniyasi vakili bunday vaziyat BAA yil boshida O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy qilganidan beri birinchi bor kuzatilayotganini tilga olgan.
“Ayollar kiritilyapti, oilaviy uchib borgan erkaklar bolalari bilan kiritilyapti. Mendagi ma’lumot bo‘yicha, yakka uchib borgan erkaklar, Umraga borganlari ham, kiritilmayapti. Aytib o‘tishim kerak, aniq ma’lumot hozircha yo‘q”, deya kompaniya vakilidan iqtibos keltirgan Gazeta.uz nashri.
Yakshanba kuni BAAga kiritilmagan yo‘lovchilarning bir qismi o‘z hisobidan chipta sotib olib, O‘zbekistonga qaytib kelgani xabar qilingan.
Noaniq vaziyat

Surat manbasi, Chabad
O‘tgan shanba kuni kuzatilgan bu holat sababiga na BAA, na O‘zbekiston tomoni rasmiy izoh bermagan.
Biroq voqealar rivoji ildizi noyabrь oxirida Dubayda g‘oyib bo‘lib, keyinroq o‘lik topilgan yahudiy ravvin Zvi Kogan ishiga borib taqalishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
25 noyabrь kuni BAA politsiyasi Abu Dabidagi Chabad ultra ortodoks yahudiy tashkilotida ishlagan moldova-isroillik 28 yashar Koganning o‘limida gumonlanib uch nafar O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olinganini xabar qilgan.
BAA huquq-tartibot organi jinoyat ishi motivlarini aniqlash ishlari olib borilayotganini bildira turib, ishni oxiriga qadar yetkazishga bergan va qattiq choralar ko‘rilishini ta’kidlagan.
Isroil bilan 2020 yilda diplomatik va savdo aloqalarini to‘liq tiklagan BAAning AQShdagi elchisi Yusuf al-Otayba bu voqeani o‘z mamlakatiga qarshi jinoyat, deya atagan.
“Bu vatanimiz, qadriyatlarimiz va qarashlarimizga qarshi jinoyat”, degan u.
Isroil esa ravvinning o‘ldirilishini “antisemitizmga yo‘g‘rilgan jirkanch terror xuruji”, deya qoralagan.
26 noyabrь kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroilning Toshkentdagi elchisi bilan uchrashib, ravvinning o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirgan hamda O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlaridan BAA va Isroil bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirgan.
29 noyabrь kuni Saidovning o‘rinbosari Olimjon Abdullaev BAAning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili bilan ko‘rishib, migratsiya masalasini muhokama qilgani xabar qilingan.
BAAga kiritilmaslik yana davom etishi mumkinmi?
O‘nlab o‘zbekistonliklarning BAAga kiritilmagani sababi yahudiy ravvin Zvi Kogan ishiga qanchalik bog‘liq yoki yo‘qligi hali noma’lum.
Ammo noyabrь oxiridayoq ayrim kuzatuvchilar Isroil bilan yaxshi aloqalarga ega bu mamlakat Ichki ishlar vazirligi mazkur qotillik yuzasidan qat’iy choralar ko‘rilishidan po‘pisa qilishi ortidan O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartib bekor qilinishi ehtimolini ilgari surgan edi.
Shunga qaramay, matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan xabarlardan o‘zbekistonliklarning ushbu mamlakatga kiritilmagani holati Wizz Air aviakompaniyasi amalga oshirgan faqat bitta reys bilan bog‘liq ekani anglashiladi.
BAAning Air Arabia aviakompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy vakolatxonasi o‘zi amalga oshirgan reyslarda uchgan biror O‘zbekiston fuqarosi aeroportda ushlanmagani yoki mamlakatdan chiqarib yuborilmaganini ma’lum qilgan.
“O‘tgan haftada BAAga barcha mamlakatlardan kelayotgan yo‘lovchilarga nisbatan xavfsizlik choralari bayram oldidan rejalashtirilgan tartibda kuchaytirilgan. Qaytish chiptalari, mehmonxona bronlari tekshirilgan”, deyiladi Air Arabia 30 noyabrь kuni tarqatgan bayonotda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yili BAAga 130 mingdan ortiq o‘zbekistonlik tashrif buyurgan.
2024 yil 16 fevralidan rasman o‘zbekistonliklarga vizasiz rejim joriy etilgan.
O‘zbekistonliklar BAAda vizasiz 30 kun bo‘lishlari mumkin.
O‘zbekistonliklar Birlashgan Arab Amirliklariga turizm, biznes va mehnat muhojirligiga borishadi.












